Sukunatning ovozi
Qiziq, sukunatning ham ovozi böladimi? Bir qaraşda bu savolning özida mantiqqa siğmaydigan ziddiyat borday. Sukunat öz oti bilan sukunat-da, uni qanday eşitiş mumkin? Ammo hayotda şunday sukutlar borki, naʼradan-da qattiqroq jaranglaydi. Körib körmaganga oliş, bilib turib indamaslik, birovning dardini “menga nima” degan sovuqqon xayol bilan çetlab ötiş ham, aslida, sukunatdir.
Faqat bu osuda sukunat emas. Uning içida javobsiz savollar, aytilmagan haqiqatlar, eʼtiborsiz qoldirilgan odamlar va qarovsiz taşlab qöyilgan muammolarning ingroği, nolasi bor.
Taniqli publitsist Alijon Abdurahmonovning “Sukunat ovozi” kitobi ana şu saslarni eşitiş va eşittirişga urinişdan tuğilgan.
2026 yili “Akademnaşr” naşriyotida çop etilgan 408 sahifalik mazkur kitobga muallifning turli yillarda yozgan publitsistik maqolalari, esselari, suhbatlari, xotiralari, sportga doir bitiklari va hikmatnamo öylari kiritilgan. Sakkiz bölimga jamlangan saksonga yaqin materialni bir nafasda öqiş qiyin, albatta. Çunki mavzular köp, voqealar turfa, kayfiyatlar bir-biridan farq qiladi. Ammo ularni boğlab turgan bir tomir bor — bu kuyunçaklik. Bu qaraşning lönda ifodasi kitobning özida keltirilgan: “Dunyoqaraşning qandayligi dunyoga qanday qaraşga boğliq” (390-bet).
Kuyunçaklik — kasbning mohiyati
Kitobga sözboşi yozgan taniqli adib Xurşid Döstmuhammad: “Jurnalistlik kuyunçaklikdan boşlanadi”, debdi. Aslida ham butun töplamning ğoyaviy kaliti şu bir jumlada mujassamlaşgan. Alijon Abdurahmonov qalam urgan mavzusiga çetdan qarab, şunçaki xulosa çiqaradigan betaraf kuzatuvçi emas. U xatoni körsa, tutaqadi, adolatsizlikka duç kelsa, bezovta böladi, qarovsiz quriyotgan köçatni körsa, uvolini öylaydi. Gazetaning ahvoli oğirlaşsa, jamiyat tafakkuridan, ustoz unutilsa, kasbiy xotira uzilişidan xavotir oladi.
Uşbu kitobning boş qahramoni kuyunçaklik bölsa, uning deyarli har sahifasida uçraydigan körinmas salbiy qahramoni beparvolikdir. Beparvolikning esa qiyofasi köp. Mohir jurnalistning yutuği şundaki, u bu turfa qiyofalarni öta zakiylik bilan tanib olmoqda va bizga — öquvçilarga ham tanitmoqda.
Kitobdagi yana bir hikmat bu feʼlning ijtimoiy mohiyatini oçadi: “Hamma jonkuyarlar joy-joyida bölganida edi, hammasi joy-joyida bölar edi” (390-bet).
Sarlavhada boşlangan tahlil
Muallif maqolaga sarlavha qöyişni şunçaki mavzuga nom beriş deb tuşunmaydi. “Sukunat ovozi”ni öqib bölgaç, xayolimga kelgan ilk fikr şunday böldi. Muallif uçun sarlavha — birinçi savol, dastlabki kinoya, baʼzan esa hali isbotlanişi kerak bölgan iddao vazifasini bajaradi. “Özgarişsiz özgarayotgan taʼlim”, “Eʼtiborli eʼtiborsizlik”, “Kiyingan yalanğoçlar”, “Hisobi yöq zarar, huzuri yöq foyda”, “Çeklangan çeksizlik…” kabi sarlavhalarda qarama-qarşi maʼnolar töqnaşadi.
“Qoğozning uçinçi tomoni” sarlavhasini öqigan kişi: “Ikki tomonli qoğozning yana qaysi tarafi bor ekan?” deb öylay boşlaydi. Matnni öqigaç esa, “uçinçi tomon” moddiy buyumning emas, balki muammoni hal etişi lozim bölgan huquqiy va taşkiliy yordamning ramzi ekanini anglaydi. “Kalitsiz oçilayotgan eşik” yoki “Ölimdan söng… uyğoniş” deb nomlangan maqolalar ham xuddi şunday: avval öquvçi tasavvurida maʼlum bir manzarani paydo qiladi, söng uni ijtimoiy mazmun bilan töldiradi.
Yana bir yutuq şundaki, töplamdagi maqolalarda sarlavha, dalil va xulosa ulkan mahorat bilan boğlangan.
Uning öquvçi bilan munosabati ham bir tomonlama maʼruzaga öxşamaydi. “Nega?”, “Xöş?”, “Siz-çi?” degan savollar matnni oğzaki suhbatga yaqinlaştirib, öquvçini muhokama iştirokçisiga aylantirib qöyadi göyo.
Kitob yiğlasa…
Töplamning dastlabki bölimi “Yiğlayotgan kitoblar” deb nomlangan. Bu nom şunçaki badiiy taşbeh emas. Muallif uçun imloviy xatolarga, notöğri maʼlumotlarga va ğaliz jumlalarga töla kitob şunçaki nuqsonli matbaa mahsuloti emas, balki avlodlar tafakkuriga yetkazilayotgan maʼnaviy zarardir.
“Jinoyatçi…” — kitob!” maqolasi nabiralarning oddiy savollaridan boşlanadi. Bolalar mamlakatlar va poytaxtlar nomini turliça aytadi. Katta ota avvaliga ularni tuzatmoqçi böladi. Keyin maʼlum böladiki, bolalar adaşayotgani yöq — ular kitobda qanday yozilgan bölsa, şunday öqigan. “Vpetnam”, “Frantsiya”, “Möquliston”, “Polpşa” kabi ğalatiliklar kitobni tayyorlagan kattalarning “ijodi” ekan.
Bu “ijod”ga berilgan taqrizlar haqidagi kesatiq ham nişonga bexato tegadi: “Bu ilmiy darajali taqrizçilar ham kitobni aniq “boş kötarolmay” öqişgan” (13-bet).
Voqea kulgili. Ammo aslida kulgili emas.
Muallif şu nuqtadan muhim savolga ötadi: bir kişi jinoyat qilsa, qonun oldida javob beradi. Xöş, bolalarni çalğitadigan, ularga notöğri bilim beradigan “jinoyatçi kitob” uçun kim javob beradi?
Bu savol “Kitobdan qölingni tort, savodsiz!” deb nomlangan maqolada yanada keskinlaşadi. Maqolada Lev Tolstoy va Fedor Dostoyevskiy asarlaridan tortib, bolalar luğatigaça yöl qöyilgan xatolar misolida kitob naşr etiş ayrimlar uçun maʼrifiy xizmat emas, şunçaki pul topiş vositasiga aylangani, eng açinarlisi, kitobda muharrir deb körsatilgan kişi baʼzan öşa qölyozmani umuman körmagan bölib çiqişi oçib beriladi.
Tarjima bozoridagi ahvolni esa muallif bitta savol bilan foş etadi: “Asliyatdan “asar” ham qolmagan asarlarni kim özbekçaga ögirgan özi — tarjimonmi yo “Google Translate”?” (24-bet).
Maqola mutolaasidan söng şunday xulosaga kelasiz: demak, kitobning yiğisi harfdagi xatodan emas. U kasbiy vijdon yöqolganidan yiğlayapti.
Beparvolikning ming bir qiyofasi bor
“Muammo, mulohaza, munosabat” bölimida mehnat huquqi, taʼlim, matbuot anjumanlari, yöl va transport, istirohat boğlaridagi xavfsizlik, daraxtlar taqdiri, tahririyatlarning ahvoli qalamga olingan — bir qaraşda bularning har biri alohida mavzu. Muallif esa ular orasidagi içki boğliqlikni topgan. U ham bölsa: vazifani bajargandek körsatiş bor, ammo natija uçun javob beriş kam.
“Savolingiz mavzuga oid emas…” maqolasida esa matbuot anjumani oçiq muloqot maydoni emas, oldindan belgilangan gaplarni aytiş marosimiga aylanib qolgan holatlar tanqid qilinadi. Jurnalist uçun mavzu çegarasi bordir, lekin jamoatçilik muammosining bunday çegarasi yöq. Odamlar sörayotgan savolga javob berilmas ekan, “matbuot anjumani ötkazildi” degan hisobotning kimga keragi bor?
“Ular tik turib jon bermasinlar” maqolasida muallif köçat ekiş tadbirlarining taşqi dabdabasi bilan keyingi qarovsizlik örtasidagi tafovutni körsatadi. Surat bor, hisobot bor, raqam bor. Ammo suv yöq, parvariş yöq, javobgarlik yöq. Bu örinda köçat emas, hisobot “kökaradi”. Saraton kelgaç esa, baland raqamlar ortidagi nihollar tik turgança jon beradi.
Kitobdagi turli mavzular oxir-oqibat bitta talabga kelib taqaladi: hisobot uçun emas, inson uçun işlaş kerak.
Muallif tanqid nişoniga uzoqdan toş otmaydi. U joyiga boradi, eşik qoqadi, suhbatlaşadi, raqamlarni taqqoslaydi, masʼulning javobini ham keltiradi. “Qoğozning uçinçi tomoni” maqolasida qoğoz narxining oşişi şunçaki tahririyatning içki taşvişi sifatida emas, bosma matbuot kelajagiga daxl qiluvçi iqtisodiy muammo tarzida tahlil etiladi. Import, narx, gazeta adadi, matbaa xarajati, toşdan qoğoz işlab çiqariş imkoniyati — bular bir maqola içida özaro boğlanadi. Muallif muammoning “ikki tomoni”ni körsatibgina qolmay, uni hal etişga yordam berişi mumkin bölgan “uçinçi tomon”ni — huquqiy va amaliy kömakni qidiradi.
Biz aynan şu yondaşuvni Alijon Abdurahmonov publitsistikasining muhim belgilaridan biri deb bildik. Tanqid muallif uçun şunçaki aybdorni topiş emas, balki muammoning sababi, oqibati va imkon qadar yeçimini körsatiş deganidir. Aks holda, maqola ham jamiyatdagi navbatdagi şovqin manbalaridan biriga aylanib qolaveradi.
Töplamning eng taʼsirçan sahifalari Alijon Abdurahmonovning ona tili haqidagi maqolalaridir. Ayniqsa, “Qöştirnoq”siz özbek tili” şakl va mazmun birligi jihatidan alohida ajralib turadi. Maqola boşidan oxirigaça özbekça-rusça qorişiq nutqda yozilgan. Muallif muammoni şunçaki şarhlamagan — uni öquvçining quloği ostida “gapirtirgan”.
Avvaliga kulamiz. “Podʼyezd”, “sosed”, “konkret”, “toçno”, “zakaz”, “skidka”, “dostavka”lar aralaşgan gaplar taniş eşitiladi. Keyin kulgimiz ortida bir xijolat paydo böladi: axir bu nutqni qayerdadir eşitganmiz, balki özimiz ham şunday gapirarmiz. Hajvning yutuği şundaki, u öquvçining özini ham közgu oldiga olib keladi.
“Bu sporda ne tolko siz, hamma yutqazdi. Pobeditel bölsam-da, kak skazat, daje men ham yutqazdim” (210-bet). Hajvning hukmi ham qahramonning özi işlatgan qorişiq tilda çiqarilgan: bu bahsda rostdan ham hamma yutqazgan.
Muallif boşqa tildan söz kirişiga şunçaki qarşi kuraşayotgan til posboni emas. Masala tilning tabiiy boyişida emas, öz sözimiz bor böla turib, uni qidirişga erinişdadir; ona tilida ravon gapirişni madaniyat belgisi deb bilmaslikdadir. Bunday eʼtiborsizlik uzoq davom etsa, inson avvaliga sözni, keyin esa şu söz taşib kelayotgan xotira va tafakkurni yöqotadi.
Tanqiddan keyingi mehr
Agar kitob faqat xato, nuqson va kamçiliklar tanqididan iborat bölganida, öquvçini toliqtirib qöyişi mumkin edi. Lekin “Sukunat ovozi”ning ikkinçi bir oqimi bor: mehr, oqibat, soğinç va eʼtirof.
“Mezbon maqomidagi mehmon” bölimida muallif savol beruvçi bölsa-da, suhbat markaziga özi çiqmaydi, mezbonlik mavqeini suhbatdoşiga topşiradi. Jurnalist, noşir, sanʼatkor, rejissyor, sportçi va çempionlarning gaplari orqali muayyan sohalarning dardi, orzusi va içki muhiti oçiladi. Yaxşi suhbatning belgisi savolning uzunligida emas, suhbatdoşni gapirtira olişda ekani namoyon böladi.
“Keçinmalar”da esa biz tanqidçi jurnalistdan köra köproq inson Alijon Abdurahmonovga yaqinlaşamiz. “Alik”dan qolgan hadik”da tilla tiş bilan boğliq kulgili voqea nafs, ğurur va ötkinçi havas haqidagi aççiq saboqqa aylanadi. Pandemiya kunlaridagi qisqa, ammo uzoq tuyulgan telefon suhbatlari, oila aʼzolarining soğinçi, xavfli şaroitda odamlarga xizmat qilişga otlangan umr yöldoşi haqidagi sahifalarda muallifning keskin ohangi yumşaydi. Odatda, jamiyatdan masʼuliyat talab qiladigan qalam bu yerda öz qalbini söroq qiladi.
“U “sur…” degandi. Keyin men “surdim”…”. “Aslida esa, “salom”ni aliksiz qoldirmaslik uçun borgan edim…” (293-bet). Qahramonning ğururi, şoşqaloqligi va keyingi xijolati şu ikki söz öyiniga siğib ketgan.
“Unutmoq osonmas ularni” bölimidagi xotiralar ham oddiy taʼziya yoki tarjimai hol emas. Saydi Umirov, Mamadali Mahmudov, Ahmadjon Muxtorov va boşqa ustozlar haqida yozar ekan, muallif ularning unvonini emas, xotiralarda qoldirgan izlarini qidiradi. Boyböta Döstqorayevning Saydi akaning vafotidan bexabar holda: “Salom ayting…” deyişi kabi birgina tafsilot katta döstlik qissasini oçib beradi. Bu ustozlarni yaqindan bilganlar mijjasiga bir tomçi yoş ham sizdiradi.
Öttiz yillik solnoma
Töplamda 1994 yildan 2025 yilgaça matbuot yuzini körgan materiallar bor. Şu jihatdan “Sukunat ovozi”ni bir jurnalistning sara asarlari töplamigina emas, balki öttiz yildan ortiq davrning publitsistik xotirasi deyiş mumkin.
Unda keçagi özbek matbuotining muhiti, tahririyatlar ahvoli, obuna taşvişi, qişloq yöllari, taʼlimdagi özgarişlar, tilga munosabat, sportdagi armon va quvonçlar aks etgan. Davr faqat qarorlar, sanalar va katta voqealar bilan tarixga kirmaydi. U odamlarning qanday gapirgani, nimadan kuyungani, qaysi savolga javob topolmagani bilan ham xotiraga aylanadi.
Öşa davrning axloqiy muhitini muallif bir satrga siğdiradi: “Qayon qarama — şovqinli jimjitlik…” (388-bet). Şovqin köp, ammo haqiqatning ovozi past bölgan yillar uçun bundan aniqroq taşxis topiş qiyin.
Xolis aytganda, kitobda muallifning sevimli usullari baʼzan köp takrorlangan. Ritorik savollar, qöştirnoq içiga olingan kinoyali sözlar, uç nuqtalar, “afsuski”lar va söz öyinlari gazetada alohida-alohida öqilganda kuçli taʼsir qiladi. Töplamni boşdan oxirigaça mutolaa qilganda esa ayrim örinlarda bir xil ohang tarzida sezilib qoladi. Baʼzi maqolalar davrning dolzarb xabariga yaqinroq, baʼzilari esa vaqt sinovidan ötadigan esse darajasiga kötarilgan. Ayrim keskin hukmlar öquvçini bahsga ham çorlaydi.
* * *
Kitobning sönggi qismida hajman katta maqolalar örnini qisqa dilbitiklar egallagan. Sinçkov kuzatuv va tahlillar bir-ikki satrga siqilgan. Göyo muallif şunça gapdan keyin öquvçini sukut bilan yuzma-yuz qoldiradi: “Heç narsa demadi, borini aytib…” (389-bet).
Bu paradoks — kitob sarlavhasining ham, muallif uslubining ham eng lönda avtoportretidir.
“Tinglay desang sukunatning ovozini, qabristonda sukunatga quloq tut”, deydi u. Bu satrni faqat ölim haqidagi öy deb tuşuniş kamlik qiladi. Qabriston — keçikkan eʼtiroflar, aytilmay qolgan rahmatlar, qadriga yetilmagan odamlar va qaytarib bölmaydigan vaqt haqida sizga istagança unsiz sözlab berişi mumkin bölgan eng rostgöy makon. U yerda heç kim baland gapirmaydi, ammo inson öziga eng muhim savollarni aynan öşa joyda beradi.
Işonç bilan aytiş mumkinki, Alijon Abdurahmonovning kitobi jurnalistikaga yana bir oddiy, ammo unutilayotgan haqiqatni eslatadi: jurnalistning vazifasi şovqin-suronni yanada kuçaytiriş emas, balki şu şovqin ostida eşitilmay qolayotgan haqiqatni topişdir. Buning uçun bilim ham, mahorat ham, jasorat ham, eng muhimi, kuyunçak yurak ham kerak.
Abdulhamid MUXTOROV,
Özbekiston Jurnalistlar
uyuşmasi aʼzosi.
