Bir kitobga jo bo'lgan olam
Yaqinda sevimli yozuvchimiz Odil Yoqubovning mashhur “Ulug'bek xazinasi” romanini o'qib chiqdim. U yerda jahonga mashhur olim, davlat arbobi Mirzo Ulug'bekning boy kutubxonasidan joy olgan, alloma va uning shogirdlari qalamiga mansub asarlar, shuningdek, xorijlik olimlarning nodir kitoblari asl xazinaga tenglashtirilib ta'rifu tavsif qilinadi: qattiq muqovali, qalin, salmoqli kitoblar…
“Ulug'bek xazinasi”ni o'qib turgan vaqtimda dramaturg, xalqaro sharhlovchi, siyosatshunos olim, O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a'zosi Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobini muallifning dastxati bilan keltirib berishdi.
Avval bu kitob chiqqanini ijtimoiy tarmoqlarda, televidenie orqali efirga uzatilgan ko'rsatuvlarda ko'rgan, eshitgan, muallif bilan ko'rishganda uni bu salmoqli yutug'i bilan tabriklagan ham edim. Lekin nashrni qo'limga oldim-u… menda “Ulug'bek xazinasi”da ta'riflangan kitoblarni tutib turgandek tasavvur paydo bo'ldi. Bunday o'xshatish qilganimizning boisi shuki, Laziz Rahmatov bundan bir necha yillar avval “Dunyo mamlakatlari: Avstraliyadan Hindistongacha” kitobini (Toshkent, G'afur G'ulom nashriyoti, 2019. — 848 bet) o'quvchilar hukmiga havola etgan va u ancha shov-shuvga sabab bo'lgan edi.
Birinchi nashr hozirgi ikkinchi nashrga qaraganda hajman va shaklan ancha kichik edi. O'shanda ham muallif kitobning bir nusxasini oilamizga tuhfa etgan, o'zim va turmush o'rtog'im jurnalistlar, ijodkorlar ekanimiz sabab ish faoliyatimizda aksariyat hollarda shu kitobga murojaat qilib turardik.
Ushbu nashr biz uchun beminnat dastyor vazifasini o'taydi. Chunki ish, ijod, tarjima jarayonida xilma-xil mavzudagi matnlar uchrashi tabiiy. Ayrim faktlarni aniqlashtirish, solishtirish-taqqoslash, fakt-cheking tekshiruvidan o'tkazib, ma'lumotlar aniq, haqqoniyligiga ishonch hosil qilish talab etiladi. Aks holda, zakiy, bilimdon o'quvchi bir qarashdayoq noto'g'ri ma'lumot keltirilganini bilib oladi, haqiqatni noaniq, tekshirilmagan dalillardan ajrata biladi. Mana shunday hollarda “Dunyo mamlakatlari” kitobi sizga beminnat yordamchi, beg'araz dastyor bo'la oladi.
Chunki o'ziga o'ta talabchan muallif unda keltirilgan har bir sanani, raqamni, nomni va boshqa ko'plab ma'lumotlarni ming chig'iriqdan o'tkazgan, tekshirgan, to'g'riligiga ishonch hosil qilgachgina sizu bizning e'tiborimizga havola etgan.
Ayrim ota-onalar bolalarining dunyoqarashini oshirish uchun oila davrasida quyidagi o'yinni o'ynashadi: kattalar davlatlarning nomlarini aytishadi, bolalar esa ularning poytaxtlarini topishlari lozim bo'ladi.
Dunyoda davlatlar ko'pligidan bu o'yinning nechog'liq murakkabligini taxmin qilish qiyin emas. Lekin so'nggi vaqtlarda bolalarning bu o'yinida poytaxtlarning nomlariga boshqa vizual jihatlar, masalan, davlatlarning bayrog'i kabilar ham qo'shildiki, bularning hammasini “Dunyo mamlakatlari” kitobida uchratish mumkin. Bu nafaqat kelajagimiz poydevori bo'lmish bolajonlarning, balki kattalarning ham bilim doirasi oshishiga olib kelishi shubhasiz.
Endilikda O'zbekiston dunyoning barcha qit'asida joylashgan ko'plab davlatlar bilan yaqin hamkorlik qiladi, 170 ga yaqin mamlakatlar bilan diplomatik aloqalar o'rnatdi.
Har bir davlat haqidagi barcha ma'lumotlarni, o'zingizni o'ylantirgan savollar javobini “Dunyo mamlakatlari” kitobidan topasiz. Tadbirkorlik bilan shug'ullanmoqchi bo'lsangiz, qaysi mamlakatlar iqtisodiyotning qaysi sohalariga ixtisoslashgan, qanday mahsulotlar ishlab chiqaradi, qanday xizmat turlarini ko'rsatadi, nimasi bilan mashhur kabi savollarga asosiy javoblarni ham shu kitobdan topasiz.
Yoki, deylik, sayohatga otlanib turibsiz, lekin qaysi yo'nalishni tanlashda ikkilanyapsiz. Marhamat, “Dunyo mamlakatlari”da siz izlagan ma'lumotlarning hammasi mujassam. Xullas, bu kitob sizga hayotingiz davomida asqatishi aniq.
Nashrning lotin yozuvida, ensiklopedik tartib asosida tayyorlangan ilmiy-ommabop kitob ekanligi, kitobning barcha sahifalari rangli bo'lib, unda davlat bayroqlaridan tashqari, har bir mamlakatning relyef xaritasi berilgani, o'lkalarga doir tabiat manzaralari, shaharlari fotosuratlari rangli ko'rinishda chiroyli joylashtirilgani, kitobning informativligi e'tiboringizni tortadi.
Yana bir jihat. 2019 yilgi nashrda tahrir hay'atida 24 nafar a'zo bo'lgan bo'lsa, uning kengayib borishi bilan ular soni 49 nafarga yetkazilgani ham nihoyatda to'g'ri ish bo'lgan.
Kitobda futbol bo'yicha 2026 yilgi jahon chempionatida qatnashadigan ayrim, nomlari juda ko'pchilikka notanish bo'lgan mamlakatlar haqida atroflicha ma'lumot berilgan. Masalan, Kyurasao.
Kitobning birgina “A” harfi bilan boshlanadigan mamlakatlari haqidagi maqolalarni o'qish asnosida quyidagi qimmatli ma'lumotlar e'tiborimizni tortdi:
— Andorra davlati poytaxti Andorra-la-Velya Yevropada eng baland joylashgan poytaxtdir;
— dunyoda aholisi bor-yo'g'i 16 ming kishini tashkil etadigan Angilya (ha, xato o'qimadingiz, Angliya emas, aynan Angilya) davlati (Britaniyaning okean ortidagi o'zini o'zi boshqaruvchi hududi) ham bor ekan;
— Angola davlatida, ming afsuski, 2015 yil 3 sentyabrda islom dinini taqiqlash haqida Prezident farmoni qabul qilindi, bu davlat poytaxti Luanda yashash uchun dunyodagi eng qimmat shaharlardan biri hisoblanadi, mamlakat ikkinchi prezidenti Joze Eduardu dush Santushning qizi Izabel Afrikadagi eng boy ayoldir;
— Antigua va Barbuda Hamdo'stligi hududidagi eng baland nuqta — dengiz sathidan 402 metr balandda joylashgan Boggi tepaligi AQSh prezidenti Barak Obama sharafiga Obama tepaligi deb ataladi;
— jahonning eng janubiy shahri Ushuayya Argentinada joylashgan, 1920 yilda Argentinada dunyoda birinchi bo'lib radiostansiya to'lqin uzatishi amalga oshirila boshladi;
— Armaniston aholisi 3,1 million kishini tashkil etgani holda arman millatiga mansub 5,6 million kishi boshqa mamlakatlarda istiqomat qiladi, Armaniston nasroniylikni davlat diniga aylantirgan jahondagi birinchi mamlakatdir, bu yerdagi maktablarda shaxmat fakultativ emas, majburiy predmet sifatida kiritilgan;
— Avstraliya uran zaxiralari bo'yicha dunyoda 1-o'rinda turadi (33%), uni qazib olish bo'yicha esa Qozog'iston va Kanadadan keyin 3-o'rinni egallaydi.
Xullas, kitobni o'qigan kishi ko'plab qiziqarli ma'lumotlarga duch kelishi va dunyoqarashi ancha kengayishi aniq.
Hozir mushtariylar ikki toifaga bo'linadi: birlari bosma kitobni mutolaa qilishni afzal ko'rsa, boshqalari elektron tarzdagi nashrlarni o'qishni yoqtiradi. Kitobning elektron nusxasi ham alohida bot orqali tarqatila boshlagani o'quvchilar auditoriyasining yanada kengroq bo'lishini ta'minlaydi va xorij safariga otlanganlarga qo'l keladi.
Muallifning ma'naviyatni yuksaltirish, buning uchun kitob o'qish madaniyatini targ'ib etish, yosh, iste'dodli mualliflarni topish, kitoblarini chiqarishga yordam berish, ularning erkin ijod qilishiga ko'maklashish, nashrdan chiqqan kitoblarni matbuot anjumanlari orqali targ'ib etish kabi fazilatlari, albatta, bugungi kunimiz uchun juda manfaatlidir.
O'tmishda Mirzo Ulug'bekning asl xazinasi bo'lmish ilmiy kitoblarni saqlab qolib, uni kelgusi avlodlarga beshikast, beziyon yetkazish uchun uning sodiq shogirdlari Ali Qushchi, Miram Chalabiy, Qalandar Qarnoqiy va boshqalar qanchalik zahmat chekkani, jonini garovga qo'ygani ma'lum. Chunki Mirzo Ulug'bek o'limidan so'ng hokimiyatga kelgan Mirzo Abdullatif va uning tarafdorlari dunyoviy kitoblarning tarqalishiga tish-tirnog'i bilan qarshi chiqqan.
Hozir esa bizda buning mutlaqo aksi — davlat rahbari kitobxonlikni targ'ib qilish, ijod ahliga turfa xil imtiyozlar yaratish, kitobxon yoshlarni ma'naviy va moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlash tashabbuskori bo'lib turibdi. 22 may kuni esa muhtaram Prezidentimiz “Milliy kitobxonlik harakati”ni boshlab bergani, ushbu dastur uchun umumiy yillik 240 ming AQSh dollari miqdoridagi mukofot fondi ajratilgani fikrimizning yorqin dalilidir.
Shu jihatdan, Laziz Rahmatovning mutolaa madaniyatini ommalashtirish borasidagi sa'y-harakatlari, o'zi asos solgan “Qanot” loyihasini faol qo'llab-quvvatlab kelayotgani ham shak-shubhasiz e'tiborga molikdir.
Abduvohid UMIROV,
O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar
uyushmalari a'zosi,
tarjimon.
