Nikoh ilohiy ne'mat, lekin…
Jamiyat hayotining o'zagi, odamzod hayotining davom etishidagi yo'l oila, er-xotinlik nikohi vositasida barpo bo'ladi. O'z navbatida nikoh hayotning mazmun-mohiyatini anglatib turuvchi muqaddaslik kasb etadi. Oila, ya'ni nikoh masalasi hayot tarzimizning muhim ustuni. Shu sababli nikoh masalasiga jiddiy ravishda qarashimiz talab etiladi.
So'nggi yillarda yosh oilalarning ajrashishi natijasida tirik yetim qolayotgan bolalar va ular tarbiyasidagi nuqsonlar jamiyat hayotiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Bunga sabab — yoshlarning nikoh ilmidan bexabarligidir. Ustozlarning ta'kidlashicha, yangi oila qurayotgan yigit-qizlargina emas, avvalo, ularning ota-onalari ham bu masalaning mazmun-mohiyatini chuqur bilishlari muhimdir. Negaki, kattalarning shu ilmni bilmasligi oqibatida, afsuski, kelin bo'ladigan qiz va kuyov bo'ladigan o'g'ilning ko'ngil istaklari birinchi o'ringa chiqib qolmoqda. Yengil-elpi orzu-havaslar ham to'ylarning dabdabali o'tishiga katta yo'l ochib beradi. Ota-onalar farzand baxti uchun tashvish qilar ekan, eng avvalo, ularga oilaning muqaddasligini anglatishi, tushuntirishi lozim. Mabodo o'zlarida yetarlicha ilm bo'lmasa, mahalladagi oqsoqollarga quloq tutishi, masjid imomidan maslahat so'rashi zarur bo'ladi. Nima qilib bo'lsa ham, yoshlarni ilm vositasi bilan nikohga tayyorlash lozim.
Tabiiyki, har bir ota-ona “bolam tengdoshlari oldida o'ksimasin” degan aqida bilan katta-katta xarajatlar qilishga tayyor, ammo asl oilaning poydevori bo'lgan nikoh shartlari haqida aksariyati mutlaqo tushunchaga ega emas. Nikoh o'qish jarayonida o'zimiz guvoh bo'layotgan holatlarga achinasan kishi. Yoshlar u yoqda tursin, ota-onalarning o'zlari ham bu boradagi ma'lumotlardan xabarsiz bo'lib chiqmoqda. Hurmatli ota-onalar, behisob xarajatli to'y-tomoshalar bilangina farzandlarimizni bir umrlik baxtga erishtirish mumkin emasligini tushunib yetaylik!
Sir emaski, arzimas kelishmovchiliklar tufayli yosh oilalarning buzilib ketayotgani achinarli holdir. Bu ko'ngilsiz holatlarning sodir bo'layotgani, mushohada qilib ko'rilsa, ming yillar mobaynida oilani muqaddas bilib kelgan ajdodlarimiz xotirasi oldida hurmatsizlikdek tuyuladi. Axir bizning yurtda oilaviy ajrimlar hech ilojsiz hollardagina ro'y berganiga guvoh bo'lganmiz. Buni katta yoshdagilarimiz yaxshi bilishadi. Oila buzilishi hatto mahalla sha'niga ham isnod hisoblangan. Bir asr davomida unutilgan o'zimizga xos oilaviy turmush taomillarini va mahallalarimizdagi bu kabi chiroyli, yaxshilikka boshlovchi an'analarimizni o'z o'rniga qaytaraylik. Bundan, avvalo, o'zimizga, qolaversa, butun jamiyatimizga manfaat yetadi.
E'tibor qiling-a, oila qurish sharti — guvohlar vositasida Alloh taolo huzurida nikoh daftariga imzo qo'yish hamda til bilan iqror bo'lishdir. Sodda qilib tushuntiradigan bo'lsak, yigit va qiz bir-birini Alloh taoloning omonati sifatida qabul qiladi va bag'ishlaydi. Oilani bir qo'rg'on desak, yigit shu qo'rg'on himoyachisi, qiz esa qo'rg'on ichidagi barcha narsaning asraguvchisi vazifasini o'z gardaniga olmoqda. Yana diqqat qilaylikki, har ikki taraf muqaddas oilani yaratish yuzasidan guvohlar ko'z oldida nikoh shartnomasini tuzishadi. Ana shunday ulug' bir kelishuvga nisbatan mas'uliyatsiz va bepisand munosabatda bo'lish aslo yaramaydi. Modomiki shunday ekan, aynan nikoh masalasida ustozlarimizning o'git va nasihatlariga murojaat qilish eng maqbul yechim bo'ladi. Oila muqaddas, shu oila boshi bo'lgan er hurmatga loyiq, shu oilaning ikkinchi bir a'zosi bo'lgan rafiqa — onalar oyog'i ostida esa jannat deyilgan. Oilada totuvlik va izzat-ikrom bo'lishining o'zi bu dunyoda baxtli yashashga sabab bo'ladi. Bunday oilada tarbiya topgan farzand ham jamiyatda, ham oilada xotirjam muhitda kasb-kor qiladi, qo'ni-qo'shnichilik borasida ham go'zal va atrofdagilarning havasini keltiradigan turmush kechiradi. Ro'zg'orida baraka, qo'ni-qo'shnilar oldida esa hurmat-e'tiborga sazovor bo'ladi.
Alloh taolo erkak va ayolni yaratib, ularning o'rtasidagi nikoh rishtasini muhabbat va marhamat ustiga qurgan. Bu haqda Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“Va sizlarga sokinlik topishingiz uchun o'zingizdan juftlar yaratganligi hamda oralaringizda sevgi va marhamatni solib qo'ygani (ham) Uning oyat-belgilaridandir” (“Rum” surasi, 21-oyat).
Ushbu oyatdagi “mavadda” so'zi oilaning sokinligi va barqarorligini ta'minlaydigan muhabbatni anglatadi. Demak, er-xotin o'rtasidagi muhabbat Alloh taolo tomonidan inson qalbiga solinadigan, oila rishtalarini bog'lab turuvchi ilohiy ne'matdir. Yoshlar shu jihatga ham mas'uliyat bilan yondashib, “telefon” va shu kabi “dedi-dedi” fitnalardan o'zlarini saqlasinlar. Bir-biriga vafodor va oqibatli bo'lsinlar. Ana shu oilaviy omonatdorlikka sodiq bo'lishning o'zi millatga, Vatanga xizmat qilishning bir bo'lagi hisoblanadi.
Bu ilohiy amr — Yaratgan zotning aynan bandalariga bo'lgan mehribonchiligidir. U oilani naqadar muhim rishtalar bog'lab turganini o'z hikmati bilan tushuntirib bermoqda. Bu mavzu kimga noaniq tuyulsa, bilsinki, u hali hayotiy hikmatni anglab yetmabdi. Buning uchun ko'proq kitob o'qish, ulamolar, yoshi ulug'lar va mahalla oqsoqollarining hayotiy pand-nasihatlariga quloq tutish kerak. Hammamiz Alloh taolodan yaxshiliklar umid qilar ekanmiz, U zot ko'rsatgan xayrli yo'ldan yurishimiz maqsadga muvofiq bo'ladi.
“Oldingdan oqqan suvning qadri yo'q”, deganda donishmand ajdodlarimiz bir jihatdan mahalla hayotini ham ko'zda tutgandek go'yo. Negaki, oilaviy munosabatlarda biror muammoga duch kelsak, dardimizning davosini uzoqlardan izlashga havasmandroqmiz. Mahalla-ko'yga oilaviy sirimiz oshkor bo'lmasin, degan andisha ham bo'ladi, albatta. Aslida esa mahalla oqsoqollari, hayot tajribasiga ega momolarimiz uchun mahalladagi har bir oilaning turmush tarzi oyna misoli yaqqol ko'rinib turadi. Mahalla faollari va oqsoqollariga voqeani ipidan-ignasigacha tushuntirib, anglatib o'tirish shart ham emas. Hatto ular ziyraklik va hayotiy tajribalaridan kelib chiqib, yurish-turishingiz, hol-ahvolingizga qarab dardingizni tushunib yetadilar. Ne tashvish ich-etingizni kemirayotganini ham taxminan sezib olishadi. Shu bilan bir vaqtda, oilaviy besaranjomlikning davosini mahalla hayotiga xos tarzda, eng qulay yechim bilan taklif qilishlari ham aniq. Shunday bo'lgach, muammoga yechim izlab qayga borish kerak? Aslini so'rasangiz, qirq yillik qo'shningiz bilganichalik, uzoqda yashaydigan yaqin qarindoshingiz ham oilaviy tutumingizni ravshan tasavvur qila olmaydi.
Quvonarli yana bir holat shuki, hukumatimiz tomonidan mahalla faollari mas'uliyatini tubdan oshirish maqsadida qilinayotgan islohotlar negizida ham oilaviy munosabatlarni sog'lomlashtirish yotibdi. Nazarimizda, oilaviy qo'ydi-chiqdilarning asosiy sabablaridan biri — yoshlarning ulug'lar o'gitiga quloq solmasdan, o'z bilganlaricha ish tutishlari bo'lmoqda. Shuni yaxshi bilishimiz kerakki, hayot sinovlarida toblangan oqsoqollarimiz hech bir yoshga “yomon bo'l” deyishmaydi. Imkon boricha, agar achchiq bo'lsa ham, to'g'ri yo'lni ko'rsatishadi.
Bizga berilayotgan barcha ne'matlar uchun Allohga shukronalar aytib, faqatgina iqtisodiy tomondan emas, ruhiy jihatdan ham yuksalishimiz uchun g'ayrat qilishimiz kerakligini anglab turibmiz. Qo'lni qo'lga bergan holda, huzur-halovatda yashaylik. Hayotda bo'ladigan qiyinchiliklarni birgalashib yengib, olg'a yuraylik.
Kelajak avlodlarimizga ma'rifatli mahallalarda tug'ilib, voyaga yetishlari uchun sharoitlar yaratib, o'zimiz ham quvonaylik, yashagan umrimiz behuda ketmaganidan faxrlanib yashaylik. Bu imtihon dunyosida yaxshilik istab, yaxshilik qilib, yaxshilik ichida yashaylik. Ana shunda o'g'il-qizlarimiz bizdan minnatdor, ulug'larimiz esa o'z xizmatlaridan mamnuniyat hissi bilan xotirjam umrguzaronlik qilishadi.
Azimjon KARIMOV,
Toshkent viloyati, Toshkent tumanidagi “Yopiqliq ota”
jome masjidi imomi.
