“O'tkan kunlardan yaldo tunigacha”
Milliy adabiyotimizning eng durdona asarlaridan biri — Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romani 1920 yillar boshida yozilgan bo'lib, ilk boblari 1922 yilda “Inqilob” jurnalida chop etila boshlangan. Ba'zi manbalarda qayd etilishicha, roman bir butun kitob holida 1926 yilda dunyo yuzini ko'rgan. Demak, millionlab adabiyot ixlosmandlarining qalbini zabt etgan “O'tkan kunlar” romani to'liq chop etilganiga roppa-rosa bir asr to'ldi! O'zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” tarixiy romani “O'tkan kunlar”ning mantiqiy davomi tariqasida yaratilgani ana shu qutlug' sanaga munosib tuhfa bo'ldi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz.
Filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovning “O'tkan kunlardan yaldo tunigacha” deb nomlangan monografiyasi ana shu ikki tarixiy asar tahliliga, ularning ma'naviy-ma'rifiy ahamiyatini yoritishga qaratilgan.
Adabiyotshunos olim mazkur romanlarni tahlil etar ekan, shunday fikrni ilgari suradi: “Adabiyot muayyan milliy tilda yaratiladi va o'sha millatning o'lmas ruhiyatini ifodalaydi. Bugungi globallashuv jarayonlari, ommaviy madaniyatsizlik epidemiyasi och ajdaho yanglig' ana shu ruhiyatni komiga tortayotgani sir emas. Millatni o'zligidan mahrum etish, uning ma'naviy ildizlarini quritish, unga xos yuksak axloqni yemirish, milliy tilni fasohat va balog'atdan mahrum etish — bu ajdahoning asosiy maqsadi ana shular ekani ayon. Taassuflar bo'lsinki, bunga muayyan darajada erishayotir ham. Ana shunday tahlikali jarayonda milliy tilning butun jozibasini, betakror ifoda imkoniyatlarini, latofatini o'zida mujassam qilgan “O'tkan kunlar” va “Yaldo kechasi” singari asarlarga bo'lgan ehtiyoj har qachongidan ham ko'proq sezilmoqda”.
Shu o'rinda 1991 yilda televidenieda atoqli adib Xayriddin Sulton ssenariysi asosida namoyish etilgan “Moziydan bir sahifa” videofilmini ham eslab o'tish joiz. Millionlab muxlislar qalbini larzaga solgan bu videofilmda Abdulla Qodiriyni bo'yi-basti bilan ko'rgandek bo'lasiz. Asarning asosiy qismida buyuk adibga qilingan tuhmatlar, tajovuzlar, hatto bola-chaqasiga zug'umlar g'oyat ta'sirli ko'rsatilgan. Buyuk adib hayotining mudhish va ayanchli onlari, uqubatli damlardagi ruhiy olami tomoshabin vujudini titratib yuboradi. Aytish joizki, “O'tkan kunlar” va “Yaldo kechasi” asarlari o'rtasida “Moziydan bir sahifa” ssenariysi bamisoli “oltin ko'prik” vazifasini o'taydi. Asar qahramoni bo'lmish Abdulla Qodiriy qalbida armon bo'lib qolgan gaplar, mavzular “Yaldo kechasi” tarixiy romanida o'z aksini topganini anglab yetasiz. Adib ko'p yillar mobaynida Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bag'ishlangan kinomahsulotlar yaratish yo'lida ancha-muncha ishlarni amalga oshirgani yaxshi ma'lum. Endi “Moziydan bir sahifa” singari “Yaldo kechasi” tarixiy romani asosida ham ko'p seriyali videofilm yaratish maqsadga muvofiqdir. “Yaldo kechasi” tarixiy romani — falsafiy, ma'rifiy asar. O'zbekiston Qahramoni Ibrohim G'afurov ta'biri bilan aytganda, bu asarni muallif Xayriddin Sulton “buyuk Qodiriy nomidan, Qodiriy bo'lib yozdi; qattol zamon Qodiriyning qo'lini kishanlab, unga yozish uchun imkon bermagani bois fozil izdosh va uvays shogird sifatida yozdi. Hech kimning xayoliga kelmagan fantastik bir orzuni ro'yobga chiqardi. Bu asar yangi zamon o'zbek adabiyotida tamomila kashfiyot desa arzigulikdir…”. Film debochasi mana shu satrlar bilan boshlanishi (va shunga yarasha sahna ko'rinishi berilishi) maqsadga muvofiqdir.
Monografiyaning “O'tkan kunlar”da milliy ruh ifodasi” bobidan o'rin olgan “Milliy ruh — yuksak mezon”, “Millat axloqining badiiy talqini”, “Millat irodasi tasviri”, “Romanda millat e'tiqodining yoritilishi” sarlavhali fasllarida mazkur romanning mazmun-mohiyati teran tahlil etiladi.
Muallif qayd etishicha, Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” asarida, buyuk adib ta'biri bilan aytganda, tariximizning eng qora, kirli kunlari — ona Turkistonning mustamlaka arafasidagi murakkab va ziddiyatli kechmishi tasvirlangan bo'lsa, Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” tarixiy romanida ajdodlarimizning avval Chor Rossiyasi, keyin esa sho'rolar istibdodiga qarshi mardona kurashi, Vatan va millatni dunyoning mutaraqqiy davlatlari va xalqlari darajasiga yuksaltirish yo'lidagi mujodalasi, hurriyat yo'lida qatag'on qurboni bo'lgan jadidlar boshiga tushgan adoqsiz ko'rgiliklar keng epik ko'lamda talqin etilgan. Monografiyada mazkur ikki asarda millat va milliyat tuyg'usi qaysi usullar asosida ifodalangani tahlil qilingan. “Mohiyatan umuminsoniyatga daxldor bo'lsa-da, adabiyot milliy shaklda namoyon bo'ladi. O'zida millatning ruhini ifodalaydi, — deb yozadi muallif. — Milliylikdan xoli tuyg'uning ta'sir kuchi bo'lmaganidek, milliy ruhdan mosuvo tafakkur ham qanotsiz qushga mengzaladi. Shunga ko'ra, milliylik — adabiyotning asosiy mezoni. Ta'bir joiz bo'lsa, jahon badiiy-estetik tafakkuri ko'rigida o'zbek adabiyotini ajratib ko'rsatuvchi bosh xususiyat, o'zgalardan farqini namoyon etadigan asosiy belgi bu — milliy ruhdir. Ta'kidlash kerakki, milliy ruh ifoda etilgani asarning umumbashariy ahamiyatini zinhor pasaytirmaydi, aksincha, jahon adabiyotida o'ziga xos o'ringa ega bo'lish imkonini yanada oshiradi. Shunga ko'ra, jahondagi har bir xalq adabiyotining eng sara namunalari milliy ruh ifodasi nuqtai nazaridan ilmiy tahlil etilishi zarur. Bu yo'nalishdagi tadqiqotlar muayyan millat adabiy-estetik tafakkurining boshqa hech bir xalq adabiyotida uchramaydigan o'ziga xos xususiyatlarini aniqlash, adabiy jarayonga tatbiq etish va rivojlantirish imkonini berishi jihatidan ham qimmatlidir. XX asr o'zbek adabiyotida ana shu mezonga javob bera oladigan asarlardan biri, ta'kidlash mumkinki, hatto birinchisi Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romanidir.
Monografiyaning ikkinchi bobi “Yaldo kechasi” — millat va milliyat kitobi” deb nomlanib, uning “Asl asarning tug'ilishi”, “O'tkan kunlar”ning davomi”, “Millatning metin irodasi”, “Millat va milliyat ifodasida konfliktning o'rni”, “Millat e'tiqodining badiiy suvratlanishi”, “Axloq — millat tayanchi” sarlavhali fasllarida yangi asar yaratilishi jarayonlari teran tahlil etilgan. Bunda muallif Mahmud Koshg'ariyning “Devonu lug'otit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg'u bilig”dek qomusiy asarlarni yozish, yurtma-yurt kezib, so'z durdonalarini yig'ish yo'lida chekkan zahmatlari, buyuk Alisher Navoiy ko'ngliga ona til uchun kuyinish hissini, millatning sha'nu sharafi va oru nomusini himoya qilishdek ulug' niyatni solgan millat va milliyat ruhi haqida tahliliy fikrini bayon etar ekan, Abdulla Qodiriyni ham murakkab va ziddiyatli bir zamonda Vatan va millatni istibdod iskanjasidan ozod etish yo'lidagi jadidchilik harakatining beqiyos ifodasi bo'lgan “O'tkan kunlar”dek asarni yozishga yo'naltirgan hayotbaxsh g'oya haqida muxtasar fikrlarini bayon etadi. Monografiyada muallif qayd etganidek, O'zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sulton ko'nglini muttasil o'rtagan, olti yildan ziyod vaqt davomida Vatan va millat boshiga tushgan qariyb bir yarim asrlik mustamlaka zulmatiga doir arxiv hujjatlarining, ko'hna qo'lyozmalar va jadid matbuoti namunalarining changini yutishdek mashaqqatni, ijodning adadsiz mehnatu zahmatlarini huzur deb bilishiga bois bo'lgan, millatning o'lmas ruhiyatini yuksak badiiyat bilan ifodalagan “Yaldo kechasi” tarixiy romanini yozishda kuch-quvvat, ilhom va zavqu shavq bergan ham millat va milliyat tuyg'usidir.
Biz “O'tkan kunlar” romanini maktabda o'qib yurgan kezlarimizdayoq hayajon bilan o'qiganmiz. Talabalik davrimizda yana ishtiyoq bilan mutolaa qildik. Yoshimiz bir joyga yetgan kezlarda takroran o'qiganda shunga amin bo'ldikki, bu asarni varaqlaganingiz sari yangi-yangi falsafiy fikrlarni kashf etaverar ekansiz. Bu romanni har gal mutolaa qilganda, “tugab qolmasa edi…” degan xavotirli bir o'y hukm surardi. Endi ana shu “xavotir”ga o'rin qolmadi, ya'ni hajman ancha salmoqli asar — “Yaldo kechasi” tarixiy romani bizni Otabek va boshqa qahramonlarning avlodlari hayoti, kechmishiga oshno etadi.
Asarni mutolaa qilish asnosida aynan o'sha ayanchli, mahzun hollar o'z davrida Abdulla Qodiriy ruhiyatida qanday kechgan bo'lsa, unga uyg'un ravishda bitilgan “Yaldo kechasi” muallifi Xayriddin Sulton qalbini ham birdek o'rtaganini anglash mushkul emas. Faqat Xayriddin aka ko'proq hayot haqiqatini real aks ettirishga harakat qiladi. Yuksak badiiy mahorat bilan bitilgan “Yaldo kechasi”da har bir qahramonni bor bo'y-basti bilan ko'rish mumkin. Umumiy tarzda esa sobiq mustabid tuzum xalqimiz boshiga nechog'liq ayanchli kunlarni solganini yaqqol his etasiz.
Adabiyotshunos olim Nurboy Jabborovning “O'tkan kunlardan yaldo tunigacha” deb nomlangan monografiyasi xalqona “Tuganch” so'zi bilan xotima topadi. Unda muallif shunday xulosaga keladi: “Ijodkorlarning yangi avlodi bu ikki asarni mutolaa etar ekan, ona tilimiz so'z boyligi va ifoda imkoniyatlaridan, xalqimiz nutqidagi quyma iboralardan, buyuk salaf va zamondosh shoiru adiblar asarlaridagi jozib hikmatlardan o'rinli va samarali foydalanish usullarini o'rganadilar. Ona tilimiz rivojiga salbiy ta'sir ko'rsatadigan, o'zga tillar qolipida fikrlash va yozishdek nomaqbul epidemiya yashin tezligida tarqalayotgan bugungi kunda ayni usullarni egallashning ahamiyati har qachongidan ham muhimroqdir”.
“Sahhof” nashriyotida chiroyli muqovada chop etilgan mazkur monografiyaga akademik Shuhrat Sirojiddinov va O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mas'ul muharrirlik qilgan.
To'lqin EShBEK,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi.
