“Tabiat esxonasi”da

(O'zbekiston Qahramoni, atoqli munaqqid

Ibrohim G'afurovga maktub)

Irlandiyalik mashhur yozuvchi Jeyms Joys asarlarini adibning o'z tilida o'qiy olganimda, rus tiliga o'girilganlarining ham munosib shaydosi bo'lolganimda, sizning tarjimangizdagi “Uliss”ni qiyosan o'rganardim. Ammo asarni o'qish jarayonida faqat o'zingizga xos mahoratni his qilaman va Joys o'zbek tilini mukammal o'rganib, o'z asarining o'zbekcha qiyofasini ko'rganda edi, undagi topilma iboralar, tashbehlardan hayratlanardi, ishlatilgan turkiy so'zlar ma'nosini sizdan so'rardi, deb o'ylayman. Shu ma'noda birgina “tabiat esxonasi” iborangiz kishini mulohazaga chorlaydi.

Inson uchun tabiatning qalbi bor, xotirasi bor. Tashlandiq yer bog'-roqqa aylanganidan keyin bog'bonning orzusi ushaladi, hosil quvonchiga aylanadi. Masalan, bugungi kunda ham kuzatilayotgan holat — tayyor bog'ni arzon-garovga sotib olishni istovchilar, bog'ning o'rniga qurilish qilishni ko'zlovchilarga bunday orzu-quvonch nasib etadimi? Ular tabiatning qalbi haqida o'ylaydimi? Joys ana shunday mojarolar “tabiat esxonasi”da turadi, degan g'oyaga asoslanadi. Shuning uchun tabiat bilan omuxta holda qahramonlarning xatti-harakatlaridan falsafiy xulosa chiqaradi. U qaysi voqeani ifodalamasin va bu voqea qanday darajada bo'lmasin, o'ziga xos hikmatga asoslanadi. Mahorat, asosan, ana shu jarayonlar ifodasida ko'rinadi.

Joys bolaligidan odam bolasi fe'lini tabiat uyg'unligida o'rgana boshlagan va bu odat keksaligigacha saqlangan yozuvchi. “Uliss”ning ildizi ana shu xotiralar, xulosalar zaminidadir. Bunga bir misol. Stiven Serjent degan bolaga bir misolni yechib ko'rsatib, boshqasini o'zi yechishini aytadi. Uni zimdan kuzatib turarkan, ko'nglidan shunday kechinma o'tadi: “Serjent uzun, hilviroq harflar bilan misolni ko'chirib o'tirdi. Uning qo'li doim bir ko'mak kutib qing'ir-qiyshiq sonlarni tirishib qog'ozga tushirar, rangsiz chehrasida bilinar-bilinmas oriyatning nimtatir qizilligi zuhur qilardi”.

Yozuvchi misolni dadillik bilan yecholmayotgan boladagi “oriyat” orqali kattalar dunyosiga nazar soladi. Bolalikdagi ma'sumlik ulg'ayganimizda yo'qolmasligini istaydi. Uning mulohazalarida bolalar va kattalar olami birlashib, ajib tasviriy manzaralar hosil qiladi. “Men ham shunday edim, — o'ylaydi yana u, — yelkalarim shunday pastga bukilgan, o'mizlarim shunday turtib chiqqan edi… Yonginamda enkayib turgan bolalik. Shunday bir zum yengilgina bo'lsin qo'l tekkizib qo'yay deysan, naqadar uzoqda u. Meniki — juda olis, uniki — g'oyatda sirli, baayni bizning ko'zlarimiz kabi. Qalblarimiz qora qo'rg'onlarida qo'rg'onlangan qayg'uli xira siru asrorlarimiz, o'z zulmidan charchagan sirlar; o'z taxtu baxtidan ag'darib tashlanmoqqa mushtoq zolimlar…”

Adibning “Erkin bo'lish o'zingizga bog'liq” degan so'zlari ham yuqoridagi mulohazalarning mantiqiy davomidir. Kishi haqiqiy dehqon yoki bog'bon bo'lsa, uning ekini, daraxtlari yayrab o'sadi, Olloh uni yaxshi hosil bilan siylaydi. Binobarin, inson har tomonlama erkin bo'lolsa, biror illat bandasiga mute bo'lmasa, kelajakda uning avlodlari ham faqat sinov uchun ato etilgan mol-davlatnigina baraka deb biladigan bo'ladi. Qarindosh-urug'lari, yaqinlari, qo'ni-qo'shnilariga nisbatan oqibatli bo'ladilar. Bunday oila boshlig'i chinakam baxtli, erkini saqlay olgan insondir. Bu masalani jamiyat miqyosida olsak ham mohiyat o'zgarmaydi. Nafs yo'lidagi amaldorlar “kallasi g'oyib bo'lgan”lardir. Undaylardan pul, hazm bo'lmagan ovqatlar hidi anqib turadi. Ular uchun tarix quloqqa ko'p chalingan zarbulmasal, Vatan esa qarzga pul olib turadigan g'azna bo'lib qoladi”.

Joys qahramonlari aqlli, sinchkov, ayyor, hushyor va hozirjavob. Ilgari ham aytganimizdek, ular bir-birlarining ustlaridan kulishadi, kamsitishadi. Ammo so'zlarining bir chetida fazilat yulduzi porlab, qusur tumani uni insoniyatga ko'rsatmaslikka urinadi. Oynachaga qarab soqol olayotgan Bak Malligan oynachani xizmatchi xotin Ursuladan o'margani, bu cho'rini xolasi shahvoniy vasvasalardan saqlamoqchi bo'lib xizmatiga olganini aytib xoxolab kuladi. Oynachaga qattiq tikilib qolgan Stiven uni ko'zlaridan nari surib, suhbatdoshini kalaka qilishga o'tadi.

“— Yuzini oynada ko'rolmaydigan “Kolubaning qahrli nigohi” (Oskar Uayldning “Dorian Grey” asari so'z boshisi”dan —tarjimon izohi), — dedi u. — Qaniydi Uayld seni ko'rsaydi”.

Stiven ham Malliganning istehzoli so'zlariga javob qaytaradi.

“O'zini orqaga tashlab Stiven barmog'i bilan oynachani ko'rsatdi.

— Bu irland san'atining ramzi, — dedi u alamnok, — Cho'rining darz ketgan oynasi.

Malligan kutilmaganda do'stiga tan berdi.

— Sening jig'ingga tegish yaxshi emas-a, to'g'rimi? — erkalandi Malligan. — Ularga (andishasi illatiga oziq bo'lganlar nazarda tutiladi — I.A.) qaraganda qanchalar aqlli ekanliging bir xudoga ayon”.

Yozuvchining bu taxlit ifodalari dunyoviy ahamiyat kasb etadi. Bunda Sharqni ham, G'arbni ham birday ko'rasiz. Buning hosilasi o'laroq u Stivenday o'z sohasi — matematika fanini chuqur bilish bilan kifoyalanmaydigan, tarix va siyosat bobida malakasi bor, o'tmish va kelajakka teran nigoh tashlaydigan, mulohazalarida falsafa ifori anqib turadigan, har qanday masalada hozirjavob, o'rni kelganda aqlli-ayyor sifatida namoyon bo'ladigan adabiy qahramonlar yaratdi.

“Riyoziyot belgilari xuddi sho'x habash o'yinga sakraganday sahifa uzra o'ynoqlashar, — dedi Stiven bir o'rinda, — kvadrat va kublar ajoyib qalpoqchali ko'zboylog'ich niqoblar kiyib olganga o'xshashardi… Zulmoniy zotlar o'zlarining kulgili ko'zlarida dunyoning tushunib bo'lmas dilini aks ettirganlar, nur ichida nurlangan zulmat va zulmati qorishmagan nur”.

Joysning o'ziga xosligi shundaki, bir voqea bayonida oq va qora tuyg'ular joy almashib turadi. Goh qop-qora zulmat ichida qolib ketganday bo'lasiz. Goh yorug'lik nashidasini his qilasiz. Aslida, hayot ham shunday emasmi?

Qadrli ustoz Ibrohim aka! Sizning bunday betakror asarlar (xususan, Fyodor Dostoyevskiyning asarlari kabi)ni ona tilimizga mahorat bilan tarjima qilganingiz uchun ming bora tashakkurlar bo'lsin! Nazarimda, Fyodor Dostoyevskiy, Chingiz Aytmatov, Jeyms Joys singari adiblar hatto o'zbek tilida yozganlarida ham sizning ular asarlarini qilgan tarjimalaringiz darajasida bitishga bo'lishar edi. Bunga shubham yo'q.

Ilhom AHROR.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − five =