Izlar haqiqatga yo'l ochadi
“So'zsiz guvohlar”
Qishning sovuq kechalaridan biri. Mingbuloq tumani Mustaqillik MFY Ozodlik ko'chasidagi 5-uyda xonadon sohiblarining barchasi tinch uyquda. Ammo shu osudalikni noma'lum shaxslar buzdi.
Tun qorong'isida ular deraza orqali uyga yashirincha kirishdi. Sekin, iz qoldirmaslikka uringan holda xonalarni titkilashdi. Tokchada, qutida, sandiqda saqlangan qimmatbaho tilla buyumlar birma-bir yonxaltalarga joylandi. Har biri bozor bahosida 20 million so'm bo'lgan ikki dona tilla uzuk, 15 million so'mlik bir dona “Boburshoh” nomli tilla uzuk va boshqa turli tilla taqinchoqlar ham qo'shilib, jami 139 million 800 ming so'm qiymatidagi boylik tun qa'rida g'oyib bo'ldi.
Ertasi kuni xonadon egasi Abror Dadaboyev tuman IIB boshlig'i nomiga ariza bilan murojaat qildi. Uning so'zlarida achchiq iztirob, ko'zlarida esa adolatga umid bor edi.
Podpolkovnik Shuhrat Davlatov rahbarligidagi ekspert-kriminalistlar jinoyat joyini tekshirishga kirishdi. Har bir mayda-chuyda detal muhim edi: deraza romlari, pol, mebel yuzasi. Tekshiruv davomida u maxsus texnika va ilmiy bilimlar orqali o'ziga kerakli ma'lumotni to'pladi. Hodisa joyidan olingan barmoq izlari biometrik baza bilan solishtirilib, jinoyatchi shaxsi aniqlandi.
Qo'l izlari gapira olmasa-da, ular har bir harakatni, har bir qadamni ko'rsatgandi. Shuhrat Davlatov izlarni sinchiklab tekshirib, jinoyatni ochdi. Tajribali ekspert-kriminalistning diqqat va aniqlik bilan amalga oshirgan tekshiruvlari jinoyatni fosh etishga olib keldi.
Qalbaki imzo
Podpolkovnik Shuhrat Davlatovning navbatdagi ish kuni. U kunning birinchi yarmida Namangan shahar Davlatobod tumani Sportchilar ko'chasidagi yer uchastkasi bilan bog'liq jinoyat ishi bo'yicha ish olib borishga kirishdi.
Ishning boshidanoq e'tiborni tortishi mumkin bo'lgan bir nechta belgilarni qayd etdi. U yer uchastkasi kadastr rejasidagi hujjatlarni ko'rib chiqar ekan, bunda o'zini “Filial muhandisi || kadastr muhandisi” sifatida ta'riflagan B.G'aniyev (ismi-sharifi o'zgartirilgan)ning imzo hujjatlarini to'liq tekshirishga qaror qildi. Kadastr rejasini tahlil qilayotib, imzo hamda ro'yxatdagi ma'lumotlar o'rtasida noxolisliklar mavjudligini payqadi. Kadastr hujjatlaridagi shubhali imzolar xatshunoslik va texnik-kriminalistik ekspertiza orqali tekshirilib, ular qalbaki ekani isbotlandi. Qog'ozdagi birgina imzo ortida katta qonunbuzarlik turgani ayon bo'ldi.
Bu kabi ishlarni ochish oson emas. Bu bilim, malaka va tajriba talab qiladigan jarayon. Daktiloskopik, trassologik, xatshunoslik, ballistik va hujjatlarning texnik-kriminalistik ekspertizalari — barchasi haqiqatga yetishish yo'lida xizmat qiladi.
Inson taqdiriga daxldor
Qahramonimiz, podpolkovnik Shuhrat Davlatov Namangan viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi ekspert-kriminalistika markazi biometrik identifikatsiya qilish guruhi katta eksperti. U shu maskanda o'z tajribasini qo'llab, har kuni qo'l izlari, imzolar, hujjatlar va biometrik ma'lumotlar orqali haqiqatni tiklash yo'lida xizmat qiladi.
— O'tgan yili 24-28 noyabr kunlari Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanida o'tkazilgan BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi seminar-treningida ishtirok etib, bilimlarimni boyitdim, — dedi qahramonimiz. — “Hodisa joylarini dronlar yordamida kartografiya va 3D suratga olish” mavzusidagi mashg'ulotlar yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endi jinoyat joyi nafaqat yerdan, balki osmondan ham ko'zdan kechiriladi.
Ha, bu kabi xalqaro tajribalar ham soha vakillarining kasbiy salohiyatini boyitmoqda. Ta'kidlash joizki, yuqori darajadagi professionallik va diqqat bilan ishlash usullari jinoyatning tezda fosh etilishini ta'minlaydi. Bu ishda bilim va amaliy tajribaning hamjihatligi orqali haqiqatga yo'l ochiladi. Shuhrat Davlatovning boy kasbiy tajribasi, jinoyatni fosh etishda zamonaviy kriminalistika usullarini samarali qo'llay olishi uning tizimdagi o'rnini yanada mustahkamlashiga shubha yo'q.
Jahongir TO'XTASINOV.
