Hayot momaqaldirog'i ostida

O'zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A'zamning “Momaqaldiroq ostida sayr” romanini o'qib…

Atoqli adib Erkin A'zam — zamonaviy o'zbek nasrida insonning botiniy dunyosi, ruhiy evrilishlari, shaxs va jamiyat munosabatlarini o'ziga xos uslubda tadqiq etib kelayotgan yozuvchilardan biri. Uning asarlarida hayot voqeligi shunchaki hikoya qilinmaydi, balki inson qismati orqali zamonning ma'naviy qiyofasi ochib beriladi. Shu bois adib qahramonlarini anglash, avvalo, ular yashayotgan muhit va davrni anglashni taqozo etadi.

Adibning “Shovqin”dan keyingi ikkinchi romani — “Momaqaldiroq ostida sayr” ham ana shu ijodiy izlanishlarning mantiqiy davomidir. Asar voqealar silsilasidan ko'ra inson ongida kechayotgan iztiroblar, ikkilanishlar, orzu-armonlar hamda ma'naviy tanlovlarning badiiy ifodasi sifatida e'tiborni tortadi.

Romanni o'qir ekansiz, asar sarlavhasidagi “momaqaldiroq” oddiy tabiat hodisasi emasligini anglaysiz. U inson va zamon, taqdir va tanlov, umid va iztirob o'rtasidagi ziddiyatlarni birlashtirib turgan katta badiiy ramzga aylanadi. Qahramonlarning har biri, ta'bir joiz bo'lsa, o'z hayotining “momaqaldirog'i” ostida yashaydi.

Roman voqealari Jiydali — Pattakesar — Toshkent yo'nalishida kechadi. Ammo bular shunchaki jug'rofiy manzillar emas. Asar markazida turgan Iskandar, Oyravshan va G'ayratning taqdiri aynan shu makonlar oralig'ida turli sinovlarga duch keladi. Ularning uchalasi ham bir qishloq, bir ko'cha, bir davr farzandlaridir. Ammo hayot yo'llari, tanlovlari va qismatlari tamomila boshqa-boshqa. Jiydali esa ularni birlashtirib turgan ma'naviy ildizdir. Qahramonlar qaerga bormasin, qanday martaba yoki muhitga tushmasin, ularning bolaligi, xotiralari, dastlabki orzu va armonlari shu qishloqqa borib taqaladi. Voqealarning yana Jiydaliga qaytishi ham bejiz emas. Inson dunyoni kezishi, hayotning turfa ko'chalarida sargardon bo'lishi mumkin, ammo baribir bir kun o'z ibtidosiga yuzlanadi.

Muvaffaqiyatning bahosi

Iskandar obrazini anglash uchun uning bolaligiga qaytish kerak. Otasining ko'mir konidagi baxtsiz hodisada halok bo'lishi, onasi — beva Mayramning ikki yetimni mashaqqat bilan katta qilishi uning qalbida o'ksiklik qoldiradi. Bu o'ksiklik yillar o'tib yo'qolib ketmaydi, aksincha, boshqalarga o'zini isbotlash ehtiyojiga aylanadi. Yoshligida Dilraboga yetisha olmasligi, ijtimoiy tengsizlik tufayli kamsitilishi bu tuyg'uni yanada kuchaytiradi. Bir og'iz malomat uning bolalik ­dunyosini sindiradi. Keyingi umri esa go'yo ana shu singan dunyoni “chegalash, yamash, qaytadan tiklash” bilan o'tadi. Shu nuqtadan boshlab Iskandar uchun mansab, obro', boylik va ijtimoiy mavqe oddiy hayotiy maqsad bo'lmay qoladi; ular o'zining kimligini isbotlash vositasiga aylanadi. U yoshligida orzu qilgan martabaga ham, Dilraboga ham erishadi, ammo baxtga emas. Mana shu yerda adib inson tabiatiga oid g'oyat nozik bir haqiqatni ochadi: odam ba'zan orzusiga erisha olmagani uchun emas, balki unga erishgandan keyin ham baxt topolmagani uchun fojiaga duch keladi.

Iskandar — tashqi tomondan muvaffaqiyatli inson: lavozimi, oilasi, obro'si va moddiy imkoniyatlari bor. Ammo bular uning botiniy bo'shlig'ini to'ldira olmaydi. Aksincha, tashqi muvaffaqiyat ortgani sayin ichki xotirjamlik kamayib boradi. Uning fojiasi kambag'allikdan boylikka yoki oddiylikdan mansabga ko'tarilganida emas. Fojia shundaki, u hayot yo'lida maqsad bilan vositani adashtirib qo'yadi, inson qadrini lavozim, nufuz va imkoniyat bilan o'lchay boshlaydi. Eng qizig'i, Iskandarning kasbi — prokurorlik. U qonun va adolatni himoya qilishi kerak. Ammo shaxsiy hayotida boshqa bir qonun — vijdon qonuni oldida mag'lub bo'ladi. Shu tariqa adib ikki xil qonunni ro'baro' qo'yadi: birinchisi — jamiyat belgilagan qonun, ikkinchisi — insonning botinidagi qonun. Inson birinchisini mukammal bilishi, hatto uni himoya qilishi mumkin, ammo ikkinchisini buzsa, ma'naviy mag'lubiyatdan qochib qutula olmaydi.

Sinovlardan o'tgan Oyravshan

Oyravshan — romandagi eng murakkab obrazlardan biri. U — ijodkor, shoirtabiat, joni jasadiga sig'maydigan, hissiyotga beriluvchan va ayni paytda hayot zarbalariga dosh berishga majbur ayol. Uning taqdirida muhabbat ham, xiyonat ham, ijtimoiy adolatsizlik ham, e'tirof va mag'lubiyat ham bor. G'ayrat bilan bog'langan ilk samimiy tuyg'ular Iskandarning xatti-harakatlari tufayli parchalanadi. Oyravshan ota-onasi bag'riga ham qayta olmaydi, ishidan ham ayriladi. Shu tariqa bir xatoning asorati ushbu ayolning butun hayot yo'lini o'zgartirib yuboradi. Ammo Oyravshanni faqat jabrdiyda ayol sifatida talqin qilish to'g'ri bo'lmaydi; adib uni ideallashtirmaydi. Uning ojizligi ham, adashishlari ham, kuchli tomonlari ham bor. Shu jihatdan qahramon kitobxonga tirik inson sifatida yaqinlashadi.

Oyravshanning viloyatdan Toshkentga kelishi — oddiy makon almashinuvi emas. Poytaxt uning uchun o'zini qayta topish, yangi hayot boshlash maydoniga aylanadi. U tahririyatda ishlaydi, ijodiy muhitga kiradi, she'rlari chop etiladi. Opa singari insonlarning ishonchi unga qaytadan oyoqqa turish imkonini beradi. Asarda Opa Oyravshanga ro'molcha sovg'a qiladi. Bir qarashda — oddiy maishiy detal, ammo bu ro'molcha ishonch va ma'naviy estafeta ramziga aylanadi. Oyravshan bu ishonchni har doim ham oqlay olmaydi, lekin adib shu orqali inson hayotida uni qo'llab-quvvatlaydigan, yiqilganida turg'izadigan kishilarning o'rni naqadar muhimligini ko'rsatadi.

Keyinchalik Rais bobo ham uning hayotida ana shunday tayanch vazifasini bajaradi. Oyravshanning deputatlikka intilishi, saylov jarayonidagi nohaqliklarga duch kelishi orqali esa asar shaxsiy qismat doirasidan chiqib, jamiyatdagi adolat va adolatsizlik muammosiga tutashadi. Oyravshan taqdiri orqali adib yana bir muhim haqiqatni ko'rsatadi: insonning adashishi uning batamom yo'qolganini anglatmaydi, muhimi — o'z xatosini anglash va ortga, asliyatga qaytishga kuch topa bilishdir. Shu jihatdan Oyravshanning yo'li Iskandarnikidan farq qiladi. Ikkalasi ham adashadi, ikkalasi ham nafs, orzu, ehtiros sinovidan o'tadi. Ammo biri oxir-oqibat o'zi qurgan dunyoning qurboniga aylansa, ikkinchisida o'zini qayta anglash va ma'naviy tiklanish imkoni qoladi.

“O'ta to'g'ri” odam

G'ayrat esa boshqa olamning odami. Uning tabiatida murosasizlik, to'g'riso'zlik va haqiqatparastlik bor. Romanda jiydalilik Juma To'qsabo tilidan berilgan “o'ta to'g'ri bala ekan” degan ta'rif — G'ayrat xarakterining kaliti. U mehnat qiladi, ammo o'z haqini undirishga kelganda uddaburonlik qila olmaydi, manfaat uchun egilishni, vaziyatga qarab tuslanishni bilmaydi.

Bu xususiyat — uning ham kuchli, ham zaif tomoni. Ammo adolatsizliklar va hayot zarbalari G'ayratni ma'naviy jihatdan mag'lub eta olmaydi. U manfaat uchun o'zgarmaydi, muhitga moslashish uchun e'tiqodini sotmaydi. Oyravshanga bo'lgan munosabatida ham hirs yoki manfaat emas, samimiyat ustunlik qiladi.

Shu jihatdan Iskandar va G'ayrat romanning ikki qarama-qarshi qutbiday taassurot qoldiradi. Biri muhit qonunlarini juda yaxshi o'zlashtirib, zohiriy jihatdan yutadi, ammo o'zini yo'qotadi. Ikkinchisi hayotda ko'p narsadan quruq qolsa-da, o'zligini saqlab qoladi.

Davr ham qahramon

“Momaqaldiroq ostida sayr”ni faqat uch inson taqdiri haqidagi roman deb bo'lmaydi. Unda yaqin o'tmishimizning ijtimoiy-ma'naviy manzaralari ham bor. Mansab va manfaat, soxta obro', saylovdagi adolatsizlik, elita hayoti, ma'naviy tanazzul, o'zga yurtlardan “jannat” izlash, inson munosabatlaridagi samimiyatning kamayishi — bularning barchasi qahramonlar qismati orqali ko'rsatiladi. Adib davr haqida alohida ma'ruza o'qimaydi; zamonning qiyofasi odamlarning xatti-harakatlari, tanlovlari va taqdirida namoyon bo'ladi. Romanda paxta siyosati bilan bog'liq manzaralar ham ta'sirchan tasvirlangan. Sovuqda g'o'zapoya yulib yurgan xotin-qizlarni ko'rgan Oyravshanning ichki isyoni bir shaxsning kechinmasi bo'lib qolmaydi — u butun bir davrning og'rig'iga aylanadi. Qahramonning iztirobi orqali ijtimoiy voqelikning inson ruhiga yetkazgan jarohati ko'rinadi.

Shu ma'noda romanda davrning o'zi ham go'yo alohida qahramondir. U odamlarni sinaydi, o'z domiga tortadi, ba'zilarni o'zgartiradi, ba'zilarni sindiradi. Ammo insonning qanday yo'l tutishi, baribir, uning ma'naviy tanloviga bog'liq.

Sel yuvgan ko'prik

Asardagi sel va ko'prik manzarasiga alohida e'tibor qaratish lozim. Romanning boshlanishida Jiydali bo'sag'asidagi ko'prikni sel yuvib ketadi. Yo'lovchilar manzil tomon o'ta olmay qoladilar. Qizig'i, adib aslida asar yakuniga tegishli voqeani “Sel” — “Xotimaning boshi” tarzida roman avvaliga olib chiqqan. Bu kompozitsion usul kitobxonni dastlabki lahzalardanoq asarning fojiaviy ruhiga olib kiradi. Shu bilan birga, roman oxiri va boshi o'rtasida ramziy halqa hosil bo'ladi. Ko'prik — shunchaki qurilish inshooti emas, u o'tmish va bugun, inson va uning ildizi, odamlar o'rtasidagi ma'naviy aloqaning ham ramziday taassurot qoldiradi. Selning ko'prikni buzishi esa hayotdagi ijtimoiy va ma'naviy larzalar insonlar o'rtasidagi bog'liqlikni ham yemirishi mumkinligini anglatadi. Ammo qahramonlarning yana Jiydaliga qaytishi muhim. Yo'llar ayro tushgan, taqdirlar o'zgargan, odamlar boshqa-boshqa dunyolarda yashagan bo'lsa-da, ma'naviy ibtido ularni yana bir joyga to'playdi.

Momaqaldiroq nimaning ramzi?

Asar nomlanishiga yana qaytamiz. Momaqaldiroq — bir lahzada osmonni yoritib, ortidan gumburlagan ovoz bilan insonni sergak torttiradigan tabiat hodisasi. Romanda esa u butun bir hayotning metaforasiga aylangan. Inson umri ham bir tekis kechmaydi: unda sokin kunlar ham, to'satdan boshlangan “momaqaldiroqlar” ham bor. Taqdirning kutilmagan burilishlari, muhabbat, xiyonat, mansab, yo'qotish, orzu va pushaymon — bularning barchasi insonni sinaydi. Iskandar ham, Oyravshan ham, G'ayrat ham o'z “momaqaldirog'i” ostida yashaydi. Biri mansab va nafs, biri muhabbat va adashish, yana biri haqiqat va murosasizlik sinoviga duch keladi. Ularning taqdiri turlicha yakun topadi.

Iskandarning fojiali o'limi shu ma'noda tasodifiy xotima emas. Asar boshidagi sel ko'prikni vayron qilganidek, nafs va manfaat Iskandarning ichki dunyosini yemirib boradi. U juda ko'p narsaga erishadi, ammo eng muhim boylik bo'lmish ma'naviy xotirjamlikni yo'qotadi. Oyravshan ham adashadi, yiqiladi, turli sinovlarni boshdan kechiradi. Ammo unda o'zini anglash, ma'naviy poklanishga qaytish imkoni bor. G'ayrat esa beqaror zamon ichida ham odamgarchiligi va hayotiy pozitsiyasini saqlab qoladi. Shu uch taqdir orqali romanning asosiy falsafiy savoli ochiladi: inson zamonni o'zgartiradimi yoki zamon insonni? Ehtimol, har ikkisi ham to'g'ridir. Inson muhit ta'sirida o'zgaradi, ammo oxirgi tanlov baribir uning o'ziga tegishli.

Asarning o'ziga xos qurilishi

Bizningcha, “Momaqaldiroq ostida sayr”ning badiiy ta'sirini kuchaytirgan jihatlardan biri — uning kompozitsion qurilishi. Voqealar odatdagidek boshidan oxirigacha izchil xronologik tartibda hikoya qilinmaydi. Bugundan kechaga, kechadan yana bugunga qaytiladi. Xotiralar, ichki monologlar, turli qahramonlarning qarashlari bir-biri bilan tutashib ketadi. Bunday mozaik qurilish bejiz tanlanmagan. Chunki inson xotirasi ham voqealarni taqvim tartibida eslamaydi; bir ovoz, bir manzara yoki bir uchrashuv uni o'tmishning olis nuqtasiga olib ketishi mumkin. Adib shu tabiiy ruhiy jarayonni roman qurilishiga singdirgan. Asarda birgina qahramonning nuqtai nazari ustun emas. Bir voqelikka turli odamlar turlicha qaraydi. Natijada kitobxon tayyor hukmni qabul qilmaydi, balki voqealarni Iskandar, Oyravshan, G'ayrat va boshqa qahramonlarning taqdiri orqali solishtirib, o'zi xulosa chiqarishga majbur bo'ladi. Bu usul asarga ko'p ovozlilik bag'ishlaydi. Xotiralar va voqealarning tez-tez almashinuvi esa romanga kinematografik harakatchanlik beradi. Go'yo kadrlar almashadi: bir lahza Jiydalidasiz, keyin Toshkentda, yana bir zumda qahramonning bolalik xotirasiga qaytasiz.

Shuning uchun romanning shakli ham uning mazmuniga xizmat qiladi. Parokanda zamon va ziddiyatli inson ruhiyati mozaik kompozitsiya vositasida ifodalanadi.

Hayot yo'llarida…

Romanda fojia va iztirob ko'p. Xiyonatlar, yo'qotishlar, adolatsizliklar, inson taqdiridagi kutilmagan burilishlar ba'zan kitobxonni ham ruhan bezovta qiladi. Milliy adabiyotimizdagi nisbatan sipo va umidbaxsh xotimalarga o'rgangan o'quvchi uchun ayrim sahnalar og'ir tuyulishi ham mumkin. Biroq hayot hamisha biz istagan tartibda kechmaydi. Adabiyotning vazifasi esa faqat tasalli berish emas, balki insonni hayot haqiqati bilan yuzlashtirish hamdir. Yozuvchining mahorati shundaki, u qahramonlariga tayyor hukm chiqarmaydi, ularni mutlaq yaxshi yoki mutlaq yomonga ajratmaydi. Hatto eng katta xatoga yo'l qo'ygan qahramonning ham ruhiy sabablarini ko'rsatadi. Kitobxon esa ularni kuzatar ekan, beixtiyor o'z hayoti, tanlovlari, yutuq va yo'qotishlari haqida o'ylay boshlaydi.

Romanning jonli dialoglari, xalqona iboralari va kutilmagan vaziyatlari mutolaani yengillashtiradi. Og'ir ijtimoiy hamda ma'naviy masalalar badiiy voqealar ichiga tabiiy singdirilgani uchun asar quruq falsafiy mulohazaga aylanib qolmaydi.

“Momaqaldiroq ostida sayr” — faqat roman nomi emas. U — inson umrining ham o'ziga xos ifodasi. Har kim hayot yo'lida o'z momaqaldirog'iga duch keladi. Masala — uning qachon va qaerda gumburlashida emas, balki inson o'sha sinovdan keyin kim bo'lib qolishidadir.

Sirasini aytganda, yaqin kechmishimizning ijtimoiy va ma'naviy manzaralarini inson taqdiri orqali rost va raso tasvirlagan “Momaqaldiroq ostida sayr” milliy romanchiligimiz tadrijida muhim qadam, e'tiborga molik adabiy hodisadir.

Obidjon Shofiyev,

Termiz davlat universitetining yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha birinchi prorektori,

filologiya fanlari doktori,

dotsent.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 3 =