Hamisha uyg'oq va fidoyi insonlar
25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va “Hurriyat” mustaqil gazetasi tahririyati o'rtasida o'zaro ijodiy hamkorlik to'g'risidagi memorandum imzolandi.
O'zbekiston xalqining osoyishta va farovon hayot kechirishini ta'minlash uchun, avvalo, tinchlik zarur. Yurtimizning buguni va ertasi, yorug' kelajagi osoyishtalikka bog'liq. Ana shu tinchlikni, barqarorlikni mo''tadil saqlab turish esa o'z-o'zidan bo'lmaydi.
Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat ruhida tarbiya topgan osoyishtalik posbonlari bo'lmish ichki ishlar organlari xodimlarining hushyorligi, qat'iyati tufayligina Vatanimiz osmoni musaffo bo'lib turibdi, xalqimiz tinch-xotirjam hayot kechirmoqda.
So'nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan ichki ishlar organlarini kompleks isloh qilish, uning tarkibiy tuzilmalarini optimallashtirish, quyi bo'g'in bo'linmalari natijadorligini oshirishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi. Jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi takomillashtirildi.
…Ichki ishlar vazirligining ko'rkam madaniyat saroyi ko'plab ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkaziladigan manzil. Kuni kecha “21 oktyabr — O'zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi tomonidan vazirlik markaziy apparati xodimlari uchun “O'zbek tili – onajonim tili” mavzusida ma'naviyat va ma'rifat kechasi bo'lib o'tdi.
Tadbirda vazirlik rahbariyati va shaxsiy tarkibi, bundan tashqari, bir qancha davlat mukofotlariga ega ijodkorlar ishtirok etdi. Tadbirning rasmiy qismi ochib berilgach, “Hurriyat” mustaqil gazetasi bosh muharriri, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, “Oltin qalam” xalqaro tanlovi sohibi Abdurasul Jumaqulov ham ana shu tadbirda o'zbek tilining nufuzi, ona tilimizning dunyoaro jahoniy o'rni haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Bugun dunyoda yuz berayotgan qaltis voqealar, tinchlik va osoyishtalikni saqlash, har bir yurtdoshimizning bexavotir hayot kechirishi yo'lida xizmat qilayotgan Ichki ishlar vazirligi va uning tizimlarida mehnat qilayotgan mard va jasur, fidoyi kasb egalarini O'zbek tili bayrami hamda yaqinlashib kelayotgan militsiya xodimlari ayyomi bilan muborakbod etdi.
Darhaqiqat, o'zbek tilini mukammal darajada bilish ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan har bir xodim uchun ham juda muhim. Negaki, ulardagi Vatanga, el-yurtga, mehnatkash xalqimizga sadoqat, avvalo, ana shu ulug' tilimizdan boshlanadi. O'z ona tilini sevmaydigan, qadrlamaydigan kishidan haqiqiy Vatan fidoyisi, el posboni yetishib chiqishi mumkin emas. Xizmat faoliyati davomida ichki ishlar vakillari ham yurtdoshlarimiz bilan doimiy muloqotda bo'lishadi. Ularning muammolarini, yuzaga kelgan turli vaziyatlarni o'rganadilar. Odamlarga ko'mak berishadi. Shu bois vazirlik xodimlari davriy matbuot, gazeta va jurnallarni muntazam mutolaa qilgan holda, ona tilimizga bo'lgan e'tiborini yanada rivojlantirish, e'zozlash hamda tizimda olib borilayotgan ishlarni izchil yoritib borish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Hurriyat” mustaqil gazetasi bilan o'zaro ijodiy hamkorlik to'g'risida imzolangan memorandumni olqishlar bilan qarshi olishdi.
Zero, hozirgi davrda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta'minlash eng muhim vazifaga aylangan.
Tadbir doirasida Vatandoshlarimizni ogohlikka chorlovchi va Ichki ishlar organlari xodimlarining kiberxavfsizlik yo'nalishidagi tinimsiz mehnatini aks ettirgan “Ehtiyot bo'ling, firibgar” deb nomlangan film premyerasi bo'lib o'tdi. Filmda bugungi kunda internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotgan turfa xil firibgarliklar, tovlamachiliklar va ularning tuzog'iga osongina ilinib qolayotgan sodda odamlar haqida hikoya qilinadi.
— Filmni 30 qismga mo'ljallaganmiz, hozirda 15 qismi tayyor bo'ldi, — dedi film rejissyori Akmaljon Ibragimov. — Bu badiiy film emas, badiiy publitsistik, yarim hujjatli filmdir. Maqsad yurtdoshlarimizni ogohlikka chaqirish. Tomoshabinlarda xavfli voqelikka nisbatan o'zida immunitetni hosil qilishga xizmat qiladigan asar bo'ldi, deya olaman.
Albatta, haq gap. Filmni tomosha qilgan har bir kishi bugungi kunda hamisha hushyor, ogoh bo'lish lozimligini tushunib yetadi. Bu kabi tadbirlarning muntazam o'tkazilishi esa Ichki ishlar vazirligida faoliyat olib borayotgan xodimlarning kasbiy ko'nikmalarini, mahoratlarini oshirishga xizmat qiladi.
* * *
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi Ma'naviy-ma'rifiy ishlar xizmati boshlig'i, polkovnik Hamza Valixonovich Maxsumov va Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, podpolkovnik Xurshidbek Hasanovich Ro'ziyev ishtirok etdi.
* * *
O'z navbatida “Hurriyat” mustaqil gazetasi jamoasi ma'naviy-ma'rifiy dunyosi boy, zamonaviy bilimlarni egallagan, har qanday xavf-xatarga qarshi kurashga shay bo'lgan Vatanimizning asl o'g'lonlari bo'lgan ichki ishlar organlari xodimlarini O'zbek tili bayrami kuni va shu yaqin kunlarda nishonlanadigan kasb bayramlari bilan qutlaydi. Mamlakatimizda osoyishtalikni ta'minlash, yurtdoshlarimizning huquq-manfaatlarini himoya qilish borasidagi muhim vazifalarni bajarishda ichki ishlar tizimlarida ish olib borayotgan barcha fidoyi insonlarga ulkan yutuqlar yor bo'lsin!
Muhammadsodiq TO'RAYEV,
jurnalist.
