“Momaqaldiroq ostida sayr”dan so'ng…
mockups-design.com
“Xo'sh, nima qilish kerak? Shunday safsata sotib turaveramizmi endi?
Yo'q, birodarlar, Jiydaliga kirishning naqd ikki yo'li bor: biri — orqaga qaytib, kamida oltmish-etmish chaqirim chiqadigan etakdagi masofani aylanib, tumanning narigi tarafidan kelish; ikkinchisi — yaqinrog'i, lekin serzahmati — soyning beriyog'idagi so'qmoq bo'ylab so'lga yurib, mahalla-guzarlar oralab, tuman markaziga yaqin, Jiydalisoy yoyilib oqadigan yerdagi yangi ko'prik orqali o'tib borish…”
Ushbu parcha quyida biroz tavsifi keltirilajak asardan olingan. Gap asardan ham ko'ra o'quvchiga, shaxsan menga bir ramz bo'lib tuyulgan Jiydaliga — yozuvchining ko'ngil degan manzillariga kirish xususida. Jiydali ko'plab joy nomlarining biri. Bu yerda esa odamning ko'ngil ishlariga, turli ruhiy savdolarga makon bo'lgan bir go'shadir.
* * *
Yozuvchi degan kasb nima uchun paydo bo'lgan o'zi? Yozuvchi-shoir degan kishilar bu dunyoda bo'lmasa, nima o'zgarardi? Nima yo'qolgan bo'lardi? Odamzod g'ordan chiqib, tabiiy olovdan sun'iy olovgacha, omochdan kompyutergacha yetib kelgan odam bolasi yozuvchi-shoir deganlari bo'lmasa nonini o'zi ushlab yeyolmasmidi? Umuman, san'at degan nozik, inja, hamisha go'zal, ammo o'gay qizday kun ko'rib kelayotgan san'at nega kerak bo'lib qoldi bizga?
Kechgacha ketmon chopib, uy qurib, hisob-kitobni do'ndirib, so'ngra qorinni to'qlab, uyquni ursak, to tong otguncha Xudoning bergan rohatidan orom olib, yana ertalabdan rizqtalab bo'lib ko'chaga otlansak (g'ordan chiqib ovga ketgan bobolar kabi), kunimiz o'tmay qolarmidi?
Xo'sh, nega kerak bo'lib qoldi bu san'at degan soha, dilni ezuvchi, ezib turib bezovchi bu kasb turi?
Bu kabi so'roqlarga ko'plab men kabi donolar ham javob izlagan. Javob ham topganlar. Ko'plarining to'xtamlariga men ham qo'shilaman.
Ammo bugun ertalab ushbu savollar mening ruhimda boz qaytaladi. Bunga sabab bor, albatta.
Ustoz adibimiz, sevimli yozuvchi Erkin A'zamning yangi romanini o'qish asnosida ko'ngilning tub-tubida g'aroyib voqealar bo'lib o'tdiki, buning o'zini yozish uchun ham bir mardona qalamkashga ehtiyoj bor.
Mening kitobxon bolaligimga “Anoyining jaydari olmasi” nomli hikoya bilan tashrif buyurgan bu qilqalam adibning har bir asari — bosib o'tib kelayotgan ijodiy yo'li ko'zday tanish, qadrdon. Dunyoda yozuvchi ko'p, yozuvchiman, deb yurganlar undan-da bisyor. Hammasining qo'lida bir durbini bor. Kim qanday, qaerdan turib olam va odamni ko'radi, qaysi niyatda ko'radi — gap shunda. Erkin aka odamning, ko'ngilning yonini olib, bu jahonga boqdi, yaxshining qo'li baland kelganidan sevindi (bir qarashda sevinganini ham bilish qiyin), yaxshini yaxshi demay, maqtamay, ko'pirtirmay “yomonam yaxshi ko'rdi”.
Johildan, andishasizdan, soxta odamdan jirkanib, o'latdan qochganday qochib, ijirg'anib keldi. Bitganlarida ham shunday bitdi. O'zi turgan nuqtasida oyoqni tik bosib, odamni tomosha qildi. O'rtansa ham, quvonsa ham o'zi bildi — Xudoyi bildi. Izhorini esa iloji qolmaganda, yurak toshib ketganida qog'ozga to'kdi. Xo'jako'rsinga qalam qitirlatish, “bir boplab qo'yay” degan o'ylardan or qildi.
“Momaqaldiroq ostida sayr”. Adibning yangi asari. Ochig'i, deyarli qimirlamasdan, to'shakka mixlab tashlangandek, rosa 13 soatda qariyb 300 betlik romanni xatm qilib qo'ydim.
“Roman to'rt satr she'r kabi bo'lishi kerak”, degan edi Robindranat Tagor.
“Har qanday yozuvchi butun umri davomida bitta asar yozadi”, degan Jeyms Joys.
“Adibning asari o'zidan baland bo'lolmaydi”, der edi Shukur Xolmirzayev.
Bu uch nafar salafning xulosalari Erkin akaning yangi romanini o'qish, o'qib tugatish asnosida baravar ongimda uyg'ondi, ketma-ket, birga. Va g'oyibona ustozni qutlagim kelib ketdi. Roman ta'sirida ham quvondim, ham xo'rligim keldi. Xullas, aralash bir sezimlar dilimni quyunday o'rab olgan edi. Avvaldan ham yomon ko'rmayman-u, Erkin akani shu damda juda yaxshi ko'rib ketdim: “O'lmang!” deb pichirladim.
Roman voqeligi juda oddiy. Har kuni biqiningga urilib, g'ashingga tegadigan, har tong manglayingdan chiqib qoladigan odamlar, voqealar, gap-so'zlar.
Bir qishloqda tug'ilgan Oyravshan ismli iqtidorli, umidi yoniq bir qizning; Oyravshan ismli yulduzi porlab, porlaganda ham shahar osmonlarini-da yoritib, bu shu'lasiga o'zi g'arqu mahliyo bo'lib, nigoron ko'zlari shafaqlanib qolgan baxti nigun juvonning; Oyravshan ismli taqdir palaxmontosh kabi rosa aylantirib, har joylarga uloqtirgan qismati qo'qigan sochday chigal va alamli ayolning hayoti haqidagi bu asar adabiyotning mangu qahramoni — inson qalbidir, degan azal qoidaga muvofiq, usta qalam tagidan chiqibdi. Qishloq odamining, shahari obrazning, olaquroq — shaharu qishloqilik nuqsi urgan kishilarning bor yo'qligini hisoblash, “tipaj izlash” bu asar uchun shart emas. Sababi, adibning mahorati o'laroq yaratilgan bu romandagi har bir qahramon, hayotdan olingani ham, o'ylab topilgani ham bir go'r — odam! Xom sut emgan bandalar. Yozuvchi uslubiga sodiq qolib, ularning birortasini oqlamaydi, loy ham chaplamaydi. Bir so'z bilan aytganda: “Boring shu, odamzod!” deydi-da, Xudoga soladi-qo'yadi. O'quvchi adibning siddiq nekbinligini, doim mazlumning, adolat istayotgan g'aribning tomonida turadigan yurak urishini ham sezadi, albatta.
Oyravshan faol o'quvchi, shoira, teleyulduz, ko'p bor hayot so'qmog'ida qoqilgan bir inson. Uning yurish-turishi kimlargadir ma'qul kelmaydi, deylik, hech bir mo'min kishi o'zining Oyravshandek farzandi bo'lishini istamaydi. Ammo Oyravshanni yomon ko'rib ham qolmaydi. Uni yomon ko'rib bo'lmaydi. Bunga sabab bitta: bu mushtiparning qalb tubida imon butkul o'lib ketmagan. Darz ketgandir, ammo sinib tushgan emas. Uni taqdir shunday yaratgan. Erkin A'zam oqqa ko'chirgan.
Batafsil tabiat tasviri, ro'y berajak voqelik oldidan yo ortidan bir bet, yarim bet falsafiy izoh yoki xulosa berish Erkin A'zamga begona. Bo'layotgan voqeaning fe'l-u ravishida, tasvirda, dialoglarda o'quvchi ehtiyoji qondiriladi. Shu jarayonning o'zidayoq bizga kerak bo'lgan falsafiy xulosalar yetilib kelgan va biz uni o'zlashtirib bo'lgan bo'lamiz. Siqiq matn, gap-gashtak ketaveradi, ammo xarakter, holatning tarang yo salqiligi, qahramonlar kayfiyati, ya'ni ruhimiz istayotgan narsaga to'yinamiz. Aytmay turib aytib ketiladi. Masalan, bir burda nonni tasvirlab, so'ng uni balandga ko'tarib, “Mana bu — non”, demaydi u. Qiziq, qanday qilib bunday yozsa bo'ladi? Mahorat, peshlangan iste'dod degani shu!
Men romanni tahlilu tahrir qilish muddaosida emasman. Adabiyotimizda yangi, o'qiladigan, har doim ehtiyoj sezsa arzirli bir ish bo'lganini aytmoqchiman.
Biz Jiydaliga kiroldikmi yoki selni bahona qilib qaytib ketdikmi, agar kirolgan bo'lsak, u yerdan yuzimiz yorug' bo'lib, yana qaytib kelishga uyalmasday bo'lib chiqoldikmikan… romanni o'qish asnosida bir o'quvchi sifatida meni o'rtagan savol shu bo'ldi.
* * *
Uyg'onish azobi, og'riq zavqi degan ruhiy kechimlar bor. Bu o't bilan o'ynashayotgan bolaning xavfli quvonchiga ham o'xshaydi. Adabiyotning kerak joyi ham shulki, o'ta murakkab tarkibga ega bo'lgan inson qalbini kashf etish. Qalb degan sohilsiz dengizni bosib o'tish, ixtirolar yaratish. Odamzod bu a'mol — san'atni egallamaganida edi, sun'iy olovni kashf etolmay qirilib ketgan bo'lar edi. Ulug' Allohning niyati esa bunday bo'lmagan, menimcha.
Shodmonqul SALOM.
