Siyrati suratiga mos “Samarqandim”
Har qanday narsani birinchi marta ko'rganimizda avval tashqi qiyofasiga e'tibor qaratamiz, so'ng qolgan jihatlariga. Begona inson bilan uchrashganimizda ham dastlab qaddi-qomati, rang-ro'yi, yuz ifodasiyu qarashi beixtiyor e'tiborimizni tortadi. O'zini tutishi, muomalasi ham muhim, albatta. Shunday odamlar bo'ladiki, birinchi uchrashuvdanoq suhbatdoshini o'ziga jalb etadi va aksincha holatlar ham uchraydi. Chunki surat va siyrat har doim ham bir-biriga mos kelavermaydi.
Gazeta, jurnal, xususan, kitobni men odamlarga o'xshatgim keladi. Biron-bir gazeta va jurnalni yoxud kitobni qo'lga olishim bilan u haqda yo ijobiy, yoki aksincha fikr kechadi ko'nglimdan. Ko'pincha ana shu intuitsiya aldamaydi. Zero, bosma nashrlarning dizayni – bezagi o'quvchida birinchi taassurot uyg'otadi. Shuning uchun ham haqiqiy muharrirlar va noshirlar bu masalaga alohida e'tibor qaratadi. Xususan, keyingi yillarda bu dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Binobarin, gazeta va jurnal ham, kitob ham ma'lum ma'noda mahsulot. Mahsulot ko'rinishli, xaridorgir bo'lmog'i lozim.
Aksariyat hollarda bir ko'rishdayoq e'tiborni tortadigan darajada bezatilgan nashrlarning mazmuni ham shunga yarasha bo'ladi (surat boshqa, siyrat boshqa holatlarni inkor etmaymiz).
Surati siyratiga mos, ko'rganda ko'z quvnaydigan, o'qiganda ko'ngil rohatlanadigan, ham ko'zga, ham qalbga orom va malham bo'ladigan nashrlar keyingi paytda ko'paymoqda. “Vatan” va “Samarqandim” jurnallarini shular qatoriga qo'shgim keladi.
Qo'limda “Samarqandim”ning 2026 yilgi 2-soni. Birma-bir varaqlayman. Bir-biridan dolzarb, ahamiyatli, mag'zi to'q, ayni chog'da qiziqarli maqolalar, suhbatlar, fikrlar. Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovning “Mustaqil ong muammosi” (Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev millatni tafakkur tutqunligidan qutqazgani haqida), akademik Oqil Salimovning “Millatni tanish” (Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan barpo etilgan Imom Buxoriy maqbarasi ziyoratida ko'nglidan kechirganlari), O'zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonning “Mutafakkir bashorati va vasiyat” (O'zbekiston Qahramoni Ibrohim G'afurov haqida) maqolalari har qanday o'quvchini o'yga toldiradi, fikr yuritishga da'vat etadi.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda, Islom dunyosi ta'lim, fan va madaniyat tashkiloti bosh direktori Salim bin Muhammad Al-Malik, Turkiya madaniyat va turizm vaziri o'rinbosari doktor Serdor Cham, AQShning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenikning jonajon O'zbekistonimiz, mehnatkash xalqimiz, Yangi O'zbekiston bunyodkori Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev to'g'risidagi samimiy, dildan aytgan fikrlari qalbimizni faxr va quvonch tuyg'ulari bilan to'ldiradi. Ularni o'qigan jurnalxonlar shunday farahbash el-yurt farzandi ekanidan g'ururlanadi.
Yozuvchi Nazar Eshonqulning iste'dodli adib Ahmad A'zam ijodiga bag'ishlangan “O'zidan o'zini izlagan adib” maqolasi o'quvchilarni befarq qoldirmaydi. Zotan, Ahmad A'zam adabiyotimizga 70-yillarda kirib kelgan shoir va yozuvchilarning ko'zga ko'ringan vakillaridan biri edi. O'zbekiston xalq yozuvchisi, ustoz Asqad Muxtor rahbarligida “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” haftaligida bir necha yil birga ishlagan edik. O'sha yillari rahmatli Ahmad bilan Litva va Latviya respublikalarida, Moskva shahrida safarda bo'lgan edik. Ahmad A'zam iste'dodli yozuvchi, nozik didli munaqqid, dilkash suhbatdosh edi. Nazar Eshonqulning maqolasini o'qib, o'sha yillarni shirin bir xotira bilan esladim.
Jurnalda benazir shoir Abduvali Qutbiddin eslangani ham xayrli ish bo'libdi. Uning “Samarqandcha…”, “Samarqand” she'rlarini hayajonsiz o'qib bo'lmaydi: “Samarqandlik bo'lish uchun uch yil yetmas, deydi Mohinur… Uch ming yil yetmas, deydi Mohinur” deb yozadi Abduvali.
“Samarqandim”ning oldingi sonlari kabi ushbu sonidagi har bir maqola, suhbat, hatto iqtiboslar haqida alohida maqola yozish mumkin. Shu bois ularni sharhlagandan ko'ra o'qigan afzal va foydaliroq.
Tahrir hay'ati raisi, loyiha muallifi Rustam Xolmurodov, bosh muharrir Farruh Hamroyev rahbarligida jurnal tahririyati jamoasi katta mehnat qilganki, ularni chin yurakdan tabriklayman.
Qadring bundan-da baland, parvozing tobora yuksalib boraversin, siyrati suratiga mos go'zal “Samarqandim”!
Mamatqul HAZRATQULOV.
