Turkman bulbuli

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 19 fevraldagi “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog'iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qaroridan ruhlangan taniqli shoir va adib To'lqin EShBEK yaqinda ulug' turkman shoiri Maxtumquli haqida yangi dostonini yozib tugatdi. Quyida ana shu asardan parcha mushtariylar hukmiga havola etilmoqda.

 

Turkman bulbuli

(Dostondan parcha)

 

“Jayhun bilan Hazar bahri orasi,

Cho'l ustida esar yeli turkmanning.

Gul-g'unchasi qaro ko'zim qorasi,

Qora tog'dan enar yeli turkmanning”.

Maxtumquli

 

Sahroyi ulusga aziz bulog'i,

Ora-sira karvonlar qo'ng'irog'i.

Taqirda yetishgan qovun, g'allasi,

Onalar shom chog'i aytgan allasi.

Ammo shoir so'zi bu elga totli,

U bir pahlavondir – do'mbira otli!

Turkman manglayiga shoirlar bitgan,

Qanchasi o'tmishda yo'qolib, yitgan.

Tanqis, noyoblikda sahro lolasi,

Elni hushyor etgan na'ra, nolasi.

Shoir Ozodiy bor, bor yana Maston,

Turdi shoir yozgan marsiya, doston.

Zunubiy, O'roz Xon, Ma'rufiy baxshi,

Aytishuv qilsalar eshitgan yaxshi.

Ancha nazm qolgan Mullonafasdan,

Xoli aylar she'ri qayg'u-qafasdan.

Maxtumquli nazmi ularga darg'a,

Mahdudlikni qilgay dildan badarg'a.

O'z holiga qo'yib fikru oyoqni,

Kezgandir Hind, Ozar ila Iroqni.

Maxtumquli nazmi qilgach elni rom,

Turkman bulbuli deb qoldirgandir nom.

 

* * *

“Mag'rur bo'lib kezma umring guliga,

Duch bo'larsan bir kun xazon yeliga,

Yuz yil yashab, tushsang ajal qo'liga,

Chapingdan o'ngingga boqqancha bo'lmas”.

Maxtumquli

 

Atrek daryosida sohil seryovshan,

Kaftdakkina ovuldir Xojigovshan.

Bobo – Maxtumquli shunda musofir,

O'rgangan har neki hunarga doir.

Dehqonchilik qilgan – qovunu g'alla,

To'qim tikkan qishda ishsizlik palla.

Shunda bitta boshi ikkita bo'lgan,

Bolalari bilan o'tovi to'lgan.

She'r aytgan do'mbira chertib gohida,

O'g'il-qiz yetishgan umr shoxida.

Bir o'g'lining Davlatmamaddir ismi,

She'r bo'lgan hayotin katta bir qismi.

Ta'lim olgan joyi Xiva shahridir,

Oraliqda ulkan Amu nahridir.

Ovulga qaytganda uylab qo'yishgan,

Turkmancha to'y qilib, tuya so'yishgan.

Keyin farzandlarni bergan xudoyim,

Yashagan hamisha deb “uyim-joyim!”

Maxtumquli ibn Davlatmuhammad,

Katta oilada uchinchi farzand.

Bobosining nomi unga qo'yilgan,

Ta'bi nazmi juda erta tuyulgan.

Bobodan she'r ila do'mbira meros,

Shoir Ozod nomi otasiga xos.

Ruhiy tarbiyada otasi – piri,

Mahliyo aylagan she'riyat siri.

Mol boqib, otaga tirgak bo'lgan ul,

Tayoqni mingandir bamisli duldul:

O'lanlar kuylagan barxanlar oshib,

Xayoli olamni olmoqqa shoshib.

O'n besh yoshlarida ona ko'z yumgan,

Kun bo'yi yig'lagan ko'tarmay o'mgan.

Ilk she'ri marsiya bo'ldi onaga,

Qamalib olgancha yakka xonaga.

Kuy chiqar kuygandan yoki suygandan,

Olim chiqar bilimga bino qo'ygandan.

Ota o'z o'g'liga olgani ta'lim,

Katta mullolardan tutgan muallim,

Mablag' ila doim uni qo'llagan,

Xiva tomonlarga qo'rqmay yo'llagan.

Ulug' madrasadir bunda “Sherg'ozi”,

Etishgandir qancha olimu qozi.

Bozorida Xitoy, o'ruslar moli,

Marg'ilon adrasi, angor ro'moli.

Savdo ahli so'ylar turluk shevada,

Usta po'stindo'zlar bordir Xivada.

Izillaydi qishning shamol, sovug'i,

Muzlab qolar hatto to'qay tovug'i.

Osma qovunlari yetgay to bahor,

Minorasi azon taratar nahor.

Yosh shoirning oshar ilmi, ilhomi

She'rlarida erdi Firog'iy nomi!

Tunlari uxlamas shoir va charoq,

She'rlari tarqalar varoqma-varoq.

Ammo kelib qoldi shunda shumxabar:

Oila boshiga yog'ilmish xatar…

 

* * *

“Makon aylab uch yil yedim tuzingni,

Ketar bo'ldim, xush qol, go'zal “Sherg'ozi!”

O'tkazdim qishingni, navro'z, yozingni,

Ketar bo'ldim, xush qol, go'zal “Sherg'ozi”.

Maxtumquli

(Xivadagi “Sherg'ozixon” madrasasi bilan xayrlashuv)

 

Xivani bir ko'rib to'ygan bormikan?

O'zga joyni yana suygan bormikan?

Ustozlardan ko'ngil bo'lurmi uzib,

Ketmoq mumkin faqat ko'ngilni buzib.

Minoralar atlas kiygan koshindan,

Gul unar tuproqqa qo'shib toshindan.

Asriy gujumlarning soyasi quyuq,

Qancha zotlar chiqqan bu yerdan buyuk.

Ammo safar qarib, shumxabar yetdi,

Yosh shoir noiloj bosh olib ketdi.

Afg'on tomon ketgan ikki og'asi,

Boshdan judo misli qamish qo'g'asi.

Elchi kasbi shunday xatarli yumush,

Nasib ham etmabdi ularni ko'mish.

Abdullo og'asi, Muhammadsafo

Yovuz dushmanlardan topdilar jafo.

Ikki ustunidan ayrilgan ota,

Ko'zlari yig'idan boshlabdi bota.

Shoir o'g'il yetib kelgan hamoni,

Keksa otaning ham uzildi joni…

 

* * *

“Zamin yuzin siyoh tumon aylading,

Aytgil, falak, kimni omon aylading,

Firog'iyni, boq, beamon aylading,

Nomusim, iymonim – Ozodim qani?..”

Maxtumquli

(otasiga bag'ishlangan marsiya)

 

Birdan uch ayriliq shoirni ezdi,

Devonaday sahro bag'rida kezdi.

Bu yoqda ukalar hali edi yosh,

Uylanmasdan katta oilaga bosh.

Akalardan qolgan tirnog'u beva,

Tiriklikka qolgan na mol-hol, teva.

Bobosiday to'qim tikar bigizda,

O'tirishu yotish – naq qoq kigizda.

Uch-to'rt ovuldoshga berar dars, saboq,

Maoshiga oshdir oyda bir taboq.

Po'stin, to'qim tikib qaynatar qozon,

G'imir-g'imir faqat subhdan to azon.

Kaftdak dalasida to'kar edi ter,

Yosh jiyanlar yig'lar: “Og'ajon, non ber!”

Qirq hunar oz degan aynan shu o'zi,

Aqli tinmas, tinib ketsa ham ko'zi.

Temirchiga – shogird, zargarga – tolib,

She'r yozganda qo'yar ozgina nolib…

 

* * *

“Ellarining dong'i doston,

Zilol suvu yaylovga kon,

Go'klanglik – go'zal Menglixon

Otlik dildordan ayrildim”.

Maxtumquli

 

Beshikkerti bo'lgan xola qiziga,

Ko'pam zor qilmagan edi iziga.

Yoshligidan bordi-keldi mo'lgina,

Oralari biror soat yo'lgina.

Birda yigit borar, birda kelar qiz:

Ko'nglidagin aytmasidan bilar qiz.

Xivadan necha bor maktub yuborgan,

Chiroyli she'rlarin qo'shib yuborgan.

Javoblar jo'natgan go'zal Menglixon,

Tilidan qo'ymagan masal Menglixon.

Uchrashsalar ko'zlar chaqnar chaqinday,

Ikkisiga go'yo visol yaqinday!

…Ammo qattiq bo'ldi taqdirning qasdi,

Qisqa bo'lib qoldi shoirning dasti.

Xesh xeshga boqmagan bu qanday zamon?

“Kim qayda bo'lsang ham, bo'lsang bas omon…”

Qizning akalari uzatdi boyga,

Bu yerlardan juda uzoq bir joyga.

Shoir she'rlariga to'kdi dodini,

Hargiz o'chirolmas Mengli yodini.

Yurtchilik, yupunlik ko'rsatdi kuchin,

U endi er bo'lar bevalar uchun.

Akasidan qolgan ayolni oldi,

Qo'sh farzandga to'ldi orqayu oldi.

Ammo farzandlari qolmadi yashab,

Qishlog'ini ketdi oxir u tashab.

Echim topmas misol tiriklik chohi,

Botqoqdek qa'riga cho'ktirar gohi.

Tanigin yo'llarni oting borida,

Ellarni tanigin to'ning borida.

 

* * *

“Qismat bo'lmas, ketsam uzoq yo'llarga,

Nasib qo'ymas, ketar yo'lim bog'lar, hey!

Hayron Majnun bo'lib chiqay cho'llarga,

Borib maskan tutay sizni tog'lar, hey!”

Maxtumquli

 

Qo'lida hunari, dilida zori,

Yolg'izning Ollohdir boshpanoh yori,

Yurtma-yurt yurardi shoir darbadar,

Ko'rgan, bilganlari she'rida asar.

Buxoroda tahsil oldi, ishladi,

Shu yerda bir muddat qolib qishladi.

Yana olislarga chorladi bahor,

Yo'l bosdi gohida shundoq och-nahor.

Afg'onda akalar qabrin izladi,

Yana o'zni olis yo'lga xezladi.

Hindlar o'lkasida o'tkazdi yilni,

Keyin Farg'onaga burdi u yo'lni.

Keyin Yassaviy deb Turkiston kezdi,

So'ng esa Xivaning sog'inchin sezdi.

“Sherg'ozi”da yana dars oldi bir yil,

Arg'amchiga quvvat bo'lar emish qil.

Keyin ovuliga burdi u yuzin,

Suv ichdi teshgancha Amuning muzin.

Biror yil qarashib ota makonga,

Qo'shildi yo'l usti o'tgan karvonga.

Ziyorat, tijorat, qisqasi so'zni:

Dunyoni ko'rsin va ko'rsatsin o'zni!

Erondan so'ng o'tdi Ozarbayjonga,

Shoir yetishgandi yuksak bir shonga.

Mashhur edi elda uning she'rlari,

Kutib olar edi turkiy ellari.

Hazar dengizining sohili bo'ylab,

Yurar do'mbirada she'rlarin kuylab.

Ozar oshiqlari bahslashar birga,

Tarjimon kerakmas musiqa, she'rga.

Qoraqumdir magar qarshi qirg'og'i,

G'arbiy sohil yashil Ko'hi Qof tog'i:

Juda ham ko'p ekan daryosi, soyi,

Suv uzilmas sira o'n ikki oyi.

Topsa ovuliga jo'natar mol, pul.

O'zini bu ishda tutardi mas'ul.

Ovuldan xat kutib, ko'zi yo'l poylar:

Har joyda manzili – karvonsaroylar.

O'tirgan – bo'yromish, yurganlar – dayro,

Yo'l unsa, dardlardan bo'lgaysan ayro.

Astraxan, Darband, Ganjani ko'rdi,

Ko'hna Rum elida ancha payt yurdi.

Iroqdan so'ng yetdi bahri ummonga,

Turkmanlar ochishar quchoq mehmonga.

Turkmanlar sochilgan yerning yuziga,

O'ntasi yig'ilsa xondir o'ziga!

Saljuqiy turklarning yaqin ajdodi,

Hamon ardoqdadir Tug'ralning yodi.

Alp Arslon davridir o'zi bir kitob,

“G'arbga!” – deya qilgan eliga xitob!

Keyin hukm surdi Usmoniy turki,

Ostida – tulpori, boshida – bo'rki!

Yarim Ovro'pani ilkida tutgan,

Ne shohlar ularni ta'zimda kutgan.

Shunday qardoshlarga havasi keldi,

Dilda esa firoq nafasi yeldi.

Yana yurti sari burdi yo'lini,

Dilni – Yorga, ishga berib qo'lini!

 

* * *

“Har yigitning aslin bilay desangiz,

Ma'rakada o'tirib-turishin ko'ring.

Birov bilan oshno bo'lay desangiz,

Avval iqrorinda turishin ko'ring”.

Maxtumquli

 

Yurib qancha yot yurtlarda mastona,

Tortdi oxir qadrdon yurt, ostona.

O'zga yurtning bog'i bilan bog'chasi,

O'z yurtingning chumchug'iyu zog'chasi!

Tili ola og'zidagin oldirar,

Birlashmagan aro yo'lda qoldirar.

Shoir qaytgach, ko'ngli lahza chog' bo'ldi,

Xaroblikdan ammo dili dog' bo'ldi.

Beklar tortar yurtni turli tomonga,

Jang onida o'q topilmas kamonga.

Uch tomondan o'rab olgan uch xonlik,

Xorazmu Buxoro va eronlik.

Sahro tushgan turkmanlarning chekiga,

Xalq uyushmas sira beklar kekiga.

Bir-biriga qilich solgan, talagan,

Birlashma, deb yovlar qalov qalagan.

Asl jangchi turkman eli azaldan,

Jang onida tap tortmaydi ajaldan.

“Men bilan bo'l!” – deydi uch yon barobar,

Uch tomonga tortar beklar sarosar.

Turdi Farog'iydek shoir Firog'iy,

Derdi: “Birlashmasak, yenggaydir yog'iy!”

Shoir endi yurar ovulma-ovul:

“Birlashgan xalq erur qudratli dovul!”

Bunyodkor mehnatga aytadi alqov:

“Yurtning katta yovi, avvalo, yalqov!”

Islomiy odobga chorlar ulusni:

Kichik hurmat qilsin doim bo'lisni!

Lafziga sodiqlik er yigitga xos,

Bo'lmasa hammasi bo'lar eski tos.

 

To'lqin EShBEK

 

2024 yil 27 fevral

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 − seven =