O'zbekiston kimyo sanoati: yuksalish istiqbollari

Sohada Toshkent kimyo-texnologiya institutining o'rni

Kimyo sanoati iqtisodiyotning tayanch tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Uning mahsulotlari qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat sanoati, qurilish, energetika, transport, tibbiyot, elektronika hamda iste'mol tovarlari ishlab chiqarish sohalarida keng qo'llaniladi. Jahon kimyo sanoati bozori bir necha trillion dollarga baholanadi va uning o'sish sur'atlari sanoatning o'rtacha o'sish ko'rsatkichlaridan yuqori bo'lib qolmoqda. O'zbekiston uchun mazkur tarmoq o'zining boy xomashyo bazasi tufayli alohida ahamiyatga ega bo'lib, shu bilan birga keng ko'lamli modernizatsiyani talab qiladi.

Sohaning katta salohiyatiga qaramasdan, kimyo kompleksi uzoq yillar davomida mamlakat sanoatining boshqa tarmoqlariga nisbatan sekin rivojlandi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2026 yil 2 iyun kuni o'tkazilgan kimyo sanoatini jadal rivojlantirishga bag'ishlangan yig'ilish ma'lumotlariga ko'ra, so'nggi to'qqiz yilda mamlakat sanoati o'rtacha yillik 6,3 foizga o'sgan bo'lsa, kimyo sanoatida mazkur ko'rsatkich 3 foizdan kamni tashkil etgan. Shu davr mobaynida tarmoqqa 8,3 milliard AQSh dollari miqdorida investitsiyalar jalb qilingan, 87 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilgan hamda ko'pirtirilgan polipropilen, BOPP – plyonka va “yashil” vodorod kabi 60 dan ortiq yuqori texnologik mahsulot turlari o'zlashtirilgan.

Biroq kimyoviy mahsulotlar importi qariyb to'rt barobar oshib, yiliga 4,1-4,5 milliard AQSh dollariga yetgan.

Shu munosabat bilan umumiy qiymati qariyb 17 milliard AQSh dollariga teng bo'lgan 350 dan ortiq loyihani amalga oshirish va “O'zkimyosanoat” AJni institutsional transformatsiya qilish vazifasi belgilangan. Bu esa tarmoqni “gaz → o'g'it” modeli asosidagi rivojlanishdan “xomashyo – yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulot” modeliga o'tishini anglatadi.

Resurs bazasi: haqiqiy ustunliklar va cheklovlar

O'zbekiston tabiiy gazning yirik zaxiralari, shuningdek, kaliy va fosforit rudalari, oltingugurtli xomashyo hamda uglevodorod resurslariga ega mamlakat hisoblanadi. Kimyoviy mahsulotlar tannarxida xomashyo va energiya xarajatlarining ulushi 40-90 foizni tashkil etishi mumkinligi sababli, milliy resurslar bilan ta'minlanganlik tarmoq raqobatbardoshligining muhim omili hisoblanadi. Biroq mamlakatning resurs ustunliklarini mutlaq afzallik sifatida baholash to'g'ri emas, chunki har bir resurs turi muayyan iqtisodiy va texnologik cheklovlarga ham ega.

Tabiiy gaz: ustunlikdan cheklovgacha

Ko'p yillar davomida arzon tabiiy gaz O'zbekiston gaz-kimyo sanoati hamda azotli o'g'itlar ishlab chiqarishning asosiy drayveri bo'lib xizmat qildi. Ammo keyingi yillarda vaziyat tubdan o'zgardi. Ichki iste'molning ortishi natijasida mamlakat tabiiy gazning netto importchisiga aylandi. Qish oylarida gaz ta'minotidagi bosimning pasayishi va taqchillik holatlari sanoat korxonalarini barqaror gaz bilan ta'minlashni qiyinlashtirmoqda.

Bugungi kunda mamlakatda taxminan 1,5 million tonna ammiakli selitra ishlab chiqarilib, buning uchun qariyb 1,07 milliard kub metr tabiiy gaz sarflanadi. Shu bilan bir vaqtda rivojlangan davlatlarda selitradan bosqichma-bosqich voz kechilib, karbamid va suvda eriydigan yuqori samarali o'g'itlarga o'tish tendensiyasi kuzatilmoqda. Shu sababli arzon gazni uzoq muddatli va mutlaq raqobat ustunligi sifatida baholash mumkin emas. Gaz-kimyo sanoatining samaradorligi tobora ko'proq energiya tejamkorligi va resurslardan oqilona foydalanish darajasiga bog'liq bo'lib bormoqda.

Mineral xomashyo: fosfor zaif bo'g'in sifatida

Mavjud resurs bazasi nazariy jihatdan mineral o'g'itlarning barcha asosiy turlarini ishlab chiqarish imkonini beradi. Azotli o'g'itlar tabiiy gaz asosida, kaliyli o'g'itlar kaliy tuzlari konlari negizida, fosforli o'g'itlar esa fosforit xomashyosi hisobidan ishlab chiqarilishi mumkin.

Shu bilan birga, tarmoqning eng zaif nuqtasi fosfor xomashyosi hisoblanadi. Markaziy Qizilqum fosforitlari, asosan, past navli rudalardan iborat bo'lib, ularni sanoatda qo'llash uchun qimmatbaho boyitish jarayonlari talab etiladi. Bu holat tarixan mamlakatda fosforli o'g'itlar ishlab chiqarishining rivojlanishini cheklab kelgan. Natijada mazkur mahsulotlarni ishlab chiqarish quvvatlari cheklangan bo'lib, ko'plab texnologik liniyalar ham modernizatsiyaga muhtoj.

Shu sababli mamlakatning barcha turdagi mineral xomashyo bilan to'liq ta'minlanganligi haqidagi fikrni shartli ravishda qabul qilish mumkin. Amalda O'zbekiston azotli o'g'itlar va bazaviy gaz-kimyo mahsulotlari bo'yicha yaxshi resurs bazasiga ega bo'lsa-da, yuqori sifatli fosfat xomashyosi bo'yicha muayyan tanqislik saqlanib qolmoqda.

Asosiy muammo: xomashyoni qayta ishlash chuqurligining yetarli emasligi

O'zbekiston kimyo sanoatining asosiy muammosi xomashyo resurslarining yetishmasligi emas, balki ularni qayta ishlash chuqurligining pastligidir. Mamlakat tabiiy gaz, oltingugurt, fosfatlar va polimer xomashyosini, asosan, birlamchi yoki ikkinchi bosqich qayta ishlash darajasida qayta ishlab, keyinchalik yuqori qo'shilgan qiymatga ega bo'lgan tayyor kimyoviy mahsulotlarni import qilishga majbur bo'lmoqda.

Xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar eksporti nisbatan past daromad keltiradi hamda xalqaro bozorlardagi energiya resurslari narxlarining o'zgarishiga yuqori darajada bog'liq bo'ladi. Aksincha, qayta ishlash zanjirining keyingi bosqichlariga o'tish bilan mahsulotning qo'shilgan qiymati ortib boradi va korxonalarning tashqi kon'yunkturaga qaramligi kamayadi.

Tarmoq rivojlanishini cheklayotgan qo'shimcha omillardan biri transport xarajatlarining yuqoriligidir. O'zbekistonning dengiz portlariga to'g'ridan-to'g'ri chiqish imkoniyatining mavjud emasligi eksport logistikasini qimmatlashtiradi va mahsulotlarning uzoq bozorlarda raqobatbardoshligini pasaytiradi. Shu sababli mamlakat uchun xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulotlarni, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Xitoyning chegaradosh hududlariga yetkazib berish iqtisodiy jihatdan maqbul hisoblanadi.

Kimyoviy mahsulotlar importining tarkibi

Hozirgi vaqtda mamlakatga import qilinayotgan kimyoviy mahsulotlarning umumiy hajmi yiliga taxminan 4,1-4,5 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Importning asosiy qismi mamlakatda hali yetarli darajada ishlab chiqarilmayotgan yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulotlarga to'g'ri keladi.

Bunday mahsulotlarning eng yirik guruhi polimerlar va plastmassa materiallaridir. Ular qatoriga maxsus turdagi polietilen va polipropilen markalari, injenerlik plastiklari, ABS-plastiklar, poliuretanlar, polikarbonatlar, PET-granulalar, polimer kompaundlar va sintetik kauchuklar kiradi.

Agrokimyo sohasida gerbitsidlar, insektitsidlar, fungitsidlar, urug'lik protravitellari, biostimulyatorlar, mikroelementli va xelatli o'g'itlar hamda o'simliklarni himoya qilish vositalari uchun faol moddalar import qilinadi.

Maishiy kimyo segmentida kir yuvish vositalari, shampunlar, gellar, tish pastalari, gigiena vositalari, tozalovchi va dezinfeksiyalovchi mahsulotlar ustunlik qiladi.

Lak-bo'yoq mahsulotlari va qurilish kimyosi sohasida sanoat bo'yoqlari, kukunli qoplamalar, epoksid va poliuretan tizimlari, germetiklar, yelimlar, gidroizolyatsiya materiallari va turli qurilish qo'shimchalari import qilinadi.

To'qimachilik kimyosi tarkibida reaktiv va dispers bo'yoqlar, oqartiruvchilar, appretlar, silikon qo'shimchalari hamda bo'yash jarayoni uchun maxsus reagentlar muhim o'rin tutadi.

Farmatsevtika sanoati uchun turli substansiyalar (“API”), sintez oraliq mahsulotlari, tibbiy va laboratoriya reagentlari chetdan olib kelinadi.

Eng yuqori qo'shilgan qiymatga ega segment maxsus sanoat ­kimyosi hisoblanadi. Bu toifaga katalizatorlar, flotatsiya reagentlari, korroziya ingibitorlari, burg'ilash reagentlari hamda turli funksional qo'shimchalar kiradi.

Noorganik kimyo mahsulotlari orasida kaustik soda, kaliy gidroksidi, peroksidlar, karbidlar, titan dioksidi, yuqori tozalikdagi fosfatlar va pigmentlarning ayrim turlari import qilinadi.

Import o'rnini bosishning ustuvor yo'nalishlari

Ekspert baholariga ko'ra, O'zbekistonda import o'rnini bosish bo'yicha eng katta salohiyat quyidagi sohalarda mavjud:

Ushbu yo'nalishlarning aksariyati mamlakatda mavjud xomashyo bazasi, shakllangan sanoat infratuzilmasi va ichki bozor ehtiyojlariga tayanadi. Shu sababli ular import o'rnini bosish va eksport salohiyatini oshirish nuqtai nazaridan strategik ahamiyat kasb etadi.

Kimyo sanoatini rivojlantirishdagi institutsional cheklovlar

O'zbekiston kimyo sanoatida mavjud tabiiy resurslar va ishlab chiqarish salohiyati uzoq vaqt davomida yuqori raqobatbardosh mahsulotlarga to'liq aylantirilmadi. Bu holatning asosiy sababi resurslar yetishmasligi emas, balki institutsional muhitning yetarli darajada samarali shakllanmaganligi bilan izohlanadi. Ahamiyatli jihati shundaki, sohada arzon xomashyo va energiya resurslaridan foydalanish imkoniyati mavjud bo'lgan sharoitda ham eksport ko'rsatkichlari va mahsulotlar diversifikatsiyasi kutilgan darajaga yetmagan. Bu esa muammo resurslar hajmida emas, balki ulardan foydalanish samaradorligida ekanligini ko'rsatadi.

Ko'p yillar davomida tarmoqni boshqarish tizimida davlatning tartibga soluvchi funksiyalari bilan xo'jalik yurituvchi sub'yektlarning funksiyalari o'zaro aralashib ketgan edi. Bir tomondan, davlat sohani tartibga soluvchi organ sifatida ishtirok etgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, yirik ishlab chiqarish aktivlarining asosiy qismi ham davlat nazoratida saqlanib qolgan. Bu holat bozor mexanizmlarining to'liq ishlashiga to'sqinlik qilib, xususiy sektor ishtirokini cheklab keldi.

Natijada raqobat muhiti yetarlicha shakllanmadi, investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari cheklandi va korxonalarni modernizatsiya qilish uchun iqtisodiy rag'batlar susaydi. Ma'muriy narx belgilash amaliyoti, ayrim resurslar bo'yicha imtiyozli taqsimot va o'zaro subsidiyalash mexanizmlari bozorda narxlar nomutanosibligini keltirib chiqardi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilish vazifasi tarmoq rivojlanishining hal qiluvchi bosqichlaridan biri hisoblanadi. Bu jarayon davlatning tartibga soluvchi funksiyalarini ishlab chiqarish faoliyatidan ajratish, korporativ boshqaruvning xalqaro standartlarini joriy etish va bozor iqtisodiyoti tamoyillarini chuqurlashtirishga qaratilgan.

Tarmoqning barqaror rivojlanishi uchun huquqiy va institutsional muhitning shaffofligi alohida ahamiyat kasb etadi. Investorlar uchun tushunarli va prognoz qilinadigan normativ-huquqiy baza, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining rivojlanganligi hamda xususiylashtirish jarayonlarining ochiqligi sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi.

Shu bilan birga, zamonaviy standartlashtirish va sertifikatlashtirish infratuzilmasini shakllantirish, tarmoq statistikasining ishonchliligini ta'minlash va sohaviy uyushmalar faoliyatini rivojlantirish ham muhim vazifalardan hisoblanadi. Aynan shu institutsional islohotlar kimyo sanoatining texnologik modernizatsiyasi uchun zarur sharoitlarni yaratib beradi.

Mavjud ishlab chiqarish infratuzilmasi

O'zbekiston kimyo sanoatining asosiy ishlab chiqarish quvvatlari XX asrning 1940-1960 yillarida shakllangan bo'lib, ularning aksariyati tabiiy gazni qayta ishlash va azotli o'g'itlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Bugungi kunda tarmoqning tayanch korxonalari qatoriga “Navoiyazot” AJ, “MAXAM-Chirchiq”, “Farg'onaazot”, Qo'ng'irot soda zavodi, Dehqonobod kaliy o'g'itlari zavodi hamda “Indorama Kokand Fertilizers” kabi korxonalar kiradi. Gaz-kimyo sohasida esa Sho'rtan gaz-kimyo majmuasi va “Uzbekistan GTL” kompleksi mamlakatning strategik ahamiyatga ega ishlab chiqarish ob'yektlari hisoblanadi.

Mazkur korxonalar mamlakatning mineral o'g'itlarga bo'lgan ichki ehtiyojini ta'minlashda muhim o'rin tutadi. Shu bilan birga ular kimyo mahsulotlari eksportining asosiy qismini ham shakllantiradi.

Biroq sohadagi ko'plab ishlab chiqarish quvvatlari ma'naviy va jismoniy jihatdan eskirgan. Bu holat energiya sarfining yuqoriligiga, ishlab chiqarish xarajatlarining ortishiga hamda mehnat unumdorligining pasayishiga olib kelmoqda.

Ko'plab holatlarda muammoni hal qilishning eng samarali yo'li yangi zavod qurish emas, balki mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish hisoblanadi. Chunki mavjud korxonalar muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, transport infratuzilmasi va tayyor ishlab chiqarish maydonlariga ega. Bu esa investitsiya xarajatlarini qisqartirish va loyihalarni amalga oshirish muddatlarini tezlashtirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, tarmoqda xususiy sektor ishtiroki ham tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, lak-bo'yoq mahsulotlari, polimer buyumlar, qurilish materiallari, izolyatsiya mahsulotlari, avtomobil butlovchi qismlari va maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish sohalarida xususiy kompaniyalar faoliyati kengaymoqda.

Xususiy kapital ishtirokining o'sishi raqobat muhitini kuchaytirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun muhim omil hisoblanadi.

Mahsulotlar turini kengaytirish va chuqur qayta ishlashning ustuvor yo'nalishlari

O'zbekiston kimyo sanoatini rivojlantirishning uzoq muddatli strategik maqsadi xomashyo eksport qiluvchi iqtisodiyot modelidan yuqori qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqaruvchi sanoat modeliga o'tishdan iborat. Bugungi kunda tarmoq asosan “gaz – o'g'it” zanjiriga tayanayotgan bo'lsa, kelgusida “xomashyo – bazaviy kimyo – oraliq mahsulot – tayyor mahsulot” zanjirini shakllantirish ustuvor vazifaga aylanmoqda.

Mamlakatdagi tabiiy gaz, azotli va fosforli xomashyo, kaliy tuzlari, oltingugurt, kaolin va uglevodorod resurslari ushbu maqsadni amalga oshirish uchun mustahkam resurs bazasini yaratadi. Ushbu resurslar negizida o'zaro bog'liq bo'lgan oltita asosiy rivojlanish yo'nalishini shakllantirish mumkin.

Chuqur gaz-kimyo va neft-kimyo mahsulotlari

Eng yuqori iqtisodiy samara beruvchi yo'nalishlardan biri tabiiy gazni chuqur qayta ishlash hisoblanadi. Bu sohada metanol va uning hosilalari, formaldegid smolalari, melamin, metil-tret-butil efir (MTBE), polipropilen, polietilen, akril kislotasi, superabsorbentlar, polivinilxlorid (PVX), poliollar va boshqa yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari mavjud.

Jahon tajribasi shuni ko'rsatmoqdaki, bir tonna tabiiy gazdan olinadigan qo'shilgan qiymat metanol va polimer mahsulotlar ishlab chiqarish bosqichlarida bir necha barobar ortib boradi. Shu sababli kelajakda eksport tarkibida xomashyo ulushini qisqartirib, yuqori texnologik polimer mahsulotlar ulushini oshirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Mineral o'g'itlar ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish

O'zbekistonda mineral o'g'itlar ishlab chiqarish an'anaviy ravishda azotli o'g'itlarga ixtisoslashgan. Biroq zamonaviy agrotexnologiyalar suvda eriydigan, mikroelementli, xelatli va maxsus maqsadli o'g'itlarga bo'lgan talabni jadal oshirmoqda.

Shu munosabat bilan karbamid, “NPK”-kompleks o'g'itlar, suvda to'liq eriydigan o'g'itlar, tomchilatib sug'orish tizimlari uchun maxsus kompozitsiyalar, gidroponika mahsulotlari hamda bog'dorchilik va issiqxona xo'jaliklari uchun yuqori samarali o'g'itlar ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadga muvofiqdir.

Bu nafaqat ichki bozor ehtiyojlarini ta'minlash, balki Markaziy Osiyo davlatlariga eksport hajmini oshirish imkonini ham yaratadi.

Polimerlarni chuqur qayta ishlash

Polimerlar ishlab chiqarishdan ko'ra ularni chuqur qayta ishlash iqtisodiy jihatdan ancha yuqori daromad keltiradi. Shu sababli polimer granulalar eksportidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga o'tish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu sohada quvurlar, fitinglar, qishloq xo'jaligi plyonkalari, geomembranalar, issiqxona materiallari, kabel izolyatsiyasi, qurilish profillari, qoplash materiallari, qadoqlash mahsulotlari va turli kompozit materiallar ishlab chiqarish istiqbolli yo'nalishlar hisoblanadi.

Mazkur segment mamlakatda import o'rnini bosish bo'yicha eng katta iqtisodiy salohiyatga ega sohalardan biri hisoblanadi.

Qurilish kimyosi

So'nggi yillarda mamlakatda qurilish sohasining jadal rivojlanishi qurilish kimyosi mahsulotlariga bo'lgan talabni keskin oshirdi.

Quruq aralashmalar, plitka yelimlari, gidroizolyatsiya materiallari, germetiklar, beton qo'shimchalari, plastifikatorlar, fasad tizimlari, issiqlik izolyatsiyasi materiallari, sanoat bo'yoqlari va antikorrozion qoplamalar ichki bozorda yuqori talabga ega mahsulotlar hisoblanadi.

Mahalliy xomashyodan foydalangan holda ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish import hajmini qisqartirish va qurilish industriyasi raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.

Maishiy va sanitariya-gigiena kimyosi

Aholi daromadlarining o'sishi va urbanizatsiya jarayonlari maishiy kimyo mahsulotlari bozorining kengayishiga olib kelmoqda.

Kir yuvish vositalari, shampunlar, suyuq sovunlar, idish yuvish vositalari, dezinfeksiyalovchi vositalar, kosmetik mahsulotlar, tibbiyot va oziq-ovqat sanoati uchun maxsus tozalash vositalari mamlakatda keng talab qilinayotgan mahsulotlar hisoblanadi.

Ushbu sohada kichik va o'rta biznes sub'yektlari ishtirokini kengaytirish orqali tez natijaga erishish mumkin.

Yangi avlod agrokimyo mahsulotlari

Zamonaviy qishloq xo'jaligi yuqori samarali agrokimyoviy mahsulotlardan foydalanishni talab qilmoqda.

O'simliklarni himoya qilish vositalari, biostimulyatorlar, o'sish regulyatorlari, sorbentlar, fertigatsiya preparatlari, agroplyonkalar va tomchilatib sug'orish materiallari ushbu yo'nalishning asosiy mahsulotlari hisoblanadi.

Agrar sektorning mamlakat iqtisodiyotidagi ahamiyatini hisobga olganda mazkur segment kelgusida kimyo sanoatining eng tez o'suvchi tarmoqlaridan biri bo'lishi kutilmoqda.

2030 yilgacha belgilangan maqsadli ko'rsatkichlar

Davlat dasturlariga muvofiq 2030 yilga qadar:

– azotli o'g'itlar ishlab chiqarish hajmini 2,8 mln tonnadan 4 mln tonnaga;

– fosforli o'g'itlar ishlab chiqarishni 400 ming tonnadan 900 ming tonnaga;

– suvda eriydigan o'g'itlar ishlab chiqarishni 100 ming tonnadan 400 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Bu maqsadlarga erishish uchun yaqin yillarda umumiy qiymati 2,8 milliard AQSh dollariga teng bo'lgan 42 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Umuman olganda, tarmoq rivojlanishining eng samarali modeli yirik kimyo korxonalari atrofida xomashyoni chuqur qayta ishlash klasterlarini shakllantirishdan iborat. Bunday yondashuv sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, qo'shilgan qiymatni oshirish va yuqori texnologiyali mahsulotlar eksportini kengaytirish imkonini beradi.

Ta'lim muassasasidan milliy texnologiyalar transferi markazigacha

O'zbekiston kimyo sanoati oldida turgan strategik vazifalarni amalga oshirish nafaqat investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni, balki yuqori malakali inson kapitalini ham talab qiladi. Shu nuqtai nazardan Toshkent kimyo-texnologiya instituti mamlakatning kimyo sanoati uchun kadrlar tayyorlovchi an'anaviy oliy ta'lim muassasasi maqomidan milliy innovatsion rivojlanish markaziga aylanishi lozim.

2026 yildan boshlab mamlakatda amalga oshirilayotgan yangi yondashuvga muvofiq, sohaga ixtisoslashgan oliy ta'lim muassasalarining professor-o'qituvchilari aniq investitsiya loyihalariga biriktirilmoqda. Bu esa ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqish imkonini yaratmoqda.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti uchun eng maqbul rivojlanish modeli quyidagi innovatsion zanjir asosida shakllanishi mumkin:

“Universitet – Ilmiy laboratoriya – Pilot qurilma – “Spin-off” kompaniya – Sanoat korxonasi”

Mazkur yondashuv institutda yaratilgan ilmiy natijalarni to'g'ridan-to'g'ri iqtisodiyotga joriy etish imkonini beradi hamda institutning “Research University” modeliga transformatsiyasini ta'minlaydi.

Ikki xil, ammo o'zaro bog'liq missiya

Toshkent kimyo-texnologiya instituti oldida turgan vazifalarni shartli ravishda ikki katta yo'nalishga ajratish mumkin.

Birinchi yo'nalish import o'rnini bosish va kichik innovatsion korxonalarni rivojlantirish bilan bog'liq. Bu yo'nalishda asosiy e'tibor tayyor formulyatsiyalar, aralashtirish texnologiyalari, maishiy kimyo mahsulotlari, agrokimyo vositalari va qurilish kimyosi mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratiladi.

Ikkinchi yo'nalish esa fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarga asoslangan yuqori texnologiyali mahsulotlar yaratish bilan bog'liq. Bu maxsus kimyo, biotexnologiya, nanokimyo, raqamli kimyo texnologiyalari va “Kimyo 4.0” sohalarini qamrab oladi.

Ushbu ikki missiya bir-birini to'ldirishiga qaramasdan, ularning boshqaruv mexanizmi, moliyalashtirish manbalari va baholash mezonlari turlicha bo'lishi lozim.

Birinchi yo'nalishning natijasi yangi ish o'rinlari va kichik biznes sub'yektlari bo'lsa, ikkinchi yo'nalishning natijasi patentlar, litsenziyalar, yuqori reytingli ilmiy maqolalar va yuqori texnologiyali startaplar hisoblanadi.

Import o'rnini bosishga qaratilgan kichik kimyo ishlab chiqarishlari dasturi

O'zbekiston sharoitida qisqa muddatda yuqori iqtisodiy samaraga erishishning eng maqbul yo'li katta zavodlar qurish emas, balki yirik sanoat korxonalari atrofida kichik va o'rta kimyo ishlab chiqarishlari ekotizimini shakllantirish hisoblanadi.

Bunday korxonalarning investitsiya hajmi, odatda, 0,5-10 million AQSh dollarini tashkil etadi va ularning aksariyati 1-3 yil ichida o'zini oqlashi mumkin.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti huzurida tashkil etiladigan “100 kimyoviy startap” dasturi quyidagi yettita klaster asosida shakllantirilishi mumkin.

Agrokimyo va o'g'itlar klasteri

Bu klaster mikroelementli xelat o'g'itlar, borli va kremniyli o'g'itlar, suvda eriydigan “NPK” mahsulotlari, gidroponika uchun oziq muhitlari, gumatlar, fulvokislotalar, biostimulyatorlar va organomineral o'g'itlar ishlab chiqarishni o'z ichiga oladi.

Maishiy va professional kimyo klasteri

Suyuq sovunlar, shampunlar, idish yuvish vositalari, universal tozalash vositalari, kir yuvish gellari, konditsionerlar, antiseptiklar, dezinfeksiyalovchi mahsulotlar va mehmonxona hamda tibbiyot muassasalari uchun maxsus kimyoviy vositalar mazkur klasterning asosini tashkil etadi.

Qurilish kimyosi klasteri

Plitka yelimlari, gidroizolyatsiya materiallari, beton qo'shimchalari, plastifikatorlar, germetiklar, fasad tizimlari, yong'inga qarshi va korroziyaga qarshi qoplamalar ushbu yo'nalishning asosiy mahsulotlari hisoblanadi.

Polimerlar va kompozit materiallar klasteri

Polimer kompaundlar, masterbatchlar, agroplyonkalar, geomembranalar, biorazlojuvchi qadoqlash materiallari, mahalliy xomashyo asosidagi kompozitlar va filtrlash materiallari ishlab chiqarish nazarda tutiladi.

Suvni tozalash va ekologiya klasteri

Koagulyantlar, flokulyantlar, sorbentlar, membranalar, suv tozalash reagentlari, biologik preparatlar va ekologik monitoring vositalari ushbu klaster tarkibiga kiradi.

To'qimachilik va maxsus kimyo klasteri

To'qimachilik yordamchi kimyoviy moddalari, silikon kompozitsiyalari, antistatiklar, bo'yoq mustahkamlagichlari, flotatsiya reagentlari va korroziya ingibitorlari mazkur yo'nalishning asosini tashkil etadi.

Biotexnologiya va “FoodTech” klasteri

Ferment preparatlari, probiotiklar, funksional oziq-ovqat ingredientlari, biokonservantlar va bioqadoqlash materiallari ushbu klasterning istiqbolli mahsulotlari hisoblanadi.

“Research University” modeliga o'tishning ahamiyati

Toshkent kimyo-texnologiya institutining kelgusi rivojlanish strategiyasi oddiy ta'lim muassasasi maqomidan ilmiy-tadqiqot universiteti maqomiga o'tishni nazarda tutadi.

Bu jarayonda universitetning asosiy vazifasi tayyor bilimlarni uzatish emas, balki yangi bilimlar, texnologiyalar va innovatsion mahsulotlar yaratishdan iborat bo'ladi.

Shu maqsadda institutda:

– “Pilot Plant Center”;

– “Industrial PhD” dasturlari;

– Kichik tonnajli kimyo markazi;

– Import o'rnini bosish markazi;

– Venchur jamg'armasi;

– Injiniring kompaniyalari;

– Xalqaro qo'shma laboratoriyalar tizimli ravishda tashkil etilishi lozim.

Ushbu infratuzilma institutimizni 2035 yilga borib Markaziy Osiyodagi yetakchi kimyo-texnologik “Research University” darajasiga olib chiqish uchun xizmat qiladi.

Botir USMONOV,

Toshkent kimyo-texnologiya instituti

rektori.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − 1 =