Ziddiyat

Hushyor bo'ling: “qora yurak”!

“Yarim piyola suv — piyolaning yarmi bo'sh” — ruhshunoslar odamning borliqqa, ya'ni dunyoga nazarini aniqlashda bir voqelikka ana shunday ikki munosabatdan kelib chiqib baho beradilar: kim optimist, kim pessimist? Ya'ni: 1) kimdir ertangi kunga umid bilan qaraydi; 2) kimdir esa… hamma narsadan mosuvo bo'lgan. Bir toifa har qanday holatni dunyoning ishi deb biladi va shunga mos ravishda intiladi: qiyinchiliklardan chiqish yo'llarini izlaydi, nolimaydi, chidaydi. Boshqasi esa turmush tashvishlaridan charchagan, qo'lini yuvib, qo'ltig'iga urgan, ertaga ham biror o'zgarish bo'lishiga ishonmaydi.

Aslida, odamlar to'dasining ikki toifaga bo'linishi (albatta, ularning safida dunyoni suv bossa, to'pig'iga ham chiqmaydiganlari ham bor) tabiiy jarayon emas, balki ijtimoiy munosabatlarning hosilasidir, ya'ni insonlar odamlar dunyosida yashab, ikkiga ajraladilar. Shuning bilan go'yo tirikchilik aravasini harakatga keltiradigan kuch yuzaga kelganga o'xshaydi va shu ikki taraf intilishlari mohiyatida olg'a yoki ortga qadam qo'yilayotgani hal bo'ladi. Shak-shubhasiz, optimistlar ham, pessimistlar ham jamiyatda tarbiyalanadi va shakllanadi. Ularning paydo bo'lish evolyutsiyasi (tadriji)ni tahlil qilish esa juda maroqli.

Bir ulug' yozuvchi shunday dastxat qoldirgan ekan: “Sizning uchta kitobingizga bitta kitob berdim” va izidan yaxshi tilaklar. Siz shu bitta gapni qanday izohlagan bo'lardingiz? To'g'risi, shunday savol bilan tanishlarga murojaat qildim. Bir guruh “Sizning uchta kitobingiz mening bitta kitobimga teng, debdi” tarzida fikr bildirishdi. Juda ozchilik esa “Siz sermahsulsiz, uchta kitob chiqaribsiz, men esa bitta; xijolatdaman”, deyapti…” tarzida sharhladi. Ana shu ikki xil yondashuvda, aslida, voqelikka ikki xil munosabat ifodalangan: har qanday harakatni yaxshilikka qabul qilish yoki “qildan qiyiq topib”, g'arazgo'ylikka yo'yish mumkin. Deylik, kimdir bexosdan yuzingizga tarsaki tortib yubordi. Aks ta'sir qanday bo'ladi: aksariyat tarsakiga tarsaki bilan javob beradi. Faqat kamgina odam “Bechora, asabiy holatda ekan, o'zini bosa olmadi” tarzida mulohaza qilib, jim turishga kuch topadi. Endi ikki munosabatdan qay birida jamiyatga foyda ko'proq? Va ikki xil munosabatlarning ildizi qaerda? Yana qiziq manzaralar ko'z oldimizga keladi.

Tilimizda “oq ko'ngil” degan ibora bor. Unga zid ravishda “qora yurak” degan so'z birikmasi ham mavjud. Oq va qora — zid tushunchalar, bu aniq; birida sifatlanmish “ko'ngil”, boshqasida “yurak” bo'lganida ham o'ziga xos sinoat yashirindir, ammo “oq ko'ngil” yoki “qora yurak”ning mazmuni aniq. Bu ikki tushuncha kecha va kunduz, issiq va sovuq singari qarama-qarshi ma'nolarni ifodalaydi hamda hech qachon istisno tariqasida “oq yurak” — “qora ko'ngil” tarzida qo'llanilmaydi. Til qonuniyatining o'ziga xos tabiiy mantig'ini aks ettiruvchi bunday holatlarni sharhlash mumkin emasdir, ammo borliqni oq yoki qora ranglarda qabul qilishni tushunish va tushuntirish mumkin, chunki bu ikki nuqtai nazar ijtimoiy hodisa hisoblanadi. Ilm tasdiqlaydiki, kishida bunday fe'l-atvorlar (balki, sifatlar) odamlar dunyosida, atrof-tevarakning shaxs (individ tabiati)ga ta'siri orqali shakllanadi. Bu holni tushunish uchun ibtidoga qaytaylik.

Inson zurriyoti yorug' olamga qadam qo'ygach, tiriklik oqimiga tushadi. Zotan, oqimning ikki qirg'og'i bor va qirg'oqlar parallel chiziqlardek bir-biriga kesishmaydi. “Qirg'oqlar” deganda bir tarafda jami yaxshilik va ikkinchi tomonda jami yomonlik jihatlarni nazarda tutamiz. Tabiiy, hech kim faqat yaxshi yoki faqat yomon bo'lmaydi, uning tabiatida bir jihat ustun bo'ladi, xolos, chunki u “yaxshi” va “yomon”dan iborat qirg'oqlar o'rtasidagi oqimda ulg'ayadi. Yangi zurriyotning fe'l-atvori, umuman, kelajagi oqimning qaysi qirg'oqqa (yoki qirg'oqning) yon bosishiga (ya'ni moyilligiga) bog'liqmikan? Axir har bir nuqtada bu ikki holat go'yoki narsa va uning soyasidek baqamti yashaydi-ku: xuddi bir qo'lda tayoqning bir uchini, ikkinchisida bu tomonini tutgandek! Holbuki, yerda yotgan narsani xohlasak, o'ng qo'l, xohlasak, chap qo'l bilan olishimiz mumkin. Xuddi shuningdek, bir voqelikka ikki xil yondashuv namoyon bo'lishi ham tabiiy, hatto g'ayriixtiyoriy (aslida, gap shu haqda!) tarzda ro'y beradi. Olaylik, sinfda dars davom etyapti, kimdir kechikib keldi. Xo'sh, o'qituvchi qanday munosabatda bo'ladi? Shu nuqtada vaziyat ikkiga ajraladi (to'g'risi, biz “qora yurak”ni izlayapmiz va mazkur yo'nalishda fikr yurityapmiz).

Maktab hayoti hammaga tanish, shuning uchun keyingi mulohazani shu maydonda davom ettiraylik. Agar o'qituvchi turqini o'zgartirmay, hatto gapirib turgan bo'lsa, so'zini ham bo'lmay, bir ishora bilan kechikkan bolani o'tirg'izib qo'ysa, ya'ni osoyishtalikka doxil qilmay, bolani joyiga borib o'tirishga ishora qilsa, olam guliston. Mabodo, aksi bo'lsa-chi (negaki, pedagogikada o'quvchining har bir harakatini baholab borish talab qilinadi!), ya'ni o'zini jilovlay olmay, o'shqirib ketsa-chi? Tabiiy, odatdagi me'yor buziladi, hamma chalg'iydi, kechikkan bola diqqat markaziga ko'chadi, kechikish sabablarini aniqlashga kirishib ketiladi va keraklicha tanbeh bilan jarayon nihoyasiga yetadi. Balki shunday batafsil taftishdan keyin bola qilig'idan pushaymon bo'lar, qolganlar ham saboq chiqarar, ammo bunday “ishlov berish”lar muttasil davom etsa-chi? Bunday ko'rinishlar, har holda, kamyob emas…

Maktab — kelajak fabrikasi. Uning “sex”larida eng noyob “mahsulot” (uzr!) tayyorlanadi, ya'ni kelajak, ertangi kun yaratiladi. Agar istiqbol manfaatidan kelib chiqilsa, birinchi talab — “mahsulot”lar zaxa yemagan, qiyshaymagan, unniqmagan, umuman, toza va asil bo'lmog'i darkor. Ammo har doim bunga erishiladimi?

Gap nimadaligini to'liqroq tasavvur etish uchun yana “o'qituvchi-o'quvchi” munosabatiga qaytaylik. Demak, maktabning asosiy vazifasi — bolaning tabiiy tug'ma fazilatlariga zaxa yetkazmaslik, shu asnoda uning botinidagi qobiliyatlarini rivojlantirish, kamchiliklarini bartaraf etish — to'g'rilash talabiga xizmat qilishdan iborat. Gapning sirasini aytganda, bola maktab dargohidan buyuk fizik yoki ximik (va hokazo), shuningdek, iqtidorli shoir yoki mohir rassom bo'lib chiqishi mumkin emasdir, lekin shunday marralarni egallaydigan qobiliyati uyg'onib, shaxsiyatida o'ziga ishonchi ortib va maqsadi yo'lida zarur fazilatlarni o'zlashtirib chiqishi shart. Odam butun umri davomida o'rganadi, izlanadi, baribir saboq olishni oxiriga yetkaza olmaydi. Maktab bosqichi ana shu ulug' yo'lning birinchi qadami (biz “maktab”ga behuda urg'u berayotganimiz yo'q, nazarimizda, “qorayuraklik” epidemiyasi shu dargohda yuqadi).

Xullas, birinchi qadam, ya'ni o'qituvchining afv etishi — o'quvchi qalbiga doxil qilmasligi, uni “ezmasligi”, bolaning optimist bo'lib voyaga yetishiga xizmat qilishi lozim (sharhini o'zingiz mulohaza qilib olavering). Lekin bu yumushni uddalash, demak, “optimist”larni voyaga yetkazish oson emas. Afsuski, kuzatishlar kelajak vorisi bo'lib ulg'ayayotgan yangi avlodda zarur ko'nikmalar kamol topmayayotganini ko'rsatmoqda. Hatto maktab dargohini tark etayotgan bitiruvchilarning aksariyatida mustaqil fikr yo'qligini, o'zining ertangi hayoti yuzasidan tasavvurga ega emasligini tasdiqlamoqda. Nega shunday?

Yana kuzatishlar va tahlillar tasdiqlamoqdaki, mustaqil hayotga qadam qo'yayotgan ayni davrdagi bolalarimiz katta avlodga bepisand qaraydi, jizzaki, hazilni tushunmaydi, ya'ni yumor hissi yo'q. Boz ustiga fikr doirasi tor, harakatida nafrat va muhabbatning chegarasi aniq emas, jasorat tuyg'usi, g'urur hissi sust. Voqelikka loqayd… Bir so'z bilan aytganda, ular go'dakligidayoq hayotdan sovib, “qarib” qolyapti! Eng achinarlisi — ularning aksari “oq ko'ngil” — samimiy, sodda, beg'ubor emas, “qora yurak” — kekchi, g'arazgo'y, munofiq bo'lib voyaga yetyapti (afsuski!). Endi bunday holni yuzaga chiqaradigan ildizlar, oqibatning sabablari haqida mulohazalarni davom ettiraylik.

Yana “kechikkan bola”ga qaytadigan bo'lsak, u xatosi tufayli xijolatda edi, muallimning unga munosabati — “jazo bermagani” o'z-o'ziga izza bo'ldi, ichidan uyaldi va shu bilan hamiyati uyg'ondi (bizningcha). Uning qalbida, aytish mumkinki, ezgulik urug'i qadaldi: “Hamma ishni yaxshilik bilan uddalash mumkin!”. Endi teskari holatni tasavvur qiling: yetarlicha dakki eshitgan, kechikkaniga jazo sifatida qo'li ko'tarib qo'yilgan yoki bir-ikki shapaloq yegan bola qanday taassurot oladi? To'g'ri, u endi kechikmaydi, ammo bu harakatini ixtiyoriy, ongli emas, qo'rqqanidan amalga oshiradi. Bizning milliy tabiatimizda ana shu usul — “qo'rqitib tarbiyalash” ustuvor, shundaymi?

Dars davom etadi, qo'ng'iroq chalinadi, yangisi boshlanadi. Yana bir keskin holat: bolalar tayyorgarliksiz kelgan. Boshlanadi “diydiyo” — asablari qaqshab, charchab qolgan muallim sinfga zahar sochadi, nafratini cheklanmagan miqdorda ishlatadi, dars pand-nasihat bilan o'tadi. Pand-nasihat — tarbiyamizning ikkinchi sinalgan va ko'p qo'llaniladigan usuli. “Ursang — eti qotadi, so'ksang — beti qotadi” degan gap bor. Betning qotishi — yuz qizilligining yo'qolishimi, ya'ni uyat hissining barbod bo'lishimi? Endi bir tomondan — qo'rqoq, ikkinchi tomondan — uyatsiz odamni tasavvur qilavering. Mana, tarbiyaning olamshumulligi, maktabning mo''jizasi… Holbuki, aksi ham bo'lishi mumkin edi — qo'rqmas, oriyatli!

Yoki oila muhitini ko'z oldimizga keltiraylik. Yana o'sha holat: uyda tinchlikni saqlash uchun bolalar qo'rquv girdobiga tashlanadi. Olabo'ji, do'xtir, melisa… va hokazo nima vahimali bo'lsa, hammasi yordamga chaqirilib, bolaning murg'ak qalbi dahshat va vahimalar bo'roniga giriftor qilinadi. Shunday bo'ladiki, go'dak shafqatsiz dovulga duch kelgandek qaqshab turadi, damini ichiga yutadi, hatto tushlarida bosinqirab chiqadi. Shu vositada “kelajak tarbiyalanyapti”! Holbuki, qo'rquvning inson tabiatiga ta'sirini o'rgangan olimlarning ta'kidlashicha, qo'rquv ichidagi odamning hatto tabiiy sezgilari ham me'yorida ishlamas ekan: u achchiqmi, shirinmi — ta'mni ajrata olmay qoladi, hatto qaynoq suvni ichib yuborib, hech narsani sezmasligi mumkin yoki sezgilari yorug'da yoxud qorong'ida yashayotganini farqlay olmaydigan darajaga tushadi. Bu aniq xulosa.

Bir hayotiy misol. Tog'larda bo'ribosar itlar tug'ilishidan yerto'lalarda parvarish qilinar ekan. Bilasizmi, nima uchun? Kuchukchalar bo'ri ovozini eshitmasligi uchun, ya'ni bo'rilardan qo'rqmas bo'lib voyaga yetishi uchun… Bo'rining uvlashini eshitsa… qo'rqoq bo'lib qolar ekan! (Bu tabiiy instinktdan bo'lsa kerak). Hayvonda qo'rquv hissi ne qadar kuchli bo'lishini cho'ponlar tajribada sinagan: bo'ri terisi osilgan hovliga it kirishga botinmas ekan… Mana, aniq manzara! Endi har lahza tahdid, demak, qo'rquv ostida ulg'aygan odamni tasavvur qiling. Aslida, bunday holat umrimiz bo'yi davom etadi, butun borlig'imiz shundan iborat. Avtobusda paydar-pay e'lon yangraydi: “Yo'l haqini to'lamaslik ma'muriy javobgarlikka sabab bo'ladi…” Uyingizga kunora xat keladi: “Issiq suvdan qarzingiz tufayli ishingiz sudda ko'riladi…” Bunday munosabatlar shundoqqina turma panjarasini ko'z oldingizga olib kelib qo'yadi. Endi o'ylab ko'ring: avtobusda yurish, sovuq xonada yashash necha pulga tushadi? Axir biz o'zimiz sezmagan holda erkimizni boy beryapmiz-ku!

…“Qo'rqitmay o'stirdim, botir bo'ldingizlar”, deydi doston qahramoni bolalariga. Qo'rquvni bilmagan odamgina erkindir. Erkin odamgina mustaqil bo'la oladi.

Bu masalaning bir tomoni, axir “qora yurak” osmondan tushmaydi. Gap bola qalbi haqida ketar ekan, oila muhitidagi boshqa tartiblar ham unga qanday ta'sir etishi taroziga qo'yilavermaydi. Deylik, farzandlar ko'z oldida er-xotinning janjallashishi bola qalbini butunlay vayron qilib yuboradi. U nafaqat o'z yaqinlariga, balki jami erkak va ayollarga nafrat bilan voyaga yetadi. Yoki ular oldida bo'lar-bo'lmas gaplarni tortinmay gapiraverish, atrofdagilarni yomon so'zlar bilan g'iybat qilish yoki nuqul yoqimsiz gaplarni so'kinib so'zlash… go'dakning murg'ak dunyosini ostin-ustun qilib yuboradi. Bola “Odamlar bir-birini shunchalik yomon ko'radimi?” degan xulosaga bordimi, demak, ko'chaga chiqib, hech kimga salom bermaydi, hatto o'qituvchisini ham hurmat qilmay qo'yadi.

Pand-nasihat tinglayverib charchagan, qo'rquv olamida ulg'aygan, kattalarning dunyosidan nafratlana boshlagan bola yana uch-to'rt shunday salbiy holatlar (masalan, kimningdir qalloblik bilan boyigani, boshqasining harom yo'l bilan mansabga erishgani haqidagi suhbatlar, yolg'onchilik, o'g'rilik, sotqinlik… singari holatlar)ga duch kelgach, har bir harakatning oxirida fojiani, ya'ni qonni ko'radi. Qizil rang to'qlashaverib, qoraga aylanadi. Oqibatda uning botini, qolaversa, butun borlig'i qora zulmat bilan qoplanadi. Ana shunday muhitda voyaga yetgan odamning yuragi toza bo'ladimi, bo'la oladimi? Biz qilg'ilikni qilib qo'yib, keyin bolalarimizning mehrsizligi, beboshligi, gap uqmasligi… yana yuzlab qusurlari yuzasidan shikoyat qilib yuramiz.

Ramzan “qora yurak” atalgan odam borliqni boricha ko'ra olmaydi. Xuddi shirinlik ta'mini bilmaganidek, zulmat va yorug'likni ajrata olmaganidek, borliqqa hech bir qo'llanmayu darslikda yozilmagan o'lchovlar bilan baho beradi. Ta'bir joiz bo'lsa, uning nazariga borliq oyog'i osmonda bo'lib ko'rinadi. Unga birovning ko'magi haqorat, tabassumi masxara, xullas, yaxshiligi yomonlik bo'lib tuyuladi. Bunday odam bilan til topishish ham, uni tushunish ham qiyin. Faqat o'z dunyosida yashaydi, o'zi bilan o'zi ovora. Borliqqa nazari esa “Baxt hammaga teng taqsimlangan, men hamma qatori baxtli bo'lishim kerak” degan xudbin dunyoqarash bilan shakllangan va shunday deb o'ylaydi. Yutuqqa erishgan odamning zahmatlarini, qiyinchiliklarini ko'rmaydi, aksincha, ko'r-ko'rona unga hasad qiladi, doimiy ravishda ular bilan kurashib yashaydi.

Ammo u — “qora yurak” ijtimoiy borliq (sub'yekt), biz-siz bilan bir jamoada xizmat qiladi, faoliyatga aralashadi, hatto rahbarlikka da'vo qiladi. O'z niyatlari yo'lida “qora” ishlardan ham voz kechmaydi. U hatto tashabbuskor, yangi g'oyalar muallifi, hech kim botina olmagan yumushni zimmasiga olish bilan maydonga chiqishi mumkin. Ammo o'z mezonlari bor: kimnidir zor qaqshatish uchun tashabbus bilan chiqqan; o'rtaga tashlagan g'oyalarida esa qandaydir uning o'ziga ma'lum bo'lgan xufiyona (qabih) maqsadlari yashiringandir; jasorati esa vayronkorlikka, buzg'unchilikka yo'l ochishni ko'zda tutgandir… Xullas, u chaqilmas yong'oq, tushunarsiz sinoat. Bir so'z bilan aytganda, jamoaga ham, jamiyatga ham “bosh og'rig'i”ga aylangan zot o'zimizning davramizda, ko'z oldimizda, hatto qo'llab-quvvatlashimiz tufayli paydo bo'ladi.

Endi kimgadir samimiy tabassumingiz yoqmayotgan, kulgingizni “Meni kalaka qilyapti…” deb tushungan, shodlik kuningizda g'amga botayotgan, yutug'ingizdan alam bilan yig'layotgan — butun borliqqa g'azab bilan qarayotgan odamni uchratganingizda, ham barbod bo'lgan bolaligi, noqis tarbiyasi, dunyoga “qora ko'zoynak” orqali qarashidan lol qolgan holda, uning borlig'idan nafratlanasiz. Yana “dunyoni yashnatish, gullatish uchun dunyoga kelgan” (azal bitigi) bir zotning shu ko'yga tushganidan rahmingiz qo'ziydi. U esa o'z nuqtai nazaridan kelib chiqib, sizning mehringizni ham tushunmaydi, aksincha, tishini g'ijirlatib, sizga zavol tilaydi. Bunday holdan esa g'azablanasiz, ammo uni unuta olmaysiz. Ziddiyatlar ichida shakllangan bu nusxa birinchi o'rinda — pessimist, o'zining ham, jamiyatning ham kelajagiga ishonmaydi, qorong'i dunyosida shunchaki tirikligi uchun harakat qiladi… Jamiyatimizda ana shunday “zot”lar onda-sonda bo'lsa ham uchrab turadi. Bu illatga chalingan qaynona kelinini o'g'lidan rashk qiladi; o'g'il otasiga hasad bilan qaraydi; xodim rahbarining ustidan tinimsiz shikoyatlar yozadi… Gapning indallosi — hozirgacha oq ko'ngil odamning kimligini hamma biladi, ammo qora yurakning qiliqlari o'lchamini hech kim hisoblab chiqa olmagan!

Hammamiz munosabatlar qorishiq ­dunyoda yashaymiz. “Molning olasi sirtida, odamning olasi ichida” degan maqol bor. Ammo idishning yarmi suyuqlikka to'la ekanini ko'rgan odamda ertaga uning to'lishiga umid bo'lganidek, idishning bo'sh qismini ko'rgan odam uning to'lishini istamasligi yoki ishonmasligi, hatto ko'rmasligi mumkin bo'lganidek, odamlar borliqqa umid va umidsizlik ko'zi bilan qarovchi ikki toifaga ajraladi. Bu — ilmning xulosasi. Aslida ham shunday. Endi qarashlar ajraladigan suvayirg'ichga to'g'ri kelganda nekbinlik (badbinlik emas) bilan ­dunyoga qarash ko'p bo'lishini xohlasak, buni ta'minlash iloji bormi? Albatta, bor. Axir insoniyat Tarbiya degan muassasani yaratdi, unga Ta'limni hamroh qildi. Bu vositalar Maktabda birlashdi. Demak, hammasini ana shu kelajak ustaxonasidan kutishga haqlimiz. Maktabning ustunlari hisoblangan o'qituvchi (muallim, domla, ustoz)ning zimmasida ana shunday olamshumul yuk bor.

Ziddiyatlar bir qobiqda ulg'ayadi, lekin baqamti yashashi mumkin emas. Agar shunday hol ro'y bersa, qora bo'yoqlar oqlikni yeb yuboradi, ya'ni barbod qiladi. Demak, o'rtada o'tib bo'lmas devor bo'lishi, u ezgu maqsadli odamlar tomonidan tiklanishi lozim. Dunyoni asrashning mohiyati shunda. Aslida, kelajakning taqdiri ham shunda! Binobarin, “qora yurak”larga beparvo bo'lmaylik, qo'ldan kelgancha ularning ko'payishiga to'siq qo'yaylik!

Hakim SATTORIY,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × five =