Kitob sotayotgan odam
(Hikoya)
| B |
u uzundan-uzoq yölkaning oxiri yöqday edi. Qişin-yozin erta tongdan keç şomgaça bu yerdan odamlar oyoği uzilmas, nimadir sotib, nimadir olayotgan kişilar ğala-ğovuri sira tinmasdi.
Yölka adoğida qartayib, bir-yarim şoxlari quriy boşlagan çinor ostida töqsonni qoralagan çol ötirar, biroz bukçaygan keng yelkalari, nuroniy çehrasi u bir vaqtlar juda körkam yigit bölganidan dalolat berardi. Tap-taqir qirilgan boşidagi nimdoş movut kuloh, uzun simobi yaktak unga uluğvor tus berar, qartaygan çinor va undan-da qariroq çol ola-ğovur yölkaning tarkibiy qismiga aylangan, yil-ön ikki oy bu yerdan ötib-qaytadigan olomon eski şolça ustida ötiradigan bu kişiga eʼtibor bermay qöygan, bor-yöqligini heç kim sezmasdi. Mirşab, soliqçi, pattaçilarning ham u bilan işlari yöq edi. Çol bu dunyoi dunda şunçalar köp yaşab qöygan ediki, kunlar, oylar u yoqda tursin, yillar, ön yilliklar sanoğidan adaşib ketgan, qay yurt, qay mamlakatda yaşayotganini ham bilmasdi, çamasi.
Uning yonida jigarrang saxtiyon muqovasi titilib, sahifalari sarğayib ketgan kitob yotar, bu matohga heç kim qiyo boqmasdi.
Qölida yegulik, içgulik, yana allanimalarni kötargan odamlar oqimi bir zum ham tinmas, çol esini taniganidan buyon şu eski kitobni sotmoqçi bölar, lekin sira xaridor topolmasdi.
Onda-sonda töxtab, kitobning u yoq-bu yoğini ağdarib köradigan ziyolinamo kişilar u nima haqida ekanligini çoldan sörab qolişardi. Çol xira tortgan közlarini yerga tikib, “bilmayman” deya tan olar, söngra özini oqlamoqçi bölib, bidillardi:
— Töğri, bir paytlar bu kitobda nimalar yozilganini bilardim. Bobom aytib bergan edilar. Hozir esimdan çiqib ketdi… Qayta öqiy desam, közim ötmaydi… Men axir bu dunyoda qariyb yuz yildan beri yaşayman… Yuz yil!..
Qariyaning ovozi qaltirar, qarşisida bezrayib turgan kimsa bu kitobni baribir xarid qilmasligini yaxşi bilganidan, közlarini yaşirmoqçi bölardi. Nursiz közlarida esa mudom yoş yaltirar, bu qarilik oqibatimi yoinki alamdanmi, biliş muşkul edi.
U köp yillar mobaynida çinor ostida ötirib, yonidan muttasil ötib-qaytib turgan olomon tabiatini yaxşi örgangan, unça-munça odamga kitobini taklif etmas, könglida özining eng noyob buyumini sota olişiga andakkina umid paydo bölgandagina past tovuşda iltijo qilardi. Şunday paytlarda çuqur ajinlar qoplagan yuzini allaqanday ilohiy nur yoritgandek bölar, biroq ğala-ğovur kuçsizgina ovozini yamlab-yutib, yana bir loqayd kimsa eʼtibor qilmay ötib ketgaç, qariyaning çehrasi motamsaro tus olardi.
U baʼzan umidsizlikka tuşib, etagini qoqib, turib ketmoqçi bölar, şunda sönggi nafaslarini olayotgan bobosining vasiyati yodiga tuşardi.
— Bolam, — degandi öşanda bobosi, — bu noyob kitobni otangga emas, senga qoldiraman. Otang bu kitobning qadriga yetolmasa kerak… U qorin bandasi… Sening yöriğing bölak, öğlim. Sen bu kitobni odamlarga yetkazişing kerak… Bu kitobda insoniyatni balo-qazolardan asraguvçi buyuk sir bor… Ha, buyuk sir!.. Sen uni egasiga yetkazişing kerak. Kitobning haqiqiy egasi kim ekanini men bilmayman. Zora, Alloh marhamati ila sen bu işning uddasidan çiqsang…
Bobosining sönggi nafasida aytgan sözlari quloqlari ostida aks sado berar, u huşyor tortib, atrofga boqar va öşa kitobning haqiqiy egasini sabr-toqat ila kutişda davom etardi.
Qarilik qursin-a, qarilik! Baʼzan içki tuyğusi unga pand berib, kitobdan mutlaqo yiroq odamlardan umid qilar va oxiri juda ösal bölardi.
…Öşanda çinor endi barg yoza boşlagan, kun nihoyatda iliq va nurli edi. Erta tongdan qariyaning köngli ham bahor osmonidek yorişib ketdi. Bir mahal çehrasi körkam örta yaşar kişi çol ötirgan yerga yaqinlaşa boşladi.
Kitob sotuvçining yuragi hapriqdi va u özining azaliy iltijosini takrorladi.
Sipo kiyingan kişi uning ovozini eşitdimi, yöqmi, bunisi nomaʼlum. Lekin, har qalay, u bir muddat töxtab, çolga, uning oldidagi oçiq kitobga parvosiz nigoh taşladi. Söngra çöntagidan pul oldi-da, uni kitob ustiga taşlab, öz yöliga ravona böldi.
Çolning boşidan bir çelak sovuq suv quyilgandek böldi. Uning kitobi heç kimga kerak emas! Unga sadaqa berişdi!
U ğijimlangan pulga qaradi-yu, böğziga tiqilib kelgan aççiq bir narsani yutolmay, jonsarak böldi. Injudek tovlangan köz yoşlari kitobning sarğaygan varaqlariga “çak-çak” tomar, çolning bukçaygan yelkalari silkinardi.
Kitob sotuvçining çinor ostidagi uzoq yillik hayotida bunday hodisa neça marta sodir bölgan, lekin uni tilançi deb öylab berilgan sadaqa heç qaçon bunçalik tahqirlamagandi. Boyoqiş bahorning bu yoruğ kuni va çehrasi körkam odamdan bunçalik bedodlik kutmagandi.
Çol har qança köz yoş tökmasin, hayot öz izmida davom etar va uning şafqatsiz qonuniyatlarida heç qanday özgariş sodir bölmagandi. Sirasini aytganda, kimdir kimgadir sadaqa bersa va qaysidir çol qandaydir kitob uzra köz yoş töksa, nima qipti? Axir dunyoda köz yoş tökayotganlar kammi?..
Şu tariqa kunlar, oylar, yillar ötaverdi. Çolning ovozi tobora zaiflaşib, közlarida nur sönib borar, lekin u özining noyob kitobini sotişga hamon umid qilardi. Yil fasllari bir-biri bilan almaşar, azim çinorning qurigan şoxlari köpayib borardi.
Çinor ostida ötirgan çol hayotida esa biror özgariş bölmagan, hamon u qayerda tunab, qayerda ovqatlanişini heç kim bilmasdi.
Nihoyat, keç kuzning sovuq yomğir yoqqan şilta nam oqşomida çol bir qarorga keldi, şekilli, yonidan ötib ketayotgan ziyolinamo kişining yomğirpöşi etagidan mahkam uşlab, öziga tortdi. Haligi kişi qalqib ketib, jahl bilan ögirildi. Ögirildi-yu, çolning mungli yuzlariga nigoh taşlagaç, biroz jahldan tuşdi. Bu gal çolning içki tuyğusi pand bermagan, röparasida ijirğanib turgan kimsa haqiqatan ham ziyoli emas, ziyolinamo kişi edi.
— Bötam, — yalindi çol, — şu noyob kitobni siz ola qoling. Şundoq, tekinga… Pulingiz kerak emas… Ehtimol, bu kitobdagi sirning tagiga yetarsiz… Şunda hayotning barça tilsimotlari oçilsa ne ajab?..
Ziyolinamo kişi yomğirpöşi etagini uning qölidan şaxt bilan tortib oldi-yu, öşqirdi:
— Hoy, miyasi aynigan çol! Men kitob öqimayman! Men kitob yozaman, bildingmi?
Çol qalqib tuşdi, qöllari bilan boşini pana qilganiça, munğayib qoldi. Bu dağdağa uning şunça yillar çinor tagida ötirib, tölmagan sabr kosasiga tomgan sönggi tomçi edi. Boyoqiş bukçayganiça sassiz yiğlar, tobora uzoqlaşib borayotgan qadam tovuşlari aks sadosi miyasiga gurzidek urilardi.
Şu izğirin oqşomda çol ğoyib böldi. Ertasiga çoşgoh mahali uning örnida 7-8 yoşlar çamasidagi nimjongina qizaloq paydo böldi. Oriq, yorqin közlari katta-katta qizça gavdasiga yaraşmagan şirali tovuşda öşa eski kitobni maqtab, xaridor izlardi.
Qizçaning közlari, şirali tovuşi ğoyib bölgan çolga juda-juda öxşab ketardi.
Çinor ostida yuz bergan bu özgarişni yölkani supurib yuradigan farroş kampirdan bölak heç kim payqamadi.
Mudom qayoqqadir şoşilgan, doimo nimanidir sotib, nimanidir oliş ilinjida bölgan olomonning heç qanaqa özgariş, kitob va sir-sinoat bilan işi yöq edi.
Odamlarning söngsiz oqimi dengiz misol guvillab, qizçaning tovuşini yutib yuborar, beboş şamol sarğaygan sahifalarni titkilab, huştak çalardi. Yomğirning sovuq, oğir tomçilari zaʼfaron yaproqlarni yerparçin qilgan, yarim yalanğoç şoxlardagi qarğalar qağillaşi yuraklarga vahima solar, loqaydlikning butun koinotni qamragan körinmas pardasi aro hamon öşa iltijoli tovuş aks sado berardi:
— Amakijon! Bu juda zör kitob! Unda buyuk sir bor! Eng buyuk sir!.. Bu kitobni bobom menga vasiyat qildilar, uni albatta öz egasiga yetkazişim kerak…
Yomğir tovuşi borgan sari kuçayar, qizaloqning iltijosini heç bir quloq eşitmas, ğala-ğovur yölka zulmat qöyniga ğarq bölib borardi.
Yozuvçi Jöra FOZIL (Jöra Vahoboviç Fozilov) 1949 yil 5 oktyabrda Buxoro viloyati Romitan tumanida tuğilgan. ToşDU jurnalistika fakultetini tugatgan.
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi Jöra Fozilning “Muhabbatning bayramlari”, “Barqut mavsum”, “Buxoro elçisi”, “Baxt yulduzi”, ”Mening qizil gulim”, “Buxoriyning qaytib kelişi”, “Ayriliq ostonasi”, “Tiramoh armonlari”, “Ğoziyon zindoni”, “Yölbarsdaraning sönggi sultoni”, “Oşiq Buxoriy qissalari”, “Xongulning sarguzaştlari” kabi hikoyalar, qissalar va romanlardan iborat kitoblari naşr etilgan.
Jöra Fozil, şuningdek, rus adiblari Konstantin Paustovskiy va Viktor Astafyevning qissa va romanlarini rus tilidan tarjima qilgan.
Jöra Fozil Özbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan “Döstlik” ordeni bilan mukofotlangan.
Jöra Fozil
