Yong'in xavfsizligini ta'minlashda loqaydlik ketmaydi

Yong'in xavfsizligini ta'minlash, sodir bo'lishi mumkin bo'lgan yong'inlarning oldini olish va yuzaga kelgan holatlarda ularni tezkor hamda samarali bartaraf etish dolzarb vazifa. Ayniqsa, “Yong'in xavfsizligi oyligi” doirasida ushbu masalaga jamoatchilik e'tiborini yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Sodir bo'lgan yong'inlar tahlili shuni ko'rsatmoqdaki, hududlarda mavjud yong'in o'chirish uchun suv olgichlarining muayyan qismi texnik talablarga javob bermaydi yoki umuman ish holatida emas. Achinarlisi, bunday nosoz suv olgichlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bu esa yong'inni o'z vaqtida o'chirishga jiddiy to'siq bo'lmoqda.

Ayniqsa, suv manbalari yetarli bo'lmagan hududlarda yong'inga qarshi yer osti suv olgichlarini barpo etish borasidagi ishlar talab darajasida olib borilmayotgani oqibatida, baxtsiz hodisalarni bartaraf etishda qator qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Natijada yong'in o'chirish avtomobillari uzoq masofalardan suv tashib kelishga majbur bo'lmoqda. Bu holat yong'inni o'chirish jarayonini sekinlashtirib, alanganing qisqa vaqt ichida keng maydonlarga tarqalib ketish xavfini oshiradi.

Shu bois yong'in xavfsizligini ta'minlashda faqatgina yong'in-qutqaruv xizmatlari emas, balki mahalliy hokimiyat organlari, tashkilot va korxonalar, shuningdek, har bir yurtdoshimiz bu jiddiy xavfga mas'uliyat bilan qarashi shart. Zero, suv olgichlarning doimiy texnik holatini nazorat qilish, yangi suv manbalarini barpo etish va yong'inga qarshi infratuzilmani rivojlantirish yong'inlarni samarali o'chirishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

Qolaversa, yong'in xavfsizligi — bu faqatgina qoida emas, balki inson hayoti, mol-mulki va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan umumiy madaniyatdir. Ushbu oylik doirasida amalga oshirilayotgan targ'ibot-tashviqot ishlari esa jamiyatda yong'in xavfsizligiga bo'lgan ongli munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.

Muxtar XASIMOV,

“Ma'rifat markazi” FVB

kichik inspektori,

kichik serjant.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × three =