Ipak jilosidagi qadriyatlar
Kamalakning yetti rangi go'yo iplarga singib, nafis matoga aylanganday go'yo. Atlas va adrasga boqqan insonning ko'z oldida ranglar jilosi, nozik naqshlar va xalqimizning yuksak didi namoyon bo'ladi. Har bir tolasi mehnat bilan yo'g'rilgan, har bir naqshi asrlar davomida sayqal topgan bu matolar nafaqat milliy liboslarimizga ko'rk bag'ishlaydi, balki xalqimizning boy madaniy merosi va hunarmandchilik an'analarini ham o'zida mujassam etadi.
Bir qarashda yengilgina shamolda jilvalanib turgan atlas yoki adras ortida qanchalar mashaqqatli mehnat, qancha sabr va mahorat yotganini har kim ham anglayvermaydi. Buning guvohi bo'lish uchun Marg'ilon shahridagi hunarmandlar markaziga tashrif buyurishning o'zi kifoya. Bu yerda oddiy ipak tolasining bosqichma-bosqich ishlov berilib, jilokor atlas va adrasga aylanish jarayonini ko'rish insonda hunarmandlar mehnatiga nisbatan yanada yuksak hurmat uyg'otadi.
Eng e'tiborli jihati shundaki, ushbu qadimiy hunar bugungi kunda ham yoshlar tomonidan yuksak qiziqish bilan davom ettirilmoqda. Ayni vaqtda markazda ish qizg'in. Kimdir iplarni tayyorlasa, yana kimdir bo'yash yoki to'qish ishlarini bajaradi. Har bir usta o'z ishiga mehr bilan yondashishi tufayli oddiy iplar nafis va betakror atlas hamda adrasga aylanadi.
Gulbahor Ernazarova ham ushbu markazda faoliyat yuritib, qo'ldo'kon dastgohida atlasu adras matolarini to'qish bilan shug'ullanadi. Asosan, qo'l mehnati, sabr va mahorat sabab bugungi kunga qadar Gulbahor ko'plab milliy matolarni to'qib kelmoqda. Xususan, atlas, adras, beqasam, banoras, shoyi, a'lo baxmal kabi yana boshqa milliy matolarni o'zgacha mahorat, did va go'zal dunyoqarashi ila to'qib kelayotgan yosh to'quvchi ayol sevgan ishiga, kasbiga bo'lgan muhabbati sabab bugun o'z faoliyatida yaxshi natijalarga erishib kelmoqda.
— Bu yerda ishlayotganimga 6 yil bo'lgan bo'lsa-da, shu vaqt davomida ustozlardan atlas va milliy matolarni to'qish bo'yicha ko'p bilimlarni o'rgandim. To'quv dastgohiga o'tirar ekanmiz, yelkamizda yuksak mas'uliyat borligini his etaman, — dedi Gulbahor Ernazarova biz bilan suhbatda.
— Asosiysi, mehnatsevarlik, fidoyilik, shijoat va kasbga bo'lgan sadoqatim tufayli bugun to'quv ishlarini amalga oshirib kelmoqdaman. Jamoamiz ayollari juda inoq. Bir-birlariga ish, hunar o'rgatishdan charchashmaydi. Doimo bir-birlariga yordam berishadi. Ular bilan bir oiladek bo'lib ketganmiz. Ishim uyimga yaqinligi faoliyatimni qiynalmay olib borishimda asqatmoqda. Oilam, farzandlarim va ahil jamoam borligi bu mening baxtimdir.
Ubaydullo Mirtozoyev 20 yoshda. U ham ushbu markazda faoliyat yuritadi. Ayni vaqtda yosh hunarmand yigit bu yerda atlas matosiga gul terish vazifasini bajaradi. — Matoga gul terishda, avvalo, chaqqonlik, qo'l harakatlarining faolligi, mehnatsevarlik, g'ayrat va yuksak sabr-toqat talab etiladi, — dedi yosh hunarmand yigit. — Chunki mato gullarining shakli noto'g'ri berib yuborilsa, atlas naqshlari bir-biriga mos tushmay qolishi mumkin. Shuning uchun juda e'tiborli bo'lishga harakat qilaman. Asosiysi, ishimni yaxshi ko'raman. Qo'limda hunarim bor. Shu faoliyat turim bo'yicha kelajakda yaxshi shogirdlar chiqarish niyatidaman.
Darhaqiqat, bugun milliy hunarmandchiligimizni asrash va rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor natijasida to'qimachilik sanoati yanada ravnaq topmoqda. Bu esa nafaqat madaniy merosimizni saqlash, balki yosh avlodni kasb-hunarga yo'naltirish, mehnat bandligini ta'minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Fotima MANSUROVA.
