OITS — xavfli, lekin bu “hayot tugadi” degani emas!

Samarqand viloyat OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori vazifasini bajaruvchi Ulug'bek Nazarov bilan suhbat
— Ulug'bek Avazovich, ayni paytda Samarqand viloyati aholisi orasida OIV — odam immunotanqislik virusi, OITS — orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (SPID) infeksiyasining oldini olish bo'yicha tibbiy madaniyatni oshirish, o'ta xavfli va hozircha davosi yo'q bo'lgan bu kasallikning oldini olish maqsadida qanday choralar, ishlar amalga oshirilmoqda?
— O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023 yil 20 yanvardagi “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 14-sonli qarori imzolandi. Qarorda quyidagilar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 2030 yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun “95-95-95” strategiyasi olg'a surilgan bo'lib, uning doirasida OIV infeksiyali shaxslarning 95 foizi o'z maqomini bilishlari, 95 foizi maxsus davolash kurslari bilan qamrab olinishlari hamda 95 foizi qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishiga erishish maqsadi belgilangan. Mazkur strategiyaga muvofiq, tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Sog'liqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2023-2027 yillarda Davlat byudjeti mablag'lari, OITS, sil va bezgakka qarshi kurashish bo'yicha Global jamg'arma mablag'lari, Osiyo taraqqiyot banki hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining qarz mablag'lari hisobidan aholi o'rtasida OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxislash va davolash sifatini oshirish maqsadida test-tizimlari va retrovirusga qarshi vositalarni xarid qilish, OITSga qarshi kurash markazlari va ularning tumanlararo diagnostika laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, mutaxassislarning bilim va ko'nikmalarini oshirish, keng targ'ibot ishlarini o'tkazish, shuningdek, boshqa tashkiliy tadbirlar uchun yo'naltirildi. 2027 yilgacha OIV infeksiyasini yuqtirib olgan hamda o'z maqomini bilgan, maxsus davolash kurslari bilan qamrab olingan va qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushgan shaxslar ko'rsatkichi 95 foizga yetkazilishi, OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berilishi ko'zda tutildi. Dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxislash va davolash sifatini oshirish maqsadida aholini OIV infeksiyasi bilan tekshirish qamrovini oshirish va diagnostik test-tizimlarni (ekspress, IFA testlari) yetarli xarid qilish, retrovirusga qarshi dori vositalari xarid qilish, OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berish maqsadida OIV infeksiyali onalardan tug'ilgan 6 oygacha bo'lgan bolalarni quruq sut aralashmasi bilan ta'minlash, sog'liqni saqlash organlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda OIV infeksiyasi yuqishi ehtimoli yuqori guruhlar (giyohvandlar va boshqalar) orasida profilaktik tadbirlar olib borish, aholi orasida keng targ'ibot-tushuntirish ishlari tashkil etish ko'zda tutiladi.
— Viloyatda OIV infeksiyasi bo'yicha epidemik vaziyat tahlili qanday, OIV/OITS haqida qisqacha tushuncha bersangiz?
— Viloyatda OIV infeksiyasi bo'yicha birmuncha murakkab epidemiologik vaziyat saqlanib qolmoqda. Jami OIV infeksiyasi bilan yashovchi shaxslar har 100 ming aholiga 117,2 nafarni tashkil etmoqda.
Deyarli barcha shahar va tumanlarda o'tgan yilga nisbatan OIV bilan zararlanganlar soni ortishi kuzatiladi. Bundan tashqari, Samarqand, Kattaqo'rg'on shahar, Samarqand, Urgut va Pastdarg'om tumanlarida boshqa tumanlarga nisbatan kasallikning nisbatan o'sishi kuzatilmoqda. Kasallik ortishining asosiy sabablari o'rganilib, zarur chora-tadbirlar o'tkazilmoqda. Shuni ham aytib o'tish lozimki, o'tgan yillarga nisbatan aholini OIV infeksiyasiga tekshiruvlar soni ham bir necha baravarga oshgan.
— OIV infeksiyali shaxslar chet davlatlarga chiqishi mumkinmi?
— Bu fuqarolarimiz borayotgan davlatlarning qonunlariga bog'liq, agar mazkur davlatning qonunlarida OIV infeksiyasi aniqlangan shaxsni deport qilish nazarda tutilgan bo'lsa, unda ushbu shaxs deport qilinadi. Qonunda deport qilish nazarda tutilmagan bo'lsa, hech qanday muammo bo'lmaydi. Shuning uchun chet davlatga chiqishdan oldin o'sha davlatning bu boradagi qonuni bilan tanishib chiqish zarur.
— OIV bilan zararlangan shaxslar qaysi ishlarda ishlashi mumkin emas?
— O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirining 2014 yil 23 apreldagi 7-sonli buyrug'i bilan OIVni yuqtirib olgan shaxslar ishlashi man etilgan kasblar ro'yxati tasdiqlangan. Ushbu ro'yxatga ko'ra:
– qon va uning tarkibiy qismlarini tayyorlash bilan bog'liq kasblar;
– gemotransfuziya bilan bog'liq kasblar;
quyidagi tibbiy muolajalar bilan bog'liq kasblar;
– in'yeksiyalar;
– dializ;
– veneseksiya;
– kateterizatsiya;
– kosmetik va plastik operatsiyalar bilan bog'liq kasblar;
– stomatologik, tug'uruq, abort va boshqa ginekologik muolajalar bilan bog'liq kasblar;
– soch-soqol olish, pirsing, manikyur, pedikyur hamda tatuaj bilan bog'liq kasblarda ishlashlari mumkin bo'lmaydi.
— Viloyat OITSga qarshi kurashish markazi laboratoriyalarida qanday tahlillar o'tkaziladi? Tahlillar uchun mo'ljallangan reagentlar hamda tibbiy jihozlar ta'minoti qanday amalga oshiriladi? OIV infeksiyasi uchun qon namunalari qaysi tibbiyot muassasalarida olinadi va laboratoriya majmuasiga yetkazilish tartibi qanday?
— Laboratoriya majmuasida OIV infeksiyasiga immunoferment usulida tekshirish, tasdiqlovchi usul, immunoblot usuli, umumiy qon, peshob tahlillari, qonning biokimyoviy tahlillari, qolaversa, Samarqand viloyatida faqatgina OITS markaz laboratoriyasida o'tkaziladigan immun tizimini ko'rsatuvchi SD4 hujayralari tahlillari hamda polimeraza zanjir reaksiya — PZR miqdor va PZR sifat tahlillari o'tkaziladi. Barcha tahlillarni laboratoriyadagi ko'p yillik malakaga ega bo'lgan mutaxassislar tomonidan o'tkaziladi. Laboratoriyaga olib kelingan qon namunalarida tahlillarni sifatli o'tkazish uchun barcha sharoitlar mavjud. Tahlillar uchun mo'ljallangan reagentlar Global jamg'arma hamda viloyat hokimligi tomonidan ajratilgan mablag'lar hisobidan xarid qilinib, uzluksiz ta'minlanib turiladi. Laboratoriya to'liq kapital ta'mirdan chiqqan hamda eng so'nggi rusumdagi tibbiy jihozlar bilan jihozlangan: Samarqand viloyat hokimligi tomonidan olib berilgan Germaniya davlatida ishlab chiqarilgan 2 dona PZR tahlillari o'tkazishga mo'ljallangan “DNK-96” texnologiya apparatlari, Laminar shkaflari, IFA tahlillari o'tkazish uchun mo'ljallangan so'nggi rusumdagi IFA analizatorlar, vosherlar, Global fond tomonidan ajratilgan SD4 hujayralarini aniqlashga mo'ljallangan sitoflyurometr asboblari, sil tayoqchalarini aniqlash uchun mo'ljallangan “Genexpert” (jenekspert) asboblari xarid qilindi. Tahlillar o'tkazish jarayonida yuqori sezuvchanlikka ega bo'lgan test sistemalaridan foydalaniladi.
OIV infeksiyasi uchun qon namunalari shahar va tuman tibbiyot birlashmalari qoshidagi poliklinikalar muolaja xonalarida maxsus biriktirilgan xodimlar tomonidan olinadi hamda maxsus ajratilgan transport vositasi yordamida markaz laboratoriyasiga olib kelinadi. OIV infeksiyasiga IFA tahlillari uchun olinadigan qon namunalarini to'g'ri olish, saqlash hamda yetkazib berish uchun joylarda vrachlar tomonidan muntazam ma'ruzalar hamda tushuntirish ishlari olib boriladi. Shahar va tuman poliklinikalari qoshida “Ishonch xonalari” tashkil qilingan bo'lib, bu xonalarda ham OIV infeksiyasiga tekshirish uchun qon namunalarini olish hamda laboratoriyalarga yetkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Olingan barcha qon namunalari bepul tekshiriladi.
— Kasallik ko'proq qaysi aholi qatlami orasida uchramoqda?
— Kasallik, asosan, betartib jinsiy hayot kechirib yashovchi shaxslar, narkotik moddalarni vena ichiga qabul qiluvchilar, qamalganlar, uzoq vaqt mehnat migratsiyasida bo'lgan shaxslar ichida qayd etilmoqda.
— OIV infeksiyasi sartaroshxonalarda ham yuqishi mumkinmi? Agar yuqish ehtimoli bo'lsa, bu holatning oldini olish borasida qanday profilaktik tadbirlar olib borilmoqda?
— OIV infeksiyasi teri butunligi buzilishi bilan kechgan jarayonlarda yuqish xavfi mavjud. Shu jumladan, sartaroshxona va go'zallik salonlarida ham manikyur, pedikyur, soch-soqollar olinganda va boshqa holatlarda sterillanmagan maishiy asboblardan foydalanganda yuqishi mumkin. Belgilangan reja asosida sartaroshxonalarning sanitariya holati nazorat qilinadi. OITS markazi xodimlari tomonidan sartaroshxona xodimlari o'rtasida OIV infeksiyasining oldini olish borasida suhbatlar olib borilmoqda. O'tkazilgan suhbatlar jarayonida har bir ishtirokchiga OIV infeksiyasini profilaktikasi bo'yicha bukletlar tarqatilmoqda.
— Kasallikning ortishiga qanday omillar sabab bo'lmoqda?
— Kasallanishning ortishiga, asosan, kasallikka qarshi vaksinaning yo'qligi, butunlay tuzatib yuboradigan dori vositalarining mavjud emasligi sababdir. Shuningdek, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan ishlash qiyinligi, kasallikning kechki bosqichlarida aniqlanishi, betartib jinsiy aloqa qiluvchi shaxslarning ko'payganligi, bemorlarning vaqtida tibbiy nazoratga kelmasligi ham sabab bo'lmoqda. Go'zallik salonlariga murojaatning ko'payganligi teri butunligi buzilishi bilan o'tkaziladigan aralashuvlarning ko'payishiga olib kelayotir.
— OIV yuqtirib olgan shaxslar, tabiiyki, tushkunlikka tushib qoladilar. Ularda yashashga umid uyg'otish uchun nima qilish kerak?
— “OIV infeksiyasini yuqtirib oldi” degani — “hayot tugadi” degani emas! Buning uchun bizda imkoniyatlar mavjud. Boshqa shaxslardan farqli o'laroq, ularning hayotiga faqatgina dori kirib keladi, bu retrovirusga qarshi terapiya, qisqacha RVQT kursi bo'lib, bizning markazimizda hisobda turgan shaxslar umri davomida davolash ishlari bilan qamrab olinadi, ya'ni butun umr ushbu dorilarni qabul qilishadi. RVQT dorilari davlat byudjeti va global jamg'armasi tomonidan bepul beriladi. RVQT dorilari ko'z oldimizda mo''jiza yaratadi, ko'z oldingizga qurib qolgan daraxt novdasini keltiring, ularga suv qanday hayot baxshida etgani kabi, mazkur dorilar ham OIV bilan zararlangan shaxslarga shunday ta'sir ko'rsatadi. RVQT dorilari ta'sirida bemorning umri uzayadi, hayot sifati yaxshilanadi, atrofdagilar uchun yuqumlilik darajasi pasayadi.
— Bog'cha, maktab yoki boshqa ta'lim muassasalarida tarbiyalanuvchi va o'quvchilar ichida OIV aniqlanganlar bo'lsa, ularga nisbatan qandaydir cheklovlar mavjudmi?
— Yo'q, ularga nisbatan hech qanday cheklovlar mavjud emas. Bilamizki, OIV infeksiyasi idish-tovoqlardan, qo'l berib ko'rishishdan, havodan, basseynda birga cho'milganda, unitazlardan umumiy foydalanilganda yuqmaydi. Shunday ekan, OIV infeksiyasi bor odamlarni ajratmaslik, aksincha, ularga nisbatan insonparvarlarcha munosabatda bo'lish, tushkunlikka tushmasliklari uchun yaqindan yordam berish zarur.
— Kasallikni davolashdan ko'ra oldini olish yaxshi deyishadi. Shu maqsadda markazning “Anonim”, “Ishonch” va “Do'stlik” xonalari vazifalari to'g'risida ham tushuncha bersangiz?
— OIV infeksiyasi — OITS kasalligini yuqtirmaslik o'z qo'limizdadir. Buning uchun OIV infeksiyasi to'g'risida tibbiy xabardorligimiz bo'lishi kerak. Viloyat OITSga qarshi kurash markazi tomonidan ham aholi orasida OIV infeksiyasini zararlanishdan saqlash va zararlangan shaxslarni erta aniqlash borasida bir qancha tadbirlar olib borilmoqda. OIV bilan zararlangan shaxslar erta aniqlanib, vaqtida davolash choralari olib borilsa, hayot sifati oshadi, qo'shimcha kasalliklar rivojlanishining oldi olinadi va eng muhimi, davolanish jarayonida virusga qarshi dorilar ta'sirida organizmda virus miqdorining kam bo'lishi tufayli boshqalarga yuqish ehtimoli juda past bo'ladi.
Viloyat OITSga qarshi kurash markazi qoshida “Anonim”, “Ishonch” va “Do'stlik” xonalari aholi, yoshlar va OIV infeksiyasi bilan zararlanish xavfi yuqori shaxslar orasida profilaktik tadbirlarni olib borish maqsadida faoliyat olib boradi.
Anonim xona — OIVga qon namunasi olish maqsadida konfidensiallik va ixtiyoriylik tamoyillari asosida aholiga bepul tibbiy xizmat ko'rsatadi.
Anonim xonaning asosiy maqsadi — tekshiriluvchidan OIVga qon namunasi olishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz amalga oshirilishidir. Tahlil natijalari shaxsning shaxsan o'ziga ma'lum qilinadi, telefon orqali ma'lumot berilmaydi. Qon tahlili topshirish maqsadida kelgan har bir shaxsga shifokor OIV infeksiyasining profilaktikasi, yuqish yo'llari, diagnostikasi haqida tushuncha beradi. Sog'lom turmush tarziga rioya qilish, xavfli xulq-atvor va jinsiy xatti-harakatlardan saqlanish yuzasidan maslahat beradi.
“Ishonch” xonalari OIV infeksiyasini yuqtirib olish xavfi yuqori bo'lgan aholi guruhlari orasida OIV infeksiyasi tarqalishini kamaytirish bo'yicha profilaktika va epidemiyaga qarshi tadbirlarni o'tkazadigan muassasadir. “Ishonch” xonalari konfidensiallik va anonimlikni ta'minlagan holda bepul, ixtiyoriylik asosida xizmat ko'rsatadi.“Ishonch xonalari”ning vazifalari giyohvandlikka chalingan bemorlar orasida giyohvand moddalar iste'molini kamaytirish va to'xtatish bo'yicha axborot-tushuntirish ishlarini o'tkazishdan iboratdir.
Do'stona xona — OITSga qarshi kurash markazi qoshida joylashgan bo'lib, aholining OIV yuqish xavfi yuqori qatlamlariga OIV infeksiyasi va jinsiy aloqa yo'li bilan yuquvchi kasalliklarga tibbiy-sanitar xizmat ko'rsatadi. Do'stona xonalar samarali ishining asosiy sharti o'zaro ishonchli (do'stona) munosabat, mijozlarga nisbatan shifokor sirini saqlashga amal qilish hisoblanadi hamda anonimlik va ixtiyoriylik tamoyili asosida bepul xizmat ko'rsatadi. Do'stona xona vazifalari — OIV infeksiyasi bo'yicha ruhiy, testgacha va testdan so'ng maslahat o'tkazish orqali OIVga VGV, VGS va zaxmga tezkor usulda anonim (shaxsiyati sir saqlangan holda) tekshiruv o'tkazadi, aholi va aholining kasallikni yuqtirib olish xavfi yuqori bo'lgan qatlamlariga anonimlik va sir tutish tamoyili asosida jinsiy aloqa orqali yuqadigan kasalliklarni bepul ravishda davolash ishlarini olib boradi. Do'stona xonaga murojaat etgan mijozlarga profilaktik vositalar, axborot-tarqatma materiallari va bepul himoya vositalari tarqatadi, yoshlar va aholining kasallikni yuqtirib olish xavfi yuqori bo'lgan qatlamlari orasida OIV infeksiyasi va jinsiy aloqa yo'li orqali yuquvchi kasalliklarning oldini olish masalalarida ma'rifiy ishlarni olib boradi.
— Viloyatimizda bugungi kunda aholining aksariyat qismi xususiy tibbiyot muassasalariga murojaat qilishadi, ushbu tibbiyot muassasalarida OIV infeksiyasi aniqlanganda qanday profilaktik tadbirlar olib boriladi?
— Agar OIV infeksiyasi aniqlangan shaxs bilan epidemiologik surishtiruv o'tkazish jarayonida ushbu bemor xususiy davolash profilaktika muassasasida davolanganligi aniqlansa, Sog'liqni saqlash boshqarmasining Litsenziyalash va akkreditatsiyalash bo'linmasi ruxsati bilan xususiy DIMga chiqib, retrospektiv epidemiologik surishtiruv o'tkaziladi. Ungacha ushbu xususiy shifoxonadan bemor bo'yicha yuritilgan tibbiy hujjatlarni o'rganish uchun so'rov asosida tibbiy hujjatlar o'rganib chiqiladi. Kamchiliklar aniqlangan holatlarda viloyat SEOM tomonidan yo'l qo'yilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralari olib boriladi. Bundan tashqari, markaz xodimlari tomonidan har bir xususiy profilaktika muassasalari tibbiyot xodimlari va bemorlar orasida targ'ibot ishlari olib borilmoqda. Muassasaga murojaat qilgan bemorlarni OIV infeksiyasiga bepul ravishda tekshirish masalasida ham tushuntirish-targ'ibot ishlari olib borilmoqda.
— OIV infeksiyasiga qarshi kurashishda hamkorlikda olib borilayotgan ishlar to'g'risida ham ma'lumot bersangiz?
— O'zbekiston Respublikasi SSVning 2019 yil 28 avgustdagi № 50 va O'zbekiston Respublikasi IIVning 2019 yil 20 avgustdagi № 66-sonli “Aholi o'rtasida odam immunitet tanqisligi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish bo'yicha” ichki ishlar organlarining sog'liqni saqlash muassasalari bilan hamkorlik qilish tartibi to'g'risidagi yo'riqnomaga asosan viloyatimizda joylashgan tungi klublar, ko'ngilochar maskanlar, massaj, SPA salonlarida tungi reydlar o'tkazilmoqda. Bundan tashqari, viloyatimizda joylashgan kunlik ish bilan ta'minlash maskanlarida IIB bilan hamkorlikda tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Respublika OITSga qarshi kurash markazining 2024 yil 11 fevraldagi 23-t sonli buyrug'i ijrosini bajarish hamda aholi, ayniqsa, yoshlar orasida OIV infeksiyasini erta aniqlash maqsadida IIB hamkorligida aholi ko'p to'planadigan joylar, aeroport, vokzal, buyum va dehqon bozorlari, kunlik ishchilar markazlari va boshqa joylarda ekspress-test aksiyalarini o'tkazib kelmoqdamiz.
Suhbatdosh:
Ubaydulla XO'JANIYoZOV,
“Hurriyat” muxbiri.