Ranglarda aks etgan umid
Muzifa Bahodirova og'riqni rangga, sukutni suratga, umidni orzuga, orzuni esa baxtga aylantirayotgan yosh rassomdir.
Uning hayotida og'riq bor. Ammo og'riqdan ham kuchliroq bir tuyg'u bor. Yashashga, ijod qilishga, orzu qilishga bo'lgan ishonch bor.
Farg'ona viloyatining Uchko'prik tumanida tug'ilib o'sgan Muzifa bugungi kunda Toshkent shahridagi oliy o'quv yurtlarining birida tahsil olmoqda. Uning qo'lida mo'yqalam, qalbida esa ranglar bilan ifoda etishga intilayotgan bir olam bor.
Muzifaning oyoqlarida dard bor. Ba'zan og'riq shu qadar kuchayadiki, unga chidash oson emas. Ammo u og'riqqa yengilmaydi. U yana mo'yqalamini qo'lga oladi. Yana chizadi, chizaveradi. Chunki Muzifa uchun rasm shunchaki ranglar uyg'unligi emas, rasm uning qalbidagi so'zlar, izhorlardir.
U bilan suhbatlashar ekanman, bir narsaga alohida e'tibor qaratdim. Muzifa o'z dardi haqida gapirishdan ko'ra boshqalarning dardi haqida ko'proq o'ylaydi.
U og'riqqa chalingan tengdoshlari, ayniqsa, saraton bilan kurashayotgan bolalar bilan ko'p bora suhbatlashgan. Ularning ko'zlaridagi xavotirni, qalbidagi qo'rquvni, aytilmay qolgan orzu-umidlarni tinglagan. Ba'zan oddiy bir suhbatning o'zi inson qalbida qanchalar katta iz qoldirishini o'sha uchrashuvlar orqali his qilgan. Keyin esa eshitganlarini ranglarga aylantirgan.
Mo'yqalam uning qo'lida go'yo suhbatdoshga aylanadi. Birovning dardi, rangda kimningdir orzusi, tasvirda yana kimningdir umidi — bularning barchasi bir parcha matoda jonlanadi.
Muzifa og'ir kasallik bilan kurashayotgan bolalarning taqdirini yaqindan ko'rgach, o'zining og'rig'ini ham boshqacha qabul qila boshlagan…
“Ularning dardini eshitib, ba'zan o'z dardimni dard deb hisoblamayman” degan mazmundagi fikrlari suhbatimiz davomida qayta-qayta sezilib turdi. Bu gaplarda oddiy sabr emas, hayotga bo'lgan katta muhabbat bor edi.
Muzifaning eng katta kuchlaridan biri umiddir. U kelajak haqida gapirganda, ko'zlarida boshqacha bir yorug'lik paydo bo'ladi.
Yosh rassom kelajakda katta ko'rgazmalari bo'lishini orzu qiladi. U chizgan suratlariga katta bahodagi buyurtmalar tushishi mumkin. Ammo u ayrim asarlarini kelajakdagi ko'rgazmalari uchun asraydi. U ijodiy ishlarini odamlar tomosha qilib, ularda o'z qalbiga yaqin his-tuyg'ularni his etishni istaydi. Hatto Parijda, Italiyada, san'at bag'oyat qadrlanadigan rassomlar orzusiga aylangan maskanlarda ham o'z ishlarini namoyish etishni xayol qiladi. Bu orzular shunchaki xayol emas, Muzifa ularga yetishish uchun bugundan harakat qilyapti. Uning yana bir orzusi chizgan asarlari munosib qadrlanib, yaxshi narxlarda sotilsa, bu mablag'lar uning sog'lig'ini tiklashga xizmat qilishini umid qiladi. Balki, uning suratlaridagi eng katta kuch ham shundadir.
Muzifa hali yosh. Uning ijod yo'li endi boshlanmoqda. Oldida hali qancha manzillar, qancha uchrashuvlar, qancha yangi asarlar borligini hech kim bilmaydi.
Ba'zi insonlar hayotning ranglarini tayyor holda qabul qilmaydi. Ular qorong'i kunlarning o'zida ham mo'yqalam olib, o'z rangini yaratadi. Muzifa ham shunday insonlardan. Uning suratlarida ranglar bor. Ammo ularning eng yorqini umid rangidir.
Biz maqolamiz qahramoni Muzifa Bahodirovaning kelgusidagi hayoti, ezgu o'ylari-yu, mashaqqatli ijodi jamuljam bo'lgan mushtarak oliy maqsadlarida katta muvaffaqiyat, omad tilaymiz.
Fotima MANSUROVA.
