“Guliston” – tilla sandiq ekan…
Bolaligimdan akalarimga qo'shilib, kattalarning kitoblarini o'qirdim. 4-sinfdaligimda sinfdoshlarim bolalar nashrlariga obuna bo'lsa, men “Fan va turmush” va “Guliston”ga obuna bo'lganman. Boshqa gazeta va jurnallarga qolgan oila a'zolarimiz obuna bo'lgani sabab har kuni quchoq-quchoq gazeta va jurnallar olardik. Almashib o'qirdik… Mening jurnallarim kelgan kunlar bayram edi. Hozir eslasam, hayron qolaman, sinfda zo'rg'a uchga o'qiydigan bolalar ham gazeta, jurnal o'qirdi, fikr almashardi.
Jurnalimizning yuz yilligi munosabati bilan “Guliston”ning “Yer yuzi” bo'lib chiqa boshlaganidan beri bugungi kungacha arxivni titkilab, o'qib chiqdim. Olis yoshligimda o'qigan ba'zi hikoyalar, deyarli unuta boshlagan maqolalar xotiramda qayta bo'y ko'rsatdi. Yaxshiyam yuz yillikka tadorik boshlangani, deb xursand bo'ldim. Ehhe, “Guliston” — tilla sandiq ekan. Ilk she'rlari, ilk hikoyalari chiqqan ulug'larimizga pillapoya bo'lgan jurnal bisotini hali ko'p o'rgansam kerak.
Taqdir taqozosi bilan men “Guliston” jurnaliga 2002 yil yanvar oyida amaliyotga keldim. O'sha paytdagi bosh muharrir Tilab Mahmudovning huzuriga meni shoir Asqar Mahkam olib kirdi. Tilab aka “mas'ul kotib Ma'pura Nabiyeva amaliyot rahbaringiz bo'ladi”, deb ko'rsatma berdi. Ma'pura opaning xonasida faylasuf olim, bo'lim muharriri bo'lib ishlagan Mahkam Mahmud bor ekan. Ma'pura opa menga tahrir qilingan bir jild maqolalarni berib, tahrirni o'rganib turishimni tayinladi. Mahkam aka esa “Argumentы i faktы” gazetasidan bir materialni o'zbekchaga o'girib kelishimni tayinladilar. “Har kuni kelishingiz shart emas, shu sizga topshiriq, o'n kunda tarjimani yetkazasiz”, dedi. Amaliyotchiga bundan ortiq mukofot bormi? Uyga — Samarqandga ketdim. Bir haftadan keyin tarjimani Mahkam akaga olib borsam, hamma bezovta, shivir-shivir. Yangi bosh muharrir kelibdi.
Xafa bo'lib ketdim. Menga Tilab Mahmudovning muomalasi yoqqan, men bilan xuddi hamkasbiday gaplashgan edi. Azim Suyun degan shoir “O'zbekiston ovozi” gazetasidan “Guliston”ga rahbar bo'lib kelibdi.
Tarjimani sekin Mahkam akaga topshirib chiqayotsam, gulduragan ovoz keldi. Eshikdan Azim Suyun kirib keldi va Mahkam aka, Ma'pura opaga yuzlanib, “Xonalaringizdan joy berasizlar, bizga ajratilgan xona sal ta'mirtalab ekan…” dedi. Men xayrlashib chiqib ketmoqchi edim, u kishi “Siz ham shu xonada o'tirasizmi?” dedi. O'rnimga Ma'pura opa javob berdi: “Amaliyotga kelgan”. “O'tiring”. O'tirdim.
Endi men amaliyotga har kuni boraman. Shoirdan qo'rqa-pisa bir chetda Ma'pura opa bergan yig'ma jildni ochib o'qib o'tiraman. O'sha tarjimamni Mahkam Mahmud bosh muharrirga berdi. Azim aka maqtadi. Sezib turibman, Mahkam aka tahrir qilgan. Xullas, o'sha kichik tarjimam Azim Suyun muharrirligidagi ilk sonda chop etildi.
Tilab Mahmudov ketgach, ko'pchilik xodimlar bo'shab ketibdi. Azim Suyun xodimlar o'rnini to'ldirish uchun bir qator shogirdlarini, shu bilan birga meni ham ishga oldi. Ma'pura opa keyinchalik aytib bergandi: “Anovi yerga qarab yuradigan qizni shogirdlikka oling, yarim stavka ishlab tursin”, degan ekan Azim aka. Azim Suyun bilan o'n yil birga ishladik. Singlim, deb gap boshlardi biror vazifa aytmoqchi bo'lsalar.
Xullasi kalom, shundan beri “Guliston”daman. Bugun faxr bilan ayta olamanki, jurnalimiz peshonasi yarqiragan ekan. Qancha bosh muharrir almashdi, xodimlar keldi. Birorta yomon odam ko'rmadim. Har bir bosh muharrirning uslubi, yo'nalishi bo'ladi. O'rgandik, pishdik, hamon o'rganyapmiz. Adabiyotshunos Jalolbek Yo'ldoshbekov so'zga xasislikni singdirdi. Maqolaga kirish gap qilishni yoqtirmasdi. Boshlanishdan maqsad aniq bo'lsin, derdi. Jamoaga ahillik olib kirdi. Shoir Minhojiddin Mirzo bosh muharrirligi davrida ancha ijobiy o'zgarishlar bo'ldi. Katta adabiyot va san'at darg'alari bilan o'sha davrda yaqindan tanishdim. Temur A'zam bilan kam vaqt ishlagan bo'lsak-da, u tadbirli, tashkilotchi jurnalist ekanini ko'rsatdi.
Shu o'rinda hozir ham eslasam, to'lqinlanib ketadigan bir gapni aytib o'tishni joiz ko'rdim. O'zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva hayotlik chog'ida jurnalimiz uchun she'r so'raganimda uylariga taklif qilgandi. O'shanda borgunimcha yangi she'rlarini alohida ko'chirib o'tirgan ekanlar. Qo'lyozmaning bir chetiga “Manzuraga. “Guliston” deganda sizni eslayman”, deb yozib qo'ygan ekanlar. Shoira menga katta baho berganidan uchib yurganman o'sha kezlar.
Halima opa ijodiy uchrashuvlarda shoira qizlardan, shogirdlaridan faoliyati, qaerda ishlayotgani haqida ko'p so'rardilar. Menga kelgach: “Guliston”damisiz? O'zgartirmang ishingizni”, deb qo'yardilar.
Bugun o'tgan yillarga nazar tashlab, tarixni o'rganib, “Guliston” katta maktab ekan, degan xulosaga keldim. Ibrohim Rahim maktabi, Asqad Muxtor maktabi, Mirmuhsin maktabi… Hatto bu yerda xodim bo'lib ishlagan yozuvchilar, jurnalistlar maktabi ham shakllangan. Mahmud Sa'diy maktabi, Erkin A'zam maktabi, Xayriddin Sulton maktabi, Abdulla Sher maktabi… Bugungi kunda ardoqli ustozimiz Mamatqul Hazratqulov maktabi haqida yozsam, alohida maqola bo'ladi. Zero, Mamatqul muallimning “Guliston”i — o'zi bir tarix.
“Guliston” — menga eng ko'p saboq bergan maktab. Bu maktabning o'quvchisi bo'lib o'rganib borayotganimdan, ustozlarimdan bir umr minnatdorman. “Guliston”ning bir asrlik yo'lida yigirma uch yil mehnatim, nasibam qo'shilganidan xursandman.
Manzura ShAMS
