Yuksak tafakkur – jamiyatni o'zgartiradigan kuch
Samarqand davlat chet tillar institutida dunyo tillarida erkin so'zlasha oladigan mutaxassislar tayyorlanmoqda
Bugun O'zbekiston o'z taraqqiyot yo'lining mutlaqo yangi, poydevor bosqichini bosib o'tmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Yangi O'zbekiston g'oyasi va Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish strategiyasi millatning uyg'onishi, ijtimoiy-siyosiy hamda ma'naviy hayotning tubdan yangilanish jarayoni ekani isbot talab qilmaydigan haqiqatga aylandi. Xo'sh, mana shunday tarixiy burilish pallasida ommaviy axborot vositalari vakillari — jurnalistlarning o'rni va mas'uliyati nimalardan iborat?
Har qanday uyg'onish va yuksalish davri adolat hamda shaffoflik poydevori ustiga quriladi. OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatyapmizki, bugungi o'zbek jurnalistikasi shunchaki rasmiy tadbirlarni yorituvchi “ko'zgu” vazifasidan chiqib, jamiyat hayotidagi o'tkir muammolarni dadil ko'tarib chiquvchi, mavjud kamchiliklarni ro'yirost tanqid qiluvchi kuchga aylandi.
Jurnalistlar davlat organlari va mansabdor shaxslarning xalq oldidagi hisobdorligini ta'minlashga munosib hissa qo'shmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish, byurokratiyani fosh etish va qonun ustuvorligini qaror toptirishda jurnalistik chiqishlar eng ta'sirchan qurol bo'lib xizmat qilmoqda. Negaki, so'z erkinligi bor joyda rivojlanish bo'ladi; yashirin iqtisodiyot va korrupsiya esa shaffoflikdan juda qo'rqadi.
Bugungi kun jurnalistining vazifasi — jamiyatda ilm-fan, ma'rifat va kitobxonlikni eng yuqori cho'qqiga olib chiqishdir. Matbuot sahifalarida, efir va ijtimoiy tarmoqlarda yengil-elpi kontentlar emas, balki yoshlarni chuqur mushohadaga chorlaydigan, ularda AT, tadbirkorlik va innovatsiyaga havas uyg'otadigan materiallar ko'payishi kerak. Jurnalist — millat tarbiyachisi, yangi davr qahramonlarini kashf etuvchi va ularni jamiyatga o'rnak qilib ko'rsatuvchi mayoqdir.
Sir emaski, bugungi dunyo nafaqat iqtisodiy yoki harbiy, balki kuchli gibrid va axborot urushlari maydoniga aylandi. Bunday sharoitda o'zbek jurnalistikasi milliy xavfsizlikni ta'minlash va axborot xurujlariga qarshi kurashishning oldingi safida turishi shart.
Jamiyatda sarosima va ishonchsizlik uyg'otishga qaratilgan har qanday yolg'on (feyk) xabarlarga qarshi professional va tezkor faktlarni tekshirish (fakt-cheking) madaniyatini shakllantirish jurnalistlarning asosiy burchidir. Shu bilan birga, Yangi O'zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi va turistik salohiyatini xalqaro hamjamiyatga xolis hamda ta'sirchan tilda yetkazish ham aynan OAV zimmasidagi mas'uliyatdir.
Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek: “OAV va jurnalistlar xalq bilan muloqotning eng ta'sirchan ko'priklaridan biridir”. Uchinchi Renessans poydevorini mard, adolatli va o'z kasbiga sadoqatli jurnalistlarsiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Bugungi jurnalist shunchaki voqealarni bayon etuvchi emas, balki o'z so'zi bilan jamiyatni o'zgartiradigan, odamlarni ezgulikka va yuksalishga safarbar eta oladigan chinakam kuchdir. Ana shundagina biz ko'zlagan buyuk kelajak poydevori mustahkam va ortga qaytmas tus oladi.
Renessans — bu, eng avvalo, tafakkur inqilobidir. Birinchi va Ikkinchi Renessanslar Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug'bek, Nizomiddin Mir Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod singari buyuk bobokalonlarimizning intellektual salohiyati tufayli vujudga keldi. Uchinchi Renessans poydevorini qo'yish va Yangi O'zbekistonni barpo etish — bu faqat yangi binolar, zamonaviy infratuzilma yoki iqtisodiy ko'rsatkichlar bilan o'lchanadigan jarayon emas. Bu, eng avvalo, inson tafakkurini, dunyoqarashini va ma'naviy qiyofasini yangilash demakdir.
Tarix shuni ko'rsatadiki, har qanday buyuk uyg'onish avvalo so'zdan, fikrdan va haqiqatni aytishga jur'at topgan ziyolilar safidan boshlangan. Shu ma'noda, bugungi jurnalist zimmasidagi mas'uliyat oddiy kasbiy burchdan ancha yuksak — u xalq tafakkurini shakllantiruvchi, jamiyat vijdonini uyg'otuvchi va millat kelajagini yo'naltiruvchi kuchdir.
Ushbu ulug'vor maqsad yo'lida Samarqand davlat chet tillar institutida 2020-2021 o'quv yilidan boshlab xalqaro jurnalistika yo'nalishi faoliyati yo'lga qo'yilib, mutaxassislar tayyorlashning mutlaqo yangi tizimiga asos solingani amaliy qadamlardan biri bo'ldi.
Bugungi kunda xalqaro jurnalistika yo'nalishida jami 93 nafar talaba tahsil olmoqda. Ular shunchaki xabar yozuvchi shaxs emas, balki diplomat, siyosatshunos, tilshunos va eng muhimi, milliy g'oya targ'ibotchisi bo'lishlari lozimligini juda yaxshi bilishadi. Shu bois o'quv rejasiga kiritilgan fanlar ro'yxati talabalarda ham fundamental bilim, ham amaliy ko'nikmalarni shakllantirishga qaratilgan.
Mazkur yo'nalish talabalariga ijtimoiy-siyosiy va tarixiy fanlardan “O'zbekistonning eng yangi tarixi”, “Falsafa”, “Dinshunoslik”, “Siyosatshunoslik”, “Diplomatiya va xalqaro munosabatlar”; kasbiy va amaliy fanlardan “Jurnalistika asoslari va tarixi”, “Milliy va jahon jurnalistikasi tarixi”, “Xalqaro jurnalistikada janrlar”, “Audiovizual jurnalistika”, “Fotojurnalistika asoslari”, “Bosma ommaviy axborot vositalarida janrlar va mahorat masalalari”, “Davlat boshqaruv organlari bilan ishlash”; nutq va lingvistik mahorat fanlaridan “Medialingvistika va adabiyot”, “O'zbek va jahon adabiyoti”, “O'zbek tilining amaliy uslubiyati”, “Boshlovchi nutq texnikasi va mahorati”, “Notiqlik san'ati”; raqamli texnologiyalar va axborot xavfsizligi bo'yicha “Axborot texnologiyalari”, “Internet va kommunikatsiyalar tarixi”, “Mass-mediada kompyuter grafikasi”, “Media huquqi”, “Media etikasi”, “Media bilan ishlash” hamda “Favqulodda vaziyatlarda jurnalist xavfsizligi” fanlari chuqur o'qitilmoqda.
Eng muhimi, institutning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, talabalarga xorijiy tillar intensiv tarzda o'rgatilmoqda. Bu esa bitiruvchilarning jahon axborot maydoniga to'g'ridan-to'g'ri chiqishini ta'minlaydi. Mazkur tizimli yondashuv natijasi o'laroq, bugungi kunda ushbu yo'nalishni bitirgan yosh mutaxassislarning aksariyati nufuzli ommaviy axborot vositalarida, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining axborot xizmatlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Zamonaviy jurnalistikani yuqori texnologiyalarsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Shu maqsadda institutda tashkil etilgan zamonaviy multimedia markazi talabalar uchun haqiqiy tajriba maydoniga aylandi. Markaz eng so'nggi rusumdagi kompyuter texnikasi, professional foto va videokameralar, ovoz yozish uskunalari, yoritish vositalari hamda axborotni tahrirlash uchun mo'ljallangan maxsus dasturiy ta'minotlar bilan jihozlangan. Ovoz yozish uchun maxsus akustik xonaning mavjudligi mahsulot sifatini professional darajaga ko'taradi.
Multimedia markazining asosiy o'ziga xosligi shundaki, uning faoliyatida sun'iy intellekt imkoniyatlaridan va ilg'or axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanilmoqda. Bu yerda nazariya va amaliyot uyg'unligi ta'minlanib, muhim loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Bulardan birinchisi 12 tilli global kontent bo'lib, talabalar ishtirokida ispan, italyan, nemis, fransuz, ingliz, rus, turk, arab, xitoy, koreys, yapon hamda o'zbek tillarida turli mediamahsulotlar, audiokitoblar tayyorlanmoqda. Bo'lajak jurnalistlar tomonidan asos solingan “Yangi Renessans” gazetasi, “Samarqand ziyosi” radiosi, “Muvaffaqiyat formulasi” dasturi hamda “Chegarasiz taxayyul” podkasti yoshlarning erkin fikrlashlari va ijodiy mahoratini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Multimedia markazidan masofaviy ta'lim yo'nalishi talabalari uchun maxsus videodarslar platformasini yaratishda ham foydalanilmoqda. Professor-o'qituvchilarning videodarslari tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga muntazam joylashtirib borilmoqda.
Hozirgi globallashuv va virtual makon hukmronligi davrida ijtimoiy tarmoqlar nafaqat axborot va ta'lim manbai, balki yoshlar ongini zaharlaydigan illatlar poligoniga ham aylanmoqda. Internet makonidagi nazoratsizlik oqibatida ko'p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o'tkazayotgan ayrim yoshlarda ijtimoiy manqurtlik, siyosiy savodsizlik, johillik, mutaassiblik, radikalizm va “ommaviy madaniyat” ta'siriga ko'r-ko'rona ergashish illatlari namoyon bo'layotgani sir emas.
Institutimiz jamoasi ushbu ma'naviy xavf-xatarlarga qarshi faqatgina ma'ruzalar bilan emas, balki zamonaviy mediamahsulotlar orqali kurashish strategiyasini tanladi. Iqtidorli talabalardan tashkil topgan mediastudiya ijodkorlari tomonidan “Odob-axloq qoidalariga rioya qilish — barchamizning burchimiz”, “Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi birgalikda kurashamiz” hamda “Jaholatga qarshi ma'rifat” g'oyalari ostida turkum videoroliklar va ijtimoiy kontentlar tayyorlanib, tarmoqlarda keng targ'ib qilinmoqda.
Mazkur media mahsulotlar yoshlarni ilm-fan va kasb-hunarga qiziqtirish bilan birga, “Vatanparvarlik, milliy g'urur va harbiy xizmatga shaylik”, “Yoshlarning axloqiy tarbiyasi va muomala madaniyati”, “Tarixiy va milliy o'zlikni anglash, ma'rifatparvarlik”, “Kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va targ'ib qilish”, “Mentalitetimizga yot illatlar va g'oyalarga qarshi kurash hamda fakt-cheking (axborotning haqiqiyligini tekshirish)”, “To'g'rilik, halollik va korrupsiyaga qarshi murosasizlik”, “Ekologik madaniyat”, “Yashil makon va yashil iqtisodiyot g'oyalari”, “Sog'lom turmush tarzi va sport” kabi hayotiy hamda strategik mavzularni qamrab oladi.
Ushbu loyihalar nafaqat institut doirasida, balki butun viloyat va respublika miqyosida yoshlar tarbiyasiga ijobiy ta'sir ko'rsatuvchi ma'naviy qalqon vazifasini o'tamoqda. Nazariy bilimlarning amaliyotda nechog'liq aks etishi soha mutaxassislarining tajribasiga bog'liq. Shu bois institutda tashkil etilayotgan mahorat darslari va ijodiy uchrashuvlar tizimli tus olgan.
Xususan, taniqli jurnalist va adib — “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi rahbari Shuhrat Oripov, Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi rahbari Mannob Ibodullayev, O'zAning viloyatdagi muxbiri G'olib Hasanov, “Ovozi Samarqand” gazetasi bosh muharriri Bahodir Rahmonov hamda taniqli jurnalistlar Akram Haydarov, Abdulaziz Yo'ldoshev, Abdug'ofir Yo'ldoshev kabi soha namoyandalari ishtirokida o'tkazib kelinayotgan seminar-treninglar, davra suhbatlari va master-klasslar ustoz-shogird an'anasini davom ettirish bilan birga, talabalar uchun haqiqiy ijod maktabi vazifasini o'tamoqda.
Bunday muloqotlar ijodkor yoshlarning sohaga bo'lgan mehrini oshirib, ularda kasbiy mas'uliyat va jurnalistikaga xos ko'nikmalarni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Ustoz-shogird an'analarining bunday yuksak darajada tashkil etilishi talabalarning oliy o'quv yurtining o'zidayoq zamon talab qiladigan kadrlarga aylanishiga zamin yaratayotir.
Bugun Samarqand davlat chet tillar institutida tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan har bir yoshning ko'zida ertangi kunga ishonch, Vatanga muhabbat tuyg'usini ko'ramiz. Jurnalistika sohasiga qiziqayotgan, dunyo tillarida Yangi O'zbekiston ovozini yangratishga shaylanayotgan bu iqtidorli yoshlardan umidimiz juda katta.
Biz Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etar ekanmiz, bu yo'lda eng avvalo ma'rifatli, vatanparvar va mas'uliyatli avlodni tarbiyalashimiz shart. Ana shunday salohiyatli avlodni voyaga yetkazishda esa ta'lim muassasalari, ayniqsa, jurnalistika kabi ijtimoiy fikrni boshqaruvchi soha vakillarini tayyorlaydigan dargohlarning o'rni beqiyosdir. Institutda yaratilayotgan ilmiy-ijodiy muhit, zamonaviy mediamakon va xalqaro jurnalistika ta'limi tizimi bu ulug' maqsadning amaliy ifodasi.
Faxr bilan aytish mumkinki, ertangi kun tarixini bugun yozayotganlar — qo'lida qalam, qalbida Vatanga sadoqat va ongida buyuk maqsad mujassam bo'lgan yoshlardir. Ular qanchalik bilimli, mustaqil fikrli va ma'naviy barkamol bo'lsa, Yangi O'zbekistonning ertasi shu qadar nurafshon bo'ladi. Chunki millatning buyuk kelajagi, avvalo, uning so'ziga, tafakkuriga va haqiqatni himoya qila oladigan farzandlariga tayanadi.
Bahodir XOLIQOV,
Samarqand davlat chet
tillar instituti rektori,
professor.
