Avlodlar yo'li

“Chortoq mineral suvi”ni dunyoga tanitgan mashhur tadbirkor Bahodir ABDURAIMOV faoliyati haqida

Odamiylik

 Mir Alisher Navoiy bobomiz ta'biri bilan aytganda, yaxshilik bilan nom qoldirish ajab saodat erur. Yaxshi insonlarni yod etish ularning ezguliklari uchun ajr-mukofot kabidir. Jurnalistlik faoliyatimda ko'pincha qahramonlarimni  ota-onalariga mehr-shafqat ko'rsata oladigan farzandlar orasidan izlayman va albatta, hikoyamni ham shunday zurriyotlarni tarbiyalaganlar haqida yozish menga ko'proq zavq-shavq va ilhom baxsh etadi.

“Chortoq mineral suvi” nomini dunyoga tanitib, uni jahon bozoriga olib chiqqan mashhur tadbirkor Bahodir Abduraimov haqida yozishdan avval uning padaribuzrukvori  Tursunboy ota, onalari Komilaxon aya haqidagi xotiralarni izlab Namanganning Chortog'iga bordim.

O'sha kuni Chortoq havosi poytaxtimizdagidek emas, aksincha, nihoyatda musaffo, toza va chang-g'uborsiz edi. Ha, Chortoq o'zining go'zal tabiati bilan ham maftun etadigan go'sha.

Xullas, kelishganimizdek, Gulshan qishlog'i hududida bunyod etilayotgan “Chortoq Grand Resort” sog'lomlashtirish va dam olish majmuasida “Chortoq Mineral Water” qo'shma korxonasi mas'ul vakili Boydada Jo'rayev bilan uchrashdik. U kishi ham ochiq tabiatni suyar ekan, oromgoh hududining baland va mayin shabada esib turgan joyida chamasi yuz yillik chinorlar tagiga qo'yilgan so'riga taklif etdi. Nazarimda, Boydada aka bilan avval ham ko'rishgandekman.

— Siz bilan qaerdadir uchrashganga o'xshayman, ko'zimga issiq ko'rinyapsiz, — dedi u ham.

— Yaxshilar bilan do'stlashish oson bo'ladi, — deya suhbatimizga iliqlik kiritgandek bo'ldim.

Qushlarning sayroqi ovozlari juda yoqimli edi. Bu yerdagi noyob dov-daraxtlar-u alvon gullar go'zalligidan bahra olmaslik mumkin emas. Muddaomni eshitgan Boydada aka: “Rahmat sizga, juda savobli ishni maqsad qilibsiz”, deb xursand bo'lib ketdi.

— Bahodirjonning otasi Tursunboy akamiz qadamini g'oz tutib yuradigan, istaralari issiq, iymoni baquvvat, ko'pchilikning g'amini o'ylaydigan ajoyib birodarim edi, — dedi u. — U kishi bilan bir marta suhbatlashgan odam beixtiyor hurmati oshar edi. Gapida turadigan, to'g'riso'z, ko'nglingizga yoqadigan maqbul so'zlarni topib aytadigan, xushmuomala, madaniyatli inson edi. Xotirasi kuchli, ko'p kitob o'qigan, savodi o'tkir edi. O'z vaqtida hukumat darajasidagi mas'ul lavozimlarda ishlagan bo'lsalar ham juda kamtarin edi. Ishini rejalashtirib, aytgan vaqtida bajarardi. Ammo yumshoq tabiatli bo'lsa-da, ishning ijrosi uchun qattiqqo'l edi.

Shu o'rinda hayotimda saboq bo'lgan bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Talabalik paytimda bir muammoni hal qilish uchun u kishidan yordam so'rab iltimos qilgandim. Ertasiga soat o'n birda uylariga borishim kerak edi. Nima bo'ldi-yu, o'n besh daqiqa kechikib borganman. Shunda qattiq koyib, nasihat qilgandilar. Shu-shu umrimda kim bilan uchrashish uchun vaqt belgilasam, muddatidan avvalroq borib turadigan bo'lganman.

U kishi Chortoq tumani ahli uchun katta xizmat qilgan. Rahmatli Tursunboy akamiz yigirma kilometrdan ichimlik suvi va tabiiy gaz olib kelishga bosh-qosh bo'ldi. Uychiga temir yo'l tepasidan yo'l o'tkazgich qurilishini tashkil etdi.

O'z davrining mamlakatimiz tashqi siyosati darg'alaridan biri bo'lgan. O'zbekiston bilan o'zaro hamkorlik qiladigan mamlakatlar o'rtasidagi har tomonlama aloqalarni mustahkamlashda katta hissa qo'shgan, o'sha paytdagi yurt rahbari Sharof Rashidovning nazariga tushgan yetuk siyosatchi edi.

Yana aytadigan bo'lsam, eng ulug' xislatlaridan biri — qarindosh-urug'mi, tanishmi, begonami — hamma uchun ko'ngli ham, eshigi ham doimo ochiq bo'lardi. U kishining qutlug' dargohidan hech kim noumid bo'lib ketmagan. Hammaga qo'lidan kelgancha beminnat yordam berardi.

Etmish beshga kirayotgan bo'lsam-da, Tursunboy akamning hayoti va faoliyati davomida qilgan juda ko'p ezgu amallariga havas qilib, o'zimga ustoz deb bilib, hali-hanuz u kishiga o'xshashga harakat qilib yashayman.

* * *

— Qars ikki qo'ldan chiqadi, degan maqolni otam rahmatli ko'p aytardi, — dedim Boydada akaga yuzlanib. — Tursunboy akaning turmush o'rtoqlari haqida ham eslasak.

— Ha, ular Komilaxon kelinoyimiz bilan birgalikda havas qilsa arziydigan oila qurishgandi. Mo'mina ahli ayol qanday bo'ladi, desa, Komila hoji onadek, deya olaman.  Ma'rifatli, farzandlariga axloq-odobdan, odamiylik maktabidan saboq bergan haqiqiy munisa ayol edi. Tursunboy akam bilan Komilaxon kelinoyimiz xuddi oltin uzukka yoqut ko'z qo'ygandek bir-birlariga mos edilar.

Komilaxon opamizning asli kasbi o'qituvchi bo'lgan. Uzoq yillar muallimalik qilgan. Toshkent shahridagi ikkita maktabda tarbiyaviy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari bo'lib ishlab, “Xalq maorifi a'lochisi” nishoniga sazovor bo'lgan. Hoji ona Allohga e'tiqodli, ­oilani muqaddas bilgan ajoyib ayol edi. Hammani birdek sizlab gapirardi.

Ayniqsa, qizlarga ko'p xislatlar onasidan o'tar ekan. Hoji onaning suyukli qizlari Zulxumorxon va Malikaxonlar ham xuddi onasidek oila tutishmoqda.

Katta o'g'li Ravshanjon ochiq yuzli, to'g'riso'z, qalbi pok, ilmli farzand edi. Yosh bo'lsa-da, tadbirkorlikda ham ko'zga ko'rinib qolgandi. O'zidan faqat yaxshi nom qoldirib, bevaqt olamdan o'tib qoldi. Taqdiri azalda peshonaga ne yozilgan bo'lsa, hech kim undan qochib qutulib ketolmas ekan. Alloh o'tganlarni rahmat qilgan bo'lsin!

Boydada aka mashinasiga o'tqazib, yangi bun­yod etilayotgan “Chortoq Grand Resort” sog'lomlashtirish va dam olish majmuasi bilan tanishtirdi.

“Chortoq Grand Resort” sog'lomlashtirish va dam olish majmuasi qurilishi 2015 yili boshlangan. Jahon standartlariga mos davolash, yashash va servis sifatlari yuqori bo'lgan unikal sanatoriy-reabilitatsiya markaziga aylantirish maqsad qilingan. U nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham o'z o'rnini topadi va mintaqaning yuzi bo'lgan markazlardan biriga aylanadi.

Qurilishning umumiy yer maydoni 60 gektardan ortiq. Majmuada asosiy korpus, katta ochiq havzali ko'ngilochar markaz, dam oluvchilar uchun uy-joy binolari, diagnostika markazi, otxona, “VIP” villalar, mehmonxona mavjud.

Hududda tashkil etilgan mevali bog'lar va sabzavot maydonlarida yetishtirilgan ekologik toza, mahalliy mahsulotlar mehmonxona oshxonalari va restoranlari taomnomasida alohida o'rin egallaydi. Bu esa mehmonlarga sog'lom ovqatlanish, tabiat bilan uyg'un muhitda hordiq chiqarish imkoniyatini taqdim etadi.

Daryo suvidan samarali foydalanish maqsadida 4 ta sun'iy suv havzasi barpo etilibdi. Ushbu havzalarda baliq yetishtirish yo'lga qo'yilgan bo'lib, ular restoranlarni tabiiy mahsulot bilan ta'minlash hamda mehmonlar uchun baliq ovlash va hordiq chiqarish imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.

Shuningdek, tumanning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish doirasida maxsus ajratilgan hududda maktabgacha ta'lim muassasasi barpo etilmoqda. Mazkur loyiha orqali qishloqda yashovchi oilalarning farzandlari uchun qulay, xavfsiz va zamonaviy ta'lim muhiti yaratilishi ko'zda tutilgan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan qo'shimcha ravishda 12,5 gektar maydon aholi uchun arzon kottejlar quriladigan hudud sifatida ajratildi. Bu yerda 17 ta kottej barpo etildi. Shuningdek, Prezident tashabbuslaridan yana biri — kompleks jozibadorligini oshirish maqsadida dunyo mo''jizalaridan bo'lgan “Toj Mahal” majmuasining kichik varianti barpo etilgan.

Majmuada 200 ta xonani o'z ichiga olgan zamonaviy shart-sharoitlar yaratilishi rejalashtirilgan bo'lib, loyihaning yillik xizmat ko'rsatish salohiyati yuz ming nafardan ortiq mehmonni qamrab olishi ko'zda tutilgan. Ana shu ishlar ko'lami doirasida 300 nafardan ziyod doimiy ish o'rinlari yaratiladi.

Majmuani xalqaro darajada samarali boshqarishni tashkil etish uchun jahondagi eng mashhur mehmonxona boshqaruvchilaridan biri — janob Mishel Noble rahbarligidagi jamoa jalb qilingani e'tiborga molik. Negaki, bu yerda jamiki xizmatlar, zamonaviy shart-sharoitlar dunyo talablariga to'la javob berishi alohida hisobga olingan.

Majmua hududidagi quduqdan chiqadigan suvning harorati 40-60°C, minerallashuvi esa 20-60 g/l ni tashkil etar ekan. Bu suv tuzlarining tarkibi Chexiyadagi mashhur “Karlovы Varы” sihatgohining suviga o'xshaydi. Asosan, mineral vannalar uchun ishlatiladi.

Bu turdagi vannalar nevrologik va psixiatriya kasalliklari, radikulit, artrit, osteoxondroz, yurak-qon tomir xastaliklari, miya aterosklerozi, gormonal buzilishlar sababli paydo bo'lgan ayollar befarzandligi, ginekologik muammolar, semizlik va ba'zi teri kasalliklarini davolashda samara berishi mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan.

—Hududimizdagi yer osti suv manbasidan bug'lanib chiqayotgan tabiiy elementlar, xususan, yod bug'lari havoni boyitib, inson salomatligi uchun noyob va foydali muhit yaratadi, – dedi Boydada aka.

Endi maqsad-muddaoga ko'chsak, Prezidentimiz nazari tushgan ushbu majmua qurilishi va jamiki boshqa ishlar boshida qahramonimiz – Bahodirjon Abduraimov turibdi.

— Tursunboy aka hayot bo'lganida sakson oltiga kirgan bo'lar ekan, uning qadrdon do'stlarining ko'plari o'tib ketgan bo'lsa kerak, — dedim Boydada akaga qarab. U muddaomni sezdi.

— Namanganda nomi ko'pchilikka taniqli Botirali aka Hakimov bilan do'st bo'lishgan.

— Botirali akani yaxshi bilaman, u kishi haqida yozgan edim, — deb xursand bo'lib ketdim.

Botirali Hakimov bilan ham uchrashdim. U kishi ham ko'p kitob o'qiydigan, matbuotga e'tiborli, tafakkur bilan fikr yuritadigan inson.

— Munosib insonlar haqida yozib yurasiz, — deb  meni ruhlantirdi.

— Mendan bir yosh katta edi, uni Tursunboy aka deb chaqirardim, — deya xotirladi. — Birinchi marta 1972 yili Toshkentda uchrashganmiz. O'shandayoq u kelajagi porloq ziyoli, g'ayratli, hazilkash inson sifatida xotiramda qolgan. Ayniqsa, Chortoq tumaniga ko'p xizmati singan. Tumanda birinchi rahbar bo'lgan yillarim nima muammo bo'lsa, unga murojaat qilardim. Tursunboy akadek inson bilan qadrdon bo'lganimdan quvonib yuraman. Ular haqida biz topa olmagan yaxshi gaplarni yozing…

Boydada aka “Chortoq mineral suvi” zavodiga ham olib bordi. Jahon andozalari darajasida faoliyat yuritayotgan korxonadagi sharoitlarni ko'rib, bunday korxonada ishlash katta omad degan fikrga keldim. Bir olam taassurotlar bilan Toshkentga qaytdim…

Ehtirom

Bahodir Abduraimov — kun tartibi juda tig'iz tadbirkor. Shunday bo'lsa-da, biz bilan uchrashishga vaqt ajratdi. Poytaxt markazidagi “Chortoq Mineral Water” qo'shma korxonasi ma'muriy binosida suhbatlashdik.

Ro'paramda — yuzidan kamtarinlik nafasi ufurib turgan navqiron va bilimdon  ishbilarmon inson. Chortoqdan uning padari buzrukvori va volidai muhtaramalari haqida bir olam yaxshi gaplarni eshitib kelganimni aytib, unga ham birinchi bergan savolim ota-onasi haqida bo'ldi. Savolimni eshitiboq ota-onasiga bo'lgan ehtiromi sezildi, yuziga samimiyat yugurdi.

— Otam rahmatli haqida qancha gapirsam kam, — dedi u. — Har bir ishni belgilangan vaqtda, batartib bajarar edi. Oilaga e'tiborli, do'stlariga oqibatli edilar. Bizlarga doimo “halol bo'linglar” deb uqtirardi. O'zlari ham bu borada ibrat edi. Tashqi siyosat sohasida kuchli mutaxassis bo'lgan. Pensiyaga chiqqach, mahallani boshqardi. Mehnatga mehr qo'ygan kishi edi.

Onamiz pazanda ayol bo'lib, ovqatlari mazali chiqardi. Har yakshanba kuni osh qilib berardilar. Pokizalikka katta e'tibor qaratar, maktabda ma'naviy tadbirlarni tashkil etishda sira charchamas edilar. Namanganga borib qolsak bir zumda qarindosh-urug'larni yig'ib, tadbirlar tashkil qilib yuborardilar.

Rahmat sizga men uchun eng aziz, qadrli insonlarni yod etganingiz uchun…

Ha, ota-onaga mehr-shafqat ko'rsata oladigan farzand bo'lish ham Allohdan berilgan baxt, ne'mat bo'lsa kerak. Shuning uchun ham el-yurt koriga yaraydigan, unib-o'sgan kim borki, e'tibor qilsangiz, avvalo ota-onasining duosini olgan, ularning xizmatini qilib aslo bundan  og'rinmaganlar bo'lib chiqadi. Yaratganning inoyati bilan Bahodir Abduraimovga ham shunday mehrli qalb ato etilgan ekan. Omadini bersin, deymiz!

— Ustozlaringiz haqida ham gapirib bersangiz?

— Birinchi ustozim, albatta, otam bo'ladi. Hayotimda ko'p narsalarni ustozim Muhiddin aka Asomiddinovdan o'rganganman. Ish faoliyatimni ham u tashkil etgan “Alp Jamol” biznes markazi qurilishida bosh muhandis sifatida boshlaganman. Shu biznes markazida xalqaro savdo faoliyatini boshqardim. 2007 yilda xalqaro hamkorlikka asoslangan mebel bilan bog'liq yangi tijorat loyihasini amalga oshirdik. 2010 yilda Angliyada ro'yxatdan o'tkazilgan xalqaro “Aria Petroleum” kompaniyasi orqali Rossiya, Qozog'iston va Turkmanistondan O'zbekistondagi neft korxonalariga xomashyo va tayyor neft mahsulotlarini yetkazib berishni yo'lga qo'ydik. Mardlik, saxovat, odamiylik, oqibat, sabr-toqat borasida ham ustozim Muhiddin aka bizlarga namuna.

Shifo bulog'i

Suhbatimizni hammamiz sevib chanqog'imizni qondiradigan “Chortoq suvi” tarixi va istiqbollari mavzusida davom ettiramiz.

— “Chortoq suvi”ni tadbirkorlik uchun tanlashimga otamning: “O'z tug'ilgan joying uchun foydali bir ish qilsang yaxshi bo'lardi”, degan taklifi sabab bo'lgan. Ularning so'zlaridan ruhlanib, shu loyihaga qo'l urganman. Shu tariqa zamonaviy sog'lomlashtirish va dam olish majmuasi barpo etish g'oyasi tug'ildi.

Sobiq sho'rolar davrida ham Chortoq suvi yuqori minerallashuv darajasi va qator shifobaxsh xususiyatlarga egaligi sababli suyak-muskul tizimi, ayollar kasalliklari, teri muammolari uchun davolashda keng qo'llanilgan.

— Sog'lomlashtirish va dam olish majmuasi qurilishi boshlangach, uni sifatli shisha idishdagi suv bilan ta'minlash fikri paydo bo'ldi, — deb tadbirkor o'z so'zini davom ettirdi. — Bunday darajadagi majmua uchun yuqori sifatli o'z suviga ega bo'lish juda muhim edi. Ezgu maqsadimizni amalga oshirish maqsadida rossiyalik biznes hamkorim Sardar Vali Dad Gul bilan birgalikda “Chortoq Mineral Water” qo'shma korxonasiga asos soldik. O'shanda zavod quriladigan yer xarob holatda edi. Qurilish ishlari tezlikda olib borildi va 2017 yil bahorida zamonaviy suv quyish liniyasi o'rnatilib, ishga tushirildi.

Tayyor suvni shunchaki idishga solish bilangina cheklanmay, balki uni yerning o'zi yaratgan tabiiy formulasi bilan saqlab qolish muhim. Chunki Chortoq suvi Chotqol tizmalari, tog'u toshlari orasidan minerallarga to'yingan holda yer yuziga chiqadi. Biz unga hech nima qo'shmay, aksincha, uning asl tarkibini saqlashga harakat qildik.

Tibbiy muassasalar bilan hamkorlikda bu suvning salomatlikka ta'siri tahlil qilinganida, bir shisha Chortoq suvi tarkibida katta yoshdagi inson uchun kunlik yod me'yori mavjudligi aniqlandi. Yoddan tashqari suvda gidrokarbonatlar, magniy, kalsiy va boshqa mikroelementlar ham mavjud. Bu uni har kuni iste'mol qilish va ko'p kasalliklarning oldini olish uchun ideal mahsulotga aylantirdi. Shifobaxsh Chortoq suvi bilan davolangan bemorlarda umumiy holat yaxshilanishi, vazn kamayishi va qonda shakar miqdori barqarorlashishi aniqlangan.

Shunday qilib, 2017 yilda 0,5 litrlik shisha idishlarda suvni qadoqlay boshladik. Keyinchalik mahsulot turlarini kengaytirdik. 2018 yilga kelib, Italiyadan yangi ishlab chiqarish liniyasi sotib olindi va ishlab chiqarish quvvatimizni ikki baravarga oshirdik.

— 2019 yilda hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog'ida qurilayotgan sog'lomlashtirish va dam olish majmuamizni ko'zdan kechirdi, — deb u g'urur bilan hikoya qildi. — Davlatimiz rahbariga majmua loyihasi va mineral suvimiz juda yoqdi. U kishining qo'llab-quvvatlashi biznesimiz rivojida, brendimizni ommalashtirishda katta rol o'ynadi.

2020 yili xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi sertifikatlarini oldik. Zavod qurilishi loyihasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etildi. Oziq-ovqat xavfsizligi sertifikatlari bizga eksport qilish imkoniyatini ochdi. Bojxona Ittifoqi hududlarida suv sotish uchun ham sertifikat olindi.

O'sha paytlar bizda 1,2 gektar yer va faqat 800 kvadrat metr ishlab chiqarish-ombor maydoni bor edi, xolos. Biz 13 000 kvadrat metr maydonga ega ishlab chiqarish-ombor kompleksini barpo etdik va unga Yevropadan olib kelingan zamonaviy ishlab chiqarish jihozlari o'rnatildi.

2023 yil noyabr oyida yillik hajmi qariyb 200 million litrga teng bo'lgan PET-idishlarda suv quyish liniyasi ishga tushirildi. O'tgan yil sentyabrda esa yillik 150 million shisha idishda suv quyish liniyasi qurib bitkazildi. Ikkala liniya ham zamonaviy — Fransiya va Italiyada ishlab chiqarilgan. Suvni tayyorlash esa Germaniya texnologiyalari asosida amalga oshirilmoqda.

Eng quvonchlisi, 2023 yilda Yevropaning sifat talablariga muvofiqlik sertifikatini oldik. Biz nafaqat O'zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda mineral suvni Yevropaning ichki bozoriga sotish uchun sertifikat olgan yagona kompaniyamiz. Yevropa auditorlari zavodimizni sifat va oziq-ovqat xavfsizligi jihatidan yuqori baholadi.

Barcha mahsulotlarimiz uchun “HALAL” va “KOSHER” sertifikatlariga egamiz. Shuningdek, suvimizni Janubiy Koreya, Mo'g'uliston, Xitoy, AQSh va Isroil kabi mamlakatlarda ham sertifikatladik.

O'tgan yili zavodning birinchi bosqichi kengayishi loyihasi yakunlandi. Hozir mavjud ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va qo'shimcha investitsiyalarni jalb qilish bo'yicha yangi loyiha tayyorlanmoqda.

O'tgan yillar davomida faqatgina biznesni yo'lga qo'yish bilan birga ishonch qozongan brend yaratildi.

2018 yilda ishlab chiqarilgan va sotilgan umumiy mahsulot hajmi 2 million dona atrofida edi. Davlatimiz rahbarining zavodga tashrifi chog'ida sotuvlarni yillik 20 million donaga yetkazish vazifasi qo'yildi. Bu topshiriq 4 marta oshirib bajarildi. 2024 yilda sotish hajmi 80 milliondan ortiq shishaga yetdi.

O'sha paytdagi loyiha bo'yicha zavodga 7 million dollar investitsiya sarflash reja qilingan bo'lsa, amalda bu miqdor 20 million dollarga yetdi.

Bugun AQSh, Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Mo'g'uliston, Latviya, Isroil, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg'oniston, Tailand, Singapur, Turkiya kabi mamlakatlarga shifobaxsh va ma'danli suv eksport qilinmoqda. Shu kunlarda mahsulotlarni Fors ko'rfazi mamlakatlarida sertifikatlash ishlari olib borilmoqda. Zarur hujjatlar olingach, BAA va Saudiya Arabistoniga eksport boshlanadi.

Hozirgi kunda Chortoqdagi va O'zbekistonning boshqa nuqtalaridagi korxonalarda 300 dan ziyod kishi faoliyat yuritmoqda. Har bir xodim uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishga harakat qilinayotir. Ishchilar sohadagi ish haqi darajasiga muvofiq va bozor sharoitlariga mos ravishda rag'batlantirilayotir.

Ehtiyojmand insonlar, yolg'iz onalar va uzoq vaqt davomida barqaror ish topa olmaganlar ish bilan ta'minlangan. Ularning ertangi kunga ishonchi ortmoqda.

Muntazam ravishda xodimlar o'qitilib, malakalari oshirilayotir. Qishloq yoshlariga ish tajribasi o'rgatish yo'lga qo'yilgan. Mahalliy maktablar, sport seksiyalari va bog'chalar qo'llab-quvvatlanmoqda. Biznes orqali odamlarga nafaqat mahsulot, balki imkoniyatlar ham taqdim etilayotir.

Zurriyotlar avlodlari izidan borsa qanday maroqli! Bugun qahramonimiz — mashhur tadbirkor Bahodir Abduraimovning farzandi Bobirmirzo Tursunov ham biznesda otasiga yelkadosh bo'lib “Chortoq Mineral Water” qo'shma korxonasi direktori o'rinbosari sifatida faoliyat ko'rsatmoqda.

Ha, Allohning ne'mati hisoblangan Chortoq mineral suvini shifo bulog'i deb atasak xato bo'lmaydi. Tabiiy kuchini saqlab qolgan toza va foydali Chortoq suvi dovrug'ini jahonga tanitayotgan Bahodir Abduraimovning fidoyiligi esa hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlanayotir. U 2021 yili Prezidentimiz Farmoni bilan I darajali “Salomatlik” ordeni bilan taqdirlangan bo'lsa, bu yil “Mehnat shuhrati” ordenini Prezidentimizning o'z qo'llaridan olish nasib etdi.

…Ulkan vazifalarni yelkasida ko'tarib yurgan qahramonlarim bilan faxrlanadigan jurnalistman. Umidim shuki, shoyad yozganlarimda ta'rifi bitilgan tadbirkorimizga odamlarda havas uyg'onsa, ularning qalblariga ham ishbilarmonlik orzusi  g'ulg'ula solsa. Shuhratli nomini pok asrab, shunday ulug' maqomga loyiq umr kechirayotgan Bahodir Abduraimov kabi tadbirkorlarimizni Yaratganning O'zi qo'llab, O'zi asrasin, deymiz.

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − 2 =