Inson sha'niga chuqur ehtirom
Yozuvchi Qulman Ochilning “Erkak” nomli kitobini o'qib…
Milliy adabiyotimiz yangi asarlar bilan boyisa, badiiyat shaydolari undan qanday xabar topadi? Kitob “Koka-kola” yoki “Pepsi-kola” emaski, reklamasi har qadamda ko'zga tashlanib yoki quloqqa chalinib tursa.
O'zimdan gapirsam, yaxshi kitob qo'limga tushsa, fikru zikrim uni o'qishda bo'lib qoladi. Mutolaadan so'ng dilimdan o'tganlarini adabiyotga ixlosi baland do'stlarim, davradoshlarim, hamkasblarim bilan, ba'zan esa internet ijtimoiy tarmoqlarida ham bo'lishgim kelaveradi. Kitobxo'rlik menga otamdan o'tgan. Oilaviy an'ana. Qayd etmog'im zarurki, bunda munaqqidligu hakamlik da'vosidan yiroqman. Ayni zamonda men kabi kitobga mehr qo'ygan savobtalab safdoshlarimiz ko'payib borayotgani juda quvonarli.
Deylik, bitiklar har tomonlama pishiq, matni shirali, qahramonlar ishonarli, voqealar, syujet chizig'i kutilmagan yo'sinda rivojlansa, yakunlansa, kitobsevar uni xazina topgan odamday yoxud uzoq tashnalikdan keyin to'yib suv sipqorganday miriqib o'qiydi, rohatlanadi. Kitobning ta'sirida yuradi, voqealarni boshqalarga so'zlab beradi. Gapning qisqasi, bayramu tantana qiladi. Ayting, bunday zavqu shavqni, huzurni, jo'shqinlikni bandasi mutolaadan boshqa yana qaerdan, nimadan olishi mumkin?
Qulman Ochilning “Erkak” nomli hikoyalar va qissalar to'plamini o'qir ekanman, shunday huzur tuydim.
Kitobga so'zboshi yozgan O'zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A'zam qayd etganidek, uzoq muddat “rasmiy idorada qora mehnatning tagida bo'lib”, bamisoli “qish uyqusi”dan qaytgan Qulman Ochilning navbatdagi ushbu zabardast kitobiga sizning ham ko'zingiz tushgandir?
Mabodo uning asarlari bilan ko'pdan tanishib ulgurmagan bo'lsangiz, 2025 yili “PIR nashr” nashriyotida chop etilgan “Erkak” kitobini izlab topishni va astoydil o'qishni maslahat bergan bo'lar edim.
Mazkur to'plamdan adibning “Erkak”, “G'arov”, “Nadur xayoling”, “Juma kuni”, “Seni deyman”, “Senzura”, “Yigit so'zim”, “Topor”, “Qizil ko'rpacha”, “Botil, qotil va maqtul”, “Geri gedan”, “Pufak”, “Donobibi”, “Bog' sayri”, “Seni yana ko'rarmanmi?”, “Savdo” kabi sara hikoyalari, “Gardan va gardun”, “Qasd” qissalari joy olgan.
Yozuvchi umuminsoniy muammolarni qalamga olish barobarida bizning yuzimizga ham oyna tutadi. Oynaki, mutolaa davomida muxlis ajib bir evrilishni tuyadi: o'tayotgan kunlari, qiziqishlari, maqsadlari haqida o'zini so'roqlagisi keladi. Dunyoning o'tkinchiligi-yu odam bolasining asl maslagi to'g'ri yashab o'tish ekanini his qiladi. Bunda adibning katta hayotiy va ijodiy tajribasi ham muhim omil bo'lgan, albatta.
Shu boisdan bo'lsa kerak, adib asarlari markazida asosan hayot sinovlarida toblanib, fikri teran tortgan tajribali insonlar, ularning jiddiy o'y-xayollari, orzu-umidlari va o'zaro munosabatlari turadi. Adib asarlari o'ziga xos aql mashqi, qalbga yetar qayroqi so'zlar vositasida jilolangan teran badiiy tafakkur vositasi bo'lib xizmat qilishi shubhasizdir. Nega desangiz, muallifning kuzatishlarida noziklik, tug'yonlarida insoniylik, xulosalarida chuqur falsafiylik bor. Kishini o'ylashga, chin insonga xos pokizalikka undaydi.
Men avvalroq internet sahifamda kitobdan joy olgan har bir asar haqida muxtasar bo'lsa-da, fikrlarimni sharh usulida bayon qilgan edim. Bu gal yozuvchining badiiy mahorati alohida bo'rtib ko'ringan ikki asariga to'xtalib o'tmoqchiman.
“Erkak”ni o'qir ekanman, yurist sifatida xayolimda bir fikr bot-bot aylanib qolganini sezdim: muallif o'zi tasvirlayotgan qahramonlar ruhiyatini — psixologiyasini ipidan ignasigacha tasavvur qiladi, yaxshi biladi. Yaxshi bilgani uchun pishiq-puxta, ishonarli tasvirlaydi.
Insonni inson sifatida yuksaltirib turadigan mehvar nima? Uning o'ziga va jamiyatga munosabatida namoyon bo'ladigan ma'naviy qiyofasidir. Bu halollik, or-nomus, mehr-oqibat, o'zgalarning haq-huquqlariga hurmat, qaltis vaziyatda ham odamiylikni unutmaslik, inson sha'niga ehtirom demakdir. Inson sha'ni esa daxlsizdir.
Ilk bor 1985 yili e'lon qilingan “Pufak” hikoyasida qalamga olingan qarz so'rash azobi ko'pchilikka tanish: boshidan o'tgan biladi buni. Mabodo pul so'rab borgan odamingiz sizga yordam qo'lini cho'zmasa, ayni uqubat karrasiga ortadi. Biroq hikoya bosh qahramoni — Bolta polvon ustomon, chechan, ushlagan joyini kesib oladiganlar xilidan. Shunga qaramay, O'lja buvadek ishiga mahkam odamdan qarz undirish ham oson emas. Polvon tushmagur qariyaning o'ng iqidan keladi: uyiga “yangi eshik qo'ndirgan”ini so'rashdan boshlab, to cholni eritib-iyitmaguncha avraydi. Maqtaydiki, chol yorilib ketmaganiga hayron qolasiz.
Hikoyada tergov jarayoniga xos kechadigan ana shunday o'ziga xos dahanaki jang mahorat bilan tasvirlangan. Muallif voqealarga aralashib, birini ko'klarga ko'tarib, boshqasini qoralab tashlamaydi. Boshdan-oxir xolis va halol tasvirlaydi. Tili shirali, jozibali, zalvorli, boy. Eng muhimi, me'yorni saqlay oladi. Inson qalbining tub-tubida yashirinib yotgan sirlar tasvirida monolog, imo-ishoralar, nutq xususiyatlaridan ustalik bilan foydalanadi.
Asar qahramonlarining fe'li ajabdan-ajab. Shubha-gumonlari, hadiklari, yashirin maqsadlari va iztiroblari shunday jonli va samimiy ochib berilganki, go'yo o'zingizni voqea sodir bo'layotgan joy — O'lja buvaning uyida o'tirgandek his qilasiz. Yuzaki qaraganda arzimasdek ko'rinadigan detallar, xatti-harakat, gap-so'zlar, yengil yumor personajlar xarakterini bor murakkabliklari bilan batafsil ochishga xizmat qilgan.
Uchiga chiqqan quv yigit — Bolta polvon ko'z oldingizda bamisoli ustomon izquvar-tergovchiga, O'lja buva ehtiyotkor, lekin sodda gumondorga aylanadi. “Tergovchi” qarz bergisi kelmayotgan cholning o'ngu so'liga qildan nozik tuzoq qo'yishga, “gumondor” esa bu domdan o'zini goh u yoqqa, goh bu yoqqa tashlab, qochishga urinadi. Bir qarasangiz, hangomaga ham o'xshab ketadi. Aslida nima aytilgani emas, balki qanday aytilgani muhim emasmi?
Darvoqe, Bolta polvon qarz so'rash uchun kirayotganida hovli-bog'da sochi taqir qirilgan bolakay qo'lida puchayib qolgan pufakni puflab shishirayotganiga ko'zi tushgan edi. Asar yakunida polvon maqsadiga erishib, choldan pul undirib chiqayotganda qarasa, bolakay yorilgan pufagidan sibizg'a yasashga urinayotganini ko'radi. Polvon go'dakning yelkasiga qoqib qo'yar ekan, “Pufagingni axiyri yorib tinchiding-a!” deydi. Xuddi o'zi qariyani maqtayverib, gap bilan shishirmaganday, oxiri pufak kabi “yormaganday”… Yuzingizga tabassum yuguradi.
Asarlari chuqur psixologizm, detektiv asarlarga xos intriga va o'tkir ijtimoiy yo'nalishi bilan ajralib turadigan adibning badiiy mahorati “Qasd” qissasida ham yorqin namoyon bo'lgan. Hayotiy voqealarni odamlarning shaxsiy fojiasi bilan uzviylikda tasvirlash Qulman Ochil ijodiy mahoratining muhim jihatlaridandir. Adolat tuyg'usini, haqiqat uchun kurashuvchi insonni ko'ramiz. Bunday noyob jihatni atoqli huquqshunos, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yurist, ustozimiz Ubaydulla Mingboyev ham “Sharq yulduzi” jurnalining 2015 yili chop etilgan o'n ikkinchi sonida mazkur qissaga bag'ishlangan maqolasida alohida ta'kidlagan edi.
Ustozimiz qayd etganidek, asarda ma'naviy tanazzul bilan bir qatorda ijtimoiy-huquqiy muammo ham qalamga olingan. Baxtsizlik ro'y berganida ba'zi aybdor odamlar bag'rikenglik qila olmagani holda, hech bo'lmasa, o'z qilmishi uchun bir og'iz uzr so'ramaydi. Afsus-nadomat chekmaydi. Tavba-tazarru qilmaydi. Boz ustiga, aybini xaspo'shlashga urinadiki, balolar bolalab, boshiga ko'rgiliklar ustma-ust tushaveradi. Har qanday zamon va tuzumda doim dolzarb bu muammoning nomi — loqaydlik, qonunsizlik va olomon psixologiyasi bilan yashash ko'nikmasidir.
Qissada sodir etilgan jinoyatga munosib jazo berilmasligi oqibatida ketma-ket ikki-uchta fojia bir-biriga ergashib kelgani ochib berilgan. Natijada ahil-inoq qo'shnilar o'zaro dushmanga aylanadi. Ming urinmasin, hayotda adolat topolmagan fuqaro, tabiiyki, kalavasining uchini yo'qotib, xayoli parishon tortadi. O'ksik ahvolga tushadi: osmon uzoq, yer qattiq. Himoyasiz, madadsiz, yolg'izlanib qolgan alamzadaning niyati buzilib, adolatni o'z bilganicha tiklashga urinadi. Hukmni o'zi chiqarib, jazoni ham o'zi ijro etish payiga tushadi. Natijada uch aka-uka zimdan mahv etiladi. Anig'ini aytsak, olatasir zamon — o'tgan asrning 80-yillariga xos bir voqea.
“Qasd” qissasi odam bolasidagi kibr qanday badbaxtlikka olib kelishiga yaxshi misoldir. Bir odam ko'nglida bosh ko'targan bepisandlik, pastkashlik va hasad urug'i uni shayton malayiga aylantiradi. Voqeaning “asar ichida asar” shaklida bitilgani uning badiiy quvvatini yanada oshirgan. Adib uchun hayot — bir umrlik sinov maydoni. Hayotning o'zi kabi totli, rang-barang, murakkab: quvonchu fojia, sadoqatu xiyonat, boyligu nochorlik, uchrashish va ayrilish…
Fuqarolik pozitsiyasi mustahkam va adolatni buyuk qadriyat deb biladigan adib hayotni borligicha tasvirlaydi. Bo'yab-bejamaydi. Yolg'izlik va nochorlikka duch kelsa-da, qaddi bukilib qolmaydigan, nekbin insonlar qismati jonli va ravshan naql etilgan, ibratli qissa va hikoyalar. Hayot mantig'iga mos, noyob maftunkorlik barq urib turgan bunday asarlarni qiynalmay, zavqlanib, ma'naviy bahra olib o'qiysiz. Qasdlashish esa aslida insonning ojiz tomoni.
Qasdlashishning oxiri voy. Qissa qahramoni alamzadalik o'tida yonib, g'animlaridan o'zicha qasos olganidan keyin marhum ota-onasi, ukasining qabrini ziyorat qilgisi keladi. Nega ittifoqo bunday ziyoratga ehtiyoj sezganini o'zi ham anglamaydi. Balki ularning issiq taftini, mehrini qo'msagandir. Balki g'oyibona dardlashgisi kelgandir. Ehtimol, shu yo'l bilan o'zining nojo'ya qilmishlari uchun tavba-tazarru qilib, ruhi dunyosini ezib, azob berib yotgan og'ir o'ylarni, yolg'izlikni quvgisi kelgandir.
Ammo niyatiga yetolmaydi. Qabristonga jo'nash oldidan mashinasini astoydil yuvadi. So'ng o'zi ham poklanish, ham kiyimlarini almashtirish uchun uyiga kiradi va chiqib qarasa, ulovining to'rttala shinasi ham puchayib yotibdi. Kimdir teshib, yo'q, qovunday tilib-tilib ketibdi. Yamashning, tuzatishning hech iloji yo'q!
Kim bo'lishi mumkin? Atrofiga olazarak alanglaydi. Sal narida, baland qayrag'och tagida uch o'spirin – uch yigit o'ziga sinovchan qarab turganini ko'radi. Taniydi. Marhum uch aka-uka g'animlarining o'g'illari. Ich-ichidan bir nido, balki olov otilib chiqqanday bo'ladi: uning o'g'li yo'q-ku! Endi nima bo'ladi?!.. Besh qizni bergan Xudoyim unga birgina o'g'ilni ravo ko'rmagan edi.
Qasoskorning o'kinchi shunday satrlar bilan tugaydi: “O'sha kuni qabristonga borolmadim. Bir haftadan so'ng, yarim tunda tutqanoq kelib bo'g'zimdan oldi. Tuni bilan qon purkab chiqdim. Ushbu satrlarni o'qiyotganingizda esa men rahmatli ukam, ota-onam bilan xilxonamizda suhbat qurib yotgan bo'laman”.
Endi kitobda jamlangan asarlarning tili haqida to'xtalib o'tmasam bo'lmaydi. Yozuvchi qahramonlari oddiy, o'ziga xos va o'ziga mos so'zlaydi. Adib ularga zo'raki gaplarni tiqishtirmaydi. Rang-barang maqolu iboralardan, ma'nodosh so'zlardan keng foydalanadi. Aforizmlarga boy. Masalan: “To'n kiyishmagan bo'lsa-da, kiyishgandan qalin”, “Akamiz yetimday miskin, siniq”, “Amerikaga oyoq uzib ketdi”, “Bu noraso dunyoda o'g'rilik qilmagan odam bormi?”, “Tirttanglagani qoldi”, “Quyrug'i tog'oraga solinsa, kimga yoqmaydi?”, “Jizzaki, toshi juda yengil…”
Ehhe, kitobdan bunday ohori to'kilmagan, sizu biz ba'zan eshitib, ba'zan umuman uchratmagan qanchadan-qancha iboralar, qochirimlar, o'xshatishlarni topasiz. Fojiali hodisalarni tasvirlaydimi yoxud kundalik oddiy voqealardan hikoya qiladimi, qat'i nazar, bunday topilmalar unga ajib joziba va shira bag'ishlagan. Adibning uzun gapga toqati yo'q.
Aslida, Erkin A'zam ta'biri bilan aytganda, “hazillashib bo'lmaydigan asl bir adib”ning asarlari shunday bo'lishi ham kerak-da!
O'qirmanlarni mutolaa zavqiga munosib yana bir yangi va badiiy baquvvat kitob bilan tabriklasak arziydi, deb o'ylayman. Qulman Ochildan esa yana yangi asarlarni ixlosu qiziqish bilan kutib qolamiz.
Avaz ALIJONOV.
