Hunar ortidagi ilohiy zavq
yoki “Ikki eshik orasida”gi xaloskor yo'l
Yaqinda taniqli adib Xurshid Do'stmuhammadning “Tanlangan asarlar” to'plamini o'qiy boshladim. Yaxshi asar o'quvchiga yangi g'oyalar va teran fikrlar tuhfa etishi bor gap. Ushbu mutolaa jarayonida, ayniqsa, muallifning o'z hayoti va oilasi haqidagi xotiralari e'tiborimni tortdi. Unda shunday satrlar bor: “Hayhotdek oila, jo'jabirday jon. Otamiz xizmatda hisobchi-buxgalterlik qiladilar, uyda esa kosibchilik. Onamiz ham tinib-tinchimaydilar: do'ppi tepchiydilar, popop tikadilar, nimalarnidir bozorga olib borib sotadilar”.
Ushbu jumlalarni o'qirkanman, beixtiyor ko'z oldimda O'tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romanidagi bosh qahramonlardan biri — Rohila gavdalandi. “Bu ikki obraz o'rtasida qanday bog'liqlik bo'lishi mumkin?” dersiz. Men ko'rgan asriy bog'liqlik va o'xshashlik quyidagicha.
Rohila traktor haydaydi, dalada betinim ketmon chopadi. Uning chekkan iztiroblari, hayotiy fojialari o'ziga yetarli. Biroq barcha qiyinchiliklarga qaramay, uning ruhi orom topadigan, borlig'i zavqlanadigan hunari bor — u kashta tikadi. Xurshid Do'stmuhammadning otasi ham to'qqiz farzandning boshini qovushtirgan mas'uliyatli oila boshlig'i. Kun bo'yi idorada hisobchilik qilib charchashiga qaramay, uyga kelgach, oilasiga qo'shimcha daromad keltiradigan, asosiysi, ko'ngil zayli bilan bajaradigan yumushi — kosibchilik bilan shug'ullanadi.
Bugun texnologiyalar inson og'irini yengil, uzog'ini yaqin qilayotgan bir paytda, biz hunar beradigan o'sha sof ruhiy zavq haqida ozgina to'xtalib o'tmoqchimiz. Xalqimiz orasida “Hunarli kishi xor bo'lmas”, “Bir yigitga yetmish hunar oz”, “Hunar, hunardan rizqing unar” degan maqollar bejiz bot-bot takrorlanmaydi. Hunarli odam qaerga bormasin, o'z o'rnini, rizqini va el orasidagi izzatini topadi. Eng muhimi, u ushbu oltin merosni o'z farzandlariga ham yuqtiradi.
Bolaligimizda buvim rahmatli aytib bergan bir rivoyat hamon yodimda. Qaroqchilar qo'liga tushib qolgan bir podshoh o'zining gilam to'qish hunari sababli omon qoladi. U gilam naqshlariga yashirin belgi bitib, saroydagilarga xabar yetkazadi va asirlikdan ozod bo'ladi. Ertaklarda badiiyat bo'lishini, badiiyat qoidalariga ko'ra esa ayrim fikrlar yashirin, obrazli ifodalanishini inobatga olsak, bu yerda ham “Hunaring — sening hayotdagi eng katta xaloskoring” degan qadimiy hikmatni ko'ramiz.
Xo'sh, ota-bobolarimiz xulosasiga ko'ra, hunar insonni shunchalar yuksaltirar, mushkulotlardan xalos qilar ekan, biz nega bunchalik dangasalashib ketdik?
Avvallari momo va buvalarimiz nafaqat o'z hovlisini, balki ko'chalarni ham ozoda saqlab, rayhonlar, gullar ekishardi. Bugun esa goho uyimizdan chiqqan chiqindini belgilangan joyga olib borib tashlashga ham erinamiz. Mahallalarni aylanar ekansiz, shinamgina oshxonasi yo'qligidan, tomorqasini o't bosib, qarovsiz yotganidan uyalmay, o'zining kambag'alligi va sharoiti yo'qligidan noliydigan odamlarni uchratasiz. Ertayu kech g'aflat bosib, televizor va telefonga termilib o'tirgan odamga esa o'zidan boshqa hech kim yordam bera olmaydi.
Aslida, milliy ma'naviyatimiz an'analariga ko'ra, dangasalik ham uyat, ham jamiyatni ichidan kemiruvchi mudhish illatdir.
O'ylab ko'ring, yozuvchi Xurshid Do'stmuhammadning otalari davrida yoki Rohila ulg'aygan yillarda zamona bugungidek qulayliklarga boy bo'lmagan. Odamlar necha chaqirim yo'llarni piyoda yoki ot-ulovda bosib o'tishgan. Ammo shunda ham kasb yumushlaridan tashqari hunar bilan shug'ullanishga ulgurishgan. Bizda esa imkoniyat ham, vaqt ham yetarli, biroq hafsalasizlik dardiga yo'liqqandekmiz.
Axir hunar shunchaki kundalik tirikchilik yoki moddiy ehtiyojlarni qondirish manbai emas. U inson qalbining go'zal ko'zgusi, matonat va ichki irodaning yuksak tarbiyachisidir. Har bir tikilgan chok, har bir yo'nilgan yog'och yoki urilgan g'isht zamirida ulkan ruh oromi, fikrlar jamlanmasi va yaratuvchanlik falsafasi yashaydi. U insondagi, ayniqsa, yosh avloddagi nafosat, sabr-matonat, ziyraklik kabi xislatlarni tarbiyalaydi. Ya'ni hunarsiz inson faqat daromad manbaidan emas, ruhiy tarbiyadan ham mahrum bo'ladi.
Xalqimiz bejizga hunarni “zanglamas oltin”ga qiyoslamaydi. Mol-davlat tugashi, imkoniyatlar eskirishi, zamonlar o'zgarishi mumkin, ammo insonning barmoqlari orasiga yashiringan uquv va mahorat uni har qanday inqirozlardan, hayotning keskin bo'ronlaridan omon olib chiqadi. Demak, bugun biz farzandlarimizga qoldiradigan eng katta ezguligimiz — ularning ongiga mehnatsevarlik urug'ini ekish va qo'liga biror foydali kasb-hunar tutqazishdir.
Toki ayol-qizlarimiz yana qo'liga igna olib kashta tiksin, tikkan har bir takrorlanmas guli, tortgan har bir ipi bilan o'z xonadonlariga nafosat, fayz va qut-baraka olib kirsin. O'g'il-qizlarimiz ajdodlarimizdan qolgan milliy hunarlarni o'zlashtirib, yangi binolar tiklasin, eski an'analarni boyitib, zamonaviy mo''jizalar yaratsin. Zero, hunarli odam hayotda hech qachon zerikmaydi, ruhan tushkunlikka tushmaydi va ma'naviy yolg'izlanib qolmaydi. U o'z qo'li bilan yaratgan buyumidan, bunyod etgan imoratidan, peshona teri evaziga erishgan natijasidan o'zgacha bir ilohiy zavq, ichki xotirjamlik va g'urur tuyadi.
Zamon qanchalik o'zgarib, texnologiya qancha rivojlanmasin, inson qo'l mehnatining hosilasi bo'lmish hunar o'z qadrini aslo yo'qotmaydi. Rohilaning kashta tikishi va adib Xurshid Do'stmuhammadning otasi haqidagi xotiralari bizga bir haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi: hunar insonga nafaqat rizq, balki ruhiy tayanch, ma'naviy ozuqa vositasi hamdir. Bugungi qulay va shiddatli hayot tarzi bizni asta-sekin ana shu tayanchdan uzoqlashtirmoqda. Shuning uchun ham ajdodlardan qolgan bu boy merosni — mehnatsevarlik va turli-tuman hunarlarni yangi avlod qalbiga qayta singdirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri, desak, adashmaymiz.
Yana bir gap. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda maktab ta'limi haqida so'z yuritar ekan, bolalarimiz 11 yil o'qib, nega birorta hunarning egasi bo'lmay maktabni bitiryapti, deya kuyunchaklik bilan so'z yuritgan edi. Darhaqiqat, hunar — inson ziynati. Hunarli kishi hayotda qiynalmaydi. Eng muhimi, halol non topadi. Hunarsiz odamning esa joyi kelganda, qo'lidan hech narsa kelmaydi. Shu jihatdan “bir yigitga qirq hunar oz” degan naql bejiz aytilmagan bo'lsa kerak. Bu hikmatni har bir ota-ona o'ziga maqsad qilib olishi lozim. Mayli, farzandlarimiz o'qisin, ilmli bo'lsin, ammo, albatta, hech bo'lmaganda birorta hunarning ham boshini tutsin.
Mahmuda ISABOYEVA.
