Media makonda yangilanish nafasi
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi qanday loyihalarni taklif etmoqda?
Tomoqni tilmaydigan, silliqqina yutiladigan tansiq taomdek, ayrim yangiliklar ham insonning axborotga bo'lgan tashnaligini qondiruvchi o'ziga xos “desert” bo'lishi aniq. Zero, bugungi media makonda iste'molchi nafaqat tezkor, balki ishonchli, mazmunli va o'ziga yaqin axborotni izlamoqda. Axborotni auditoriyaga qanday shaklda yetkazish masalasi esa jurnalistikaning eng muhim mezonlaridan biriga aylangan.
Ana shunday muhim yangiliklar taqdimoti sifatida joriy yilning 3 iyun kuni O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasida “Loyihalar kuni” taqdimoti o'tkazildi. Tadbir media sohasini rivojlantirish, jurnalistlarning kasbiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash hamda zamonaviy axborot muhitida yangi tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan loyihalar namoyishiga bag'ishlandi. Ta'kidlanishicha, mart-may oylarida respublika hududlari bo'ylab o'tkazilgan uchrashuvlar, ochiq muloqotlar va muhokamalarda jurnalistlar, blogerlar, mediaekspertlar hamda soha vakillari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida qator yangi tashabbuslar ishlab chiqilgan. Mazkur jarayonlarda mingga yaqin media sohasi xodimlari ishtirok etgan.
Taqdimot davomida bir qator istiqbolli loyihalar jamoatchilik e'tiboriga havola qilindi. Jumladan, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining yangilanish konsepsiyasi taqdim etildi. Unda raqamli texnologiyalar, sun'iy intellekt va global axborot makoni sharoitida media sohasi oldida turgan dolzarb vazifalar, zamonaviy yondashuvlar hamda ustuvor yo'nalishlar aks etgani qayd etildi. Shuningdek, jurnalist etikasi va kasbiy mas'uliyatini mustahkamlash maqsadida Uyushma huzurida Etika komissiyasini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Tadbirda ushbu komissiyaning asosiy vazifalari, faoliyat yo'nalishlari va ish tartibi yuzasidan batafsil ma'lumot berildi.
Jurnalistlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish hamda ularning kasbiy faoliyatida yuzaga keladigan turli muammolarda amaliy ko'mak ko'rsatish maqsadida Huquqiy-psixologik yordam markazini tashkil etish loyihasi ham muhokama qilindi. Ushbu markaz ijodkorlarga nafaqat huquqiy, balki psixologik ko'mak berishga xizmat qilishi mumkin. Tadbirda “Blogerlar kengashi” loyihasi yuzasidan ham fikr almashildi. Mazkur tashabbus blogerlik faoliyatini rivojlantirish, mediasavodxonlikni oshirish hamda professional media maydonida blogerlar va davlat idoralari o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yana bir muhim yangilik sifatida “Oltin qalam” milliy mukofotiga oid yangi yondashuvlar haqida ma'lumot berildi. Unga ko'ra, endilikda bir necha yil davomida maqolalari jamoatchilik e'tiboriga tushib, keng muhokamalarga sabab bo'lgan hamda jamiyat uchun muhim va dolzarb mavzularni yoritib kelayotgan jurnalistlar o'zlari ariza topshirmagan taqdirda ham nomzod sifatida tavsiya etilishi mumkinligi qayd etildi. Shuningdek, 20 yildan ortiq muddat davomida ushbu sohada faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zolari uchun mavjud imkoniyatlar qamrovini yanada kengaytirish rejalashtirilayotgani ta'kidlandi. Taqdimot jarayonida jurnalistlar va media sohasi vakillari loyiha tashabbuslari yuzasidan o'zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutasaddilarga yuzlanib, mavzular doirasidagi ochiq muhokamalarda faol ishtirok etdilar. Fikr almashuvlar davomida sohani rivojlantirishga oid qo'shimcha taklif va mulohazalar bildirildi. Bundan tashqari, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, grant va ijtimoiy buyurtmalar tanlovlari haqida ham taqdimot o'tkazildi.
Tadbir so'ngida “Loyihalar kuni”ni kelgusida boshqa hududlarda ham tashkil etish, yangi tashabbus va loyihalarni keng jamoatchilik hamda viloyatlardagi media vakillariga taqdim etish rejalashtirilayotgani qayd etildi. Umuman olganda, “Loyihalar kuni” jurnalistlar, blogerlar va soha mutaxassislari uchun fikr almashish, hamkorlik aloqalarini kengaytirish hamda istiqbolli tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash maydoniga aylandi.
Farangiz ABRUYEVA,
“Hurriyat” muxbiri.
