Aliment to'lamaslik oqibati
Har bir yosh oila qurib, yangi hayotga qadam qo'yar ekan, avvalo, turmushi shirin va baxtli bo'lishini istaydi. Biroq quruq orzu-istakning o'zi yetarli emas. Chunki oila deb atalmish bo'stonda hayot hamisha bir tekis kechmaydi. Bu esa er va xotindan sabr-toqat hamda ahillikni talab etadi. Aks holda, arzimagan gap-so'zlar va kelishmovchiliklar oilaviy munosabatlarni yemirib, hayotni boshi berk ko'chaga kiritib qo'yishi hech gap emas.
Toshkent shahrida yashovchi Ro'zi Muhsinov (ism-familiyalar o'zgartirilgan) ham orzu-niyatlar bilan Sharofatga uylangan edi. Oradan yillar o'tib, ular o'g'il va qiz farzand ko'rishdi. Ammo farzandlarning dunyoga kelishi ham oila rishtalarini mustahkamlay olmadi. Ro'zg'ordagi mayda-chuyda gap-so'zlar bora-bora er-xotinni ajrashish ostonasiga olib keldi. Ajrashishgach, Sharofat bir muddat farzandlarini yolg'iz o'zi, alimentsiz boqib yurdi.
Sud ajrimiga asosan, Ro'zi Muhsinovga voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta'minoti uchun har oyda ish haqi va boshqa daromadlarining uchdan bir qismi miqdorida aliment to'lash majburiyati yuklatilgan edi. Biroq u belgilangan mablag'ni to'lashdan qasddan bo'yin tovlab keldi. Shu o'rinda aytish kerakki, R.Muhsinov o'zining yurish-turishi, nomaqbul xulqi bilan mahallada ham salbiy taassurot qoldirgan. Natijada o'z farzandlari ta'minotidan qochib, aliment pullarini to'lamay kelgan R.Muhsinov sud hukmi bilan aybdor deb topildi.
O'z zurriyotlarini unutgan ota sud hukmiga ko'ra, 1 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Ota-onaning farzandlari oldidagi eng asosiy majburiyatlaridan biri — voyaga yetmagan bolalarini moddiy jihatdan ta'minlashdir. Bu burchni ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota qonuniy javobgarlikka tortilishi muqarrar. Murg'ak farzandlari taqdiriga bu qadar befarq qaraydigan otalarning uchrab turishi, albatta, achinarli holat. Shu bois qonunchiligimizda bunday kimsalarga nisbatan qat'iy javobgarlik choralari belgilangan.
Oila — jamiyatning kichik bir bo'lagi, uning mustahkamligi esa yurt kelajagini belgilovchi muhim omildir. Shunday ekan, muqaddas dargoh — oila butunligini saqlash va farzandlar ta'lim-tarbiyasiga har birimiz mas'ul ekanimizni unutmaylik.
Bahodir QAYuMOV,
Jinoyat ishlari bo'yicha
Yakkasaroy tuman sudining
sudyasi.
