“Kanglum, bir kun ketarmiz…”
Şoir Ikrom Otamurodni xotirlab...
…“Vatan — qadim dunyodir.
Vatan — kangulda qat-qat”…
…“Yaqindirsan savol qadar,
Yiroqdirsan javob qadar”…
…“Yolğiz ot yeladi. Bir najot istab”…
…“Hayot — bor-yöq ovunçoq, odam — ovunçoq quli”…
…“Köpkarida çopgan ot, safdan çiqdi, qaridi”…
…“Kanglum, sendan boşqa mening kimim bor”…
…“Sen — qadimiy armon, men — qadim armon”…
…“Kanglum noçor… Men — bir nolaman”…
…“Umidlar umidni quçadi”…
…“Oftobdan yolqinlanar moviy bir osmon
uzoqlarda”…
…“Bir kenglik bor kangulday sarhadsiz”…
…“Termulaman moviylikka,
izlayman uning bağridan bir nimalar”…
Bu yolqinli va mahzun misralar Ikrom Otamurod şeʼrlaridan. Öşa kuni, 12 iyul tuşdan keyin endigina qölimga tekkan “Şarq yulduzi” jurnalining 2026 yilgi 5-sonini varaqlab ötirardim. Adabiyot namoyandalari va şeʼriyat muxlislari orasida “Kangul odami” sifatida tanilgan maşhur şoirimizning salmoqli şeʼriy turkumi jurnalning ilk sahifalarida eʼlon qilingan ekan.
Ikrom akaning bu xuşxabardan neçoğliq mamnunligini köz oldimga keltirar ekanman, unga telefon qilgim va şoirning quvonçiga şerik bölgim keldi. Ammo…
Şoir men kabi köplab muxlislari könglini sohir şeʼrlari bilan xuşnud etib yurgan bir paytda, bu foniy dunyoni tark etib, boqiy dunyoga safar qilgan ekan…
Odatda, şeʼrxonlarning şoirlar bilan tanişuvi ikki xil keçadi. Birinçi holatda şeʼrxon şoirning ijodidan xabardor bölsa-da, özi bilan yuzma-yuz körişişga makon va zamon omillari monelik qiladi. Ikkinçi holatda esa ular bir zamon va makonda yaşagani tufayli şeʼrxon şoirning hayot va ijod yölidan bevosita xabardor böladi, hatto u bilan özaro muloqot qiliş imkoniyatidan ham foydalanadi.
Xalqimizning isteʼdodli şoiri Ikrom Otamurod bilan tanişligimiz ana şu ikkinçi holatga mos keladi. Ikrom aka XX asrning 70-80-yillarida adabiyot maydoniga qadam qöygan ijodkorlar avlodiga mansub edi. Ötgan 75 yillik umri davomida taniqli şoir milliy şeʼriyatimizda öziga xos ijod namunalari, qolaversa, önlab dostonlari bilan şeʼriyat muxlislari qalbini zabt etib ulgurdi.
Ikrom Otamurod 1951 yil 5 may kuni Qaşqadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi Kasbi qişloğida tavallud topgan. Komilon qişloğidagi örta maktabda öqigan. Söngra 1969-1974 yillarda Toşkent davlat universiteti (hozirgi ÖzMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Universitetni bitirgaç, 1975 yildan toki umrining oxiriga qadar bitta dargohda — “Şarq yulduzi” jurnali tahririyatida uzluksiz işladi.
Ikrom akaning şarofati bilan jurnal tahririyatida katta adabiy muhit şakllangan edi. Yarim asrdan ziyod vaqt davomida u yuzlab yoş şoirlarga ustozlik qildi, ularning kitoblari va şeʼriy turkumlarini çop etişda şaxsiy taşabbus körsatib, amaliy yordam berdi.
Şu maʼnoda, Ikrom Otamurodning milliy adabiyotimiz rivoji yölidagi ijodiy va ijtimoiy faoliyati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanganini qayd etiş muhim, deb öylaymiz. U 1999 yili “Döstlik” ordeni, 2019 yilda “Özbekistonda xizmat körsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.
Yurtimizning çekka qişloğida tuğilib-ösgan bir yigitning ötgan davrda şunday zabardast şoir bölib kamol topgani bejiz emas. Bu, bir tomondan, Yaratgan Egam bandasining qalbiga söz işqini jo etgani şarofati bölsa, ikkinçi tomondan, isteʼdod sohibi öziga berilgan ana şu maʼnaviy neʼmatni neça ön yillar davomida halollik bilan parvarişlagani samarasidir. Uçinçi tomondan esa şoirning kindik qoni tomgan tuproqda xoki poklari yotgan aziz-avliyolar ruhining madadkorligi sabablidir.
Ikrom Otamurod ijodida ona qişloği Kasbiga atalgan şeʼrlar köp. Mana, bu haqdagi bir şeʼridan parça:
Boraman Kasbi, boraman bir kun,
boraman soğinib-soğinib.
Boraman ruhimda barg yozgan tökin
gullarning tökilgan çoğiri.
Kasbi uzoq ötmişda Nasaf, yaʼni hozirgi Qarşidan ham katta şahar sanalgan. Buyuk ipak yöli aynan şu yurtdan ötgan. Mazkur hududda önlab karvonsaroylar va sardobalar bölgan. Şu sababli bu yerda maʼnaviyat va iqtisodiyot özaro uyğunlikda yuksala borgan.
Eng muhimi, Kasbi azaldan yirik qasabalardan hisoblangani, şahristoni, raboti, kuhandizi — mustahkam qalʼasi bölgani, mahallalari muhofaza etilgani, karvonsaroylari tojirlarga xizmat qilgani, bozori va masjidlari işlab turgani uşbu hududning öşa davr ruhi bilan gavjum hamda jöşqin hayot keçirişiga yöl oçgan.
Bu öz navbatida Kasbida diniy va dunyoviy ilm-fanning rivoj topişi, mazkur zaminda uluğ allomalar, aziz avliyolar yetişib çiqişi misolida yaqqol közga taşlanadi. Şunday uluğ avliyolardan biri Sulton Mirhaydar ota bölib, asl ismlari Xoja Şamsiddin ibn Şayx Jamoliddindir.
Bugungi kunda Kasbining qadimgi şahristonida joylaşgan Sulton Mirhaydar ota nomi bilan ataladigan ziyoratgoh Qaşqadaryodagi eng yirik qadamjolaridan hisoblanadi. Aslini olganda, Hazrat Sulton Mirhaydar ota meʼmoriy yodgorlik majmuasi nafaqat Özbekistonda, balki Markaziy Osiyodagi maşhur ziyoratgohlardan biridir.
Şu örinda qariyb öttiz yildan buyon kasbiliklar kaminaga işonç bildirib, parlament saylovlarida deputat etib saylab kelganlarini ham faxr-iftixor, ham masʼuliyat hissi bilan taʼkidlamoqçiman. Men har gal Kasbi tumaniga kelganimda, albatta, Hazrat Sulton Mirhaydar ota qadamjosini ziyorat qilaman.
Manbalarda Alişer Navoiy va Sulton Mirhaydar ota hamda Kasbi bilan özaro boğliq maʼlumotlar ham uçraydi. Jumladan, Navoiy hazratlarining onasi Kasbidan bölgani va u zot volidasini Mir Haydar ota qabri yonida dafn etgani haqida öqigandim .
Rahmatli şoirimiz Ikrom Otamurodning ajdodlari ham şu tuproqda yotibdilar. Ikrom aka otasidan juda erta ayrilgan. Salomat aya yolğiz öğlini yolğiz özi voyaga yetkazgan, poytaxtda öqitgan, uyli-joyli qilgan va şu tariqa el-yurtga dilbar bir şoirni yetkazib bergan.
Öğil ham doim onasining xizmatida turgan, sönggi damlarigaça yonida bölgan. Söng Toşkentdan Kasbiga olib qaytgan. Ikrom Otamurod öz onaizoriga bağişlangan bir şeʼrida öşa ğamgin xotiralarini şunday ifodalagan:
Kasbining bejirim, qadim tufroği
Qon-qoniga singib ketgandi qat-qat.
Derdi: “Men Kasbining bitta urvoği,
Köz yumsam, Kasbiga qöyasan faqat!”
Ikrom Otamurod öz tengdoşlari orasida falsafiy muşohadasining kengligi, minbar şoirlariga xos notiqligi bilan ajralib turar edi. Şoir ijodiga bağişlangan adabiy davralar va ilmiy tadqiqotlarda “Uning ijodidan ustoz Maqsud Şayxzoda nafasi seziladi”, degan fikrlarga ham duç keliş mumkin. Bu bahoni eʼtirof sifatida qayd etgan holda, Ikrom akaning şeʼriyati betakror va öziga xos ekanini alohida taʼkidlaş lozim.
Avvalambor, Ikrom aka şeʼrlarida “köngil” sözini “kangul” şaklida yozişi va nutqida ham xuddi şunday talaffuz etişi şeʼriyat muxlislariga juda taniş holat ekanini eslatiş joiz. Bunga birgina misol:
Sözlasang,
sözingda körinib turmasa kanglung,
yolğon dönar,
yolğon dönar bundayin sözing .
Ikrom Otamurod “kangul” sözini jonu dilidan sevardi, mudom kangulga sayr etar va kangulda yaşardi. Hayoti va ijodida kangulga sadoqat körsatib ötgani uçun u hatto “Kanglum” degan samimiy kunya (laqab) orttirgan edi. Bu ham şoirning “kanglu” dard neʼmatiga boy, özi esa xokisor “ahli dard”lardan biri bölganining ajib bir tasdiğidir.
Ikrom Otamurodning dastlabki şeʼriy töplami — “Vaqt ranglari” 1982 yilda naşrdan çiqqan. Şundan keyin “Janub quşlari” (1983), “Törğayli manzillar” (1985), “Ufqlar orti bepoyon” (1987), “Uzoqlaşayotgan oğriq” (1990) şeʼriy kitoblarini çop ettirdi.
Ötgan asrning 90-yillaridan boşlab şoir şeʼriyatida lirik-falsafiy yönaliş ustuvorlik kasb etganini kuzatiş mumkin. Xususan, “Sopol siniqlari” (1994), “Sen” (1996), “Içkari va taşqari” (1997), “Ruhimning qayğusi” (1999) kabi şeʼriy töplamlari va dostonlari qalbga yanada yaqinligi, toza va samimiy tuyğularga töyingani bilan kitobxonga manzur bölgan.
Ayni paytda “Kanglum özing” (2002), “Tavr” (2005), “Tağazzul” (2008), “Xaritaga tuşmagan joy” (2011), “Muqaddar” (2012), “Yobondagi yolğiz daraxt” (2015), “Quş” (2017), “Huviyyat” (2020; qayta naşri: 2023) singari şeʼriy kitoblari va dostonlarida insoniy haqiqatni axtargan şoirning betakror badiiy usuli va ijodiy mahorati eʼtiborni tortadi.
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi homiyligida çop etilgan “Hijron imtihoni” (2025) kitobi şoirning sönggi yillarda yozgan yangi şeʼrlari, “Iztirob”, “Örin”, “Işora” kabi dostonlari hamda jahon şeʼriyatidan qilgan tarjimalari örin olgan töplami hisoblanadi.
Mustaqillik yillari poemanavisligida Ikrom Otamurod şeʼriy dostonlarining soni va maʼnaviy salmoği böyiça yetakçi örinlarda turadi. Yangi davr dostonlari haqida söz borganda, bir qator adabiyotşunoslar Ikrom akaning dostonlariga xos siqiqlik va ramzlarga boylik fazilatlarini alohida eʼtirof etganlari diqqatni tortadi.
Bunda, albatta, Ikrom Otamurod istiqlolgaça bölgan davrdayoq badiiy yetuk dostonlar bitiş uçun mahoratini muttasil oşirib borgani muhim ahamiyatga ega. Avvalo, Ikrom akaning falastinlik şoir Muin Bsisuga bağişlab 1986 yili bitgan “Yarador umid otlari” dostoni XX asr 80-yillari özbek şeʼriyatida sezilarli voqea bölgani bu fikrimizni tasdiqlaydi. Dostonda xorijlik ijodkor obrazi orqali inson qalbining tölqinlari, mustaqillik haqidagi orzulari, ona yurt obrazi kuçli his-hayajon bilan ifodalangan.
Şundan söng şoir falsafiy muşohada bilan yöğrilgan uslubiga sodiq qolib, 1990 yili “Uzoqlaşayotgan oğriq” dostonini yaratdi. Bu asarda odamlarni tobora tark etib borayotgan eʼtiqod, burç, insoniylik tuşunçalari qalb tuğyoni, vijdon azobi, yurak qoni bilan badiiy tadqiq etilgan. Söngra “Sopol siniqlari”, “Iztirob”, “Tağazzul”, “Yobondagi yolğiz daraxt”, “Içkari va taşqari”, “Istarim”, “Xaritaga tuşmagan joy”, “Quş” singari şeʼriy dostonlar dunyo yuzini kördi.
Ikrom Otamurod ommabop şoir emasligi, uning şeʼrlaridan rosmana zavqlaniş, ayniqsa, dostonlaridagi maʼrifat yoğdularidan teran bahra oliş uçun mumtoz adabiyotimiz va til boyligimizdan ozmi-köpmi xabardorlik talab etilişini ham oçiq aytiş kerak. Biz Ikrom aka ijodida qöllaydigan “ajabtovur” sözlarni nazarda tutyapmiz.
Şoirning özi suhbatlaridan birida bu haqda şunday degan edi: “Men qöllagan barça sözlar, jumladan, siz notaniş, ğalatiroq deyayotganlaringiz tilimizda, gaplaşuv yösinimizda bor. Şevalarimizdagi har bir söz — xalqimizning boyligi. Ularni adabiy tilimizga olib kirişimiz, undan barçani bahramand etişimiz lozim” .
Ayrim adabiyotşunoslar Ikrom Otamurod öz dostonlarida “ellipsis” va “anafora” kabi badiiy usullarni qanday qöllaganini atrofliça ilmiy tahlil qilgan. Bu örinda ellipsis — asar tilida sözlarni tejab işlatiş usulini anglatsa, anafora — söz takroriga asoslangan usul demakdir.
Ikrom Otamurod taniqli tarjimon ham edi. U jahon adabiyotidan Uolt Uitmen, Pablo Neruda, Yevgeniy Yevtuşenko, Öljas Sulaymonov kabi öz ruhiyatiga yaqin şoirlarning şeʼr va dostonlarini yuksak badiiy mahorat bilan ona tilimizga tarjima qilgan. Şoirning asarlari turk, arab, bulğor, rus, moldavan, ozarbayjon, qozoq, qirğiz, tojik, gruzin tillariga ögirilgan va çop etilgan.
Xulosa qilib aytganda, şoir kangludagi tuyğular olami şeʼrdan-şeʼrga, dostondan-dostonga, kitobdan-kitobga yanada ranginlaşib borayotgan edi. Endi uning şeʼr töla kangludan kangul bilan limmo-lim şeʼrlari, kitob javonlarida kitoblari, ijod stolining tortmasida esa hali siyohi qurimagan qölyozmalari meros qoldi.
Ikrom Otamurod betakror ijodi bilan xalqimiz qalbidan mustahkam joy olib ulgurganligini eʼtirof etgan holda, bir amaliy taklifni ilgari surmoqçiman. Yaʼni rahmatli Ikrom aka tuğilib-ösgan Qaşqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi şoirning özi tahsil olgan maktabda “Ikrom Otamurod kutubxonasi”ni taşkil etiş lozim.
Bölajak kutubxonaning kitob fondiga Ikrom Otamurodning şaxsiy kutubxonasidagi kitoblar, şoirning döstlari va şogirdlari, hamkasblari va muxlislari, şuningdek, turli taşkilotlar beğaraz taqdim etadigan kitoblar hisobidan asos solinadi. Barça xayrixoh insonlar va tegişli taşkilotlar uşbu taklifni qöllab-quvvatlaşlariga işonamiz va amaliy hamkorlik istagini kutamiz.
Gap şundaki, Kasbiga borsam, albatta, Ikrom Otamurod öqigan maktabni ham borib körardim va şoirning sobiq sinfdoşlari bilan uçraşardim. Esimda, bizning bu gurunglarimiz Ikrom akaning quloğiga yetib borgan ekan, uçraşib qolganimizda astoydil minnatdorçilik bildirgan edilar.
Umr — ötkinçi, hammamiz bir-birimizga ğanimatmiz. Agar “Ikrom Otamurod kutubxonasi” iş boşlasa, bir tomondan, marhumning ruhi şod bölsa, ikkinçi tomondan, şoir öqigan maktab öquvçilariga ular uçun ğoyat zarur maʼnaviyat xazinasi taqdim etilgan bölur edi, inşoolloh.
Akmal SAIDOV,
akademik, Özbekiston
Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi.
