Ona yurtim shamollari

Adabiy do'stlikabadiy do'stlik

O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning she'rlar to'plami qoraqalpoq tilida nashr etildi

Qoraqalpoq adabiyoti qadim turkiy tilli adabiyotning teran tomirlaridan sanaladi. Bu tomirlar Amudaryo va Sirdaryodan suv ichgan, o'z zamonida Oroldek to'lib toshgan, bugungi kunda tobora gurkirab rivojlanib bormoqda, mo'l-ko'l samaralar bermoqda.

Sirojiddin Sayyid qoraqalpoq xalq og'zaki ijodini, qoraqalpoq mumtoz va zamonaviy adabiyotini ko'p o'qiydi. O'zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupovning she'rlarini yod biladi. Ayniqsa, “Esar Jayhun shamollari” she'rini har qadamda takrorlab yuradi.

Qayda yursam sog'intirar

Ona yurtim tomonlari.

Xayolimda sahar-sahar,

Esar Jayhun shamollari…

 

O'zbekiston — shonli diyor,

Bulbullar ishqinda yonar.

Hamma faslinda navbahor,

Esar Jayhun shamollari…

Yana taniqli qoraqalpoq shoiri, O'zbekis­tonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Baxtiyor Genjamurod bilan yoshlik vaqtida Do'rmon seminarida birga qatnashganini, o'shanda ustoz Erkin Vohidov mahorat saboqlarini bergan she'riyat sho''basida badiiy so'z sirlarini o'rganganini o'zgacha zavqu surur bilan so'zlaydiki, ushbu maroqli hikoyalarni tinglagan odamning havasi keladi.

Shoir Mo'ynoqqa, Ustyurt kengliklariga ko'p ijodiy safarlar qilgan. Bu yurtdagi islohotlarni ko'p bora qalamga olgan. Qoraqalpog'istonda amalga oshirilayotgan ulug'vor ishlar haqida “Matonat manzili” nomli yirik she'riy asar bitdi. Yangi O'zbekistonning, Yangi Qoraqalpog'istonning nurli kelajagini yaratish uchun matonat bilan mehnat qilayotgan zamondoshlarimiz obrazlarini mahorat bilan tas­virlaydi:

 

Men ham boshga qiya qo'yib

                     Qoraqalpoq bo'rkini,

Ko'rsam Ustyurt qirlaridan

                     Ona yurtim ko'rkini.

Ko'z ilg'amas kengliklarga

                     to'lgan ko'nglim yetgaydir,

Ufqlarga qadar ko'nglim

                     bir yastanib ketgaydir!

 

Ustoz Ibroyim Yusupovning bir vaqtlar o'z shogirdi Ulmambet Xo'janazarovga bag'ishlab yozgan she'rini ustoz Sirojiddin Sayyid teran hikmatga ega asar sifatida baholab, davralarda aytib yuradi.

 

Ulmambetjon, aytsam sag'an,

Durust qilding qalayda.

Nukusda so'z haydagandan

Bo'zatovda mol hayda.

 

Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog'istonda Bo'zatov tumani tashkil etildi. Ajiniyoz bobo tavallud topgan Bo'zatov bugun obod manzilga aylandi, bu yerda zamonaviy shahar barpo bo'ldi. Ibroyim og'aning quruq so'zdan ko'ra, amaliy ish yaxshi, degan falsafiy fikri hamda ezgu niyatlari bugun ijobat bo'lmoqda.

Qoraqalpog'istonda ma'naviy sohalarda ham islohotlar amalga oshirilmoqda. Adabiyot rivojlanmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan chop etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik kitoblar majmuasining besh jildi qoraqalpoq adabiyotidan iborat. Shu bilan birgalikda “Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari” nomli o'n olti jildlik kitoblar o'zbek tiliga tarjima qilinib, nashrga tayyorlandi. O'zbek adabiyotining eng sara namunalari qoraqalpoq tiliga tarjima qilinmoqda. Adabiyotimizning buyuk namoyandalari Alisher Navoiy dostonlari, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari, Zulfiya, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov she'rlari va dostonlari, O'tkir Hoshimov, Muhammad Ali romanlari, Isajon Sulton hikoyalari qoraqalpoq tiliga tarjima qilingan.

Kuni kecha Nukusdan yana bir yangi kitob keldi. O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Ana jurtim” (“Ona yurtim”) nomli 335 sahifadan iborat she'rlar to'plami qoraqalpoq tiliga tarjima qilinib, Nukus shahridagi “Qaraqalpag'istan” nashriyotida chop etilibdi. Shoirning uch yuz o'ttizdan ziyod she'rlarini O'zbekiston xalq yozuvchisi, Qoraqalpog'iston xalq shoiri Kengesboy Karimov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Baxtiyor Genjamurod, taniqli shoir Jumaniyoz O'taniyozov qoraqalpoq tiliga tarjima qilgan.

Qoraqalpog'iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kengesboy Karimov kitobni nashrga tayyorlagan va so'z boshi yozgan.

“Surxondaryo viloyatining olis Kundajuvoz ovulida tug'ilgan bo'yra sochli, ko'zlari dunyoga o'ychan boqqan Sirojiddin otli bola kichkina vaqtidan boshlab futbol o'ynashga va ertaklar bilan afsonalarni tinglashga qiziqardi, — deb yozadi Kengesboy Karimov “Bolalikdan boshlangan doston” maqolasida. — Bolaning momosi Oybiyi momodan tortib, Sayidumar og'asi, Islomiddin tog'alari xalq dostonlari, ertaklarni unga ko'p aytib berishardi”.

Shoirning o'z bolaligi haqidagi maqolalar, she'rlarida ushbu voqealar qiziqarli tasvirlanadi. Ko'z o'ngimizda qish­loq manzaralari, bo'lajak shoir o'qigan maktab, sinfdosh do'stlari qiyofalari gavdalanadi. Sirojiddin Sayyidning to'rt jildlik “Asarlar” kitobining “Nasriy ohanglarda” deb nomlangan bo'limida badiiy nasrning chinakam namunalarini o'qiysiz. Turfa xil ibratli hayotiy voqealar jonli va ta'sirchan tasvirlanadi. Vaqt, zamon va har xil insonlar obrazlari mahorat bilan chiziladi. Ana shu “Nasriy ohanglarda” bo'limiga kiritilgan suhbatlardan birida “Agarda bolalik paytingiz qaytib kelsa, qaysi kasbni tanlagan bo'lardingiz?” degan savolga shoir shunday javob beradi: “Hozirgi shart-sharoitlar va imkoniyatlar bilan bo'lsaydi — shak-shubhasiz, futbolni tanlar edim. Maktabda bu o'yinni juda yaxshi ko'rardim. Futbol to'pi, yam-yashil chimzor, ko'kalamzor sayhonlik mening jonu dilim edi. Mendan zo'r futbolchi chiqishiga ham ishonardim. Uzun bo'yim, uzun oyoqlarim bunga kafillik berib turardi. Radio-televizorlar esa “Pele, Pele” deb hayqirib yotardi. O'sha zamonlarda bizning yurtdan faqat paxta va oltin chiqarilardi, jahon chempionlari esa negadir O'zbekistondan chiqmas edi. O'smirligimda shu alam bilan “Bizlardan bo'lmadi hech kim chempion” deb yozgan bir she'rim ham bor”.

 

Bizlardan bo'lmadi hech kim chempion,

Sportni tark etdi bolalar ko'pi.

Hanuz meni qiynar u stadion,

Hanuz meni qiynar u futbol to'pi.

 

Hayqirdi radio, televizorlar

Ko'klarga ko'tarib Pelelarini.

Ta'zirin berardi ota-onalar

Futbol deb yugurgan bolalarini.

 

Yaxshi eslayman, qoraqalpoq shoiri, do'stim Baxtiyor Genjamurod bilan ikkalamiz birga ustozimiz, O'zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovni ziyorat qilgani borganimizda suhbat jarayonida ijodda hammamizning boshimizni silab ulg'aytirgan mehribon ustozimiz o'zining sadoqatli shogirdi Sirojiddin Sayyidga bo'lgan mehrini izhor etib: “Bugun o'zini shoir deb hisoblab, jild-jild kitob chiqarib, qog'oz qoralab yurganlarning ko'pini Sirojiddin Sayyidning bolaligida futbol o'ynab, chim ustiga oyog'idan tushib qolgan tirnog'iga ham olmayman”, — degan edi u.

 

Gohida ko'zda yoshu gohida xandon bo'ldik,

Gohida bolg'a bo'lsak, gohida sandon bo'ldik,

Axiyri kulib tole, sohibi davron bo'ldik,

Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

“Adabiyot degan katta kema bor, — degan edi yuqoridagi satr­lar muallifi ustoz Abdulla Oripov bir suhbatlarida, — o'sha kemaga chiqolmay qolganlarga rahmim keladi”.

Shoir armon bilan izhor qilgan dardlar, orzu-umidlar bugun Yangi O'zbekiston farzandlari timsolida ro'yobga chiqdi. Shuning uchun Sirojiddin Sayyid bugun jahon chempioni bo'lgan o'g'il-qizlarimizni bearmon madh etib she'rlar bitadi. Chempionlarimiz sharafiga O'zbekiston bayrog'ining jahon arenalarida hilpirab ko'klarga ko'tarilishi, Ona Vatanimizning Davlat madhiyasi yangrashi shoirni, barchamizni hayajonga soladi.

Shu o'rinda bir timsolni aytib o'tmoq joiz. Sirojiddin Sayyid futbol bo'yicha jahon chempioni bo'lmagan bo'lsa bordir, lekin u adabiyot, she'riyat bo'yicha chempion bo'lganiga shak-shubha yo'q. 2023 yili shoir xalqaro adabiy aloqalarga qo'shgan hissasi uchun turkiy tilli davlatlar madaniyati — TurkSOY tashkilotining oltin medali bilan mukofotlangani fikrimizning yaqqol dalili bo'la oladi.

“XXI asrning boshlariga kelib Sirojiddin Sayyid mus­taqil O'zbekistonning zabardast shoiriga aylandi, — deb yozadi Kengesboy Karimov. — Uning she'rlarida Vatanga, tug'ilgan yerga, yurtdoshlarga bo'lgan muhabbat qudratli tovushga aylandi.

 

Balent-balent tovlarda

Biykar jatqan qar bolmas.

Shirildag'an palapan

Aspansiz shunqar bolmas.

 

Botalari izinen

Kelmese ol nar bolmas.

Jurting' — sening savlating',

O'z-o'zinen bar bolmas, —

 

deydi u “Ana jurt” qo'shig'inda”.

Ushbu she'r ona tilimizda quyidagicha:

 

Baland-baland tog'larda

Bekorlarga qor bo'lmas.

Chirqiragan polapon

Bejiz bir kun sor bo'lmas.

Bo'talari izidan

Kelmasa gar — nor bo'lmas.

Yurting — sening yuzingdir,

Yurtning o'zi bor bo'lmas.

 

Tarjimadagi “Biykar jatqan qar bolmas”, “Aspansiz shunqar bolmas”, “Jurting' — sening savlating', O'z-o'zinen bar bolmas” iboralari qoraqalpoq tilida o'zgacha jaranglaydi (Tarjimon Baxtiyor Genjamurod). Hayot tajribalari, qanchadan-qancha sinovlardan o'tgan, shoirning quvvai hofizasi orqali maqolga, hikmatli so'zlarga aylanib ketgan ushbu obrazli misralar mazmuni juda teran. Millat, xalq, ona Vatan taqdiri, uning shonli o'tmishi, buguni va kelajagi haqidagi armonlar, orzu-umidlar tasvirlangan she'rning so'zlari olmos munchoqdek tasavvurni qamashtiradi, yurakka zavqu shavq beradi. Necha ming yillik qadimiy ohanglar yangicha jilo bilan yangragan bunday she'rlar turkiy tilning qoraqalpoq shevasida quloqqa yoqimli eshitiladi. Buning sababi she'rning asl jozibasi, ayniqsa, tarjimonning badiiy mahoratidadir.

Qoraqalpoq tilidagi “Ana jurtim” deb nomlangan kitobning nomi ana shu she'rdan olingan.

Kitobning ilk sahifalari “Niyat” nomli she'r bilan ochiladi:

 

Biyil suyunshig'a talas bolajaq,

Mehr basimizg'a quyash bolajaq.

 

Bala tap qariyalar misali dana,

Qariya bala kibi shoq, jas bolajaq.

 

Qaytip Madinadan, Hindistanlardan,

Qaldirg'ashlar tag'i sirlas bolajaq.

 

Albatta, har bir kitob nashrga tayyorlovchi tomonidan g'oyaviy-badiiy jihatdan ma'lum maqsadni ko'zlab tuziladi, unga tartib beriladi. Bunda ham shoirning, ham kitobni nashrga tayyorlagan muharrirning dunyoga, odamlarga, elu yurtga aytmoqchi bo'lgan so'zlari, falsafiy fikrlari, ayni paytda badiiy uslubi namoyon bo'ladi. Ilk she'r bilan o'quvchi diqqatini tortish, uni she'r bilan sehrlab, yuragini zabt etish hammaning ham qo'lidan kelavermaydi. Mashhur adiblar ta'biri bilan aytganda, o'quvchi asar muallifi bilan yakkama-yak­­ka bellashuvga chiqqan “raqib”dir. Ilk jumla yoki ilk she'r bilan asar muallifi yengadi yoki yengiladi. Yenggani o'quvchi fikri-xayolini kitob sahifalariga muhrlab qo'yadi, yengilgan yozuvchining kitobini o'quvchi o'qimay, otib yuboradi. Yozuvchi bilan o'quvchi o'rtasidagi munosabatni Kortasar boks sport musobaqasiga o'xshatgan edi: “Roman har doim ochkolar bo'yicha g'alaba qozonadi, hikoya nokaut bilan yutishi zarur”. She'r ham shunday bo'lishi kerak.

She'r sehri, ohangi va hikmati bilan kitobxon ko'ngliga yorug' va ezgu tuyg'ularni baxsh etsa, bu shoirning baxti. Yuqorida biz misol keltirgan she'rning asli shunday:

 

Bu yil sevinchlarga talosh bo'lajak,

Mehrimiz bosh uzra quyosh bo'lajak.

 

Bolalar keksalar singari dono,

Keksalar boladay sho'x, yosh bo'lajak.

 

Qaytib Madinayu Hindistonlardan,

Qaldirg'ochlar yana tildosh bo'lajak.

 

Tarjimada qipchoq lahjasiga xos “j”, “q”, “s”, “sh” tovushlari o'zgacha ohang bilan eshitiladi. Ayniqsa, “Biyil suyunshig'a talas bolajaq”, “Qaldirg'ashlar tag'i sirlas bolajaq” satrlari, ulardagi “suyunshig'a”, “tag'i” so'zlari fonetik obraz yaratadi, qadimiy turkiy tilning ohanrabosi bilan ongu shuurimizga kuchli ta'sir qiladi.

She'rlar nomini qoraqalpoqcha talaffuz bilan sanaymiz: “Jasliq. Bahar. Muhabbat”, “Takirar”, “Muhabbat hazili”, “Savg'a”, “Ne'matulla ag'ag'a”, “Nege”, “Ay”, “Umir”, “Gulshe” va hokazo. Ushbu she'rlarning har birida shunday fonetik, morfologik yangilanishlar, uslubiy-shakliy hodisalar mavjud.

Kitob mutolaasi davomida har bir tarjimonning o'ziga xos mahorati, o'zining uslubi, izlanish va qiziqishlari yorqin ko'rinadi. Masalan, Kengesboy og'a o'z ruhiga mos she'rlarni tanlab tarjima qilgan. Jumaniyoz O'taniyozov o'zi harbiy sohadan chiqqan ijodkor bo'lgani uchun ko'proq harbiy-vatanparvarlik, ustozlarga ehtirom, el-yurtga muhabbat mavzusidagi she'rlarni tanlagan. Baxtiyor Genjamurodni esa, jahon she'riyatining yangicha shakllari, quyma metaforalar, sharqona qisqa, lo'nda va teran hikmatlar, so'z sifatidagi va matndagi kashfiyotlar qiziqtiradi. Baxtiyor ancha murakkab she'rlarni tanlagan va eng ko'p tarjima qilgan.

“Ana jurtim” kitobining badiiy kompozitsiyasi Qoraqalpog'iston kengliklari manzaralari, neft va gaz konlari, bun­yodkorlik ishlari qalamga olingan “Martler manzili” (“Matonat manzili”) dostoni bilan yakunlanadi. Muallifning bu bepoyon diyorga, ko'ngli keng, mard va olijanob qoraqalpoq xalqiga bo'lgan mehr-muhabbati izhori namoyon bo'ladi. Asar debochasida shunday so'zlar bitilgan: “Tashkentten minglag'an chaqirim, Nukustan 500 chaqirimg'a chamalas qashiqliqta jaylasqan shegara makanda Prezidentimiz tarepinen qisqa vaqit ishinde abadanlastirilg'an “Qaraqalpaqistan” shaharshasinde jasap, miynet yetip atirg'an jurtlaslarimiz ham usi jerdegi puqaralar jiyini baslig'i Qutli Qoshimbetovag'a bag'islang'an”.

 

Umir nedir — martlikdir ol,

Zor g'ayratdur, zamanlas,

Jasav nedur — gureslerden

Ibaratdur, zamanlas.

 

Esimda, Prezidentimizning Qoraqalpog'istonga rasmiy tashriflaridan birida olis Qoraqalpog'iston qo'rg'oni mahalla raisi Qutli Qo'shimbetova so'zga chiqib: “Men Vatanimizning eng chekka shimoliy chegarasida hilpirab turgan O'zbekiston bayrog'ini ko'rganimda shunday Vatanda yashayotganimdan hayajonlanib, nihoyatda g'ururlanib ketaman. Shoir bo'lganimda edi, jo'shqin tuyg'ularimni she'rga solgan bo'lardim, yozuvchi bo'lganimda romanlar yozar edim…” deb Vatanimizga bo'lgan muhabbatini izhor etdi.

Bu gaplarni eshitganimizdan so'ng O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid rahbarligidagi ijodiy guruh bilan besh yuzga yaqin badiiy kitoblarni olib, Qutli opa Qo'shimbetova bilan yuzma-yuz suhbatlashib, o'sha olis manzildagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishish uchun “Qaydasan, Qoraqalpog'iston qo'rg'oni” deb yo'lga tushdik. Nukusda Kengesboy Karimov yo'lboshchiligida “Jeep” rusumli mashinaga o'tirib, yo'l yurdik, yo'l yursak ham mo'l yurdik. Avval sharros yomg'ir quydi, so'ng qorga aylandi. Qo'ng'irotdan keyin bosh­langan Ustyurt kengliklari kimsasiz. Yo'llar loy, balchiq, haydovchilar “yama” deb ataydigan o'ydim-chuqur ko'p. Yog'ingarchilik sharoitida mashina tez yurolmaydi. Shu bois juda sekin yuramiz, boshqa iloj yo'q… Nukusdan o'n-o'n bir soatlar yo'l yurib, Qutli opaning huzuriga yetdik. Shoirlarni, Toshkentdan sovg'a qilib keltirilgan kitoblarni ko'rgan qoraqalpog'istonliklar quvonchini ifodalashga so'z ojiz. Hammaning tilida: “Bizning shuncha chekkadagi ovulimizga Prezidentimiz shoirlarni yuboribdi, buning ustiga yana ko'p kitoblar jo'natibdilar!” degan gap rosa shov-shuv bo'ldi o'shanda. Yurtdoshlarimizning bunday hayratu hayajonlarini ko'rganimizdan keyin olis yo'l azoblari esimizdan chiqib ketgan. Nukusga qaytgunimizcha esa ana-mana tong otib qolgan edi. Ana shu ijodiy safardan keyin Sirojiddin Sayyidning “Matonat manzili” dostoni dunyo­­ga keldi. She'riy satrlar keng sahrolarga yoqqan yomg'iru qorlar, osmondan boshga tegay-tegay deb engashib turgan bulutlar yuzishidan, quvrab yotgan tuyaqorinlar, hazorisbandlar, yovshanlar iforidan, neft-gaz konlari minoralari, nihoyatda ulkan quvurlar hayratlaridan bahra olib, kimsasiz cho'lda tizilib yurgan tuyalaru bo'taloqlarning lo'killashlaridan ohang olib, eng muhimi, bunyodkor zamondoshlarimiz mardligidan ruh olib pishdi.

 

So'z qarzini joni birlan

                        to'lab borgan bobolar,

Ustoz Ibrohim og'a ham

                        To'lepbergen bobolar.

Tomirlarda qonlar qaynar

                        Yer ostida konlarday,

Yer ostida konlar qaynar

                       tomirlarda qonlarday.

Yangi davru zamonlarning

                       dashtu kengliklarida

Konlar uzra qator ketgan

                       undov belgilariday —

Paydo bo'lgan har minorni

                       mehrimga qo'ysam deyman,

Davru zamon da'vatiday

                       she'rimga qo'ysam deyman.

 

Kitobga kirgan ellikka yaqin she'r va “Matonat manzili” dos­tonini Kengesboy Karimov, sakson beshga yaqin she'rni Jumaniyoz O'taniyozov, to'qson ikki she'r, 67 ta fardni Baxtiyor Genjamurod tarjima qilgan. Unda shoir she'riyatidagi barcha janrlar qamrab olingan. Aytish joizki, barcha she'rlar yuksak badiiy mahorat bilan qoraqalpoq tiliga o'girilgan. Shu fikr­­ga asoslanib, Sirojiddin Sayyidning “Ana jurtim” she'rlar to'plami nashri o'zbek-qoraqalpoq adabiy aloqalari rivojidagi muhim voqea bo'ldi, deyish mumkin. Ayni paytda o'zbek shoirining badiiy mahorati, izlanishlari va tajribalari qoraqalpoq she'riyatini boyitishga xizmat qiladi. Yosh ijodkorlarga turli janr, shakl va uslublarda she'rlar yozishga, yangi badiiy tasvir vositalarini o'rganishida mahorat saboqlari vazifasini o'taydi. Shunday qilib, o'zbek va qoraqalpoq adabiyoti bir-birini boyitadi, bir-birini to'ldiradi.

Faxr ila aytish joiz, Prezidentimiz tomonidan bugun badiiy adabiyot rivojiga katta e'tibor qaratilmoqda, ijod ahli uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Agarda o'zbek va qoraqalpoq adabiyotini yonma-yon yugurib borayotgan ikki uloqchi otga qiyoslasak, ular bir maqsad, bir manzil, bir marra — Uchinchi Renessans sari juda katta shashtu shiddat bilan yugurib bormoqda, chavandozlarning qo'lidagi O'zbekiston va Qoraqalpog'iston bayroqlari osmon uzra yuksaklarda bearmon hilpirayveradi.

Rustam MUSURMON,

Qoraqalpog'iston xalq shoiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + 19 =