Hayotbaxsh tizim, xalqona andoza
yoki Farruh Rahmatillayev rahbarlik qilayotgan Denov tumani sog'liqni saqlash bo'limi faoliyatiga bir nazar
Qachon Denovga yo'lim tushsa, avvalo, ustoz ijodkor, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Toshtemir Turdiyev bilan uchrashib, suhbatlarini olishga urinaman. U kishining bilmagan narsasi yo'q. Matbuotga ixlosi balandligidan jurnalist ijodkorlarni tuqqan-tug'ishganidek qadrlaydi. Yoshi to'qsonni qoralab borayotgan ustoz haqiqiy so'z sohiblari hayotda haq so'z izlab, adolat tarozisi shayinini to'g'rilab turishga urinishga harakat qilishlarini yaxshi biladi. Yaxshi niyat, yarim mol deyishgani shu ma'noda ayni haqiqat. Qalbi ijodga oshufta ustozning fikri teran. U kishi uchun ijod yoshga qarab to'xtaydigan mashg'ulot emas, balki umrga mazmun bag'ishlaydigan, insonni ruhan bardam tutadigan ezgu bir ehtiyojdir. Bu gal ham Denovga borganimda Toshtemir aka bilan diydorlashib, ancha vaqt dildan suhbatlashdik. Ko'pchilik bilib, ozchilikka yetib bormaydigan muammolar, oftob nuri tushmaydigan soya joylar kabi e'tibordan qolib ketadigan, ammo xalq uchun zarur narsalar haqida ancha gurung qildik. Bunday o'ylab qaralganda, hali ko'ngilni xira qiladigan narsalar ham oz emas ekan.
– Ko'pam qayg'uravermang, – dedi shunda ustoz menga dalda berayotgandek. – Oqqan daryolar oqmay qolmas. Xudoga shukrlarkim, xalqimiz orasida hali chin vijdonli, so'zi bilan ishi bir insonlar anqoning urug'i bo'lib ketganmas, mana, masalan, bizning Denov tumanimizda ham unaqalar ko'p. Tuman sog'liqni saqlash bo'limi boshlig'i Farruh Rahmatillayev ham ana shunaqa baraka topkurlardan. Agar fursat topib, uning ishlarini yozsangiz, ko'pchilikka ma'qul ish bo'lardi.
Mo''jizakor narsalar, ulug' odamlar yonimizda ekanini ko'pincha payqamay qolamiz. Toshtemir akaga o'xshagan oq-qorani tanigan, qilni qirq yoradigan ustozlar shunda bizga qanday madadga yetib kelishganini o'zimiz ham payqamay qolamiz. Hozir ham shunday bo'ldi.
Shu bahona bo'ldi-yu, Farruh Rahmatillayev bilan tanishish ishtiyoqiga tushib qoldim. Uning tibbiyot sohasidagi faoliyati, tashabbuslari, amalga oshirayotgan ishlarini yoritishni niyat qildim.
Ustoz bilan vaqtincha xayrlashib, Denov tumani sog'liqni saqlash bo'limi idorasi tomon yo'l oldim. Farruh Rahmatillayev viloyatda qandaydir tadbirda ekan. Yaxshiyamki, birinchi o'rinbosari Shohruxbek Jo'rayevni ham o'zi bilan olib ketmabdi. Ko'pincha shunaqa bo'ladi. Uning hamrohligida ishxonaga kirdik. Asli denovlik bo'lgan Shohruxbek Jo'rayev ham poytaxtdagi tibbiyot muassasalarida ishlab, ancha-muncha pishib qolgan ekan. Tug'ilgan yurtiga qaytganiga bir yil bo'libdi. Suhbatimiz avvalida Shohruxbek Jo'rayev tuman sog'liqni saqlash bo'limida amalga oshirilayotgan tashkiliy o'zgarishlar, yangi boshqaruv tizimi, yangicha andozalar, ularning vazifalari xususida so'z yuritdi.
– 2025 yil 1 iyuldan boshlab aholiga tibbiy yordam ko'rsatishning yangicha tizimi tuman sog'liqni saqlash bo'limida tajriba-sinov tariqasida joriy etilgan, – dedi Shohruxbek Jo'rayev. – Unga eng ilg'or xorijiy tajribalar, aholiga ko'rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifati, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining zamonaviy tizimi, sohaga yangi boshqaruv tamoyillari asos qilib olingan. Bir so'z bilan aytganda, bugungi islohotlarning asosiy maqsadlari. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 mayda qabul qilingan “Respublikada sog'liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko'rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni esa huquqiy poydevor.
Shohruxbekning aytishicha, yangicha tizimga ko'ra, sog'liqni saqlash tizimini takomillashtirish faqat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yoki yangi uskunalar bilan ta'minlash bilan kifoyalanmas ekan. Islohotlar doirasida Denov tumani tibbiyot birlashmasidan tuman sog'liqni saqlash bo'limiga aylantirilganda, soha faoliyati yangi talablar asosida tashkil etilgan ekan. Bu muassasalar o'rtasidagi hamkorlikni takomillashtirish va aholiga tibbiy xizmat ko'rsatish jarayonlarini yanada samarali boshqarishga xizmat qilarkan.
Shohruxbek Jo'rayev yangi tizimning asosiy yo'nalishlari haqida ham batafsil ma'lumot berdi. Aholini xatlovdan o'tkazishganda ularning dardini aniqlab, o'zlariga yaqin shifoxonalarga qaytadan biriktirishibdi. Oilaviy poliklinikalar yangi tipologiya asosida shakllantirilibdi. Muassasalarga yuridik maqom berish kabi vazifalar belgilanibdi. Raqamlashtirish va birlamchi tibbiy yordam bo'g'inini profilaktik yo'nalishda rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratilibdi. Bular aytishga oson, amalda esa… ehhe!
Shohruxbekning misollar bilan tushuntirayotganidan ularning qog'ozda qolib ketmaganiga ishonch hosil qilish mumkin. Asosiy maqsad hamma biladigan o'sha gap: aholiga qulay, tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish. Buning uchun kimga qanday tibbiy yordam zarurligini, qaysi hududda qaysi xizmat turiga ehtiyoj yuqoriligini aniqlashda aholini xatlovdan o'tkazish qo'l kelibdi. Birlamchi tibbiy yordamda profilaktikaga ustuvor ahamiyat berilishi, o'z navbatida, kasalliklarni erta aniqlash va ularning oldini olishda muhim o'rin tutarkan. Kasallikni davolash bilan bir qatorda, uning oldini olishga ham jiddiy e'tibor qaratilayotgani, aholi bilan manzilli ishlab, muntazam tibbiy ko'riklar va profilaktik tadbirlar yo'lga qo'yilayotgani, tibbiy ma'lumotlarning tizimlashtirilishi, xizmatlar sifati doimiy tahlil qilib borilishi ham Denov tumani sog'liqni saqlash bo'limida e'tibordan chetda qolmayotgani, haqiqatan, tahsinga loyiq. Bu borada raqamlashtirish ma'lumotlar bilan ishlashni yengillashtirib, boshqaruv qarorlarini asosli qabul qilish va xizmatlar samaradorligini oshirish uchun muhim imkoniyatlar yaratishi tabiiy. Yangi tashkiliy andozaning samarasi uning amaliyotda qanday natija berayotgani bilan o'lchanadi. Aholi tibbiy xizmatdan qanchalik qoniqayotgani, mutaxassislar faoliyati uchun qanday sharoitlar yaratilayotgani, muassasalar o'rtasidagi hamkorlik qay darajada yo'lga qo'yilayotgani kabi masalalar xususida suhbatlashib turganimizda, tuman sog'liqni saqlash bo'limi boshlig'i Farruh Rahmatillayevning o'zi ham kirib keldi. Endi suhbatimizni bevosita soha rahbari bilan davom ettirish, uning fikr-mulohazalarini eshitish va tumanda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yanada yaqindan tanishish imkoni tug'ilgan edi. Shu maqsadda uning xonasiga kirdik. Ish stoli ustida turgan “Hurriyat” gazetasiga ko'zim tushdi-yu, beixtiyor quvonib ketdim. Demak, matbuot qadrini biladigan, kundalik ish tashvishlari orasida ham gazeta o'qishga vaqt topadigan rahbarlar bor ekan-ku! Ustoz Toshtemir Turdiyevning tavsiyasi bejiz bo'lmaganini fahmladim.
– Tumanimizda 420 ming 150 nafar aholiga tibbiy xizmat ko'rsatish tizimi shakllantirilgan, – dedi Farruh Rahmatillayev so'zi boshida. – Tizimda 33 ta oilaviy poliklinika faoliyat yuritadi. Tuman markaziy shifoxonasi jami 659 ta shifo o'rniga ega. Sog'liqni saqlash bo'limi tizimida 447 nafar shifokor va 2 ming 103 nafar o'rta tibbiyot xodimi mehnat qilmoqda. Tibbiy xizmatlar birlamchi bo'g'in, maslahat-diagnostika xizmati, markaziy shifoxona hamda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam yo'nalishlari o'rtasidagi uzviy bog'liqlik asosida tashkil etilgan.
Ha, albatta, bu raqamlar ortida Denovdek yirik tumanda aholi salomatligi uchun mas'ul bo'lgan katta jamoa va murakkab tashkiliy jarayonlar turibdi. Bu tizimning aholiga eng yaqin bo'g'ini esa oilaviy poliklinikalardir. O'z nomi bilan hammabop. Shifokor qabuli, patronaj, profilaktik ko'rik, skrining va dispanser nazoratining qay darajada tashkil etilgani ham ko'p jihatdan birlamchi bo'g'in faoliyatiga bog'liq. Oilaviy poliklinikalarda oilaviy shifokorlar, tibbiy brigadalar, patronaj hamshiralari va boshqa mutaxassislar faoliyati biriktirilgan aholi tarkibi hamda hududning xususiyatlaridan kelib chiqib yo'lga qo'yilgan. Asosiy e'tibor profilaktika, patronaj, skrining, dispanser nazorati va kasalliklarni erta aniqlashga qaratilmoqda. Bu narsalar, ya'ni odamlarni oilaviy poliklinikalarga biriktirish ham elektron tizim asosida tashkil etilgan ekan.
– 418 mingdan ortiq aholi bilan elektron bitim tuzilgan, – so'zida davom etadi Farruh Rahmatillayev. – Fuqaroning qaysi oilaviy shifokor va tibbiyot muassasasiga biriktirilgani elektron tarzda rasmiylashtiriladi, tibbiy xizmat ko'rsatish jarayonini kuzatish imkoniyati kengayadi. Raqamlashtirish faqat aholini biriktirish bilan cheklanmayapti. “DMED” axborot tizimi orqali elektron yo'llanmalarni rasmiylashtirishni, tibbiy tashriflar tarixini, laboratoriya natijalari va boshqa ma'lumotlarni elektron shaklda yuritish imkoniyatlarini bosqichma-bosqich kengaytirmoqdamiz. Tizimni oilaviy poliklinika, maslahat-diagnostika bo'linmasi va markaziy shifoxona o'rtasida bemor harakatini muvofiqlashtirishda ham qo'llamoqdamiz.
Tibbiyotda raqamli texnologiyalarning ahamiyatini tushunish qiyin emas: bemor haqidagi ma'lumotlar bir tizimda jamlansa, uning avvalgi murojaatlari va tekshiruv natijalarini kuzatish osonlashadi. Bir muassasadan boshqasiga yo'naltirilgan bemor bo'yicha ma'lumotlar almashinuvi ham tizimli tashkil etilishi mumkin. Biroq bu imkoniyatlarning amaldagi samarasi elektron ma'lumotlarning to'liqligi, xodimlarning tizimdan foydalanish ko'nikmasi va texnik ta'minotga ham bog'liq. Farruh Rahmatillayev aytganidek, Denov tumani sog'liqni saqlash bo'limida “DMED” mobil ilovasi orqali shifokor qabuliga oldindan yozilish, tahlil natijalarini ko'rish, elektron reseptlar va avvalgi tashriflar haqidagi ma'lumotlardan foydalanish mumkin. Elektron bitim, yo'llanma va reseptlarning joriy etilishi tibbiy hujjatlar aylanmasini raqamli shaklga o'tkazishga xizmat qilmoqda.
Suhbat davomida Farruh Rahmatillayev tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik sharoitlarini yaxshilash tibbiyotda muhim masala ekanini misollar bilan tushuntirishga harakat qildi. Bu borada o'zlari nima ish qilishayotganini, bola yig'lamasa, ona sut bermas qabilida aytib berdi.
– Qaror ijrosini ta'minlash maqsadida viloyat hokimligi tomonidan tuman sog'liqni saqlash bo'limi tizimiga 11 milliard 900 million so'm ajratildi, – dedi Farruh Rahmatillayev. – Bu mablag'larning bir qismi ikkita oilaviy poliklinikani ta'mirlashga yo'naltirildi.
Uning ma'lum qilishicha, 2026 yilning ikkinchi yarmida 8-son va 10-son oilaviy poliklinikalar “Tashabbusli byudjet” loyihasida g'olib deb topilgan. Hozirda mazkur mablag'lar hisobidan tibbiyot maskanlarini ta'mirlash va zarur tibbiy jihozlarni xarid qilish ishlari olib borilmoqda ekan. Ayonki, tibbiy xizmat sifati faqat shifokorning bilimi va malakasi bilan belgilanib qolmaydi. Kasal odamni qabul qilish uchun munosib sharoit, zarur asbob-uskunalar, ishonchli axborot tizimi va xodimlar uchun qulay ish muhiti hammadan zarurligini Denovda birinchi o'ringa qo'yishadi. Buning natijasida poliklinikalarni ta'mirlash va jihozlashga qaratilgan ishlar natijasini baholashda ularning foydalanishga topshirilishi bilan birga, aholiga ko'rsatiladigan xizmatda qanday o'zgarish bo'layotganini ham monitoring qilib borishadi.
– Tajriba-sinov tariqasida sog'liqni saqlashni tashkil etishning yangi tizimi joriy etilgan respublikadagi 15 ta tuman va shahar orasida Denov tumani ham bor, – deya islohotlarning ko'lami va mas'uliyati xususida hamsuhbatimni qitiqlashga urinaman. – Bu holat siz rahbarlik qilayotgan jamoa zimmasiga qo'shimcha mas'uliyat yuklashi tabiiy. Bu yerdagi tajriba nafaqat tuman, balki yangi tartibni sinab ko'rayotgan boshqa hududlar uchun ham ahamiyatli bo'lishi mumkin.
– Albatta, bu bizdan mas'uliyat, harakat talab qiladi, – dedi Farruh Rahmatillayev. – O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog'liqni saqlash tizimidagi islohotlarni amalga oshirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori talablaridan kelib chiqib, faoliyatimizni tashkil qilganimiz bu borada qo'l kelmoqda.
Uning aytishicha, qaror doirasida qog'oz shaklida yuritilayotgan hisobotlarni elektron shaklga o'tkazish, tibbiyot xodimlarining ish yuklamasini kamaytirish va tibbiy ma'lumotlarni yagona axborot muhitida yuritish bo'yicha ishlar amalga oshirilgan. 33 ta poliklinika kompyuter jamlanmalari, planshetlar, printerlar, skanerlar, veb-kameralar, infokiosklar, monitorlar va patronaj sumkalari bilan jihozlanib, lokal tarmoqqa ulangan. Tibbiyot muassasalarini kompyuter texnikasi bilan ta'minlash va ularni yagona axborot muhitiga ulash raqamli boshqaruv uchun zarur sharoit yaratadi. Bu jarayonda faqat texnika soni emas, undan kundalik ishda qay darajada foydalanilayotgani ham muhim. Elektron hisobotlar xodimlarning ortiqcha qog'ozbozligini kamaytirsa, shifokor va hamshiralarning bemor bilan ishlashga ko'proq vaqt ajratishi uchun imkoniyat paydo bo'ladi. Denov tumanida yangi tashkiliy tizim doirasidagi ishlar aynan shu bir-biriga bog'liq yo'nalishlarni qamrab olmoqda: aholini tibbiyot muassasalariga biriktirish, birlamchi yordamni profilaktikaga yo'naltirish, elektron ma'lumotlar almashinuvini kengaytirish va muassasalarning moddiy-texnik imkoniyatlarini yaxshilash. Endi bu ishlar natijasi aholi uchun qanchalik qulaylik yaratayotgani, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini qay darajada kengaytirayotgani bilan namoyon bo'lishi kerak. Bunday o'zgarishlar markaziy shifoxona faoliyatida ham o'z ifodasini topmoqda. Bu yerda aholiga ixtisoslashtirilgan, shoshilinch va rejali statsionar tibbiy yordam ko'rsatish uchun hamma qulayliklar muhayyo. Shifoxona hududidagi ikki qavatli bino ta'mirdan chiqarilib, uning negizida maslahat-diagnostika bo'linmasi tashkil etilgan. Bu yerda tor soha mutaxassislarining faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratilgan.
– Tibbiy yordam sifatini oshirishda laboratoriya xizmatining o'rni ham katta, – suhbatga qo'shiladi Shohruxbek Jo'rayev. – To'g'ri tashxis ko'p jihatdan tahlil natijalarining ishonchliligi va o'z vaqtida olinishiga bog'liq. Biz markazlashgan laboratoriya xizmatini shakllantirish bo'yicha kompleks ishlar amalga oshirdik. Laboratoriya materiallarini qabul qilish, tashish va tekshirish jarayonlarini muvofiqlashtirish uchun yetti yo'nalish bo'yicha logistika sxemasi ishlab chiqilgan. Bu tartib tahlil materiallarining harakatini tizimli tashkil etib, laboratoriya xizmatini muvofiqlashtiradi. Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish esa profilaktik ko'riklar, patronaj, prenatal skrining, bolalar skriningi, emlash, mikronutrientlar bilan ta'minlash va sog'lomlashtirish tadbirlari bilan o'zaro bog'liq holda olib borilmoqda.
Haqiqatan ham, bu ishlar, avvalo, kasalliklarni barvaqt aniqlash, bolalarning sog'lom o'sishini qo'llab-quvvatlash va onalar salomatligini asrashga xizmat qilishi tabiiy. Tibbiyot faqat raqamlar, binolar, uskunalar va hisobotlardan iborat emasligi borasida fikrimiz bir joydan chiqib turgan chog'da, men yana Farruh Rahmatillayevga yuzlanib, undan uch yildan beri rahbarlik qilib kelayotgan ishidan, shifokorlik kasbidan, ko'ngliga iliqlik bag'ishlagan lahzalar borasida so'zlab berishni so'radim.
– Odamlar Yaratgandan yaxshi niyat bilan sog'liq, xotirjamlik so'rashlari bejiz emas, – dedi hamsuhbatim. – Sog'liq – bebaho ne'mat. Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, salomatlikni asrash uchun oz yemoq, oz uxlamoq va oz so'zlamoq lozim. Bu ulug' bobolarimiz ta'limoti, Bahouddin Naqshband ta'limoti. Tabobat ilmi badandagi dardlarni davolaganidek, shifokorning shirin so'zi ham dardga malham bo'ladi. Tibbiyot xodimi sovuqqon bo'lmasligi, odamlarga mehr ko'zi bilan qarashi kerak.
Oddiy tuyulgani bilan haq gaplar. Qaniydi, hamma do'xtirlar ham shunaqa bo'lsa! Afsuski, shifokorning qalbiga emas, qo'liga qaraydigan soxta do'xtirlar ham bugungi jamiyatimizda urchib ketgan. Avvalo, ularning o'zlarini davolash kerak. Farruh Rahmatillayev aytganidek, ularning ruhlarini davolash kerak! Uning so'zlariga quloq tutib turib, shular haqida o'yladim: nachora, kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi degan gap faqat isitmasi ko'tarilgan odamgagina taalluqli emas. Buni hammamiz tushunishimiz kerak, shunga qarab jamiyat tozalanishi lozim. Bilim va mahorat zarur, ammo halollik hammasidan ham zarur! Buni, mana, Denovdek olis makonda odamlar mehrini qozonganlar misolida ko'rib turibmiz. Dardga chalingan odam dardiga darmon bo'lish uchun ichilgan qasam muqaddasdir. Unga nafaqat malakali mutaxassis, balki tushunadigan, ko'ngliga taskin beradigan inson ham zarur. Shifokorning bir og'iz shirin so'zi, bemorga e'tibor bilan qarashi va uning tashvishini tinglashi ba'zan shuning uchun juda zarur.
– Yaqinda yolg'iz ona yordam so'rab murojaat qildi, – deydi Farruh Rahmatillayev bu fikrlar isbotini hayotdan keltirib. – O'g'li ikkinchi qavatdan tushib ketib, ikki yildan beri yura olmas ekan. Jarrohlik amaliyoti uchun mablag'i ham yo'q ekan. Mutaxassislarimiz bepul operatsiya qilishdi. Operatsiyada qo'llaniladigan, qiymati 8 million 800 ming so'm bo'lgan plastinkani esa oylik maoshim hisobidan Toshkentdan olib keldik. Qilgan muruvvatimdan o'zim ko'proq xursand bo'ldim.
Bu gaplarni tinglar ekanman, suhbatdoshimning kasbidan mamnunligi nimada ekanini yaxshiroq anglagandek bo'ldim. Ha, bu balandparvoz gaplar emas: hamma vaqt ham yordamga muhtoj oilaga madad qo'lini cho'zish, bolaning davolanishi uchun imkoniyat yaratish, onaning umidini so'ndirmaslik hayotiy mazmunga ega amallardir.
Bu o'rinda eng e'tiborli jihat shundaki, rahbar voqeani o'zini ko'z-ko'z qilish uchun emas, kasbidan olgan quvonchi tufayli esladi.
– Ko'pchilik o'zaro suhbatlarda “Farzandimiz sizga o'xshagan doktor bo'lsin”, deb niyat qilganida kasbimdan quvonib ketaman, – dedi u shifokorlik mehnatining o'ziga xos ma'nosini ifodalab.
Bunday e'tirofning qadri har qanday inson, kasb egasi uchun baland hisoblanadi.
Farruh Rahmatillayev kelgusi vazifalar xususida so'z yuritar ekan, profilaktika va kasalliklarni erta aniqlashni kuchaytirish, aholini skrining tadbirlari bilan qamrab olishni davom ettirish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish ustuvor yo'nalishlar ekanini ta'kidladi. Yuqori texnologik diagnostika va davolash usullarini kengaytirish, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, raqamlashtirishni chuqurlashtirish hamda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash esa doimiy vazifalar ekan. Kasallikni erta aniqlash, aholining profilaktik ko'riklardan o'z vaqtida o'tishi, tibbiy yordamga ehtiyoj sezgan insonning kerakli mutaxassisga murojaat qilishi va zamonaviy diagnostika imkoniyatlaridan foydalanishi – bularning barchasi aholi salomatligiga bevosita daxldor masalalardir. Suhbatdan olgan taassurotim shu bo'ldiki, sog'liqni saqlash tizimidagi tashkiliy ishlar va raqamli yangilanishlar qanchalik muhim bo'lmasin, ularning asosiy maqsadi inson manfaatiga xizmat qilishdan iborat. Tibbiyot muassasasi faoliyatining haqiqiy natijasi esa odamlarning dardiga malham bo'lish, ularga o'z vaqtida yordam ko'rsatish va salomatligini asrash yo'lidagi amaliy ishlar bilan o'lchanadi.
Denov tumani sog'liqni saqlash bo'limidan dilim yorishib qaytar ekanman, ustoz Toshtemir Turdiyevdan ich-ichimdan minnatdor bo'ldim. Ha, bilib aytgan ekanlar, tibbiyotda hayotbaxsh tizim, andoza yaratgan Denov tumani sog'liqni saqlash bo'limida el-yurti salomatligini ardoqlaydigan haqiqiy shifokorlar ishlar ekan. Dardiga darmon topganlar buni tasdiqlab, ularni duo qilishdi. Ilohim, qo'llari dard ko'rmasin!
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.
