Global reytingdagi tarixiy yutuq

2026 yilgi reytingda Toshkent davlat tibbiyot universiteti dunyoning “TOP-1000” talik oliy ta'lim tashkilotlari qatoridan munosib o'rin oldi

Dunyoda universitetlar ko'p, biroq ularning barchasi ham insoniyat taraqqiyotiga qo'shayotgan hissasi bilan baholanavermaydi. XXI asrda oliy ta'lim muassasasining nufuzi endi faqat talabalar soni yoki zamonaviy binolari bilan emas, balki ilm-fan, innovatsiya, jamiyat va inson kapitali rivojiga qo'shayotgan amaliy hissasi bilan o'lchanmoqda. Ana shu mezonlar xalqaro reytinglarning ham asosiy baholash tamoyiliga aylandi.

Shu ma'noda, “Times Higher Education (THE) Impact Rankings” bugungi kunda jahondagi eng nufuzli xalqaro reytinglardan biri hisoblanadi.

U universitetlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadi (“SDGs”)ni amalga oshirishga qo'shayotgan hissasini baholaydi. Mazkur reyting ta'lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, sog'liqni saqlash, innovatsiyalar, ijtimoiy mas'uliyat, xalqaro hamkorlik va barqaror taraqqiyot kabi ko'plab mezonlarni kompleks tahlil qiladi.

2026 yil natijalari Toshkent davlat tibbiyot universiteti uchun muhim tarixiy voqeani muhrladi. Universitet dunyoning “TOP-1000” oliygohi qatoriga kirib, 601-800-o'rinlar guruhidan joy oldi.

Bu natija shunchaki statistik ko'rsatkich emas, balki O'zbekiston tibbiy ta'limining xalqaro mezonlar asosida munosib baholanganidir. Shuningdek, bu — universitetda keyingi yillarda amalga oshirilgan tizimli islohotlar, ta'lim sifati, ilmiy muhit va xalqaro hamkorlik faoliyati jahon ekspertlari tomonidan e'tirof etilganining amaliy tasdig'idir.

Eng muhimi, universitetning “Sog'liq va farovonlik” (“SDG-3”) yo'nalishi bo'yicha “TOP-100” talikka kirib, dunyoda 81-o'rinni, O'zbekistonda esa 1-o'rinni egallashi tibbiyot sohasi uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur yo'nalishda universitetning klinik faoliyati, ilmiy tadqiqotlari, profilaktika dasturlari, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari hamda qo'shayotgan amaliy hissasi kompleks baholanadi.

E'tiborli jihati shundaki, universitet 2030 yilga mo'ljallangan strategik rivojlanish dasturida belgilangan muhim maqsadlardan biriga muddatidan ilgari — 2026 yilning o'zidayoq erishdi. Bu esa oliygohda qabul qilingan taraqqiyot strategiyasi izchil amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.

Universitet tashkil etilganidan buyon Markaziy Osiyodagi eng yirik va nufuzli tibbiyot oliygohi sifatida o'zining ulkan salohiyatini namoyon etib kelmoqda. Bugungi kunda universitetda 4,5 mingga yaqin professor-o'qituvchi tomonidan bakalavriatning 15 ta ta'lim yo'nalishi, magistraturaning 54 ta mutaxassisligi, klinik ordinaturaning 54 ta mutaxassisligi hamda doktoranturaning 42 ta ixtisosligi bo'yicha 32 mingdan ziyod talabaga ta'lim xizmatlari ko'rsatilmoqda.

Universitetning infratuzilmasi zamonaviy va o'ziga xos bo'lib, o'z ichiga 3 ta kampus (bosh kampus, pediatriya va stomatologiya kampuslari), 3 ta ko'p tarmoqli universitet klinikasi, 3 ta akademik litsey, 2 ta mintaqaviy filialni qamrab olgan. Shuningdek, tarkibida eng so'nggi rusumdagi robot-simulyatorlar, fantomlar va zarur o'quv jihozlari bilan ta'minlangan o'quv-simulyatsiya markazlari, axborot-resurs markazlari, 10 ta markaz, 11 ta o'quv binosi, 14 ta talabalar turar joyi, 13 ta fakultet va 111 ta kafedra mavjud.

Angliya, Germaniya, Litva, Italiya, Koreya, Turkiya, Xitoy kabi mamlakatlarning o'ndan ortiq vakilidan iborat Xalqaro ekspertlar kengashi ta'sis etildi. Universitetning tashkiliy tuzilmasi, mavjud o'quv dasturlari va o'quv rejalarini shakllantirishda ularning ilg'or xorijiy tajribaga asoslangan takliflari, xulosalari va taqrizlari olinib, ta'lim tizimi qayta ko'rib chiqildi. Bu jarayonda 6 ta bakalavriat ta'lim yo'nalishining o'quv rejalari va malaka talablari xalqaro standartlarga moslashtirildi; o'quv dasturlari “TOP-300” talikka kirgan OTMlarning dasturlari asosida takomillashtirildi. “GIZ” (Germaniya), Lyubek universiteti (Germaniya) va boshqa xorijiy hamkorlar ishtirokida ilg'or tajribalar asosida kompetensiyaga yo'naltirilgan dasturlar ishlab chiqildi.

Universitet faoliyatini rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida barcha o'quv auditoriyalari, ma'ruza zallari hamda ilmiy va o'quv laboratoriyalari to'liq modernizatsiya qilindi. Zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, laboratoriya reaktivlari, fantom va mulyajlar bilan jihozlash orqali ta'lim jarayoni va ilmiy izlanishlarni chuqurlashtirish imkoniyati yaratildi. Laboratoriyalar faoliyatini samarali yo'lga qo'yish uchun metodik yo'riqnomalar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.

Ta'lim jarayoni tubdan transformatsiya qilindi: kredit-modul tizimi, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, virtual laboratoriyalar, “VR/AR” texnologiyalari, robot-simulyatorlar va sun'iy intellektga asoslangan interaktiv platformalar joriy etildi.

Universitetda dual ta'lim tizimi yo'lga qo'yilishi natijasida talabalar nazariy bilimlarni auditoriyada olib, amaliy ko'nikmalarini bevosita universitetning klinik bazalari hisoblangan tibbiyot muassasalarida o'zlashtirish va mustahkamlash imkoniyatiga ega bo'ldilar. Universitetning klinik bazalari soni kengaytirilib, ta'lim jarayoni respublikamizning yetakchi tibbiyot markazlari (universitet klinikalari, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, shahar va viloyat shifoxonalari, oilaviy poliklinikalar, xususiy shifoxonalar, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi tashkilotlari)ning yuqori texnologiyali laboratoriyalari va klinik materiallaridan samarali foydalangan holda amalga oshirilmoqda. Buning natijasida ta'lim sifati va bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarlik darajasi sezilarli darajada oshdi.

Universitetning xalqaro maydondagi nufuzi va mavqei tobora yuksalib bormoqda. Bugungi kunda 190 ta xorijiy universitet va tibbiyot markazi bilan hamkorlik o'rnatilgan, 27 ta ta'lim yo'nalishi Butunjahon tibbiy ta'lim federatsiyasi talablari asosida xalqaro akkreditatsiyadan o'tgan, xorijiy hamkorlar bilan 37 ta qo'shma ta'lim dasturi amalga oshirilmoqda. 30 dan ortiq davlatdan kelgan 3,5 mingdan ziyod xorijlik talaba universitetimizda tahsil olmoqda.

Universitetda amalga oshirilgan islohotlar — ta'lim dasturlarining xalqaro standartlarga moslashtirilishi, xorijlik professorlarni jalb etish, raqamli texnologiyalar va simulyatsion o'qitishning joriy etilishi, shuningdek, nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlikning kengaytirilishi natijasida oliygoh bitiruvchilari nafaqat milliy, balki xalqaro mehnat bozori talablariga ham to'liq javob bera oladigan mutaxassislar bo'lib yetishmoqda. Bularning barchasi universitet faoliyatining barcha yo'nalishlari xalqaro standartlarga izchil moslashtirilayotgani va keng joriy qilinayotganidan dalolat beradi.

Xalqaro reytinglarda munosib o'rin egallash tasodif yoki qisqa muddatli kampaniya mahsuli emas. Bu — yillar davomida shakllangan taraqqiyot strategiyasi, aniq rejalashtirilgan boshqaruv va tizimli mehnatning natijasidir. Toshkent davlat tibbiyot universitetining “THE Impact Rankings-2026” reytingidagi muvaffaqiyati ham aynan shu tamoyillarga tayangan holda qo'lga kiritildi.

So'nggi yillarda universitet o'z oldiga faqat malakali shifokor tayyorlash vazifasini emas, balki xalqaro miqyosda raqobatbardosh ilmiy-ta'lim markazini shakllantirish maqsadini qo'ydi. Bu esa ta'lim mazmunini yangilash, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, klinik amaliyotni takomillashtirish va boshqaruv tizimini zamon talablari asosida isloh qilishni talab etardi.

Avvalo, ta'lim jarayoni raqamli texnologiyalar bilan boyitildi. Simulyatsion markazlar tashkil etildi, virtual ta'lim platformalari joriy qilindi, sun'iy intellekt elementlarini tibbiy ta'limga tatbiq etish bo'yicha dastlabki qadamlar tashlandi. Bu o'zgarishlar talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko'nikmalar bilan uyg'unlashtirish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.

Shu bilan birga, universitet xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berdi. Akademik mobillik dasturlari kengaydi, xorijlik professorlar ishtirokida ma'ruzalar va mahorat darslari tashkil etildi, qo'shma ilmiy tadqiqotlar ko'lami ortdi. Bu esa professor-o'qituvchilar va talabalar uchun xalqaro tajribani o'zlashtirish imkoniyatini yaratdi.

Biroq universitet taraqqiyotining eng muhim omili — ilm-fanga bo'lgan munosabatning tubdan o'zgarganidir. Ilmiy faoliyat endi faqat dissertatsiya yozish yoki maqola chop etish bilangina cheklanib qolmaydi. Universitetda ilmiy g'oyaning amaliyotga tatbiq etilishi, tadqiqot natijalarining klinik faoliyatga joriy qilinishi va ularning jamiyat salomatligiga xizmat qilishi asosiy mezon sifatida qaralmoqda.

Ayni paytda universitetda fundamental va amaliy tibbiyot integratsiyasi kuchayib, tibbiyotning dolzarb muammolariga innovatsion yechimlar ishlab chiqishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu yondashuv nafaqat ilmiy samaradorlikni oshirmoqda, balki universitetning xalqaro ilmiy maydondagi nufuzini ham mustahkamlamoqda.

Ta'lim, ilm-fan va klinik amaliyotni bir butun tizim sifatida rivojlantirish orqali Toshkent davlat tibbiyot universiteti o'zining strategik taraqqiyot modelini shakllantirdi. Bugun xalqaro reytinglarda qayd etilayotgan natijalar ana shu modelning samaradorligini yaqqol tasdiqlamoqda.

Har qanday universitetning haqiqiy qudrati uning binolari yoki moddiy bazasi bilan emas, balki inson kapitali bilan o'lchanadi. Dunyoning eng nufuzli universitetlari tarixi shuni ko'rsatadiki, ilmiy maktablar, kuchli professorlar va ular tarbiyalagan shogirdlar universitet brendini shakllantiradi. Toshkent davlat tibbiyot universitetining xalqaro reytingda erishgan natijalari zamirida ham, avvalo, uning intellektual salohiyati mujassamdir.

Bugun universitetda nevrologiya, pediatriya, farmakologiya, jarrohlik, otorinolaringologiya, genetika, mikrobiologiya, biotibbiyot muhandisligi, klinik tibbiyot va fundamental fanlar bo'yicha shakllangan ilmiy maktablar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Bu maktablar nafaqat respublika tibbiyoti taraqqiyotiga, balki xalqaro ilmiy hamkorlikning rivojlanishiga ham munosib hissa qo'shmoqda.

So'nggi yillarda universitetda ilmiy faoliyatni rag'batlantirishning yangi mexanizmi shakllandi. Professor-o'qituvchilarning “Scopus” va “Web of Science” xalqaro ma'lumotlar bazalaridagi nashrlari ko'paydi, xalqaro grantlar va qo'shma tadqiqotlar soni ortib bormoqda. Bu jarayon universitetning jahon ilmiy hamjamiyati bilan integratsiyasini yanada mustahkamladi.

Biroq intellektual salohiyatni faqat maqolalar yoki dissertatsiyalar soni bilan o'lchab bo'lmaydi. Universitetning haqiqiy boyligi — bu ustozlar tajribasining yangi avlodga uzatilishi, ilmiy maktablar davomiyligining ta'minlanishi va yosh tadqiqotchilarning shakllanishidir.

Bu borada Toshkent davlat tibbiyot universitetida ilm-fanni ommalashtirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Olimlar haqidagi ocherklar, hujjatli lavhalar, ilmiy-ma'rifiy loyihalar, professorlar haftaliklari kabi tashabbuslar universitetning intellektual merosini keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qilmoqda. Bu ishlar faqat axborot tarqatishgina emas, balki yoshlarda ilm-fanga hurmat uyg'otadi, ustoz-shogird an'anasini mustahkamlaydi va ilmiy muhitning barqaror rivojlanishiga zamin yaratadi.

Bugun xalqaro reytinglar aynan shu jihatlarga ham alohida e'tibor qaratmoqda. Chunki zamonaviy universitetning vazifasi bilim berish bilan cheklanmaydi. U ilm yaratadi, innovatsiya ishlab chiqaradi, jamiyat ehtiyojlariga javob beradi va kelajak taraqqiyoti uchun intellektual muhitni shakllantiradi. Toshkent davlat tibbiyot universiteti ana shu yo'lni tanlagani bois xalqaro maydonda munosib e'tirofga sazovor bo'lmoqda.

Bugun Toshkent davlat tibbiyot universitetida fundamental tadqiqotlar klinik amaliyot bilan chambarchas bog'lanmoqda. Yangi ilmiy g'oya avval laboratoriyada tug'iladi, so'ngra klinik sinovlardan o'tib, takomillashadi va faqat samaradorligi to'liq isbotlangandan keyingina bemorlar hayotiga tatbiq etiladi.

Bu integratsiya universitet ilmiy-tadqiqot faoliyatining asosiy tamoyiliga aylangan. Laboratoriyada olib borilayotgan tadqiqotlar bevosita klinik muammolardan kelib chiqmoqda, natijalar esa tezkorlik bilan amaliyotga joriy etilmoqda. Aynan shu yondashuv Toshkent davlat tibbiyot universitetining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishda eng muhim omillardan biri bo'lib xizmat qilmoqda. Universitetning ilmiy maktablari nafaqat yangi bilimlar yaratish, balki ularni sog'liqni saqlash tizimiga tezkorlik bilan tatbiq etish qobiliyatini ham namoyish etmoqda.

Zamonaviy dunyo universitetlari oldida faqat bilim berish va tadqiqot o'tkazish vazifasigina qolmagan. Bugungi kunda universitet jamiyatning dolzarb muammolariga yechim topishi, innovatsiyalar yaratishi, iqtisodiyot va davlat taraqqiyotiga bevosita hissa qo'shishi lozim bo'lgan muhim institutga aylandi.

Toshkent davlat tibbiyot universitetida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar aynan shu yangicha talablarga javob berishga qaratilgan. Ta'lim, ilm-fan va klinik amaliyot yagona, uzviy tizim sifatida rivojlantirilmoqda. Buning natijasida universitet nafaqat malakali mutaxassislar tayyorlash, balki sog'liqni saqlash sohasidagi ilg'or yechimlarning generatoriga aylanmoqda. Sun'iy intellekt, raqamli tibbiyot, simulyatsion texnologiyalar, xalqaro hamkorlik va innovatsion loyihalar universitetning kelgusi taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo'nalishlariga aylandi.

“THE Impact Rankings-2026” reytingida erishilgan muvaffaqiyat Toshkent davlat tibbiyot universiteti uchun oxirgi cho'qqi emas, balki yanada yuksak marralar sari qo'yilgan muhim qadam, yangi bosqichdir.

Ushbu yuqori natija universitetning ilmiy salohiyati, innovatsion yondashuvi va jamiyatga xizmat qilishga qaratilgan faoliyati jahon hamjamiyati tomonidan munosib e'tirof etilganidan dalolat beradi. Shuningdek, bu — Yangi O'zbekiston tibbiyotining intellektual salohiyati, kuchli ilmiy maktablari va yuqori darajadagi inson kapitali global miqyosda tobora keng tan olinayotganining yorqin dalilidir.

Toshkent davlat tibbiyot universiteti ta'lim, ilm-fan va amaliyotning hamohang rivojlanishi orqali sog'lom millat va taraqqiy etgan O'zbekistonni qurishga o'z munosib hissasini qo'shayotgan oliygoh sifatida bugun o'zining yangi tarixini yozmoqda.

Xalqaro reytinglar universitet tarixida yangi sahifa ochadi. Biroq har qanday e'tirof, avvalo, kelajak oldidagi mas'uliyatni yanada oshiradi. Chunki ilm-fan raqobatida kechagi muvaffaqiyat bugungi ustunlikni kafolatlamaydi. Uni saqlab qolish uchun izchil taraqqiyot, yangi g'oyalar va uzluksiz izlanish talab etiladi.

Toshkent davlat tibbiyot universitetining “THE Impact Rankings-2026” natijalari ham aynan shu haqiqatni tasdiqladi. Bu yutuq bir yillik mehnat mahsuli emas. U — yillar davomida shakllangan ilmiy muhit, strategik boshqaruv, professor-o'qituvchilarning fidokorona mehnati, yosh olimlarni qo'llab-quvvatlash siyosati va xalqaro hamkorlikning mantiqiy samarasidir.

Bugun universitetda amalga oshirilayotgan har bir islohot — raqamli ta'limdan tortib, sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etishgacha, fundamental tadqiqotlardan xalqaro ilmiy hamkorlikkacha bo'lgan barcha jarayonlar yagona maqsadga xizmat qilmoqda. Bu maqsad — mamlakatimizda raqobatbardosh tibbiy ta'limni shakllantirish, jahon ilm-fani bilan tengma-teng muloqot qila oladigan olimlar va mutaxassislarni voyaga yetkazishdan iborat.

Eng muhimi, universitetda ilm-fan faqat laboratoriya yoki auditoriya bilan cheklanib qolmayapti. U klinik amaliyotga kirib bormoqda, sog'liqni saqlash tizimiga xizmat qilmoqda, jamiyat ehtiyojlariga javob beradigan ilmiy yechimlarni yaratmoqda. Bu esa zamonaviy universitet faoliyatini baholaydigan eng muhim mezondir.

Prezidentimiz rahbarligida oliy ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar universitetlar oldiga mutlaqo yangi vazifalarni qo'ydi. Endilikda universitet faqat mutaxassis tayyorlaydigan ta'lim maskani emas, balki innovatsiyalar, intellektual g'oyalar va ilmiy taraqqiyot markaziga aylanishi lozim. Toshkent davlat tibbiyot universiteti bugun aynan shu yo'ldan bormoqda.

2030 yilga mo'ljallangan strategik vazifalarning muhim qismiga muddatidan ilgari erishilgani ham universitet jamoasining yuksak salohiyati va tanlangan taraqqiyot yo'li to'g'ri ekanligini ko'rsatadi. Bu esa kelgusida xalqaro marralarni zabt etish uchun mustahkam poydevor vazifasini o'taydi.

“THE Impact Rankings-2026” reytingidagi bugungi natija Toshkent davlat tibbiyot universitetining navbatdagi muvaffaqiyatigina emas. Bu — Yangi O'zbekistonda ilm-fan, tibbiy ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning xalqaro maydondagi munosib e'tirofi, milliy ilmiy maktablar qudrati va inson kapitaliga berilgan yuksak bahodir.

Zero, universitetning haqiqiy nufuzi uning devorlari bilan emas, balki yetishtirgan olimlari, yaratgan ilmiy maktablari va jamiyat taraqqiyotiga qo'shayotgan hissasi bilan o'lchanadi. Toshkent davlat tibbiyot universitetining bugungi yutug'i esa ana shu yuksak mezonning yorqin ifodasidir.

Shuhrat BOYMURODOV,

Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori,

tibbiyot fanlari doktori,

professor.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × five =