Ona daraxt

Hikoya

Bulutlar quyuqlashar, shamol tobora kuchayar, daraxt shoxlarini tebratardi. Shox-shabbalar uchar, o'rmon vahimali guvillardi.

O'rmon chetidagi yolg'izgina daraxt. Uning yuragida bezovtalik. O'rmondagi bu to's-to'polon zurriyoti-niholiga ziyon-zahmat yetkazishi mumkin degan o'yda xavotirga tushgan. U niholining bezavol unib-o'sishini, ko'klarga bo'y cho'zishini, hayotni ko'rib, baxtiyor yashashini xohlaydi. Shamol shu taxlit zabtiga olaversa, niholining holi nima kechadi?

U bor kuchi bilan shamolning qarshiligini yengib, zurriyoti tomonga shoxlarini egar, kutilayotgan jala, do'ldan pana qilishga urinardi.

Bir paytlar yonginasida nihoyatda baquvvat, adl o'sgan, shoxlari osmonga tegay-tegay deb turgan daraxt bo'lardi. Balki u onasi bo'lgandir. Ko'p eslaydi: yomg'ir, qor, mana shunday izg'irin shamol kunlarida yoki jazirama quyoshda boshi uzra quyuq shox, barglarni ko'rardi. Unga oftob o'tmas, barglarini kuydirmas, qor, yomg'ir, do'l boshiga tushmasdi. Ba'zan bu daraxtning barglari mayin tebranib, xirgoyi qilardi. Bu ohang shunday yoqimli, allalovchi bo'lardiki, mudroq bosib, uyquga ketganini bilmay ham qolardi.

Shunday kunlardan birida uch-to'rt chog'liq odamlar shu atrofda aylanib qolishdi-yu, ishga kirishib ketishdi. Tarillab kuchli ovoz chiqaradigan arra bilan unga hamisha g'amxo'rlik qilib kelgan ulkan daraxtni qulatishdi. Ana o'shanda ich-ichidan nimadir “chirs” etib uzilganini his qildi. Ilk bor o'zini himoyasiz, yolg'iz qolganini angladi-yu, tamom vujudi zirqirab ketdi.

Eh, boshidan nimalar o'tmadi-ya!.. Ne-ne dovullar, qor-u yomg'irlar… Saratonning jaziramasi-yu, suvsizlikdan aziyat tortganlari… Boshida g'ujg'on o'ynagan chug'urchiqlar-u, qag'illab tinchlik bermagan qarg'a-zog'lar…

Bariga chidadi. Yolg'izlik, himoyasizlik iztiroblari unga azob berib tursa-da, nihoyat u ham baquvvat, bo'ylari osmonga cho'zilgan, cheksiz o'rmon chetida, balandlikda, manaman deb ko'zga tashlanadigan ulkan terak bo'ldi.

U ham zurriyot qoldirishni, avaylab-asrab voyaga yetkazishni, qomati adl, tekis bo'lishini, ko'rganlar havas qilishini, o'zi ham bundan faxr tuyishni orzuladi.

Avvalgi yili bir emas, ikki zurriyotidan ayrildi. Juda og'ir bo'ldi o'shanda. Vujudida qattiq og'riqni tuydi. Kundan-kun yashnab borayotgan, cho'zilayotgan qaddi egildi, shoxlari shalvirab qoldi, barglari sarg'ayib, erta to'kildi. Axir jon tomiridan yaralgan bu nihollar uning umidi, orzusi, hayotining mazmuni edi-da! Ularga qarab zavqlanar, bor mehri, quvvatini berardi.

Afsus… O'rmon yoqalab borayotgan odam ularning yonginasiga kelgani va “bunisi soplikka yaraydi”, deya zurriyotini dastarrasida arralaganini hech qachon unutolmasa kerak. Harchand urinsa ham bu odamni to'xtata olmadi. Tomirlarida sim-sim og'riqni his qildi, holsizlandi. Achchiq ayriliq azoblari tamom vujudini kuydirdi.

Yana bir zurriyotini esa qo'ylarini boqib yurgan bola sindirib, xipchin yasab oldi.

Eh, bolajonlari, jigarbandlari… Ularning faryodini hech kim eshitmadi… Uning ohu nolalarini ham…

Bu ayriliqlar uning butun jismini zirqiratdi. Shoxlarida hayot nishonalari ko'rinmay, quriy boshladi. Keyin esa tanasi sarg'aydi…

So'lib, ruhi tushgan kunlarda hali qurib ulgurmagan tomiridan yana bir niholcha unib chiqdi. Vujudi halovat topdi, bu yorug' olam unga yanada go'zal, tarovatli ko'rina boshladi. Hayotiga mazmun kirdi. Endi uning yashashdan maqsadi bor. Istak unga kuch bag'ishladi. Yana yangi novdalar chiqardi. Barglari sabo epkinida raqs tushayotganday tebranar va butun o'rmon uning baxtiyorligidan so'zlashayotganday tuyular, mamnun edi…

Endi esa… mana bu dovul… Zurriyotining nihoyatda ingichka novdasi, nish urgan ikkitagina shoxchasi u yoq-bu yoqqa borib kelar, sinib ketishidan xavotirda bo'lgan ona daraxt yuragini hovuchlab turardi, iloji boricha shamol yo'lini to'sishga urinardi.

Qattiq shamol o'rnini yomg'irga bo'shatdi. Shiddat bilan yoqqan yomg'ir o'rmonni suvga to'ldirdi. Suvi-ku, tanga mador, quvvat… Biroq niholchasining nozik bo'yi bo'tana suv ichida ko'rinmay qoldi. “Ilohim, o'zing asra”.

Sukutga cho'mgan, diydiragan o'rmon, dov-daraxtlar… Hammayoq shalabbo…

Vujudi bilan suvga botgan daraxt ko'z ochganida yomg'ir tingan, shamol ham yo'q, quyoshning ilk zarralari o'rmonga yog'ila boshlagandi. “Ey, ona quyosh, bolajonimni isit. Suvlarini qurit!”

Tushga yaqin niholchasi bosh ko'tarib, o'zini oftobga toblay boshladi. Daraxt quvonib ketdi,  shoxlari tebrandi. “To'g'ri o'sgin, bolam. To'g'ri o'sgin! O'tinga yarab, umring qisqa bo'lmasin”.

Nihol ko'kka bo'y cho'zdi. Shukur, shunday kunlarga yetdi. Lekin yana biroz vaqt kerak. Kimdir unga jarohat yetkazishidan, bemavrid kesib ketishidan xavotirda. Axir shuncha yil zurriyotini shamol-u dovullardan, qor-u yomg'irdan, hatto qurt-u qumursqadan bejizga asradimi? Zurriyotining kamolini ko'rishni orzulab yashadi-ku! Endi esa, nima bo'ladi, degan savol tinchini o'g'irlagan.

O'ylaganiday, quyoshli kunlarning birida o'rmonga sharpalar oralab qoldi. “Odamlar… Mavsum boshlangan ko'rinadi”.

Odamlar yaqinlashib qolganida vujudiga titroq kirdi. Daraxt kesuvchilardan birining: “Mana bu terakka qara, naq olti metr-a! To'singa yaraydi. Shoxlarini qara. Bir uyning tomiga yetadi-ya”, — degan so'zlarini eshitdi-yu, yuragi shuv etdi. “Nahot endi tiniq osmonni, haroratli quyoshni ko'ra olmasa. Zurriyotini qanday tashlab ketadi?”

Yuragi to'la dard bilan zurriyotiga qaradi. U ona daraxtning yuragida kechayotgan g'alayonlardan bexabar, quyosh nurlarida toblanib, orom olayotgandi. “Yo'q, yo'q, uning yonida bo'lishim kerak. Yolg'izlanib qoladi”. Daraxtning nolasi ijobat bo'ldi.

— Kesishga kesamiz-u, texnika bu yerga kelgunicha tun kiradi, — dedi daraxt kesuvchilardan biri. — Bu joyni belgilab qo'yaylik. Hozir yo'l bo'yidagi uchta terakni olamiz.

Odamlar uzoqlashdi. Ona daraxtning xavotiri pasayib, yuragi tinchlandi.

Ular qaytguncha zurriyoti ulg'ayadi. Shamollar egolmaydi. Qor-yomg'ir kor qilmaydi. Qurt-qumursqa-yu qushlar ziyon berolmaydi. Tik, alp qomat terak bo'ladi.

Odamlar havas bilan uylarining tomlariga, bezak berib, ustunlarga ishlatadilar. Ona daraxt shirin orziqish bilan chuqur tin oldi. Vujudiga yoyilgan huzurbaxsh holat barglarida aks etdi.

Qishdan darak berib, izg'irin shamol esdi. Terak shoxlarida qolgan so'nggi za'faron yaproqlar shabboda epkinida ucha-ucha yer betini qoplay boshladi.

Lobar RUSTAMOVA

Muallif haqida:

Lobar RUSTAMOVA Namangan viloyati Yangiqo'rg'on tumanida tug'ilgan.
1975 yilda Namangan davlat pedagogika institutining o'zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
“Katta yo'lga tutash so'qmoqlar” (hammualliflikda), ­“Daryoda aytilgan alla”, “Oymomo jilmaydi”, “Ishq ozori”, “O'rgimchak to'rida”, “Ezgulikka yo'g'rilgan umr”, “Tog'dagi fojia”, “Saodat manzili”, “O'shanda ham qish edi”, “Taqdir tarozisi”, “Ko'l tubidagi xazina”, “Sog'inch sochilgan yo'l” kitoblari muallifi.
Ijod namunalari Turkiya, Ozarbayjon, Keniya, Italiya, Germaniya, Qirg'iziston, Belgiya gazeta-jurnallari va internet saytlarida e'lon qilingan.
Amerika va Fransiyada “O'shanda ham qish edi” hikoyalar to'plami hamda “Taqdir tarozisi” qissalari ingliz, fransuz tillarida kitob holida chop etilgan.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − ten =