Kitob haqida kitob
Kitob nima? U qanday yoziladi? Uning qanday turlari mavjud? Kitobning inson hayotidagi o'rni va ahamiyati qanday? Kitobni qanday o'qish kerak? Qanday odamni chin kitobxon deyish mumkin?..
Bular o'zini kitobxon sanaydigan har bir ziyoli tomonidan o'ziga o'zi va unga boshqalar tomonidan beriladigan qiziqarli, dolzarb savollar bo'lib, ularga javob berish uchun ham izlanish, o'qish kerak bo'ladi.
O'ndan ortiq she'riy kitob va tarjimalar muallifi, taniqli shoir, tarjimon va publitsist Humoyun bu kabi ko'pchilikni o'ylantiradigan savollarga javob topishda zamondoshlariga yaqindan ko'mak berish maqsadida shiddat bilan o'tib borayotgan 2021 yilda birdaniga ikkita: avval “OYDIN” nashriyoti tomonidan “Sim-sim… Mutolaa sirlari” keyinroq esa “CLOBAL BOOKS” nashriyotidan “Ijod falsafasi” nomli kitoblarni nashr ettirdi.
To'g'ri, bu mavzu olim, ijodkor, noshirlarni anchadan beri qiziqtirib keladi. Jumladan, mamlakatimizning eng nufuzli nashriyotlaridan biri bo'lgan “O'qituvchi” nashriyoti tomonidan 1985 yilda taniqli tilshunos olim Hasanali Rustamov muallifligida “O'quvchilarda kitobga muhabbatni tarbiyalash”, 1988 yili tarix fanlar doktori, professor Ye.L.Nemirovskiy tuzuvchi-avtorligida “Kitob nima?”, 1993 yili butun umri va faoliyatini bolalar adabiyotiga bag'ishlagan filologiya fanlari doktori, professor Safo Matjon qalamiga mansub “Kitob o'qishni bilasizmi?” nomli risola va kitoblar chop etilgan. Ammo quyida biz so'z yuritmoqchi bo'lgan ikki kitob bir necha jihatlari bilan avvalgi kitoblardan tubdan farq qiladi.
“Sim-sim… Mutolaa sirlari” nomli kitobda ingliz, ispan, rus, fransuz, olmon, yapon, belgiya, misr, chex, britan, livan… adabiyotining o'ttizga yaqin eng mashhur adib, shoir, faylasuflarining kitob mutolaasi haqidagi durdona fikrlari jamlangan bo'lib, ular zamondoshlarimizning kitobxonlik madaniyatini oshirishga katta yordam beradi.
Kitob taniqli shoir, tarjimon va faylasuf olim Abdulla Sherning “Xazinaga yo'l” deb nomlangan so'z boshi o'rnidagi essesi bilan boshlangan.
“Bugungi kunda shaxsan Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yo'lga qo'yilgan millatni kitobga qaytarishdek muhim va savobli harakat tobora tezlab bormoqda, deya ta'kidlaydi Abdulla Sher mazkur essesi xotimasida. Shu sababli yaqin orada yangilanayotgan O'zbekistonda mutolaa madaniyati darajasining yuksalishi va ulug'larimiz tomonidan bu borada o'ziga xos maqola hamda xotiralar yozilishi shubhasiz. Shu bois bizni deb anchagina zahmat chekkan Humoyun do'stimizga rahmat aytib, xazinaga borish yo'llarini yaxshiroq bilib olish uchun kitob mutolaasiga kirishaylik.”
“Ijod falsafasi” deb nomlangan ikkinchi kitobda o'zbek va jahon adiblarining ijodiy tajribalari, ayrim asarlarining yozilish jarayoni haqidagi hayotiy, qiziqarli hikoyalar mahorat bilan saralab, jamlab berilgan.
Kitob tarjimon va to'plovchi Humoyunning “Biz sevgan dunyo” deb nomlangan so'z boshi o'rnidagi maqolasi bilan boshlangan bo'lib, unda, jumladan shunday deyiladi: “…qalam ahlini birlashtirib turuvchi ayrim jihatlar borki, ularni o'qib-o'rganish yoshlar uchun juda muhim. Jumladan, adabiy tur va janrlardan o'z o'rnida foydalanish, yozuvchining hayot falsafasi, yangi asar yozishga tayyorgarlik jarayoni, so'zga munosabati, asar tili, zamon va makon masalalari, personajlar qiyofasini yaratish va hokazo.
Ushbu to'plamda shu singari masalalar yuzasidan bevosita badiiy asar mualliflari – yozuvchilar sizga o'z tajribalarini so'zlab beradilar”.
Chindan ham, sevimli adibimiz Abdulla Qodiriy o'zining mashhur tarixiy asarlarini qanday yaratganligi, Oybek “Navoiy” romanini qanday yozganligi yoxud Mirtemir, Asqad Muxtor, Erkin Vohidov, Shukur Xolmirzayev, Muhammad Ali kabi ustoz adiblarimizning o'ziga xos ijod jarayonlarini bilish har bir kitobxon uchun juda qiziq va ahamiyatli.
Kitobning ikkinchi qismida jahon adabiyotining yirik vakillari Edgor Po, Jek London, Xermann Xesse, Genri Miller, Akutagava Ryuneske, Jorj Oruel, Efim Etkind, Umberto Ekolarning yozuvchilik, yozuvchidan talab qilinadigan eng muhim xususiyatlar, ularning nima uchun va qanday yozishlari haqidagi qimmatli fikrlari saralab, kitobxonga qulay usulda bayon qilingan.
“Badiiy asar yozuvchi sifatida yetarlicha g'alati odamman, – deya e'tirof etadi mashhur italyan adibi Umberto Eko mazkur to'plamda keltirilgan “Men qanday yozaman?” sarlavhali xotira maqolasida. – Aslida men sakkiz-o'n besh yoshlar oralig'idayoq roman va hikoyalar yozishni boshlab yuborganman… Kitoblar faqat kitobxonlar uchun yoziladi. O'zim uchun yozyapman, deb ont ichgan yozuvchi sizni surbetlarcha aldaydi. Va uning qay darajada dahriy ekanini o'ylashning o'zi dahshatli. Hatto bu so'z mutlaq dunyoviy ma'nosida aytilganda ham…”
Dunyo e'tirof etgan taniqli adiblarning bu kabi ochiq, jaydari fikrlari bilan tanishish har bir kitobxon uchun juda qiziq va ahamiyatli, albatta.
Shu jihatdan olib qaraganda, biz fikr yuritgan bu ikki kitob nafaqat yosh ijodkorlar, filologiya fakultetlari talabalari, yosh kitobxonlar, balki barcha kitobxonlar uchun juda foydali manba, har ikki kitob o'zbek kitobxonlari uchun katta sovg'a bo'lganligi shubhasizdir.
Siddiq MO'MIN,
filologiya fanlari doktori, professor,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi