Media makonda – ayol jurnalistlar
Shiddat bilan rivojlanayotgan Yangi O'zbekistonda ochiqlik, oshkoralik va so'z erkinligi yil sayin davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Jamiyatda demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, davlat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o'rnatish bevosita ommaviy axborot vositalarining keng ko'lamli, salmoqli xizmati bilan o'lchanadi. Ayniqsa, milliy media makonimizning shakllanishi, rivojlanishi va mazmunan boyishida ijodkor opa-singillarimiz, muhtarama ayol jurnalistlarimiz qo'shayotgan hissa tahsinga loyiq. Matbuot va ommaviy kommunikasiyalar sohasida mehnat qilayotgan ayollar nafaqat voqea-hodisalarni xolis yoritish, balki jamiyatning eng nozik, og'riqli muammolarini, ijtimoiy masalalarni qalb prizmasidan o'tkazish, hattoki ularga yechim taqdim etishda ham o'z o'rniga egadir.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining yaqinda bo'lib o'tgan VII konferensiyasida biz sohaning o'tgan davrdagi faoliyatini sarhisob qilib, 2026-2030 yillarga mo'ljallangan rivojlanish konsepsiyasini tasdiqladik. Mazkur tarixiy hujjatning eng muhim bo'g'inlaridan biri — tizimda faoliyat yuritayotgan ayol jurnalistlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun keng va teng imkoniyat yaratish masalasidir. Zamonaviy o'zbek jurnalistikasini nafaqat an'anaviy bosma nashrlar, balki tezkor internet saytlari, raqamli televidenie, radio to'lqinlari, faol blogerlik makonisiz tasavvur etib bo'lmaydi. Quvonarlisi shundaki, bu yo'nalishlarning barchasida ayol hamkasblarimiz yetakchi mavqeni egallab kelmoqda. Ular iqtisodiyot, siyosat, ijtimoiy hayot, tibbiyot, ta'lim, sport, soliq, madaniyat va ma'naviyat mavzularida teran tahliliy materiallar tayyorlab, keng mushtariylar va kuzatuvchilar auditoriyasining ishonchini qozonmoqdalar.
Ayol jurnalistlarimiz xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni ta'minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, kasb-hunar egallash, oila institutini mustahkamlash kabi o'ta muhim ijtimoiy masalalarni tizimli ravishda kun tartibiga olib chiqmoqdalar. Ular qalamiga mansub maqola va reportajlar ijro hokimiyati organlarini hushyorlikka chaqirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va xalq farovonligini oshirishda kuchli ta'sir vositasi bo'lib xizmat qilmoqda. Biroq globallashuv va raqamli texnologiyalar asri soha xodimlari, xususan, ayol ijodkorlar zimmasiga yangi, yanada murakkab vazifalarni yuklamoqda. Bu esa uyushma rahbariyatidan ularni muntazam ravishda qo'llab-quvvatlash, rag'batlantirishni talab etadi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev har yili 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga tabrik yo'llaydi. Unda jurnalistlar qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular mehnatini munosib rag'batlantirish, uy-joy va sog'liqni saqlash sharoitlarini yaxshilash borasida qator vazifalar belgilanadi. Bu imkoniyatlar, eng avvalo, oilaviy hayot va kasbiy mas'uliyatni teng olib borayotgan ayol jurnalistlar uchun yuksak ijtimoiy himoya poydevoridir. Soha rivoji uchun quyidagi keng ko'lamli imkoniyatlar yaratilgan va rivojlantirilmoqda.
Huquqiy himoya tizimi: jurnalistlar kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuv, axborot olish yo'lidagi to'siq va ijodkorlarga nisbatan bo'layotgan ruhiy-ma'naviy bosimlarning oldini olish maqsadida uyushma qoshida tuzilgan maxsus yuridik markaz faoliyati kuchaytirilmoqda. Ayol jurnalistlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni media-huquq yo'nalishida bepul maslahat bilan ta'minlash tizimi yo'lga qo'yildi. Hududlarda, ayniqsa, chekka tumanlarda faoliyat yuritayotgan, og'ir ijtimoiy sharoitga ega bo'lgan ayol ijodkorlarni moddiy qo'llab-quvvatlash, imtiyozli shartlarda uy-joy ajratilishiga ko'maklashish, sanatoriy va davolanish maskanlariga yo'llanma berish jarayoni takomillashtirilmoqda.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi kelgusi besh yillikda ayol jurnalistlar va blogerlarning professional o'sishini ta'minlashga eng ustuvor vazifa sifatida qarab, istiqbolli loyihalarni tayyorlamoqda. Butun mamlakatimizda faoliyat ko'rsatayotgan xotin-qiz jurnalistlarni, matbuot kotiblarini, qolaversa, raqamli makon ijodkorlarini birlashtiruvchi yagona platforma tashkil etiladi. Bu platforma tajriba almashish, o'zaro ijodiy hamkorlik va kasbiy birdamlikni mustahkamlash maydoniga aylanadi. Axborot makonida sun'iy intellekt, data-jurnalistika texnologiyalarini egallash hayotiy zaruratdir. Shu maqsadda uyushmamiz tomonidan ayol jurnalistlar uchun raqamli ko'nikmalarni rivojlantirish bo'yicha maxsus bepul trening va mahorat darslari tizimli tashkil etiladi. Faol va iste'dodli ayol ijodkorlarni rivojlangan xorijiy davlatlarning nufuzli media-tuzilmalariga qisqa muddatli stajirovkaga yuborish dasturlari ishlab chiqilmoqda.
“Atirgul” respublika ijodiy tanlovini qayta tashkil etish. Xotin-qizlar orasidan eng iqtidorli jurnalistlarni kashf etish, ularning og'ir va mashaqqatli mehnatini munosib taqdirlash maqsadida faoliyati ma'lum muddat to'xtab qolgan milliy tanlov qayta tashkil etiladi. Ushbu tanlov an'anaviy “Oltin qalam” milliy mukofoti bilan bir qatorda opa-singillarimiz uchun yuksak rag'bat maydoniga aylanadi. O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti, O'zbekiston Milliy universiteti, O'zbekiston davlat jahon tillari universitetining jurnalistika fakultetida ta'lim olayotgan talaba qizlarni sohaga chuqurroq yo'naltirish va ularni tajribali, faxriy ijodkorlarga biriktirish an'analari yo'lga qo'yiladi. Oliy ta'lim muassasalarining jurnalistika fakultetlarida tahsil olayotgan talaba qizlar ishlab chiqarish amaliyotini jonlantirish jarayoni qaytadan ko'rib chiqiladi.
Milliy matbuot va jurnalistika qachon kuchli vositaga aylanadi? Qachonki soha vakillari o'zini davlat va jamiyat tomonidan har tomonlama himoyalangan, qadrlangan deb his qilsa, uyushma ijodkorlarning chinakam suyanchi va tayanchiga aylansagina milliy matbuotning ta'sirchan kuchi oshadi, nufuzi mustahkamlanadi. Ayol jurnalistlarning mediamakondan o'z o'rnini topishi, ularning tinch va xotirjam muhitda, yuksak kasbiy ishtiyoq bilan ijod qilishi nafaqat media sohasi, balki butun jamiyatimizning taraqqiyot garovi bo'lishi mumkin. O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi o'z oldiga qo'ygan yangi va keng ko'lamli islohotlar davrida muhtarama ayol hamkasblarimizni, opa-singillarimizni qo'llab-quvvatlashning istiqbolli loyihalari ustida bosh qotirmoqda. Biz ularning kuchiga tayangan holda, Yangi O'zbekistonning yorqin, ochiq, xolis va qudratli media muhitini yaratamiz va bu yo'lda bor bilim, tajriba va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Ijodingizga baraka! Qalamingiz hamisha o'tkir, so'zingiz esa keskir va haqqoniy bo'lsin, aziz opa-singillar!
Shahribonu IMOMOVA,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi raisi o'rinbosari.
