Daryoga botayotgan quyosh

Qoraqalpog'iston xalq shoiri Guliston Matyoqubovaning “Daryoga botayotgan quyosh” dostonini o'qib…

Unutilgan sohillar

Juda shiddatli zamonda yashayapmiz. Vaqt qisqarib ketganga o'xshaydi, kunlarimiz juda tez o'tmoqda. Texnologiya rivojlandi, chegaralar yo'qoldi, axborot soniyalar ichida butun dunyoni aylanib chiqmoqda. Biz esa faqat oldinga — moddiy farovonlik va virtual muvaffaqiyatlar sari yugurmoqdamiz. Bu yelib-yugurishlar ichida ming yillik ildizlarimizdan sezilib-sezilmay uzilib boryapmiz. Eng yomoni, bu uzilish va yemirilishlarni tabiiy jarayon sifatida qabul qilyapmiz. Loqaydlik hamda e'tiborsizlik kundalik hayotimiz me'yoriga aylanib bormoqda.

Ana shunday ruhiy va ijtimoiy qurg'oqchilik pallasida yuzimizga tutilgan har bir oyna bizni biroz bo'lsa-da sergaklantiradi. Ammo, afsuski, bag'irlardagi tosh butkul erimaydi. Qoraqalpog'iston xalq shoiri Guliston Matyoqubovaning “Daryoga botayotgan quyosh” dostoni qariyb yigirma yil oldin bugungi zamon kishisining yuragiga, vijdoniga va milliy xotirasiga qaratilgan isyon o'laroq yozilgan asardir. Doston bizni tarixning soqov toshlari tili bilan gapirishga, Amudaryoning qurib borayotgan to'lqinlari qatidagi ruhiy inqirozimizga qayta nazar tashlashga undaydi.

Doston boshdan-oxir lirik qahramonning do'stiga murojaati va o'tmishdan kelayotgan nidolar ustiga qurilgan. Unda shonli o'tmish suratlari bilan maqtanishni yaxshi ko'radigan biz — bugungi zamon odamining eng og'riqli va yashirin ma'naviy haqiqatlari ochib beriladi. Bu virtual dunyo girdobida o'zlik suratini yo'qotib borayotgan insonning asl siyratiga solingan shafqatsiz nigohdir.

Dostonda tez-tez tilga olingan, sahro va sho'r tuproqlarning eng issiq taftiga ham dosh bera oladigan to'rang'il daraxti ramzi o'quvchini sergaklantiradi:

 

Amudaryo sukut saqlaydi,

Tars yorilar suvsiz, bo'sh sohil.

Suvlar ketgan, qiyo boqmaydi,

Boshin egib qolar to'rang'il…

 

To'rang'il — turk budunining, mahalliy xalqning asrlar bo'yi yashab kelgan sabr va matonati timsoli. Agar daryo qurib, to'rang'illar boshi egilsa, hayotga chidamlilik va matonat ildizlarimiz ham kesiladi.

Jayhun qirg'og'idagi zamonaviy inson

Amudaryo (Jayhun) sohilida turib, suvning loyqa to'lqinlari va qaqrab borayotgan qirg'oqlariga emas, qo'lidagi telefon ekraniga tikilib o'tirgan bugungi zamon odami… Biz tabiatdan ham, tarixdan ham, o'zligimizdan ham mana shu mitti ekran masofasicha uzoqlashib boryapmiz. Bugun Amudaryo sohilida turib ham Jayhunga emas, virtual dunyo girdobida o'zlik suratini yo'qotib borayotgan avlodga aylanmoqdamiz.

“Daryoga botayotgan quyosh” dostoni xuddi mana shu uzilish sodir bo'lishidan sal avvalroq — 1997 yilda Toshkent va Nukus oralig'ida, Amuning so'nggi hayqiriqlari ostida yozilgan. Asar ilk sahifalaridanoq bizga suv va inson taqdirining birligini ko'rsatadi:

 

Men mudom o'ylardim,

Daryolar yig'ilgan bag'rimga mening,

Daryolar boshlanar mening qalbimdan…

 

Daryo shunchaki oqar suv emas. Muallif uchun u insonning ichki kechinmalari, taqdiri va hatto ko'z yoshlaridir:

 

Ko'zlarimning yoshi ekan bu daryo,

Hayotimning boshi ekan bu daryo!

O'tayotgan umr yo'li ekan u,

Taqdirning ko'rinmas qo'li ekan u!

 

Bugun biz Jayhun qirg'oqlariga borganda nimani ko'ramiz? Ko'pchiligimiz suvning kamayishini shunchaki ekologik muammoning bir qismi yoki qishloq xo'jaligi uchun kerakli sug'orish manbai deb bilamiz, xolos. Uning bag'rida necha ming yillik tariximiz, Kulteginlarning qoni, Beruniylarning tafakkuri oqqanini anglamaydigan darajada ichki sezgimizni yo'qotdik:

 

Daryo — bu umrimiz,

Daryo — bu taqdir!

Daryo — bu o'tmishning charxpalagidir.

 

Biz esa charxpalakni to'xtatib qo'yib, virtual dunyo to'lqinlarida suzib yuribmiz. Balki bu qalbimizdagi daryolar qurib borayotganidan dalolatdir…

Ekologik fojianing ma'naviy ildizlari

Bugungi global ekologik inqiroz, iqlim o'zgarishi yoki Amudaryo suv hajmining kamayib borayotgani haqida ko'pchiligimiz faqat raqamlar, statistika va quruq hisobotlarni bilamiz. Jamiyat suvsizlikni faqat moddiy xavf deb tushunadi. Dostonda esa daryoning taqdiri millat xarakteri, uning ma'naviy quvvati bilan bir butun holda ko'rsatiladi. Shoira daryo oqimi orqali bugungi ijtimoiy hayotimizning og'riqli nuqtalariga badiiy tashxis qo'yadi:

 

Oqadi, oqadi, oqadi daryo,

Mening ko'zlarimga to'ladi ma'no.

Ma'noki, umrimiz daryosi bo'lib…

Oqadi oqibat,

Oqadi vafo…

 

Muallif Jayhun qirg'oqlarining qaqshab qolayotganini tabiatning shunchaki injiqligi sifatida emas, qalbimizdagi oqibat va vafo kabi buyuk tuyg'ularning qurib bitayotgani o'laroq ifodalaydi.

Biz ekologiya deganda faqat daraxt ekish yoki kanallarni betonlashni tushunyapmiz. Vaholanki, eng katta qurg'oqchilik insonlar o'rtasidagi munosabatlarda sodir bo'ldi:

 

Daryoday musaffo,

Daryoday notinch,

Bezovta to'lqinday o'yimiz bordir…

U sig'may ko'ngilning kanorlariga,

Hasrat, g'ussalarga yetmay bardoshi

Faryod qilar hayot ozorlaridan…

 

Bugun bizda daryoga qarab yig'laydigan qalb qoldimikan o'zi? Amudaryoning bo'yida turib, uning tirik ruhini his qilish o'rniga, uni so'nggi tomchisigacha ichib, pul tug'ib beradigan ekin maydoni, boylik manbai sifatida ko'radigan iste'molchi olomonga aylandik. Suv kamaygani sari odamlarda mehr kamaydi, bag'rikenglik quridi.

Tarix — maqtanish vositasi emas

Ajdodlarimizning ulug'ligi, Temuriylar tarixi, qadimgi xoqonlarning shon-sharafi haqida sahnalarda, ekranlarda va davralarda to'lib-toshib gapiramiz. Tarix o'tmishimizning go'zal, ammo muzeydagi eksponatiga aylanib qolganday. Biroq “Daryoga botayotgan quyosh” dostonining markazini tashkil etgan qadimgi Turk xoqonlarining ovozi bizni ana shu shirin uyqudan uyg'otish uchun yuzimizga sovuq suv sepadi.

Shoira dostonning “Bitiktosh nidosi” bo'limida ruhan O'rxun-Enasoy obidalari zaminiga qaytadi. Toshlardagi bitiklar tirik, ammo yarador bo'lgan vijdonning ovozlaridir:

 

Lashkarlar saflanar, g'anim titraydi,

Toshlar yonayotgan o'tga o'xshaydi…

Oltinday uylar, nayza bo'yli qor,

Yov misli ajdaho, askar serviqor.

Oq otini minar botir Kultegin,

Jilovin tutdirar bedov Bayriqul.

 

Muallif Kulteginning jangovar mahoratini chizar ekan, bu ohangdorlik zamiriga juda katta da'vatlar yuklanganini ko'ramiz:

 

Ey turkyurtlar, beklarim-ey,

birlashinglar,

Hiylalarga chora toping, tillashinglar!

 

Yo'lliq tegin nidosida esa millat beklarining (ya'ni bugungi ziyolilar va rahbarlarning) o'z tili va milliy qadriyatidan uzoqlashishi shafqatsiz tahlil qilinadi:

 

Ey, turk budun, jonu tanim,

U tarafga ketmagin,

Unda ketsang halokatdir,

Erkni hatlab o'tmagin.

 

Shoir qadimgi Tabg'ach (Xitoy) hiylalari ramzi orqali bugungi dunyoni qamrab olgan, millatlarni ichidan yemirayotgan global “ommaviy madaniyat” va siyosiy o'yinlarni nazarda tutmoqda. Bugun bizni qurol bilan emas, axborot hukmronligi, yot madaniyatlar va sun'iy qadriyatlar bilan zabt etishdi. Beklar, ya'ni bugungi siyosiy va ma'naviy elita esa birlashish, millatning ertasini o'ylash o'rniga, o'z manfaatlari ko'chasida adashib yurishibdi.

Eng dahshatli tashxis baribir Kultegin nidosida qo'yiladi. Shoir qadimgi matnning ruhini bugungi til va o'zlik inqiroziga mahorat bilan bog'laydi:

 

Ey turk budun,

Beklaringdan insof ketdi,

Omi xalqing hiylalari boshga yetdi…

Ey turk budun!

Xatolaring jondan o'tdi.

Tariqmiding,

Bu tarixga kelganing shu,

Sahrolarda tariq kabi

Potrab ketding…

Xoqonlar bizdan maqtov kutmayapti, ular bizdan insof so'rayapti. Bugun biz omi xalqqa aylanib boryapmiz — kitob o'qimaydigan, fikrlamaydigan, faqat tayyor kontentni iste'mol qiladigan to'daga. Achinarlisi, o'zlikning bosh mezoni bo'lgan ona tilimiz jamiyatda ikkinchi darajali maqomga tushib qolyapti. Ko'chalarimizdagi ajnabiy peshlavhalar, farzandlarini o'z tilidan uyalishga o'rgatayotgan “zamonaviy” ota-onalar… Buyuk tarix vorislari emas, sahrolarga sochilib, o'z qimmatini yo'qotgan tariqdek yashayotganlar…

Yo'lliq tegin dostonning keyingi sahifalarida yana bong uradi:

 

Jangga kirsang mard bo'lib kir,

Janggohlar zor qaqshasin.

Dushmaningga hamlalaring

Arslonga o'xshasin…

Xalqim, aslo yo'latmagin

O'yingga sotqinlikni,

Xoqon otingni tiklagin,

Tiklagin butunlikni!

 

Sotqinlik — bu faqatgina Vatanga xiyonat emas. Bugun o'z tilini, madaniyatini, o'zligini yot unsurlarga almashtirayotgan, milliy qadriyatlarini arzon mashhurlik uchun oyoqosti qilayotgan qiyofamizdir. Agar bugun uyg'onmasak, ertaga bizni hech qanday shonli o'tmish qutqarib qololmaydi:

 

Ey, turk budun, elingni tuz,

Hur-farovon bo'larsan.

Ey turk budun, tilingni tuz,

Dorilomon bo'larsan!

Rumiy va Kubroni izlab…

Bugungi zamon kishisi juda g'alati fojiani boshdan kechirmoqda. U dunyo tarixidagi eng to'q, eng shinam va axborotga eng boy davrda yashaydi. Lekin negadir tarixda hech qachon bugungidek ruhiy tushkunlik, sun'iylik, hayotdan ma'no topmaslik va yolg'izlik epidemiyasi bo'lmagan. Odamlar ijtimoiy tarmoqlardagi soxta tabassumlar, yaltiroq suratlar va virtual baholar ortiga o'zlarining kemtik qalblarini yashirishga urinmoqda. Nafs va namoyishkorlik kundalik hayotimizning asosiy mezoniga aylandi.

Qalbimizdagi bo'shliqni pul, yangi telefonlar, qimmatbaho mashinalar bilan to'ldirmoqchi bo'lyapmiz, ammo tashnalik qonmayapti. “Daryoga botayotgan quyosh”da bu ruhiy tashnalikning asl chorasi asrlar qa'ridan — sufiy allomalarimiz tilidan aytilgan Ishq va Iymon konsepsiyasi orqali ko'rsatib beriladi.

Dostonda shayx Najmiddin Kubro tilidan shunday nido yangraydi:

 

Nafsning hisobida sarhisob ko'rdim,

Oxirat yo'lida ko'rdim odilni.

 

Borliqning asl mazmunini anglashga bo'lgan tasavvufiy fikrlar, nafsni yengish va odamiylik yo'lidagi haqiqatlar bir-bir aytiladi. Muallif Kubroning oxirat va o'lim, g'ayb va shuhud olamlari haqidagi qarashlarini ham uning tilidan bayon etadi:

 

G'ayb olami ruhim yetaklab yurdi,

Shuhud olamida vujud iqlimi.

 

Kubro faqat moddiy olam — “shuhud” bilan cheklanib qolgan, ko'z o'ngidagi mitti ekrandan narini ko'rmaydigan bugungi kun kishisiga g'aybning, ya'ni ruh va ilohiylikning ustuvorligini eslatmoqda.

Shoira faqat Amudaryo sohillari bilan cheklanmaydi. U tarixiy xotirani qayta jonlantirish uchun Tuproqqal'a, Oqshaxon qal'a va Kat shahri xarobalaridan tortib Samarqand, Buxoro va Yassigacha bo'lgan makonni yaxlitlikda tasvirlaydi. Bu o'quvchiga o'zligimiz ildizi juda teran ekanini eslatadigan muhim badiiy detaldir.

Dostonning badiiy-geografik ko'rinishida Xorazmning qadimgi poytaxti — Kat shahri va ulug' alloma Abu Rayhon Beruniy siymosi alohida o'rin tutadi. Kat shahrining Jayhun suvlari ostida qolib ketgan tarixiy fojiasi va Beruniyning ilmiy tafakkuri bugungi intellektual inqirozimiz fonida qayta jonlanadi. Beruniy ilmi, faoliyati haqida gapirar ekan, so'zining so'ngida avlodlarga murojaat qiladi:

 

Odam o'g'li!

Yuragingga

Joylansin hur kamolot!

Ulug'lansin, sharaflansin

Haqlik, Ziyo, Adolat!

 

Shu bilan birga muallif dostonda Rumiy tilidan zamondoshlarini — bizni ogohlantiradi: agar inson qalbida ilohiy va sof mehr-muhabbatning quyoshi botsa, butun jamiyat suvsiz qolgan sahro kabi qurib, vayronaga aylanadi.

O'tmishdan nidolar

Dostonning kompozitsion tuzilishi faqat ekologik va tasavvufiy mushohadalar bilan cheklanmaydi. Asarning butun mag'zini asrlar qa'ridan kelayotgan buyuk sultonlar, xoqonlar, ulug' ajdodlarimiz hamda bitiktoshlar nidosi tashkil etadi. Muallif bu nidolarni globallashuv to'fonlari ichida o'zligini unutayotgan zamonaviy inson vijdoniga qaratilgan so'roqlardek jaranglatadi.

Sohibqiron Amir Temur nidosi sahnalardagi balandparvoz maqtovlardan yiroq. Unda millatning davlatchilik asoslari va beklarga (ya'ni bugungi siyosiy-ijtimoiy elitaga) vasiyatnoma bor:

 

Turk bobolar o'gitlarin

Yuragimga joyladim.

Yo'llarimni to'g'rilikka,

Haq ishiga yo'lladim…

Ahli ehson bilan jahon

Gulshani obod bo'lur.

Lochin mador topolmasa,

Chumchuq yonda mot bo'lur!

 

Sohibqironning ushbu nidosi orqali shoira bugungi rahbarlaru faollarga Haq ishi va to'g'rilik mezonini eslatadi. Ijtimoiy adolat mezoni buzilib, manfaatlar to'qnashuvi avj olib borayotgan asrda bu o'gitlar chindan ahamiyatlidir.

Dostonda Alisher Navoiy nidosi alohida o'rin tutadi. Shoira Navoiy siymosi orqali til va madaniyatimizni asrash millatning mavjudlik sharti ekanini zamondoshlarga qat'iy eslatadi. Bu nido bugungi kunda ona tili ikkinchi darajali maqomga tushib qolayotgan, ko'chalarini ajnabiy lavhalar bosib ketgan jamiyatimiz uchun chinakam sergaklik chaqirig'idir.

Millat taqdirining eng qadimgi qatlamlariga tutashgan Bilga xoqon va keyingi bo'limlarda keluvchi Bektog' nidosi esa zamin va xalq yaxlitligining badiiy hujjatidir:

 

…Bu yurtda fikrlar uyg'ondi,

Tafakkur uyg'ondi, uyg'ondi yurak…

Bek bo'lsin har o'g'ling, har bir farzanding,

Vatanim,

Bekliging muborak bo'lsin!

 

Dostonning eng og'riqli qismlaridan biri — Ka'bani vayron qilish uchun kelayotgan Abrahaga yo'lboshchilik qilgan Abu Rig'ol obrazi orqali ifodalangan xiyonat fojiasidir. Muallif bu tarixiy voqeani bejiz eslamaydi: manfaat, nafs va shon-shuhrat uchun o'z iymoni, e'tiqodi va Vatanini sotayotgan kimsalarni Abu Rig'ol qismati orqali ogohlantiradi.

Asar so'ngiga borib Orol va Amu bo'ylarining ulug' avliyosi va shoiri Hakim ota — Sulaymon Boqirg'oniy nidosi yangraydi. Boqirg'oniyning Orol dengizi sohillaridagi tarixiy va ma'naviy maqomi bugungi kunda unutilgan qirg'oqlarga ishoradir. Uning nidosi orqali zaminning qaqrayotgan qalbi, suvsizlik tashnaligi insoniyatning o'zligidan uzoqlashgani oqibati ekani mantiqan isbotlanadi:

 

Ko'rganmisiz

Daryoga botayotgan quyoshni,

Ko'rganmisiz

Ziyoga botayotgan daryoni?

 

Umuman olganda, Guliston Matyoqubovaning “Daryoga botayotgan quyosh” dostoni o'zlikni asrashning, zamon shiddati qarshisida chin ma'noda tirik inson bo'lib qolishning eng so'nggi imkoniyatini esga soladi. Asarning butun fojiaviy ruhi zamirida ham umid yashaydi: daryoga botayotgan quyosh — bu unutilayotgan milliy xotiramiz, ammo u butkul so'ngani yo'q. Shoira Amudaryo va Orol fojiasini oddiy geografik xaritadan odamlarning qalb xaritasiga ko'chiradi.

Ijtimoiy tarmoqlarning soxta shovqinlaridan, nafs bozorining beshafqat qonunlaridan bir lahzaga uzilib, dostondagi Kulteginning jasorati, Beruniyning tafakkuri, Kubroning imoni va Rumiyning ishqi tomon bir qur nazar solmog'imiz lozim. Daryoga botayotgan quyosh ertaga yangi tong bo'lib otishi uchun bugun u bizning qalbimizda porlashi, bizni uyg'otishi kerak!

Biz ushbu asar haqida shuning uchun ham to'xtaldikki, shuning uchun ham mazkur doston haqida o'z fikr, o'ylarimizni, taassurotlarimizni siz aziz o'quvchi bilan baham ko'rmoqni istadikki, bunday asarlar ruhimizni, ruhiyatimizni yana bir chandon uyg'otadi, sergak torttiradi. Zero, dostondagi har bir satr ona yurt qayg'usi, o'tmish va bugunning, ertangi yorug' Vatan madhi bilan o'zaro chambarchas o'tli cho'g'lar ila kuylangan.

Aytmoqchi bo'lganimiz esa ushbu asarni albatta o'qing, mutolaa qiling. Yuragingizga joylang.

Dadaxon MUHAMMADIYEV,

filologiya fanlari bo'yicha

falsafa doktori (PhD).

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + 11 =