Jurnalistika: kasbmi, mas'uliyatmi yoki missiya?
Bugun dunyo axborotning misli ko'rilmagan tezlik bilan harakatlanayotgan davrini boshdan kechirmoqda. Avvallari odamlar ertalab gazeta mutolaa qilib, radio tinglagan yoki kechqurun televizor orqali kun yangiliklaridan voqif bo'lgan bo'lsa, bugun bir necha soniya ichida minglab xabarlar kishilar qo'lidagi telefon ekranida paydo bo'lmoqda. Dunyo go'yo kaftimizga sig'di. Ammo shu bilan birga, yana bir savol tobora dolzarb tus olmoqda: axborot ko'paygan sari haqiqat ham ko'paydimi?
Aslida muammo axborot tanqisligida emas, balki uning ishonchliligidadir. Har kuni ming-minglab xabarlar tarqaladi: ularning orasida tekshirilgan fakt ham, mish-mish ham, tahlil ham, manipulyatsiya ham yonma-yon yuradi. Odamlar esa tobora ko'proq bitta narsani — ishonish mumkin bo'lgan manbani izlamoqda.
Shunday bir sharoitda jurnalistika haqida eski tasavvurlar bilan yashab bo'lmaydi. Uni faqat kasb deb baholash ham kamlik qiladi. Chunki bugun jurnalist shunchaki axborot yetkazuvchi emas, u jamiyat fikriga, kayfiyatiga, hatto ertangi qarorlariga ta'sir ko'rsatadigan shaxsdir. Bir qarashda oddiy ko'ringan sarlavha minglab odamlarning munosabatini o'zgartirishi, bitta tekshirilmagan xabar esa butun jamiyatda noto'g'ri fikr, hatto vahima uyg'otishi mumkin.
Demak, jurnalistika — oddiy ish emas, katta mas'uliyatdir. Ayrim hollarda esa undan ham yuksakroq tushuncha — missiyadir.
O'tmishga, kechagi kunga nazar tashlasak, jamiyat taraqqiyotining har bir burilish nuqtasida jurnalistika hal qiluvchi rol o'ynaganini ko'ramiz. Matbuot faqat voqealarni qayd etmagan, balki ijtimoiy tafakkurni shakllantirgan, adolat uchun kurashgan, jamiyatdagi og'riqli masalalarni ko'tarib chiqqan. Shuning uchun ham jurnalistikani ko'pincha “to'rtinchi hokimiyat” deb atashadi. Biroq bu maqom imtiyoz emas, avvalo, ulkan javobgarlik desak xato bo'lmas.
Bugungi raqamli makonda bu javobgarlik bir necha barobar ortdi. Endi jurnalist nafaqat boshqa tahririyatlar bilan, balki necha yuzlab blogerlar, anonim kanallar va sun'iy intellekt yaratgan kontent bilan ham bir axborot maydonida raqobatlashmoqda. Tezkorlik asosiy mezonga aylandi. Afsuski, ayrim hollarda “birinchi bo'lish” istagi “to'g'ri bo'lish” majburiyatidan ustun kelmoqda.
Natijada biz g'alati paradoksga guvoh bo'lyapmiz: axborot oqimi ortmoqda, ammo unga bo'lgan ishonch kamaymoqda.
Shu o'rinda bir haqiqatni tan olish kerak. O'quvchini bir marta shov-shuv bilan jalb qilish mumkin, ikkinchi marta ham, ehtimol. Ammo aldangan auditoriya uchinchi safar qaytmaydi. Chunki jurnalistikaning eng katta kapitali auditoriya soni emas, balki uning ishonchidir.
Jurnalistning qo'lida moddiy qurol yo'q, uning kuchi mansabida ham emas. Uning eng katta quroli — so'z. Ammo so'zning ham vazni bor, o'rni bor. O'ylamay aytilgan yoki tekshirilmay yozilgan bir jumla kimningdir taqdiriga, obro'siga, oilasiga, hatto davlat manfaatlariga ta'sir qilishi mumkin. Shu bois jurnalist har bir so'zni yozishdan oldin nafaqat “Bu qiziqmi?” degan, balki “Bu haqqoniymi?” degan savolni ham o'ziga berishi shart.
Kasbning murakkabligi ham ana shunda.
Bir qarashda jurnalistning ishi voqeani yozishdek, yoritishdek tuyuladi. Aslida esa voqeani ko'rish bilan uni anglash o'rtasida ulkan masofa bor. Haqiqiy jurnalist fakt ortidagi sabablarni izlaydi, hodisaning ildiziga yetib boradi. Raqam ortidagi insonni, statistik ma'lumot ortidagi taqdirni ko'ra oladi. Chunki publitsistika quruq faktlar yig'indisi emas, tafakkur mahsulidir.
Bugun raqamli platformalar jurnalistikaga mislsiz imkoniyatlar yaratdi. Axborot tarqatish osonlashdi, auditoriya kengaydi, jurnalist va o'quvchi o'rtasidagi masofa qisqardi. Lekin bu imkoniyatlar bilan birga yangi xavflar ham kirib keldi. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda tasdiqlanmagan xabar soniyalar ichida millionlab odamlar orasida tarqalishi mumkin. Uni keyinchalik rad etish esa deyarli imkonsiz. Chunki odamlar ko'pincha raddiyani emas, dastlab ko'rgan xabarini eslab qoladi.
Shu bois bugun jurnalistning zimmasidagi mas'uliyat kechagidan ancha og'ir. Endi u faqat xabar yozmaydi, balki axborot oqimidan haqiqatni saralaydi va odamlarning ishonchini himoya qiladi.
So'nggi yillarda sun'iy intellektning rivojlanishi bu masalaga yangi qirra qo'shdi. Endi bir necha soniyada maqola yozish, surat yaratish, video tayyorlash, hatto mashhur insonlarning ovozini sun'iy ravishda tiklash mumkin. Texnologiya hayratlanarli darajada rivojlandi. Ammo bir savol ochiqligicha qolmoqda: sun'iy intellekt vijdonni ham yarata oladimi?
Yo'q.
U matn yozadi, ammo mas'uliyatni his qilmaydi.
U faktlarni jamlaydi, ammo adolat tuyg'usini anglamaydi.
U tahlil qiladi, ammo inson dardini his eta olmaydi.
Ana shu jihat jurnalistikani oddiy kontent ishlab chiqarishdan tubdan ajratib turadi. Haqiqiy jurnalist voqea joyiga borganda faqat ko'zi bilan emas, qalbi bilan ham kuzatadi. U raqamlar ortida odamlarni ko'radi, bayonot ortidan manfaatlarni izlaydi. Sukut ortida esa ba'zan eng katta muammolar yashiringanini anglaydi. Shuning uchun jurnalistika hech qachon shunchaki axborot almashinuvi bo'lib qolmaydi, u jamiyatning vijdoni bo'lib qolaveradi.
Bugungi O'zbekiston jurnalistikasi ham mutlaqo yangi bosqichga kirib bormoqda. Ochiqlik siyosati, davlat organlarining jamoatchilik bilan ishlash usullaridagi o'zgarishlar, matbuot xizmatlari faoliyatining takomillashuvi jurnalist oldiga yangi talablarni qo'ymoqda. Endi oddiy xabar bilan auditoriyani qoniqtirish qiyin. Odamlar tahlil kutmoqda, sabab va oqibatni bilishni istamoqda. Ularni voqeaning o'zi emas, uning mohiyati qiziqtirmoqda.
Bu esa jurnalistdan keng dunyoqarashni, mustaqil fikrni va yuqori kasbiy saviyani talab qiladi. Jamiyat jurnalistni faqat tanqid qiluvchi emas, balki yechim taklif qila oladigan ziyoli sifatida ham ko'rishni istaydi. Chunki tanqid qilish oson, tahlil qilish qiyin, yechim ko'rsatish esa undan ham murakkabdir.
Shu ma'noda jurnalistika faqat kasbiy mahorat emas, balki tafakkur madaniyatidir.
Eng muhimi, jurnalist o'z kasbining axloqiy mezonlarini hech qachon unutmasligi kerak. Haqiqatni yashirish ham, uni bo'rttirish ham birdek xavflidir. Faktni manipulyatsiya qilish esa jurnalistikaga emas, ishonchga zarba beradi. Ishonch yo'qolgan joyda esa eng mukammal texnologiyalar ham, eng zamonaviy platformalar ham ommaviy axborot vositalarining obro'sini tiklay olmaydi.
Shuning uchun jurnalistning eng katta mukofoti — millionlab kuzatuvchilar emas, balki xalqning yuksak ishonchidir.
Navbahor DARXONOVA,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Axborot xizmati rahbari.
