Mardlar jasorati mangudir

Muqaddas yurtimiz, bag'rikeng xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish barchamizning eng sharafli burchimizdir!

Shavkat MIRZIYOYEV

“Hurriyat” gazetasining 2026 yil 8 iyuldagi sonida chop etilgan taniqli publitsist Muhabbat Hamidova qalamiga mansub “Qizg'aldoqlar yig'isi” nomli esseni o'qib, beixtiyor mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatimizning turli go'shalarida sodir etilgan xunrezliklar va mudhish voqealar ko'z oldimizdan o'tdi. Istiqlolimizni ko'rolmagan, el-yurtimiz oromini, tinchlik-osoyishtaligini buzish harakatida bo'lgan g'alamislarga qarshi olib borilgan ayovsiz kurashlar beixtiyor yodimizga tushdi.

Muqaddas kitoblarda va ulug' mutafakkirlarning asarlarida Vatan doimo ulug'lab kelingan. Hadisi shariflardan birida “Vatanni sevish iymondandir”, deyilgan. Uzoq va yaqin tarixga nazar tashlasak, chin insonlar ona yurtini yovuz dushmanlardan himoya qilishni, xalq tinchligi va osoyishtaligini asrashni o'zlarining muqaddas burchi deb bilganliklariga guvoh bo'lamiz. Mard o'g'lonlar yurt tinchligi, el osoyishtaligi yo'lida, kerak bo'lsa, jonlarini fido etishgan.

Muhabbat Hamidova o'z kechinmalarida mustaqilligimizni yovuz kimsalardan himoya qilish yo'lida jasorat ko'rsatib, qahramonlarcha halok bo'lgan ana shunday mard o'g'lonlarimizdan biri — Bahrom Jo'rayevni yodga olgan. Uning harbiy ofitser bo'lish ishtiyoqida Toshkent oliy umumqo'shin qo'mondonlik bilim yurtiga o'qishga kirganini qayd etadi. Qahramonning oilaparvarligi, ota-onasiga mehri va hurmati bo'lakcha bo'lgani haqida so'z yuritadi. Muallif Bahrom Jo'rayevning bir qancha harbiy xizmatchilar va ichki ishlar organlari xodimlari qatori Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumaniga suqilib kirgan terrorchilarga qarshi kurashda mardona ishtirok etganiga alohida urg'u beradi.

Insonning mardligi, jasorati va qahramonligi faqat jang maydonlarida emas, balki jinoyatchilar bilan yuzma-yuz kelganda ham namoyon bo'ladi. Harbiy xizmatchilar va ichki ishlar organlari xodimlarining mamlakatimiz sarhadlarini muhofaza qilish, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish borasidagi kundalik xizmat faoliyati xavf-xatardan xoli emasligi ko'pchilikka ma'lum. O'z hayotini yurt tinchligini, el osoyishtaligini ta'minlashga bag'ishlagan yuzlab xodimlarimiz ushbu sharafli yo'lda aziz jonlarini qurbon qilishgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “Istiqlol yillarida O'zbekiston Respublikasini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish yo'lida halok bo'lgan mard va jasur o'g'lonlarimizning aziz xotirasiga ehtirom ko'rsatish barchamiz uchun ham farz, ham qarzdir”, deya alohida ta'kidlagan edi. Bugungi kunda qasamyodiga sodiq qolib, xizmat burchini ado etish chog'ida mardlarcha halok bo'lgan harbiy xizmatchilar va ichki ishlar organlari xodimlarining xotirasini abadiylashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda xotira bog'lari barpo etildi. O'z ona yurtini g'animlardan himoya qilish chog'ida mardlik va jasorat namunalarini ko'rsatib, shahid bo'lgan Vatan himoyachilari, huquq-tartibot posbonlari haqida kitoblar nashr qilindi. Ularning shonli hayot yo'li va qahramonligini madh etuvchi turkum maqolalar hamda she'rlar bitildi. Shu ma'noda, bunday savobli ishga munosib hissa qo'shgani uchun “Qizg'aldoqlar yig'isi” nomli xotiranoma muallifiga chuqur minnatdorlik bildiramiz.

Taniqli jurnalist va adiba Muhabbat Hamidova yozganidek, Andijonda sodir etilgan mudhish voqealar paytida mustaqilligimizni, tinch-osuda hayotimizni, taraqqiyotimizni ko'ra olmaydigan bir guruh yovuz niyatli manfur kimsalar garovga olingan odamlarni o'zlariga qalqon qilib, blok-postga yaqinlashishgan. Shunday qaltis vaziyatda ham kapitan Bahrom Jo'rayev va uning safdoshlari o'zlarini yo'qotmadi, aksincha, ularga tik qarab: “Tinch yo'l bilan qurollarni topshiring. Garovdagilarni qo'yib yuboring”, — deya talab qildilar.

Afsuski, vahshiy buzg'unchilar nomardlik qilib, birinchi bo'lib Bahrom Jo'rayev va boshqa osoyishtalik posbonlariga qarata o'q yomg'irini yog'dirdi. Shundan so'ng yuz bergan to'qnashuv oqibatida bir necha harbiy xizmatchi va ichki ishlar organlari xodimi qahramonlarcha halok bo'ldi. Hali o'ttiz yoshga ham kirib ulgurmagan Bahrom Jo'rayev hamda uning safdoshlari yashashga haqli edilar. Ularning ham qanchalab orzu-havaslari bor edi.

Netongki, har gal eslaganda, yodga olganda yaqin o'tmishimizdagi ana shunday voqealar, yo'qotishlar yuraklarni og'ritadi. Ona Vatanimiz istiqlolga erishgandan keyin ham Vatan mustaqilligini avaylab-asrash, himoya qilish oson kechmagan. G'animlar o'z manfur maqsadlari yo'lida qon to'kishdan toyishmagan. Shuning uchun ham muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev katta-katta yig'ilishlarda bugungi notinch dunyo va unda kechayotgan voqea-hodisalarga hamisha hushyor munosabatda bo'lishga chaqiradilar. Eng oliy maqsad — yurt tinchligi, el osoyishtaligi deya ta'kidlaydilar. Xuddi shunday. Ona Vatan yaxlitligini saqlash, xalqimiz omonligini muhofaza qilish oliy vazifadir.

Albatta, oradan yillar va davrlar o'tadi, ammo ona Vatani tinchligi hamda el osoyishtaligi yo'lida aziz jonlarini fido qilgan Bahrom Jo'rayev singari mard o'g'lonlarning qahramonligi va jasoratini xalqimiz hech qachon unutmaydi. Zero, mardlik mangulikka daxldordir.

Zokirjon ALMATOV,

Ichki ishlar vazirining maslahatchisi.

Abdug'ofur SATTAROV,

Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashi

raisining o'rinbosari.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + six =