Axborot jangida
Mediasavodxonlik va faktchekingning zamonaviy jamiyatdagi o'rni
Bir necha soniya… Bugungi kunda birgina shu vaqtning o'zi millionlab axborotlarning dunyo bo'ylab tarqalishi uchun yetarlidir. Ertalab uyg'onganimizdan boshlab telefon ekranidagi o'nlab xabarlar, videolar, suratlar va ovozli xabarlar bizni qarshi oladi. Kimdir ulashadi, kimdir izoh qoldiradi, yana kimdir esa o'qib ham o'tirmay, boshqalarga yuboradi. Axborot hech qachon bugungidek tez tarqalmagan. Ammo bir savol tug'iladi: biz iste'mol qilayotgan axborotning qanchasi haqiqat?
So'nggi yillarda “fake news” (yolg'on xabarlar), “dezinformatsiya”, “dipfeyk”, “manipulyativ kontent” kabi tushunchalar hayotimizning odatiy qismiga aylandi. Bir vaqtlar yolg'on xabarni tarqatish uchun katta mablag' yoki maxsus imkoniyatlar kerak bo'lgan bo'lsa, bugun oddiy smartfon va sun'iy intellekt vositalari yordamida bir necha daqiqada millionlab insonlarni chalg'itadigan material tayyorlash mumkin. Eng xavflisi esa yolg'on axborotning o'zi emas, balki odamlarning uni haqiqat deb qabul qilishidir. Shu sababli bugungi dunyoda insonning eng muhim kompetensiyalaridan biri mediasavodxonlik hisoblanadi.
Ko'pchilik mediasavodxonlikni internetdan foydalanishni bilish yoki ijtimoiy tarmoqlarda faol bo'lish bilan bog'laydi. Aslida esa bu ancha keng tushunchadir. Mediasavodxonlik — axborotni tanqidiy baholash, uning manbasini aniqlash, manipulyatsiyani anglash hamda hissiyotga berilmay, dalillar asosida xulosa chiqarish madaniyatidir. Bu ko'nikma nafaqat jurnalist, balki o'qituvchi, shifokor, tadbirkor, talaba, ota-ona va umuman, har bir fuqaro uchun zarur. Bugun urushlar faqat qurol bilan olib borilmayapti. Axborot ham ta'sir o'tkazishning eng kuchli vositalaridan biriga aylandi.
Bitta yolg'on xabar odamlar orasida vahima uyg'otishi, jamiyatda ishonchsizlikni kuchaytirishi yoki muayyan qarorlarga ta'sir qilishi mumkin.
Shuning uchun axborot xavfsizligi endilikda faqat davlat chegaralarini qo'riqlash bilangina emas, balki fuqarolarning axborotni to'g'ri qabul qilish madaniyati bilan ham chambarchas bog'liqdir.
Haqiqatning eng yaqin hamrohi — faktcheking
Mediasavodxonlik insonning shaxsiy ko'nikmasi bo'lsa, faktcheking uning amaliy mexanizmidir. Faktcheking — bu faktlarni tekshirish, ma'lumotlarni bir necha ishonchli manba orqali tasdiqlash, foto va videolarning asl manbasini aniqlash hamda statistik ma'lumotlarning haqqoniyligini tekshirish jarayonidir. Jurnalistikaning oltin qoidasi shunday: “Birinchi bo'lish muhim, ammo to'g'ri bo'lish undan ham muhim”. Afsuski, bugungi raqamli makonda tezkorlik ko'pincha aniqlikdan ustun kelmoqda. Kim birinchi bo'lib ulashsa, o'sha ko'proq auditoriya yig'adi. Natijada tekshirilmagan xabarlar soni ortib bormoqda.
Sun'iy intellekt rivojlanayotgan bugungi davrda esa vaziyat yanada murakkablashmoqda. Dipfeyk texnologiyalari orqali mavjud bo'lmagan videolar yaratilmoqda, mashhur shaxslarning ovozi nusxalanmoqda, sun'iy suratlar haqiqiy voqea sifatida tarqatilmoqda. Endi oddiy ko'z bilan haqiqatni yolg'ondan ajratish tobora qiyinlashmoqda. Shunday sharoitda faktcheking shunchaki jurnalistik usul emas, balki jamiyatning axborot immunitetiga aylanmoqda. Ammo ko'pchilik buni murakkab, faqat jurnalistlar yoki mutaxassislar bajaradigan jarayon deb o'ylaydi. Aslida esa uning eng oddiy usullarini har bir internet foydalanuvchisi bir necha daqiqa ichida qo'llashi mumkin.
Masalan, Telegramda “Ertadan barcha maktablar bir haftaga yopiladi” degan xabar keldi. Uni darhol yaqinlaringizga yuborishdan oldin o'zingizga uchta oddiy savol bering.
Birinchidan, bu xabarni kim tarqatgan? Muallifi yoki rasmiy manbasi bormi? Agar xabar “bir tanishim aytdi”, “ishonchli manba” yoki “tezda tarqating” degan jumlalar bilan boshlansa, bu shubhalanish uchun yetarli asosdir.
Ikkinchidan, shu xabar boshqa ishonchli manbalarda ham bormi? Rasmiy davlat idoralari, nufuzli ommaviy axborot vositalari yoki tashkilotlarning sahifalarida bu haqda ma'lumot berilganmi? Agar muhim voqea faqat bitta noma'lum kanalda uchrasa, uning rostligiga shubha bilan qarash kerak.
Uchinchidan, xabardagi foto yoki video aynan shu voqeaga tegishlimi? Ko'pincha eski yoki boshqa davlatda olingan suratlar yangi voqea sifatida tarqatiladi.
Bunday holatlarni aniqlash uchun “Google Images” yoki “Google Lens” orqali teskari rasm qidiruvidan (“reverse image search”) foydalanish mumkin. Birgina qidiruv ba'zan suratning aslida bir necha yil oldin yoki butunlay boshqa mamlakatda olinganini ko'rsatib beradi. Agar videoga shubha tug'ilsa, uning ayrim kadrlarini saqlab, teskari qidiruv orqali tekshirish yoki videoda ko'rinayotgan bino, avtomobil raqami, yo'l belgisi, ob-havo kabi tafsilotlarga e'tibor berish ham ko'p narsani oydinlashtiradi.
Bugungi kunda faktlarni tekshirishda yordam beradigan ko'plab ochiq manbalar mavjud. Masalan, “Google Fact Check Explorer” dunyoning turli mamlakatlarida tekshirilgan da'volarni qidirish imkonini beradi. “Google Lens” va “Google Images” suratlarning asl manbasini topishda qo'l keladi. Xalqaro miqyosda “Snopes”, “PolitiFact” va “AFP Fact Check” kabi platformalar keng tarqalgan yolg'on xabarlarni muntazam tahlil qilib boradi. O'zbekistonda ham ayrim OAV va mustaqil media loyihalari muhim da'volarni tekshirib, jamoatchilikka taqdim etmoqda. Hayotiy tajriba shuni ko'rsatadiki, yolg'on xabarni tekshirish uchun ko'pincha besh daqiqa kifoya qiladi. Ammo tekshirilmagan xabarni ulashish oqibatlarini bartaraf etish uchun ba'zan kunlar, haftalar, hatto oylar kerak bo'ladi.
Shuning uchun faktcheking murakkab texnologiya emas, balki oddiy odatga aylanishi lozim. Xuddi yo'lni kesib o'tishdan oldin chap va o'ng tomonga qaraganimiz kabi, axborotni ham ulashishdan oldin uning manbasiga, sanasiga va ishonchliligiga nazar tashlash kundalik madaniyatimizning ajralmas qismiga aylanishi kerak. Chunki bugungi raqamli dunyoda har birimiz nafaqat axborot iste'molchisi, balki uning tarqatuvchisi hamdirmiz. Demak, har bir bosilgan “Ulashish” tugmasi ortida ham mas'uliyat, ham javobgarlik yotadi.
Mediasavodxonlik — bugunning emas, ertaning ham ehtiyoji
Ko'pincha mediasavodxonlik haqida faqat jurnalistlar yoki blogerlar uchun zarur ko'nikma sifatida gapiriladi. Aslida esa bu masala har bir oila, maktab, oliy ta'lim muassasasi va tashkilotga daxldordir. Farzandlarimizning internet orqali olayotgan axborot hajmi yildan-yilga ortib bormoqda. Ammo ularning barchasi ham ishonchli emas. Agar yoshlar axborotni tanqidiy tahlil qilishni o'rganmasa, ular manipulyatsiya, yolg'on targ'ibot yoki firibgarlik qurboniga aylanishi mumkin. Shu bois mediasavodxonlikni faqat nazariy fan sifatida emas, balki hayotiy ko'nikma sifatida shakllantirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Chunki mediasavodxonlik yetishmaydigan jamiyatda yolg'on axborot shunchaki noto'g'ri tushuncha emas, balki real iqtisodiy, ijtimoiy va hatto siyosiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
So'nggi yillarda dunyo bunga bir necha bor guvoh bo'ldi. Pandemiya davrida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “mo''jizaviy davolash usullari”, asossiz tibbiy tavsiyalar va fitna nazariyalari sababli ayrim odamlar shifokor tavsiyalarini rad etdi, xavfli usullarni sinab ko'rdi yoki emlanishdan bosh tortdi. Natijada yolg'on axborot sog'liqni saqlash tizimi uchun qo'shimcha muammolarni yuzaga keltirdi. Hatto bu holatni ayrim xalqaro tashkilotlar “infodemiya”, ya'ni axborot epidemiyasi deb atay boshladi.
Yoki tabiiy ofatlar vaqtida tarqaladigan yolg'on xabarlarni olaylik. Zilzila, suv toshqini yoki boshqa favqulodda vaziyatlar yuz berganida “yana kuchli zilzila bo'larmish”, “falon hudud to'liq vayron bo'libdi”, “hukumat buni yashiryapti” kabi asossiz xabarlar odamlar orasida vahimani yanada kuchaytiradi. Favqulodda vaziyatning o'zidan ham ko'ra, noto'g'ri axborot oqibatida yuzaga kelgan sarosima qutqaruv ishlarini murakkablashtirib yuborishi mumkin.
O'zbekistonda ham vaqti-vaqti bilan ijtimoiy tarmoqlarda asossiz xabarlar tarqalib turadi. Ayrim hollarda bank tizimi, valyuta kursi, ta'lim tizimidagi o'zgarishlar yoki davlat idoralari faoliyatiga oid tasdiqlanmagan ma'lumotlar odamlar orasida turli mish-mishlarni keltirib chiqargan. Keyinchalik rasmiy idoralar bu xabarlarni rad etgan bo'lsa-da, ular qisqa vaqt ichida minglab foydalanuvchilarga yetib ulgurgan bo'ladi.
Alohida xavotir uyg'otadigan jihatlardan biri — firibgarlikning yangi ko'rinishlaridir. Bugun sun'iy intellekt yordamida yaqin insonning ovoziga taqlid qilish, soxta videoqo'ng'iroqlar tashkil etish yoki davlat tashkiloti nomidan qalbaki xabarlar yuborish imkoniyati paydo bo'ldi. Mediasavodxonlik va tanqidiy fikrlash ko'nikmasiga ega bo'lmagan odam bunday firibgarlikni vaqtida anglamasligi mumkin. Yolg'on axborotning xavfi faqat siyosiy yoki global voqealar bilangina cheklanmaydi, u kundalik hayotimizga ham tobora chuqur kirib bormoqda. Buning eng oddiy misollarini bugun “Youtube” va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ko'rish mumkin.
Deyarli har kuni “Bola puli hammaga beriladi!”, “Pensiyalar ikki baravar oshiriladi!”, “Davlat har bir fuqaroga falon miqdorda pul ajratmoqda!”, “Elektr va gaz bepul bo'ladi!”, “Ertadan yangi qonun kuchga kiradi!” kabi balandparvoz sarlavhali videolar paydo bo'ladi. Ko'pincha videoning sarlavhasi bilan mazmuni bir-biriga mos kelmaydi. Ayrim hollarda esa unda eski qarorlar, noto'g'ri talqin qilingan hujjatlar yoki umuman tasdiqlanmagan taxminlar fakt sifatida taqdim etiladi. Bunday kontentning asosiy maqsadi odamlarni xabardor qilish emas, balki ularning e'tiborini tortishdir. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda ko'rishlar soni, obunachilar va reklama daromadlari muhim o'rin tutadi. Natijada ayrim kontent yaratuvchilar haqiqatdan ko'ra shov-shuvni ustun qo'yadilar.
Eng achinarlisi shundaki, bunday videolarning asosiy auditoriyasi ko'pincha ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari — nafaqaxo'rlar, ko'p bolali oilalar, ishsiz fuqarolar yoki davlat tomonidan beriladigan imtiyozlarni kutayotgan odamlardir. Ular yangi yordam yoki nafaqa haqidagi xabarni umid bilan ochadilar. Ammo aksariyat hollarda videoni oxirigacha tomosha qilgach ham, sarlavhada va'da qilingan yangilik mavjud emasligi ma'lum bo'ladi. Bu nafaqat odamlarning vaqtini o'g'irlaydi, balki davlat organlariga nisbatan asossiz e'tirozlar, tushunmovchiliklar va ishonchsizlikni ham kuchaytirishi mumkin. Masalan, “hamma bola puli olarkan” degan noto'g'ri xabarni ko'rgan fuqaro tegishli tashkilotga murojaat qiladi, rad javobini olgach esa muammoni tizimdan ko'radi. Vaholanki, muammo noto'g'ri axborotdan boshlangan bo'ladi.
Yolg'on axborot yaratuvchilari odamlarning aynan qaysi mavzularga befarq emasligini yaxshi bilishadi. Ijtimoiy nafaqalar, kreditlar, subsidiyalar, ish haqi, pensiya, soliq, valyuta kursi, imtiyozlar va qonunchilikdagi o'zgarishlar doimo ko'pchilikni qiziqtiradi. Shuning uchun manipulyatsiya ham ko'pincha aynan shu mavzular orqali amalga oshiriladi. Shu bois bunday xabarlarni ko'rganimizda ularni darhol haqiqat sifatida qabul qilish emas, balki rasmiy manbalardan tekshirish odatga aylanishi kerak. Prezident farmonlari, hukumat qarorlari, vazirlik va idoralarning rasmiy sahifalari yoki ishonchli ommaviy axborot vositalarida tasdiqlanmagan ma'lumotga ehtiyotkorlik bilan yondashish mediasavodxon fuqaroning eng muhim belgilaridan biridir. Axborot makonida har bir shov-shuvli sarlavha ortida haqiqat bo'lavermaydi. Ba'zan u shunchaki ko'proq ko'rishlar, ko'proq izohlar va ko'proq daromad olish uchun qo'yilgan tuzoq bo'lishi mumkin.
Birgina “Forward”ning narxi
2019-2020 yillardagi pandemiya davrini eslang. Telegram guruhlarida “falon mahsulot “COVID”ni davolaydi”, “ertadan butun shahar yopiladi”, “banklar ishlamaydi”, “kartadagi pullarni naqd qilib oling” kabi xabarlar son-sanoqsiz tarqaldi. Ko'pchilik bu xabarlarni tekshirmasdan yaqinlariga yubordi. Natijada dorixonalar oldida uzun navbatlar paydo bo'ldi, ayrim mahsulotlar sun'iy ravishda tanqis bo'ldi, odamlar vahimaga tushdi. O'shanda muammo faqat virus emas edi, muammo tekshirilmagan axborot ham edi. Yoki bugungi kunda ham tanish holat: biror mashhur insonning “vafot etdi” degan xabari tarqaladi. Oradan yarim soat o'tib, uning o'zi video chiqarib, sog'-omon ekanini aytadi. Ammo shu yarim soat ichida minglab odamlar yolg'on xabarni ulashishga ulgurgan bo'ladi. Yolg'on axborotning eng katta quroli — uning tezligidir. Haqiqat esa, odatda, tekshiruvni kutadi.
Ko'pchiligimiz xabarni ulashayotgan paytda: “Baribir foydasi tegib qolar”, “Men shunchaki yubordim”, “Rost yoki yolg'onligini bilmayman, o'zingiz tekshirib ko'ring”, deya o'zimizni oqlaymiz. Aslida esa aynan mana shu beparvolik dezinformatsiya zanjirining eng muhim bo'g'iniga aylanadi. Tasavvur qiling, siz biror xabarni o'n kishiga yubordingiz. Ularning har biri yana o'n kishiga jo'natsa, bir necha daqiqa ichida bu xabar yuzlab, keyin minglab odamlarga yetib boradi. Axborotning internetdagi tezligi geometrik progressiya kabi ishlaydi. Shuning uchun yolg'on xabarni to'xtatish uni tarqatishdan ko'ra ancha qiyin.
Media tadqiqotchilari ham aynan shuni ta'kidlashadi: insonlar ko'pincha yolg'on xabarni ataylab emas, aksincha, boshqalarga yordam bermoqchi bo'lgani uchun tarqatishadi. Kimdir yaqinlarini ogohlantirishni istaydi, kimdir “foydali maslahat” ulashayotganiga ishonadi, yana kimdir shov-shuvli yangilikni birinchi bo'lib yetkazishni xohlaydi. Ammo yaxshi niyat har doim ham yaxshi natija bermaydi. Buning oqibatlari esa ba'zan jiddiy bo'lishi mumkin. Tekshirilmagan tibbiy tavsiyalar odamlarning sog'lig'iga zarar yetkazishi, soxta moliyaviy xabarlar firibgarlik qurbonlari sonini oshirishi, asossiz vahimali xabarlar esa jamiyatda ishonchsizlik va sarosimani kuchaytirishi mumkin. Ayrim hollarda esa bitta yolg'on xabar insonning obro'siga putur yetkazadi yoki uning shaxsiy hayotiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Bugungi kunda axborot tarqatish faqat jurnalistlarning vakolati emas. Ijtimoiy tarmoqlardagi har bir foydalanuvchi bir vaqtning o'zida ham o'quvchi, ham muallif, ham noshir vazifasini bajaradi. Demak, har birimizning qo'limizdagi “Ulashish” tugmasi oddiy texnik funksiya emas — u axborot uchun javobgarlik tugmasidir. Shuning uchun xabarni ulashishdan oldin bir necha soniya to'xtash, uning manbasini tekshirish va o'zimizga: “Agar bu yolg'on bo'lsa-chi?” degan savolni berish bugungi mediasavodxonlikning eng oddiy, ammo eng muhim qoidalaridan biridir. Ba'zan birgina yuborilmagan xabar yuzlab odamlar chalg'ishining oldini olishi mumkin. Chunki yolg'on axborot tarqalishi uchun uni yaratgan bitta odamning o'zi yetarli emas, uni tekshirmasdan ulashadigan yuzlab, minglab foydalanuvchilar ham kerak bo'ladi.
Ko'rganimizning hammasi ham haqiqat emas
Bir necha yil oldin surat yoki videoni eng ishonchli dalillardan biri deb qabul qilish mumkin edi. “Ko'zim bilan ko'rdim” degan ibora ko'pincha bahsga nuqta qo'yardi. Chunki tasvir yolg'on gapirmaydi, degan qarash keng tarqalgan edi. Bugun esa bu tasavvur o'zgarib bormoqda. Sun'iy intellekt bir necha soniya ichida mavjud bo'lmagan insonni yaratishi, mashhur shaxsning yuzini boshqa videoga joylashtirishi, hech qachon aytilmagan gapni uning ovozida ayttirishi yoki tarixda sodir bo'lmagan voqeani go'yoki real lavha sifatida namoyish qilishi mumkin. Bunday texnologiyalar “dipfeyk” deb ataladi va ular tobora mukammallashib bormoqda.
Tasavvur qiling, ertalab telefoningizga yaqin insoningiz halokatga uchragani haqidagi video keladi. Kadrlar ishonarli, ovozlar tabiiy, yuzlar aniq. Yuragingiz orqaga tortadi. Ammo bir necha daqiqadan so'ng ma'lum bo'ladiki, bu video montaj yoki sun'iy intellekt yordamida yaratilgan soxta tasvir ekan. Yoki ijtimoiy tarmoqlarda mashhur san'atkor yoki davlat arbobi keskin bayonot bergani aks etgan video tarqaladi. Minglab odamlar uni muhokama qiladi, baham ko'radi, xulosa chiqaradi. Oradan vaqt o'tib esa mutaxassislar bu video sun'iy intellekt yordamida yaratilganini aniqlashadi. Ammo shu paytgacha u jamoatchilik fikriga ta'sir o'tkazishga ulgurgan bo'ladi.
Texnologiya taraqqiyoti hayotni osonlashtirgani kabi, axborot xavfsizligi oldiga ham yangi sinovlarni qo'ymoqda. Endi shunchaki “ko'rdim” yoki “eshitdim” degani ma'lumotning rostligini anglatmaydi. Har bir tasvir, har bir video va har bir audioyozuv ortida uning qachon, qaerda, kim tomonidan va qanday vositalar yordamida yaratilgani haqidagi savollar turishi kerak.
Media ekspertlarining ta'kidlashicha, kelajakda eng katta muammo axborot yetishmasligi emas, balki haqiqatni sun'iy yaratilgan tasvirlardan ajrata olish bo'ladi. Shu sababli bugungi mediasavodxonlik endi faqat matnni tahlil qilish bilan cheklanmaydi. U foto va videolarni tekshirish, ularning asl manbasini izlash, metama'lumotlarni o'rganish, teskari rasm qidiruvi kabi ko'nikmalarni ham o'z ichiga oladi. Shu o'rinda o'zimizga bir savol berishimiz kerak: agar ko'zimizni ham aldash mumkin bo'lsa, unda haqiqatni qanday topamiz? Javob bitta — shoshilmaslik, tekshirish va birgina manbaga tayanmaslik. Chunki raqamli asrda haqiqat endi ko'rinishi bilan emas, ishonchli dalillar va mustaqil manbalar bilan isbotlanadi. Endi “Ko'rdim, demak, rost” degan qarash o'rnini “Tekshirdim, demak, ishonaman” degan tamoyil egallashi kerak. Axborot makonida aynan mana shu tamoyil har bir fuqaroning eng ishonchli himoyasiga aylanadi.
Nega biz yolg'on xabarga ishonamiz?
Psixologlar buning sababini oddiy tushuntirishadi: inson avvalo hissiyot bilan qaror qiladi, keyin esa uni mantiq bilan oqlashga harakat qiladi. Shuning uchun qo'rquv, g'azab yoki hayrat uyg'otadigan xabarlar tezroq tarqaladi. Chunki odamlar avval “Ulashish” tugmasini bosadilar, keyin esa “Bu rostmi?” degan savolni beradilar. Aslida esa buning aksi bo'lishi kerak. Psixologiyada bu holat hissiyotlarning tanqidiy fikrlashdan ustun kelishi bilan izohlanadi. Inson kuchli emotsional ta'sir ostida qolganida miyaning tezkor qaror qabul qiluvchi qismi faolroq ishlaydi, dalillarni sinchiklab tahlil qilish esa ikkinchi planga o'tadi. Shu sababli vahimali yoki sensatsion xabarlar odamni bir zumda harakat qilishga undaydi.
Masalan, “Bugundan boshlab barcha bank kartalari bloklanadi!”, “Mashhur san'atkor vafot etdi!”, “Falon mahsulot saratonni davolaydi!” kabi sarlavhalar odamni darhol e'tibor qaratishga majbur qiladi. Bunday xabarni ko'rgan inson avvalo o'zini va yaqinlarini o'ylaydi, ularga foydasi tegishini istab, xabarni ulashadi. Afsuski, aynan shu yaxshi niyat ba'zan yolg'on axborotning eng katta tashuvchisiga aylanadi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, odamlar o'zining avvaldan shakllangan qarashlariga mos keladigan axborotga osonroq ishonishadi. Agar xabar insonning dunyoqarashi, siyosiy qarashi yoki kundalik tajribasi bilan uyg'un bo'lsa, u buni kamroq shubha ostiga oladi. Aksincha, mavjud tasavvurlariga zid keladigan ma'lumotni esa ko'proq rad etishga moyil bo'ladi. Shu sababli bir xil xabar turli auditoriyalar tomonidan mutlaqo boshqacha qabul qilinishi mumkin.
Media ekspertlari esa yana bir muhim omilga e'tibor qaratishadi: takrorlanish. Bir yolg'on xabar turli sahifalarda, turli kanallarda va turli odamlar tomonidan qayta-qayta ulashilsa, u ko'pchilikka ishonchli ko'rina boshlaydi. Go'yoki “hamma aytayotgan bo'lsa, demak rostdir” degan tasavvur shakllanadi. Vaholanki, axborotning ko'p takrorlanishi umuman uning haqqoniyligini emas, faqatgina ommalashganini bildiradi. Buni kundalik hayotimizda ham ko'p kuzatamiz. Telegram guruhlarida “tezda tarqating”, “hamma bilsin”, “o'chirib yuborishdan oldin ulashing” degan jumlalar bilan boshlanuvchi xabarlar tez-tez uchraydi. Bu iboralar shunchaki matn emas — ular insonning hissiyotiga ta'sir qilish, uni shoshiltirish va tekshirishga vaqt qoldirmaslik uchun qo'llanadigan psixologik usullardir.
Shu bois mediasavodxonlik faqat axborotni o'qishni emas, balki o'z hissiyotlarini ham boshqarishni o'rgatadi. Har qanday shov-shuvli xabar oldida bir necha soniya to'xtab, “Bu ma'lumotning manbasi kim?”, “Boshqa ishonchli manbalar ham buni tasdiqlayaptimi?”, “Men bu xabarni nega ishonchli deb qabul qildim?” degan savollarni berish — bugungi axborot makonida eng muhim ko'nikmalardan biridir. Zero, yolg'on xabarlar ko'pincha aqlni emas, hissiyotlarni nishonga oladi. Haqiqat esa shoshilmaydi — u tekshiruvni talab qiladi.
Axborot gigienasi — sog'lom tafakkurning asosi
Biz har kuni qo'limizni yuvamiz, yaroqlilik muddati o'tgan mahsulotni iste'mol qilmaymiz, sifatsiz ovqatdan ehtiyot bo'lamiz. Chunki sog'lig'imizni asrashni bilamiz. Ammo nega axborot iste'molida bunchalik beparvomiz? Raqamli davrda axborot ham oziq-ovqat kabidir. Sifatli axborot tafakkurni boyitadi, dunyoqarashni kengaytiradi, to'g'ri qaror qabul qilishga yordam beradi. Sifatsiz, tekshirilmagan va manipulyativ axborot esa ongni zaharlaydi, insonni chalg'itadi, qo'rquv va ishonchsizlikni kuchaytiradi. Demak, bugun nafaqat jismoniy, balki axborot gigienasi ham har bir inson hayotining ajralmas qismiga aylanishi zarur.
Axborot gigienasi — bu qaysi manbani o'qishni tanlash, shov-shuvli sarlavhalarga darhol ishonmaslik, biror xabarni ulashishdan avval uning manbasi va haqqoniyligini tekshirish madaniyatidir. Chunki har qanday axborotni iste'mol qilish ham, uni boshqalarga yetkazish ham mas'uliyat talab qiladi. Bugungi kunda yana bir achinarli holatni kuzatish mumkin. Farzandiga: “Internetda ehtiyot bo'l, har narsaga ishonaverma”, deb nasihat qilayotgan ayrim ota-onalarning o'zi “Telegram” yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda uchragan har qanday xabarni tekshirmasdan boshqalarga yubormoqda. Bola esa ota-onaning gapidan ko'ra, uning amaliy xatti-harakatidan ko'proq o'rnak oladi.
Shu bois mediasavodxonlikni faqat yoshlar yoki maktab o'quvchilariga o'rgatish bilan cheklanib bo'lmaydi. Bu madaniyat oiladan boshlanishi kerak. Farzand yolg'on axborotni ajrata olishi uchun, avvalo, ota-ona ham axborotga tanqidiy yondashishni o'rganishi lozim. Zero, bugungi kunda farzandlarga qoldiradigan eng katta meroslarimizdan biri nafaqat bilim, balki haqiqatni yolg'ondan ajrata olish ko'nikmasidir. Chunki kelajakda eng katta xavf axborotning ko'pligida emas, uni to'g'ri saralay olmaslikda bo'ladi. Axborot gigienasi esa ana shu xavfga qarshi eng ishonchli himoya vositasidir.
Taklif ortidagi mas'uliyat
Mediasavodxonlik va faktcheking jamiyatning buguni va ertasi bilan chambarchas bog'liq masaladir. Shu bois bir voqeani yodga olib o'tmoqchiman: 2025 yil 30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga aynan shu yo'nalish bo'yicha o'z taklifimni bildirish imkoniga ega bo'ldim. Taklifimning asosida bitta oddiy haqiqat yotardi: bugungi kunda yolg'on axborot haqiqatdan ko'ra tezroq tarqalmoqda. Sun'iy intellekt rivojlanayotgan, dezinformatsiya va dipfeyklar tobora ko'payayotgan bir davrda ularning oldini faqat taqiqlar yoki texnologiyalar bilan olib bo'lmaydi. Buning eng samarali yo'li — mediasavodxon jamiyatni shakllantirishdir.
Shu sababli men mediasavodxonlikni faqat jurnalistika yoki media yo'nalishidagi oliy ta'lim muassasalari doirasida emas, balki umumta'lim maktablaridan, hatto boshlang'ich sinflardan boshlab bosqichma-bosqich o'qitish zarurligini taklif qilgan edim. Chunki axborotni tanqidiy tahlil qilish madaniyati qanchalik erta shakllansa, yoshlarning manipulyatsiya va dezinformatsiyaga qarshi immuniteti shunchalik kuchli bo'ladi. Bundan tashqari, mediasavodxonlik va faktcheking bo'yicha muntazam treninglar sonini oshirish, amaliy mashg'ulotlar va ochiq ta'lim platformalarini yaratish ham bugungi kun talabidir. Bunday platformalar orqali nafaqat o'quvchi va talabalar, balki ota-onalar, pedagoglar, davlat xizmatchilari va keng jamoatchilik ham axborotni tekshirish ko'nikmalarini egallashi mumkin.
Afsuski, bugungi kunda mediasavodxonlik va faktcheking bo'yicha olib borilayotgan ishlar, muammoning ko'lami bilan solishtirganda, hali yetarli emas. Natijada ko'plab fuqarolar, ayniqsa, yoshlar yolg'onni haqiqatdan ajratishda qiynalmoqdalar. Vaholanki, bugungi axborot makonida aynan shu ko'nikma o'qish va yozishni bilish kabi zarur hayotiy kompetensiyaga aylanib bormoqda. Bugun ortga nazar tashlar ekanman, bu taklifning dolzarbligi yanada ortganini ko'raman. Chunki texnologiyalar rivojlangan sari yolg'on axborot ham murakkablashmoqda. Demak, unga qarshi eng kuchli qurol ham texnologiya emas, balki mediasavodxon, tanqidiy fikrlaydigan va haqiqatni tekshirishni odat qilgan jamiyatdir.
Mutaxassislar qanday yechimlarni taklif qilmoqda?
Xo'sh, dezinformatsiya va yolg'on axborotlar oqimini qanday kamaytirish mumkin? Bu savol bugun nafaqat jurnalistlar, balki pedagoglar, psixologlar, axborot xavfsizligi bo'yicha mutaxassislar va xalqaro tashkilotlarni ham o'ylantirmoqda. Ularning tavsiyalari bir-biridan farq qilsa-da, asosiy yechimlar bir nuqtada tutashadi — jamiyatning mediasavodxonligini oshirish. Yana bir muhim tavsiya — faktcheking madaniyatini ommalashtirishdir. Har bir fuqaro xabarni ulashishdan oldin kamida ikki yoki uchta ishonchli manbadan tekshirishni odat qilishi kerak. Bu oddiy ko'rinsa-da, dezinformatsiya tarqalishining oldini olishdagi eng samarali usullardan biri hisoblanadi.
Ekspertlar raqamli platformalar va ijtimoiy tarmoqlar zimmasidagi mas'uliyatni ham alohida ta'kidlashadi. Algoritmlar faqat ko'p ko'rilgan kontentni emas, balki ishonchli va tekshirilgan axborotni ham ustuvor ravishda ko'rsatishi, soxta xabarlar va manipulyativ kontentni aniqlash mexanizmlari esa yanada takomillashtirilishi zarur. Bundan tashqari, mutaxassislar ota-onalar va pedagoglarning mediasavodxonligini oshirishni ham muhim omil sifatida ko'rsatishmoqda. Chunki farzandlarga axborot madaniyatini o'rgatish, avvalo, oiladan boshlanadi. Mediasavodxon ota-ona — mediasavodxon avlodning eng muhim poydevoridir.
Eng asosiysi, ekspertlar dezinformatsiyaga qarshi kurashni faqat qonun yoki texnologiyalar bilan hal etib bo'lmasligini aytishadi. Bu, avvalo, tafakkur masalasidir. Tanqidiy fikrlaydigan, shoshilmaydigan va har bir axborotni tekshirishni odat qilgan jamiyatni aldash ancha mushkul. Shunday ekan, mediasavodxonlikni rivojlantirish bugungi kunning shunchaki ta'limga oid vazifasi emas, balki jamiyatning axborot xavfsizligi, fuqarolarning ongli tanlovi va davlatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan strategik investitsiyadir.
Farangiz ABRUYEVA.
