Yo'l-yo'lakay: Yangiyo'lgacha o'ylar
Har kuni Yangiyo'lgacha yo'l bosaman. Ba'zan ravon, ba'zan tirband yo'ldagi qariyb bir soatlik masofa davomida turli taqdirlar va turfa voqealarga guvoh bo'laman.
Kimdir hazilga olib ketadigan arzimas holatni boshqasi fojiaga aylantiradi. Birov muhtojga yordam qo'lini cho'zsa, xuddi shu daqiqada yonidagi boshqa bir yo'lovchi uni turtib o'tib ketadi. Bir ko'chaning o'zida — ham odamiylik, ham beparvolik. Shunda beixtiyor o'ylanib qolaman: oramizdagi bunday tafovutning sababi nimada?
Balki, javob eski qarashlarni yangilashni unutib qo'yganimizdadir. Telefonimizni almashtiramiz, kiyimimizni yangilaymiz, biroq boshqalarga munosabatimiz hamon haminqadar. Qachongacha “zamonaviylik”ni faqat qo'limizdagi qurilma bilan o'lchaymiz?
Yangiyo'lga yetib borish — faqatgina jismoniy manzil emas, haqiqiy yangi yo'l eng avvalo munosabatlarimizda boshlanishi kerak. Aks holda, ustimizdagi libos qanchalik yangi bo'lmasin, o'zimiz o'sha eski yo'ldan yuraveramiz.
Shunday o'ylar bilan manzilimga yetib kelarkanman va ularning ayrimlarini sizlar — hamfikrlarim bilan bo'lishishga qaror qildim.
Zamonaviy dunyoning eski shikoyatlari
“Yoshlar tarbiyasi buzilib ketyapti” degan gap bugun yoki kecha paydo bo'lib qolgan emas, balki ming yillar qa'ridan kelayotgan da'vodir. Miloddan avvalgi 1750 yilga oid, hozir Parijdagi Luvr muzeyida saqlanayotgan mixxat bitigida Larsa shahridan bo'lgan Iddin-Sin ismli yigit onasi Zinuga: “Boshqa xonadonlarning o'g'illari yildan-yilga yaxshiroq kiyinmoqda, siz esa mening kiyimimni yildan-yilga battar qilyapsiz…” — deya noligani yozilgan. O'sha paytlarda ham kattalar: “Hozirgi avlod borgan sari itoatsiz bo'lib ketmoqda”, — deya tashvish chekishgan ekan.
To'rt ming yildan ortiq vaqt o'tibdi: ehromlar bunyod etildi, imperiyalar quladi, texnologiya tasavvurga sig'mas darajada taraqqiy etdi. Ammo katta avlodning kichiklar haqidagi shikoyati deyarli o'zgarmadi: “Bizning davrimizda hammasi boshqacha edi”, “Hozirgi yoshlar buzilib ketyapti”, “Ular bizga qaraganda erkinroq, itoatsizroq”.
Xolis bo'lish uchun shuni ham tan olish kerak: avvalgi kashfiyotlar bilan bugungi texnologiya orasida jiddiy farq bor. Radio, televizor, hatto ilk internet ham inson diqqatini bo'lgan, biroq ular diqqatni qasddan o'g'irlashga emas, asosan, axborot tarqatishga yo'naltirilgan edi.
Bugungi platformalar esa inson diqqatini ushlab turishni ilmiy asosda, maqsadli tarzda loyihalashtiradi. Algoritmlar sizning har bir harakatingizni tahlil qiladi, sizga eng yoqqan yoki eng ko'p tomosha qilingan kontentni taklif etadi va bu jarayon tinimsiz takomillashib boradi.
Demak, bugungi yoshlar ro'parasida oddiy chalg'ituvchi omil emas, balki puxta tuzilgan, doimiy o'zini o'zi takomillashtirib boruvchi murakkab tizim turibdi. Bunday mexanizmga qarshi: “Irodam kuchli, o'zimni tuta olaman”, — deb yakkama-yakka kurashish kattalar uchun ham, yoshlar uchun ham birdek mashaqqatlidir.
Bu haqda “Google” kompaniyasining raqamli dizayn etikasi bo'yicha sobiq mutaxassisi Tristan Harris ko'p bor ta'kidlagan. U 2013 yilda kompaniya ichida taqdimot qilib, zamonaviy ilovalar odam diqqatini uzoqroq ushlab turish uchun xuddi o'yin avtomatlaridagi kabi “o'zgaruvchan mukofot” tamoyilidan foydalanishini aytgan edi. Ya'ni foydalanuvchi navbatdagi bildirishnomada uni nima kutayotganini oldindan bilmaydi va aynan shu noaniqlik uni qayta-qayta ekranga qarashga majbur qiladi. Keyinchalik u “Google” safidan chiqib, “E'tiborga hurmat” harakatiga asos soldi hamda texnologiya kompaniyalarini foydalanuvchi psixologiyasini suiiste'mol qilmaslikka chaqirdi. Uning so'zlariga ko'ra, muammo odamlarning “irodasizligida” emas, balki mahsulotning ayni shu maqsadda — insondan imkon qadar ko'proq vaqtni tortib olish uchun loyihalashtirilganidadir.
“Smombi”lar
Ko'chada telefoniga butunlay “bog'lanib qolgan” yigitcha yo'lidagi toshga qoqilmaguncha boshini ko'tarmay yuradi: atrofini, yo'lni ko'rmaydi. Tiqilinch avtobusda ekranga termilib, transport keskin to'xtaganda o'zgalar ustiga yiqiladigan holatlar ham tez-tez uchrab turadi.
Bu faqat bizning ko'chalarimizgagina xos ko'rinish emas, balki butun dunyoda kuzatilayotgan va hatto ilmiy nom olgan ijtimoiy hodisadir. Mutaxassislar ekrandan ko'z uzmay, sekin va gandiraklab yuradigan odamlarni “smombi” — ya'ni “smartfon-zombi” deb atay boshlashdi. Chunki chetdan qaraganda ularning harakati dahshatli filmlardagi zombilarning qadamiga o'xshab ketadi. AQShda piyodalarning smartfon sababli jarohat olib shifoxonalarga murojaat qilish ko'rsatkichi oxirgi paytlarda bir necha barobar oshgani qayd etilgan.
Muammo shu darajaga yetdiki, Xitoyning Chunsin va Belgiyaning Antverpen shaharlarida piyodalar yo'laklarida “smartfon foydalanuvchilari uchun maxsus yo'lak” ajratildi. AQShning bir qancha shaharlarida esa yo'lni kesib o'tishdan oldin telefondan ko'z uzmaydigan piyodalar xavfsizligi uchun asfaltga o'rnatilgan svetoforlar joriy etildi. Bu hazil emas, hayotiy xavfsizlik chorasidir.
Xayriyatki, xavotirlarimizni xuddi shu ko'chalar va metro vagonlarida qo'lida telefon o'rniga kitob ushlab, sahifa varaqlab ketayotgan yosh yigit-qizlar biroz aritganday bo'ladi. Xususan, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, “Turonbank” hamda Transport vazirligi hamkorligida Toshkent metrosining bir nechta bekatida “Turon kitob bekati” loyihasi yo'lga qo'yilgan bo'lib, yo'lovchilar safar davomida kitob mutolaa qilishi, hatto uni navbatdagi bekatgacha davom ettirishi mumkin.
Bundan-da nozikroq holat — bolalarning tengdoshlari orasidagi “kimning telefoni yangiroq” qabilidagi bahslari oilaviy xotirjamlikni buzuvchi bosimga aylanayotganidir. Bu yerda gap faqat texnologiyaning o'zida emas. Bu — insonning e'tirof etilish, jamoaga mansublik va teng bo'lish kabi azaliy ehtiyojlarining mahsulidir. Faqat endilikda bu ehtiyojning “bahosi” qimmatlashib, namoyon bo'lish shakli yanada oshkora tus oldi.
“Jentlmenlik”
Ish kuni yakunlanib, yo'lovchilar uy-uyiga qaytayotgan pallada metro yoki avtobus bekatlarida katta tiqilinch yuzaga keladi. Jamoat transporti eshigi ochilishga ulgurmasdanoq yoshlar, ayniqsa, yigitlar birinchi bo'lib, hech kimga qaramay, ba'zan atrofdagilarni turtib bo'lsa ham ichkariga kirib olishga urinishadi. Go'dak ko'targan ayollar, qizlar va yoshi kattalarga yo'l berish u yoqda tursin, ularni bepisandlik bilan surib o'tishadi. Qiziq, ular nega bunchalik shoshishadi?
Bu holat hammasidan ham og'riqli tuyuladi, chunki u bizning chuqur ildizga ega milliy va umuminsoniy qadriyatlarimizga ziddir. An'anaviy tarbiyamizda erkak kishi — jismonan kuchli, birinchi galda himoyachi, ayollarga, bolalarga va keksalarga yo'l ochib beruvchi hamda joy bo'shatuvchi siymo hisoblangan. “Jentlmenlik” deb ataluvchi bu odob qoidasi kuchni ko'z-ko'z qilishga emas, balki uni o'zgalarga ko'mak berish yo'lida sarflashga qaratilgan edi. Bugun esa bu tamoyil ko'pincha teskari ishlayotgandek: go'yo kim chaqqon va kuchli bo'lsa, o'sha haq bo'lib chiqmoqda.
Buni shunchaki tarbiyasizlik deya baholab qo'ya qolish oson, biroq masalaning eng xavotirli tomoni — bu illatning ildiz otib, avloddan avlodga o'tib borayotganidadir. Uyda ota-onaga, kattalarga nisbatan hurmatni ko'rib ulg'aymagan bola ertaga ko'cha-ko'yda, jamoat transportida ham shunday munosabatni takrorlaydi va o'z navbatida, uni farzandlariga “meros” qilib qoldiradi. Va aksincha: agar bugun bekatda kimgadir yo'l berish yoki joy bo'shatish madaniyati so'na boshlasa, bu kelajakda yanada kattaroq hurmatsizliklarga yo'l ochilishining xabarchisidir.
Shu o'rinda haqli savol tug'iladi: bu — faqat yoshlarning “tarbiyasizligi”mi yoki biz — kattalar ularga odobni shaxsiy namuna sifatida yetarlicha ko'rsata olmayapmizmi? Axir bola quruq “hurmat qil” degan nasihatdan ko'ra, kattalarning amaliy xatti-harakatidan ko'proq saboq oladi.
Layk uchun hayotini xavf ostiga qo'yganlar
Yana bir tendensiya borki, u yuqoridagilardan ham ko'proq tashvish uyg'otadi. Avvallari ijtimoiy tarmoqlarda restoran yoki oshxona reklamasi doirasida pul mukofoti evaziga tez va me'yoridan ortiq taom yeyish musobaqalari, asosan, yigitlar o'rtasida kuzatilardi. Bugun esa xuddi shu formatda, aynan reklama va mashhurlik uchun ayol-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada ko'paydi.
Xo'sh, bu odat bizga qaerdan kirib keldi?
AQShdagi eng mashhur “xot-dog yeyish musobaqasi” go'yoki 1916 yildan buyon davom etib kelayotgan an'ana sifatida taqdim etilsa-da, aslida 1970 yillarda reklama agentlari tomonidan atayin to'qib chiqarilgan piar bo'lib chiqdi; musobaqa birinchi marta 1972 yilda hujjatlashtirilgan. Hozirgi internetdagi “ko'p ovqat yeyish” videolarining negizi bo'lgan mukbang atamasi esa Janubiy Koreyadan kelib chiqqan. U yerda bu holat dastlab yolg'izlik va tushkunlikni virtual tarzda “birga ovqatlanish” orqali yengillashtirish vositasi sifatida paydo bo'lgan, so'ngra butun dunyoga, jumladan, reklama bozoriga ham yoyilgan.
Odatda, erkaklarga xos deb qaralgan bunday harakatlarni ayol kishining bajarishi kutilmagan ziddiyat yaratib, ko'proq tomoshabinni jalb etadi. Bilamizki, ko'proq ko'rishlar soni ko'proq daromad keltiradi. Natijada diqqat markazida inson sog'lig'i emas, balki “qiziqarli kontent” statistikasi turib qoladi.
Sir emaski, taomni shoshib va me'yoridan ortiq yeyish oshqozon devorining haddan tashqari cho'zilib, yorilib ketishiga, qizilo'ngach jarohatlanishiga hamda nafas yo'llarining to'silib qolishiga sabab bo'lishi mumkin. 2024 yilda xitoylik mashhur mukbang-bloger Pan Syaotin jonli efir vaqtida aynan shu xatti-harakati oqibatida vafot etdi. U bundan oldin ham oshqozondan qon ketishi tashxisi bilan shifoxonaga tushgan, ammo bir kun o'tiboq yana me'yorsiz ovqatlanishni davom ettirgan edi. Bu kabi mudhish voqealar faqat Xitoy yoki AQShda emas, dunyoning turli burchaklarida qayd etilmoqda.
Sharq xalqlarida dasturxon shunchaki tamaddi qilish joyi emas, balki hurmat, andisha va yuksak odob ramzidir. Shu nuqtai nazardan, kontent uchun ataylab “tez va pala-partish yeyish” jamoatchilik tomonidan nafaqat tibbiy jihatdan xavfli, balki milliy qadriyatlarga zid hodisa sifatida qabul qilinadi. Ijtimoiy tarmoqlarda bunday videolar ostida nafrat va g'azabga to'la izohlarning ko'payishi esa, afsuski, algoritmlar sababli ushbu mazmundagi kontentlarning yanada kengroq tarqalishiga turtki bermoqda.
Bir telefon – uch hayot
2026 yil avgustida internet tarmog'ini larzaga solgan yana bir mash'um voqea yuz berdi: Hindistonning Maharashtra shtatida 18 yoshli yigit ota-onasi unga “iPhone” olib bermagani uchun jarlik yoqasiga borib, o'zini tashlash bilan tahdid qiladi. Uni qutqarib qolishga uringan ota muvozanatni yo'qotib, pastga qulaydi, bu dahshatga chiday olmagan ona ham o'zini jarlikka tashlaydi. Shu tariqa uch kishidan iborat bir butun oila bir necha daqiqa ichida hayotdan ko'z yumadi.
Hurmatsizlikning yangicha ko'rinishi(mi?)
Yuqoridagi voqeaning tez va keng tarqalgani bejiz emas. Ko'pchilik buni o'qiganda: “Bunga o'xshash holatlarni o'zim ham ko'rganman yoki eshitganman”, — degan fikrga bordi. Chunki smartfon yoki boshqa bir buyum uchun ota-onasiga shart qo'yadigan, qo'pollik qiladigan va hatto tahdidga o'tadigan yoshlar, afsuski, oramizda ham yo'q emas.
Ilgari oilaviy kelishmovchilik, ota-ona bilan bahs yoki norozilik to'rt devor ichida qoladigan, tashqariga chiqarilmaydigan ichki masala hisoblanardi. Sharqona tarbiyada ota-onaga tik boqish, ularga ovoz ko'tarish, hatto ichida norozilik saqlashning o'zi odobsizlik sanalgan — ular bilan ochiqcha bahslashish yoki oshkora shikoyat qilish haqida gap ham bo'lishi mumkin emas edi.
Bugun esa yosh avlodning ayrim vakillari oilaviy nizolarni, ota-onasidan xafa bo'lganini va shaxsiy kechinmalarini kamera qarshisida minglab notanish odamlarga ochiq-sochiq “hikoya” qilib berishga odatlanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda “Oilam meni tushunmaydi”, “Ota-onam bilan urishib qoldim” kabi sarlavhali “storytime” formatidagi videolar alohida yo'nalishga aylandi. Bu ko'p hollarda oilaviy muammoni bartaraf etish uchun emas, balki shunchaki obunachi, layk va izoh to'plash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Shu o'rinda savol tug'iladi: yoshlar bu illatni — oila sirini ko'chaga, qolaversa, internet ummoniga olib chiqishni qaerdan o'rganmoqda? Ehtimol, ular buni ota-onasi yoki milliy an'analardan emas, balki kun bo'yi kuzatayotgan raqamli platformalardan olayotgandir? Chunki u yerda shaxsiy hayotni ko'z-ko'z qilish uyat emas, balki shuhrat va mo'may daromad manbai sifatida talqin etiladi.
Bu holat madaniyatlar yoki avlodlar o'rtasidagi shunchaki mayda tafovut emas. Bu — har qanday jamiyat va davrda birdek qadrlangan muqaddas asosga, ya'ni farzandi uchun bor umrini, kuch-quvvatini baxshida etgan ota-ona mehnatiga nisbatan hurmatsizlikning yangi va xavfli qiyofasi emasmi?
Kim aybdor: farzand, ota-ona yoki tizim?
Ba'zan ota-onaning o'zi farzandiga “yo'q” deyishni bilmaydi. Chunki ularning o'zlari ham: “Bolam tengqurlaridan kam bo'lmasin”, — degan ichki bosimga taslim bo'ladi. Bunday vaziyatda muammo bolada emas, balki oilaning qadriyatlar tizimida ko'rinadi.
Ilova va raqamli platformalarni yaratuvchilar esa o'z daromadlarini oshirish maqsadida foydalanuvchini ekran qarshisida imkon qadar uzoqroq ushlab turishga ongli ravishda intiladilar. Bu haqiqatni ko'rmaslikka olish — barcha aybni faqat yoshlarga yuklab, muammoning asl ildizini e'tibordan chetda qoldirish bilan barobardir.
Fransiyada o'tkazilgan sinov dasturi natijalari bo'yicha mamlakat ta'lim vaziri “sinflardagi ta'lim-tarbiya muhiti sezilarli darajada yaxshilangani”ni ta'kidladi. Bu — masala nafaqat oilaviy, balki davlat siyosati darajasida ham o'ta jiddiy qabul qilinayotganidan dalolat beradi. Mamlakatimizda ham bu muammo e'tibordan chetda qolmagan. Xususan, 2012 yilda Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori bilan umumta'lim maktablarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi tasdiqlangan. Unga ko'ra, o'quvchilar ta'lim muassasasi hududiga kirganda telefon ovozini o'chirib qo'yishlari va undan dars vaqtida foydalanmasliklari shart. Biroq amalda ushbu talablarga barcha maktablarda ham birdek qat'iy rioya etilmayotgani, ko'plab pedagoglar o'quvchilarning dars paytida ijtimoiy tarmoqlarga chalg'ib qolayotganidan hamon shikoyat qilayotgani achchiq haqiqatdir.
Taqiqdan ko'ra – muloqot
Bu fikrlar kimgadir ayblov qo'yish uchun emas, balki xolis kuzatuv sifatida o'rtaga tashlanmoqda. Shu bois tayyor “qoliplar” taqdim etish o'rniga, birgalikda mulohaza yuritib ko'raylik:
“Telefonni tashla!” degan keskin buyruq o'rniga, bu matoh odamni nega bunchalik o'ziga bo'ysundirib olayotgani haqida farzand bilan bama'ni muloqot qilish kutilgan natijani beradi. Ko'chada va transportda smartfonga tikilib yurishning xavfini quruq taqiq orqali emas, balki hayotiy misollar yordamida tushuntirish lozim. Eng asosiysi, kattalarning shaxsiy namunasidir. Agar ota-onaning o'zi kun bo'yi telefon titkilashdan bo'shamasa, bolaga quruq so'z bilan ta'sir o'tkazish amrimahol. Bolaga zamonaviy ilovalarning inson diqqatini qanday mexanizmlar orqali jalb qilishini tushuntirish — uni oddiy, tobe iste'molchidan ongli foydalanuvchiga aylantirishning samarali yo'lidir.
E'tiborli jihati shundaki, ayrim maktablarda o'tkazilgan “telefonsiz kun” tajribasida dastlab o'quvchilar ma'lum noqulaylik va tashvish his qilishgan bo'lsa-da, oradan bir necha hafta o'tib, sinflarda jonli muloqot va o'zaro aloqa sezilarli darajada jonlangani kuzatildi. Bu esa muammo yoshlarning “tabiati”da emas, balki ular yashayotgan muhitning tuzilishida ekanini hamda muhitni ijobiy tomonga o'zgartirish orqali xulq-atvorni ham tabiiy tarzda o'nglash mumkinligini ko'rsatadi.
Shaxsiy namuna – eng oliy javob
Yuqorida aytganimizdek, har bir avlod o'zidan keyingi yoshlarni “avvalgidek emas” deya baholaydi — bu insoniyat tarixida takrorlanib kelayotgan odatiy hol. Ammo bugungi vaziyatning farqi shundaki, endilikda ro'paramizda oddiy vaqtixushlik vositasi emas, balki inson ongi va diqqatini boshqarish uchun maxsus yaratilgan ulkan tizim qad rostlab turibdi. Shu bois faqatgina “yoshlar aybdor” degan xulosa bilan cheklanish — masalaga haddan tashqari yuzaki yondashish bo'lar edi.
Aslida, muammo qaerda va kimda ekanini, uni kim hal etishi kerakligini cheksiz bahs qilishdan ko'ra, har birimiz mas'uliyatni, avvalo, o'zimizdan boshlashimiz maqsadga muvofiqdir.
Shohista YuNUSALIYEVA,
Respublika Ma'naviyat va
ma'rifat markazi xodimi.
