2026 yilgi jahon chempionati: Tarixiy rekordlar va siyosiy kurashlar

To'rt yillikning eng ulug'vor futbol bayrami — jahon chempionati ertaga — 11 iyun kuni start oladi. Bir oydan ziyod davom etadigan yashil maydondagi kurashlar 19 iyul kuni Ist-Raterforddagi muhtasham stadionda final uchrashuvi bilan yakuniga yetadi.

1930 yilda o'tkazilgan ilk jahon chempionatida atigi 13 ta jamoa ishtirok etgan bo'lsa, bu yil ular soni 48 taga yetdi — futbol tarixidagi mutlaq rekord. Ilk marta uch mamlakat — Meksika, AQSh va Kanada mezbonligida umumiy hisobda 104 ta uchrashuv o'tkaziladi.

FIFA ishtirokchilar safini muntazam kengaytirib kelmoqda va u o'zini oqlagandek. 1998 yildan to 2022 yilgacha chempionatda 32 ta terma qatnashgan va bu format eng maqbul mezon bo'lgan. Bugun FIFA turnir ko'lamini yana yarim barobarga oshirib, maqsad — ilgari jahon chempionati sahnasiga kamdan-kam chiqqan yoki umuman qadami tegmagan mamlakatlarda futbolga bo'lgan qiziqishni uyg'otish va uni yuksaltirishga qaratilgan.

Muxlislarning g'azabini qo'zg'atayotgan yana bir rekord borki, u ham bo'lsa — chiptalar narxlarining nihoyatda qimmatligi. Bundan tashqari, AQShdagi tashkilotchilar chiptalarni asossiz ravishda qimmat narxlarda qayta sotish, ya'ni chayqov bozoriga odatiy cheklovlarni joriy etmagan.

FIFA 2017 yilda bu uch davlatga chiptalar narxini 21 dollardan oshirmaslikni qat'iy belgilab bergan edi. FIFA AQSh terma jamoasining ochilish o'yini chiptalarini eng arzon — 3-toifa joylar uchun 1120 dollardan sotuvga chiqardi. Keskin tanqidlarga qaramasdan, xalqaro federatsiya narxlarni tushirmoqchi emas.

Odatda, eng qimmat final o'yini chiptasi bo'ladi. Shu kungi match uchun eng arzon chipta ishqibozlarga 9200 dollarga tushadi, eng baland chipta narxi 11,5 million dollar qilib belgilangan, ular VIP — yuqori martabali “fanat”larga mo'ljallangan.

Taqqoslash uchun 2022 yilda Qatarda o'tgan Argentina-Fransiya final matchi chipta narxi o'rtacha 1600 dollar, eng arzoni 600 dollarga sotilgan.

FIFA bu chempionatdan hammasi bo'lib 11 milliard dollar ishlab olmoqchi ekanligini yashirmayapti. Match chiptalaridan esa 3,1 milliard daromad olishini inkor etmaydi.

Futbolga siyosat aralashganda…

Joriy yilda o'tadigan turnir mezboni AQSh prezidenti Donald Tramp va FIFA rahbari Jonni Infantino o'rtasidagi alohida munosabatlar to'g'risida ikki og'iz. O'tgan yilning dekabr oyida Trampning qator ziddiyatlarni hal etishdagi diplomatik muvaffaqiyati uchun maxsus ta'sis etilgan “FIFA Tinchlik mukofoti”ni unga tantanali ravishda topshirdi. Muntazam ravishda Oq uyda uchrashib, bo'lajak chempionatning xavfsizligi to'g'risida “qayg'urdilar”.

Infantino hali 2018 yilda “siyosat futboldan yiroq bo'lishi, futbol esa siyosatga aralashmasligi lozim — bu juda oddiy va aniq haqiqat”, degan edi. Bugun esa FIFA Nyu-Yorkdagi mashhur “Tramp tauer” osmono'par binosida yangi ofisiga ega bo'ldi.

Futbol “shef”i mutlaqo daxli bo'lmagan siyosiy tadbirlarda, jumladan, 2025 yilning oktyabr oyida G'azo sektorida tinchlik o'rnatish bo'yicha bitim imzolangan Misrdagi oliy darajadagi sammitda ham mehmon bo'lib qatnashgandi.

Ekspertlarning eslatishlaricha, 1994 yilda AQSh ilk bor jahon chempionatiga mezbonlik qilgan, prezident Bill Klinton o'shanda ishqibozlarning diqqat-e'tiborini o'ziga tortmaslik uchun musobaqadan imkon qadar uzoqroq masofada turishni ma'qul ko'rgan.

Bu safar Tramp final bosqichiga qur'a tashlash marosimining bosh qahramoniga aylandi. U final o'yinidan keyin jahon kubogi bilan suratga tushish imkoniyatini qo'ldan boy bermasligi kutilmoqda…

Viza muammosi…

Jahon chempionati starti arafasida Eron terma jamoasining AQShga kirish vizasi bilan bog'liq masala joriy yilning eng yirik geosiyosiy va sport mojarolaridan biriga aylandi.

Ikki davlat o'rtasidagi an'anaviy sovuq munosabatlar va so'nggi paytlardagi harbiy-siyosiy keskinlik viza jarayoniga to'g'ridan-to'g'ri ta'sir ko'rsatdi. Bahor oylarida Tramp Eronning turnirdagi ishtiroki qay darajada to'g'ri ekanligini ochiqchasiga shubha ostiga qo'ygan edi.

Jarayon juda cho'zilib ketgach, Eron futbol federatsiyasi FIFAga murojaat qilishga majbur bo'ldi. Natijada terma jamoa dastlab Arizona shtatida ajratilgan o'quv-mashg'ulot yig'ini va asosiy bazasidan voz kechishga majbur bo'ladi va Meksikaning Tixuana shahriga ko'chib o'tadi.

Viza berish ishida AQSh rasmiylari tanlov asosida yondashadilar. Oq uy va AQShning Turkiyadagi elchixonasi chempionat boshlanishiga bir hafta qolganda Eron terma jamoasi asosiy futbolchilariga viza rasmiylashtirib berilganini ma'lum qiladi.

Eron OAVlari va rasmiy manbalarning xabariga ko'ra, delegatsiyaning 15 a'zosi, xususan, murabbiylar shtabi va texnik xodimlarning bir qismi AQSh vizasini ololmagan. Qo'shma Shtatlar buni xavfsizlik tekshiruvlari va ayrim shaxslarning “noto'g'ri ma'lumot taqdim etgani” bilan izohlagan.

Shuningdek, vizalar maxsus cheklov bilan berilgan. Ya'ni, eronlik futbolchilarga AQSh hududida uzoq muddat qolishga ruxsat berilmaydi va u vaqtinchalik hisoblanadi. Shu sababli Eron terma jamoasi Meksikadagi sport  bazasidan turib, AQShdagi o'yinlarga qatnab o'ynaydi.

Murakkab diplomatik kurashlar va FIFAning bosimi ostida, Eron terma jamoasi turnirda ishtirok etish huquqini saqlab qoldi. Ammo viza mojarosi tufayli jamoaning turnirga tayyorgarlik rejasi jiddiy zarar ko'rdi.

Yana bir muammo borki, joriy yil boshida Oq uy ma'muriyati 39 ta davlat fuqarolari uchun mamlakatga kirishni taqiqladi, yana 75 ta davlat uchun migratsiya vizalarini rasmiylashtirishni to'xtatib qo'ydi. To'rtta ishtirokchi futbol jamoasi qo'llovchilari to'g'ridan-to'g'ri taqiqqa tushdi: Gaiti va Eron — to'liq, Kot-d’Ivuar va Senegal — qisman. Ularning muxlislari AQShdagi o'yinlarga bora olmaydilar.

Yulduzlar va yulduzlikka nomzodlar…

Bu  yilgi chempionatda jahon futbolining eng yorqin yulduzlari, jumladan, tarixiy rekordlarni yangilayotgan tirik afsonalar ishtirok etadi. Shubhasiz, sevimli sport o'yinining yangi yulduzlari kashf etiladi.

Bo'lajak turnirning bosh qahramonlari va umid yulduzlari kimlar?

Afsonaviy hujumchi Lionel Messi Argentina terma jamoasi safida o'zining tarixiy — hisob bo'yicha oltinchi jahon chempionatida qatnashadi.

Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu 41 yoshida o'zining rekord darajadagi oltinchi dunyo birinchiligida maydonga tushmoqda.

Kilian Mbappe (Fransiya): Sayyoramizning eng yaxshi futbolchisi nomiga asosiy da'vogarlardan biri va Madridning “Real” klubi to'purari o'z terma jamoasini bosh sovrin sari boshlab boradi.

Norvegiyalik yulduz hujumchi Erling Xoland ham ushbu mundialda to'p surib, terma jamoasini g'oliblik sari yetaklamoqchi.

Lamin Yamal “Barselona”ning yosh noyob iste'dodli to'psurari, u allaqachon o'z milliy terma jamoasining eng asosiy va yetakchi o'yinchilaridan biriga aylanib ulgurgan.

Evropada eng sermahsul hujumchilardan biri Garri Keyn Angliya terma jamoasining hujum chizig'ini boshqaradi.

Florian Virs va Jamol Musiala Germaniya terma jamoasining yosh va shijoatkor yarim himoyachilari…

2026 yilgi jahon chempionati sport tarixidagi eng daromadli va yirik musobaqa bo'lish bilan birga, futbol olamidagi geosiyosiy va tijorat o'yinlari eng avj olgan turnir bo'lib tarixda qoladiganga o'xshaydi…

Ammo nima bo'lganda ham bu galgi mundialda jonajon O'zbekistonimizning futbol jamoasi ham jahon chempionatida qatnashmoqda.

O'zbek futboli haqli ravishda dunyoga chiqdi. Bu yil ilk bor ana shunday ulkan muvaffaqiyatga erishgan Yangi O'zbekiston futbolchilariga omad va zafarli o'yinlar nasib etsin!

Abror XON

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + 4 =