Buyuk tariximiz, uluğ ajdodimizga bağişlangan salmoqli asar

Maʼlumki, Amir Temurning ibratli hayoti va davlatdorlik iqtidori va faoliyati, saltanati tarixi, undagi ilm-fan va madaniyatni örganiş tarixşunoslikning yirik ilmiy yönalişlaridan biri sifatida doimo jahon olimlari, davlat rahbarlari, siyosatçilar diqqat-eʼtiborida bölib kelgan va şunday bölib qolmoqda.

Şuningdek, Temuriylar tarixiga oid manbalar jahon miqyosida turli tillarga tarjima qilingan hamda ilmiy tadqiqotlar amalga oşirilgan. Dunyo tarixşunosligida Amir Temur davrini örganişga oid naşrlar kun sayin ortib bormoqda. Pirovardida jahon jamiyatşunosligida “Temurşunoslik” mustaqil ilmiy yönalişi şakllandi.

Asrlar davomida va hozirgi davrda ham uluğ ajdodimiz Amir Temur hayoti va ijodiga bağişlangan kitoblar muntazam naşr etilmoqda. Şunga qaramay, professor Tölqin Alimardonovning “Amir Temur imperiyasi” monografiyasi juda muhim va dolzarb asar hisoblanadi.

Çunki Özbekiston Prezidentining 2026 yil 5 fevralda qabul qilingan “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nişonlaş töğrisida”gi qaroridan közlangan asosiy maqsad ham mamlakatimiz milliy rivojlanişning yangi bosqiçi — Uçinçi Renessansga qadam qöyayotgan, hayotimizning barça jabhalarida tub özgarişlar yuz berayotgan bugungi kunda Sohibqiron Amir Temurning şaxsiyati, buyuk ajdodimizning başariyat tarixi va Turon tamaddunidagi örni hamda Temuriylarning boy va betakror merosini çuqur örganiş, yurtimiz va çet ellarda keng ommalaştirişdir.

“Amir Temur imperiyasi” kitobi muallifi Özbekiston Prezidentining tegişli qarorida közda tutilgan ezgu maqsad ijobati yölida katta işga qöl urgan va bu işni qoyillatib uddalagan. Boşqaça aytganda, professor Tölqin Alimardonov “Temurşunoslik” sohasini yangi va salmoqli ilmiy manba bilan boyitişga muşarraf böldi.

Tölqin Alimardonovning “Amir Temur imperiyasi” kitobi uluğ Sohibqiron saltanatining siyosat falsafasi asoslarini örganişga qaratilgan. Binobarin, bugun Amir Temur va Temuriylar sulolasining dunyo sivilizatsiyasi rivojiga, insoniyatning ilmiy siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-ğoyaviy, madaniy va tafakkur darajasining keskin kötarilişiga qöşgan hissasi beqiyosligi heç kimda şubha uyğotmaydi.

Jahon hamjamiyati Temuriylar davrini ilm-fan, madaniyat, sanʼat va adabiyot taraqqiyoti hamda uluğ kaşfiyot va ixtirolarda öz aksini topgan davr, xalqimizni esa — şu paytgaça ikki marotaba Renessansga asos solgan xalq sifatida eʼtirof etadi. Yaʼni xalqimiz haqli ravişda tom maʼnoda kam sonli “Renessans yarata olgan xalqlar” sirasiga kiritiladi.

Şu maʼnoda bugungi kunda Prezident Şavkat Mirziyoyevning mamlakatimizda keng kölamli demokratik özgarişlar, jumladan, ilm-fan va taʼlim-tarbiya sohasidagi islohotlar orqali Özbekistonda yangi Uyğoniş davri, yaʼni Uçinçi Renessans poydevorini yaratiş borasidagi saʼy-harakatlari kutilgan natijalar berişiga töla asos bor deb baholanmoqda. Uning xalqimiz oldidagi eng buyuk xizmatlaridan biri ham aynan öz yurtiga egalikdan mosuvo bölgan, farovon va yaxşi yaşaşdan umidini uzgan, kelajakka işonmay qöygan xalqimizning qaddi-qomati va sindirilgan milliy ğururi tiklanişi, Yangi va erkin Özbekistonga xos ongi şakllanişi, söngan ruhi kötarilişi, maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlar va tarixiy şaxslarga bölgan hurmat-eʼtibor qaytarilişi, deb qaralmoqda.

Bu saʼy-harakatlar çingiziylarning 150 yillik istibdodi davrida toptalgan ğururimizni qayta kötargan Amir Temur bobomizning saʼy-harakatlariga mengzalmoqda.

Özbekiston Respublikasi taraqqiyotining yangi bosqiçida davlat va jamiyatning har bir sohasida tubdan yangilaniş va yuksalişlar bilan bir qatorda milliy davlatçilikni mustahkamlaş, mamlakatimiz siyosiy-huquqiy va iqtisodiy-ijtimoiy hayotini barqaror izga tuşiriş va rivojlantiriş böyiça keng qamrovli çora-tadbirlar amalga oşirilmoqda.

Ajdodlarimiz tarixini örganiş, ularga töğri va xolis ilmiy baho beriş, şu asosda milliy qadriyatlarimizni tiklaş uçun keng yöl oçildi. Zero, Özbekiston Respublikasi Prezidenti taʼkidlaganidek: “Bizning havas qilsa arziydigan uluğ tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan uluğ ajdodlarimiz bor”.

Ötgan qisqa davr mobaynida obʼyektiv tariximizni yaratiş yölida köplab ilmiy tadqiqotlar amalga oşirildi. Qator muhim tarixiy qölyozma manbalar naşr etildi. Natijada tarixçilar uçun yirik tadqiqotlar yaratiş imkoniyatlari vujudga keldi. Xususan, ajdodlarimiz tarixining nomaʼlum qirralari va öqilmagan sahifalari hamda insoniyat ötmişida öziga xos örin egallagan tarixiy şaxslar faoliyatini örganiş uçun ham zarur manbaviy asoslar yaratildi.

Professor Tölqin Alimardonovning “Amir Temur imperiyasi” monografiyasi ham aynan Mustaqillik şaroitida, ayniqsa, Yangi Özbekistonning erkin ilmiy-ijodiy muhitida yaratilgan kitobdir. Şuning uçun asarda keltirilgan yangi dalil va maʼlumotlar, muallif tomonidan dadil ilgari surilgan fikr va muşohadalar eʼtiborni öziga tortmasdan qolmaydi.

Hozirgi vaqtgaça Amir Temur bobomiz hayoti va faoliyatiga bağişlangan maşhur şoiru adiblarning köplab adabiy-badiiy asarlarini öqiganmiz. Bundan taşqari, asosan, tarixçi va faylasuflar, huquqşunos va şarqşunos olimlar, geografiya va harbiy soha mutaxassislari, elçilar hamda diplomatlarning kitoblari bilan tanişganmiz.

Mana endi qölimizda siyosatşunos olimning muhtaşam monografiyasi turibdi. Bu asar siyosat falsafasi va hokimiyat tabiatini örganiş nuqtai nazaridan yozilgan muhim tadqiqotlardan biridir. Uşbu kitobning yangilangan 2-naşri taqdimoti yurtimiz ilmiy-maʼrifiy va maʼnaviy-madaniy hayotida alohida ahamiyatga ega, deb hisoblayman.

Kitobning bir qator yutuqlarini eʼtirof etgan holda, ayrim xususiyatlari haqida muxtasar töxtalmoqçiman.

Birinçi xususiyati mazkur kitobni yozişga nisbatan yangiça metodologik yondaşuvda yorqin namoyon bölgan. Gap şundaki, bu salmoqli asar oddiy tarixiy xronologiya, yaʼni şunçaki kundalik voqealar bayoni emas, balki unda Amir Temur davlatçiligi siyosat falsafasi va kratologik taʼlimot maqomida, sodda qilib aytganda, hokimiyat boşqaruvi ilmi sifatida tizimli tahlil qilingan.

Ikkinçi xususiyati muallifning kitob mundarijasini tuziş borasidagi konseptual, yaʼni ilmiy-nazariy izçilligi bilan boğliq. Asar uçta bobdan iborat bölib, birinçi bobda — Amir Temurning geosiyosiy strategiyasi, ikkinçi bobda — uluğ Sohibqironning davlatçilik konsepsiyasi, uçinçi bobda — Amir Temurning harbiy strategiyasi atrofliça tahlil etilgan. Bu boblarning har biri muayyan fasllarga taqsimlangani (I bobda — 17 ta, II bobda — 8 ta, III bobda — 4 ta fasl) kitobni şaklan yanada mukammallaştirişga xizmat qilgan.

Uçinçi xususiyati manbaviy asoslarning boyligi va rang-barangligiga borib taqaladi. Kitobning 2-naşrida milliy va xorijiy manbalar, xususan, uluğ Sohibqironning Yevropa davlatlari bilan geosiyosiy va diplomatik aloqalariga oid yangi ilmiy maʼlumotlar integratsiya qilingani alohida diqqatga loyiqdir.

Törtinçi xususiyati qadriyatlar tahliliga taalluqli. Muallif davlat boşqaruvida milliy va umuminsoniy qadriyatlarning uyğunligi hamda adolat tamoyillarining siyosiy institut sifatidagi rolini ğoyatda mahorat bilan oçib bergan.

Bu haqda kitobda, jumladan, şunday fikrlar bayon etilgan: “Amir Temur yaratgan imperiya namunasi qadimiy qadriyatlarga amal qilgan, öz davri taʼlimotlaridan ötib kelgan yuksak madaniy fenomen sifatida namoyon böldi. Sohibqiron öz davrining yuksak va betakror tafakkur sohibi sifatida başariyatning madaniy qiyofasini özgartirişga erişdi”.

Kitobning mazmun-mohiyati yuzasidan ayrim mulohazalarimni bildiraman.

Tarixiylik va siyosatşunoslik mutanosibligiga oid mulohaza. Asarda siyosatşunoslik va falsafiy terminlar (masalan, hukmron mafkura, evolyutsion taraqqiyot, milliy metodologiya, geohududiy makon, sivilizatsiyalaşgan jamiyat, diniy qadriyat, xronologik bayonçilik, ilmiy ratsionalizm, monomilliy sivilizatsiya kabi atamalar) köpligi tufayli baʼzi örinlarda sof tarixiy dalillar va xronologik izçillik ikkinçi planga ötib qolgandek taassurot uyğonadi.

Xorijiy manbalar ustida işlaşga taalluqli mulohaza. Kitobda Ğarb va Şarq tarixşunosligidagi Sohibqiron şaxsiga oid nisbatan bahsli yoki ziddiyatli qaraşlarni qiyosiy tahlil qiliş jarayoni yetarliça çuqurlaştirilmagan, nazarimda.

Ilmiy bayon tilining murakkabligiga doir mulohaza. Kitob tili akademik atamalar bilan haddan taşqari yuklatilgani sezilib turibdi. Bu esa asarning nafaqat mutaxassislar, balki keng kitobxonlar ommasi (talabalar, havaskor tarixçilar) tomonidan qabul qilinişini biroz qiyinlaştiradi, degan xavotir uyğotadi.

Kitob böyiça ayrim amaliy taklif va tavsiyalarni ham aytib ötsak:

Birinçi taklif: kitobning yangi naşrini — ommabop tildagi variantini yaratiş lozim, deb öylayman. Bunda sahifalardagi siyosiy va falsafiy konsepsiyalarni imkon qadar soddalaştirgan holda, keng omma va yoşlar uçun möljallangan ilmiy-ommabop naşrini tayyorlaş ayni muddaodir.

Ikkinçi taklif: kitobning raqamli formatini yaratiş va xorijiy tillarga tarjimalarini taşkil etişni tavsiya qilaman. Asarni xorijiy tillarga (ayniqsa, ingliz va turk tillariga) tarjima qiliş hamda xalqaro ilmiy bazalarda raqamli platformasini (E-book) kengroq tarğib etiş kerak.

Uçinçi taklif: ilmiy-amaliy nuqtai nazardan, kitob yakunida Amir Temurning strategik boşqaruv va diplomatiya sohasidagi merosini bugungi kun milliy davlatçilik tizimi va taşqi siyosat amaliyotida qöllaş böyiça amaliy xulosalarni alohida faslda taqdim etiş zarur, nazarimizda.

Törtinçi taklif: kitob nomidagi “imperiya” sözini “saltanat” deb özgartirgan maʼquldek tuyuladi.

“Özbek tilining izohli luğati”ga köra, imperiya — birinçidan, podşoh, qirol, imperator boşqaradigan yirik, köp millatli davlat; ikkinçidan, bir qança mustamlaka yerlari bölgan, totalitar tuzumga asoslangan yirik davlat.

Milliy ensiklopediyada ham “imperiya” tuşunçasiga 2 xil mazmundagi izoh berilgan. Birinçi izohga köra, imperiya — imperator boşqargan monarxiya davlatining nomi. Ikkinçi izohga binoan, imperiya — mustamlakalari bölgan yirik davlatlarning atalişi.

Körinib turganidek, har ikki manbada keltirilgan “imperiya” sözining birinçi mazmuni tarixiy haqiqatga xilof bölsa, keyingi mazmuni tagida salbiy maʼno bor, yaʼni bosqinçilikka işorat yaqqol seziladi.

Öz navbatida, Milliy ensiklopediyada “Saltanat” söziga ham 2 xil izoh berilgan: 1) sultonlik, yakka xon, amir yoki podşo hukmronligi hamda ularning mavqei; 2) mustamlakalari yoki tobe ölkalari bölgan yirik davlatlar; imperiya.

Bu örinda, xolis aytadigan bölsak, saltanat tuşunçasining dastlabki mazmuni Amir Temur davlatçiligiga nisbatan qöllaş uçun bir qadar töğri keladi.

Beşinçi taklif: kitobdagi “Sohibqiron tuzgan davlatning imperiya şakli…” degan iboradagi mantiqsiz iborani tuzatiş tavsiya etiladi. Çunki imperiya — davlatning şakli emas.

Bilasizki, boşqaruv şakliga köra, davlat — monarxiya va respublika şaklida bölişi mumkin. Tuziliş şakliga köra esa, davlat — unitar davlat, federatsiya yoki konfederatsiya şaklida böladi.

Masalaga yanada çuqurroq yondaşadigan bölsak, siyosiy rejimiga köra, demokratik davlat, antidemokratik davlat, avtoritar davlat va totalitar davlat şakllari tasniflanadi.

Oltinçi taklif: foydalanilgan adabiyotlar röyxatini töldiriş kerak. Masalan, hozirgi röyxatda milliy manbalardan — taniqli temurşunos olima Şohista Öljayevaning bironta kitobi kirmagan; xorijiy manbalardan — YUNESKOning Markaziy Osiyo tarixi haqidagi 6 jildlik nufuzli töplami aks etmagan.

Xullas, kamina 1996 yillarda Özbekistonning Fransiyadagi elçisi bölib işlaganman. Öşanda Amir Temur bobomizning qutluğ töylarini Parijda ötkazişga tayyorgarlik köriş asnosida, uluğ Sohibqiron haqidagi köplab bebaho adabiyotlar bilan astoydil tanişişga töğri kelgan.

Ötgan 30 yil içida şu mavzuda özbek, rus, ingliz, fransuz, nemis va boşqa xorijiy tillarda naşr etilgan ança-munça kitoblarni öqib çiqdim. Ayni çoğda, Tölqin Alimardonovning uşbu kitobidan, baribir, yangi va qiziqarli maʼlumotlar oldim. Masalan, Amir Temurning diplomatik xatlari bilan boğliq nisbatan keng tafsilotlar bilan tanişganimdan xursand böldim.

Akmal SAIDOV,

akademik.

 

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan