Ishtixondagi zamonaviy tibbiyot maskani
kadrlar tayyorlashda tajriba markaziga aylanmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda kasbiy ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish, zamonaviy mehnat bozori talablariga mos malakali kadrlar tayyorlash ustuvor yo'nalishlardan biriga aylangan. Ana shunday islohotlar amaliy natija berayotgan maskanlardan biri – Ishtixon Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumidir. Tuman markazida joylashgan ushbu ta'lim dargohiga kirgan zahoti tartib, intizom va zamonaviy ta'lim muhitini his qilish mumkin. Bu yerda olib borilayotgan ishlar, yaratilgan shart-sharoitlar va pedagogik yondashuvlar tibbiyot sohasiga chuqur bilimli, malakali va mas'uliyatli mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.
Texnikum faoliyati O'zbekiston Respublikasi Prezidentining kasbiy ta'lim tizimini rivojlantirishga doir qaror va farmonlari asosida yanada takomillashib bormoqda. Ayniqsa, so'nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar ta'lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni olib kirib, o'quvchilarning amaliy bilim va ko'nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ta'lim muassasasiga tibbiyot fanlari bo'yicha falsafa doktori Hasan Abdimo'minov rahbarlik qilmoqda. U o'z faoliyati davomida texnikumda ta'lim sifati, intizom va ma'naviy-ma'rifiy ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga alohida e'tibor qaratib kelyapti. Ta'lim maskanida davrga mos o'quv jarayonlari raqamlashtirildi, elektron ta'lim vositalari joriy etildi, simulyatsion xonalar zamonaviy tibbiy jihozlar bilan boyitildi, pedagoglarning malakasini oshirish tizimli yo'lga qo'yildi. “Bugungi tibbiyot ta'limi faqat nazariy bilim bilan cheklanmasligi kerak. Talaba amaliyotga tayyor bo'lib yetishishi lozim. Shu maqsadda biz OTMlar, xususan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikni kengaytirdik, amaliy mashg'ulotlarni kuchaytirdik”, – dedi texnikum direktori Hasan Abdimo'minov.
Bugungi kunda texnikumda “Stomatologiya ishi”, “Hamshiralik ishi”, “Davolash ishi”, “Funksional diagnostika”, “Tibbiy brigada hamshirasi” va “Farmatsiya ishi” kabi yo'nalishlarda yoshlar tahsil olmoqda. Bu yo'nalishlarda o'quv jarayonlari zamonaviy kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan bo'lib, nazariya va amaliyot uyg'unligi ta'minlangan. O'quv xonalariga kirar ekansiz, elektron doskalar, simulyatsion jihozlar va amaliy mashg'ulotlar uchun yaratilgan sharoitlar e'tiborni tortadi. Talabalar esa bemorga birinchi yordam ko'rsatish, tibbiy muolajalarni bajarish va diagnostika jarayonlarini amalda sinab ko'rmoqda. Bu esa ularning kelajakdagi kasbiy faoliyatiga mustahkam poydevor bo'lib xizmat qilmoqda.
Texnikumda pedagog kadrlar salohiyati ham yuqori darajada shakllangan. Bu yerda bosh o'qituvchilar, yetakchi va katta o'qituvchilar, shuningdek, oliy ma'lumotli pedagoglar yosh avlodga zamonaviy bilim berib kelmoqda. Dars jarayonlarida innovatsion texnologiyalar, ochiq darslar, mahorat darslari va seminar-treninglar keng qo'llanilmoqda. Samarqand davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlik doirasida ilmiy va amaliy yo'nalishdagi qo'llanmalar yaratilib, ta'lim jarayoniga joriy etilayotgani ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa talabalarning nazariy bilimlarini chuqurlashtirish bilan birga, ularni ilmiy izlanishlarga ham yo'naltirmoqda.
Texnikum talabalari yutuqlardan ham chetda emas. Yaqinda o'tkazilgan xalqaro olimpiadada 3-kurs talabasi M.Shirinova faxrli 1-o'rinni egallab, ta'lim muassasasining nufuzini yanada oshirdi. Bitiruvchilarning bandligi ham tizimli yo'lga qo'yilgan bo'lib, ko'plab yosh mutaxassislar respublika tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritmoqda, ayrimlari esa Germaniya kabi rivojlangan xorijiy davlatlarda o'z kasbiy faoliyatini davom ettirib, tajriba oshirmoqda. Texnikumda o'quvchilarning bilimi shaffof va xolis baholanmoqda. Baholash tizimi “prof-emis.edu.uz” platformasi orqali yo'lga qo'yilgan. Bu yoshlarning bilim olishga bo'lgan qiziqishini oshirib, ularni yanada mas'uliyat bilan o'qishga undamoqda. Muassasada o'qituvchilarning o'z ustida ishlashi, ichki imkoniyatlardan foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Jamoa o'rtasida sog'lom muhit shakllangan. Shuningdek, noan'anaviy darslar, yosh o'qituvchilar uchun tajribali ustozlar tomonidan “Mahorat darslari”, ochiq darslar, seminar-trening mashg'ulotlari zamonaviy texnik vositalar va ko'rgazmali qurollar asosida o'tilmoqda. O'quvchilarning darsdan bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazish maqsadida turli fan va sport to'garaklari faoliyat yuritmoqda. Bu esa yoshlarning har tomonlama ilm olishiga xizmat qilmoqda.
Bugun Ishtixondagi Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi nafaqat ta'lim maskani, balki zamonaviy tibbiyot uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlayotgan ilm va tajriba markaziga aylangan.
Go'zal NORChAYEVA,
jurnalist.
