Bekobod. Mehr va metall ta'rifida

Open book on green grass in a field with daisys background concept for reading, relaxing and recreation

Sirojiddin SAYYID,

O'zbekiston xalq shoiri,

Oliy Majlis Senati a'zosi

Eldoshlarim irodasi temirdan, ham metindan,

Biz birlashsak – buyuk xalqmiz, birgalashsak, biz – Vatan!

 

Bekobodim, irodasi temir-beton shahrimsan,

Ne-ne oshiq shoirlarga orzu-armon shahrimsan.

 

Ortga qaytmas shashtlaring zo'r, karvonlaring bor bo'lsin,

Temir-metin irodali sarbonlaring bor bo'lsin!

 

Tinch bo'lsin deb dunyo tun-kun duo aylar onalar,

Mamlakatga metall kerak milyon-milyon tonnalar.

 

Ona shahrim, shamollaring bag'ring aro kezgan dam,

She'rim bilan shamol bo'lib esgim kelar mening ham.

 

Yangi-yangi uy-joylarga mahalla-ko'y to'lgusi,

Bu temirlar ko'rkam, mahkam imoratlar bo'lgusi.

 

Temir yanglig', metin yanglig' yaxlit bir jonu tanmiz,

Eldoshlarim, bir bo'lsak biz – bir xalqu bir Vatanmiz!

 

Shoir, sen ham bu hayotni otash she'rlarga to'ldir,

Metallurgiyang shuldir! Metallurgiyang shuldir!

 

Egatlarda qolib ketgan yillarimning qarziday,

Ma'danim deb, metinim deb faxrlansam arzigay.

 

Bizlar farzand o'stirgaymiz – munosib, mutanosib,

O'g'il – qizga munosibdir. Qiz – o'g'longa munosib.

 

O'g'il-qizda kelajakning jamolini ko'rgaymiz,

Bizlar Vatan o'stirgaymiz, bizlar Vatan qurgaymiz.

 

O'ylaymanki, bir so'zimni og'ir olmas shoirlar:

Zamon yukin yengillating, qilmang uni og'irlar.

 

Ko'z oldimda Vaqt emas, gurros solib o'tar So'z,

Davr sendan So'z kutmoqda, zamon sendan kutar So'z.

 

Bir yuz o'n ming el-ulusning ko'zlariga tik qarab,

She'rlar aytsang, yuzing yorug' – bu ne tole, ne sharaf!

 

Siznikidir bu imkonlar – har bir o'g'il-qizniki,

Bu davronlar Siznikidir! Bu zamonlar – Sizniki!

 

Raqam ursam – saflaringiz o'ttiz mingdan ziyoda,

Shunday o'g'il-qizlarim bor dono, zukko, ozoda.

 

Temirdanmiz, po'latdanmiz, metindan bir jonu tan,

Biz birlashsak – buyuk xalqmiz, birgalashsak – biz Vatan!

 

El nomiga keltirmoq-chun rag'batlaru rahmatlar,

Hali qancha mehnat kerak, hali qancha zahmatlar.

 

Qalbing jo'shar – xuddi metall qaynayotgan qo'radir,

Vatan sendan so'z so'raydir, el-ulus so'z so'raydir.

 

Qurol-yarog' o'ynab turgan qattol dunyo bir taraf,

Elni kitobga qaytargan insonlarga shon-sharaf!

 

Temirqanot jujuqlaring burgut bo'lsin, sor bo'lsin,

Metin irodali mardi maydonlaring bor bo'lsin!

 

Yangi shahar, Sirdaryodan nariyog'i Xo'janddir,

Temurmalik polvon kelsa – bu tarixiy hujjatdir.

 

Davru zamon solnomasin tarix o'zi baholar,

Bunda ne-ne chempionlar o'sar, ne-ne daholar.

 

Temir yanglig', metin yanglig' bizlar bir jonu tanmiz,

Eldoshlarim, biz birlashsak – bir xalqu bir Vatanmiz.

 

Temirdanmiz, po'latdanmiz, metinmiz – bir jon va tan.

Biz birlashsak – buyuk xalqmiz, birgalashsak, biz – Vatan!..

 

“Xalq so'zi” gazetasining 2026 yil 14 iyul №142-sonidan olindi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − two =