Bizning Yayra opamiz

Bolalik va yoshlik xotiralarim sandig'idan o'rin olgan aziz siymolardan biri Yayra Sa'dullayeva yaqinda tabarruk 90 yoshni qarshi oldi. U O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, “Sog'lom avlod uchun” ordeni sohibasi. Yayra opaning o'zbek matbuotida salmoqli o'rni bo'lib, katta tajribaga ega bo'lgan kuyunchak ustozdir.

Yayra Sa'dullayevaning qalamiga mansub “Hayotning bir varag'i”, “Kelinchak”, “Oltin baxtim”, “Ona qalbi”, “Tom boshida tog'ora”, “Katta hovli”, “Nurli va nursiz osmon” kabi kitoblar o'z o'quvchilariga ega. Ushbu kitoblarda o'tgan asr va bugungi davrda yozuvchi bosib o'tgan sermazmun hayot yo'li rang-barang hikoyalar, go'zal xotiralar, nodir kechinmalar, ma'nodor va hikmatli xulosalar sodda va samimiy tarzda bayon qilingan.

Yayra opaning turmush o'rtog'i Abduolim Karimov falsafa fani bo'yicha katta olim edi. Farzandlari ham jurnalistika sohasining fidoyilari, jumladan, hozirgi paytda Yashnar Mo'minova “Fermer” jurnalida, Yulduzxon Karimova O'zbekiston radiosida, Hamza Karimov esa rejissyor sifatida faoliyat yuritmoqda.

Ohirgi marta Yayra Sa'dullayevani yo'qlab Toshkentning Chilonzor mahallasidagi xonadoniga borganimda, ayani odatdagiday mutolaa qilayotgan holda uchratdim. Yayra opa ulug'vor yoshiga qaramasdan, tiniq va ravon nutqi, sog'lom va teran fikr-mulohazalari bilan yuragimga iliqlik olib kirdilar. Ilk so'rovim ham aynan kitobxonlik mavzusidan boshlangandi.

— Men har kuni kitob o'qiyman. Bugun Qurbon Eshmatovning “Qadrdon qayrag'och” kitobini takroran o'qib chiqdim. Endi Isajon Sultonning “Navoiy” asarini o'qimoqchiman. Mumtoz adabiyotni sevaman. Kundalik nashrlarniyam o'qib, axborot dasturlarini muntazam kuzatib boraman. Teledasturlarni, ayniqsa, axborot dasturlarini oila davrasida tahlil qilamiz. Yoshimizdan qat'i nazar, hayot bilan hamnafas bo'lishimiz muhim. Farzandlarim va nevaralarimniyam doim mutolaaga, o'qib-o'rganishga jalb qilaman. Inson kitob o'qisagina, ongi oshadi, tafakkuri boyiydi. Ilm olish, o'qib-izlanish hammaga birday foyda keltiradi. Shunday emasmi? Hozirgi ko'plab qalami o'tkir yozuvchilarimizning milliy va tarixiy asarlarini ko'rib quvonaman, izdoshlarimiz soni ortaversin, — degandi Yayra opa.

Kitob o'qimay qo'ygan zamondoshlarimiz, ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan sho'ng'igan yoshlarimiz, telefonga butun vujudi bilan yopishib qolgan bolajonlar haqida, bu yomon odatlarning yaxshi-yomon jihatlari borasida kuyunib gapirdilar.

— Kichik nevaram Imonaning kitobsevarligi salomlashish odobidan, hozirjavobligidan ham sezilib qoladi. Uning yangi kitobga tashnaligini ko'rib quvonaman. O'zi har bir bolaning kitobsevar bo'lishiga oiladagi muhit sabab bo'ladi. Ota-onaning o'zlari kitob o'qimasa, bolada ham qiziqish uyg'onmaydi-da. Mana, mening shaxsiy kutubxonam boyisa boyidi, ozaymadi. Adabiy-badiiy nashrlarni ham sonma-son erinmay o'qib boraman. Mualliflarning ijodiga xolis munosabatimni ko'pincha qo'ng'iroq orqali bo'lsa-da bildiraman, — dedilar Yayra opa kulimsirab.

Chorak asr bolalarning sevimli nashri “G'uncha” jurnaliga bosh muharrirlik qilgan Yayra Sa'dullayeva jurnalning o'sha davrdagi nusxasi 840 mingdan oshib ketganligini aytganida, beixtiyor bugungi obuna jarayoni, ahvol ko'z oldimga keldi. To'g'ri, nashrlarning deyarli barchasi elektron shaklda, istalgan tilda o'qirmanlarga yetib bormoqda. Audio­­­­­­­asarlar va ma'ruzalar, audioertaklaru turfa kanallardagi bolajonlar aqliy rivoji uchun faoliyat yuritayotgan ijtimoiy tarmoqlar hamda bolalarga mo'ljallangan kanallarning adog'i yo'q. Turli tillarda kerakli ma'lumotlarni topish mumkin. Lekin baribir shuncha qulaylikni bir joyga jamlaganda, kitob mutolaasiga yetmaydi. Bola kitobni o'zi o'qishi, o'qib turib uqishi kerak-da. Mutolaa zavqi baribir boshqacha bo'ladi.

Esimda, bolalikda “G'uncha” jurnaliga yoppasiga obuna bo'lar va haftaning so'nggi kunlari maktabimizda badiiy o'qishni yo'lga qo'yardik. O'qigan ertak va hikoyalarimizni birma-bir muallimga aytib baho olardik. Bugungi o'rta va keksa avlodga mansub yozuvchi va shoirlarning ham ilk ijodiy mashqlari ana shu jurnalda chop etilgan. Kitobxonlik va vaqtli matbuotga tashnalik har bir xonadonni zabt etgandi. Kutubxona va kutubxonachilar hamisha gavjum va mashg'ul bo'lishgan. Hozir ham maktablarda kitobxonlik targ'iboti kuchaygan, ammo oilalarda ancha passiv. Yayra opa shu yoshda ham kitobxon. Istasa, jimgina televizor ko'rib o'tirsalar ham bo'lardi, ammo o'rgangan ko'ngil: mutolaadan ajib lazzat topadi.

Opa 62 yoshigacha bolalarning sevimli nashri “G'uncha” jurnaliga muharrirlik qilib, zimmasidagi vazifani hamisha sidqidildan ado etishga urindi. Ishdan bo'shatishlari uchun o'z ixtiyori bilan ariza yozib kirganida, mas'ul rahbarlar, biror kishi xafa qildimi, deya shoshib qolishgan ekan. Yayra opa badiiy ijod bilan shug'ullanmoqchi ekanliklarini aytadi va bir qator badiiy asarlarini yozib, kitob holida chop ettiradi.

Yayra Sa'dullayeva ustozlari Mirzakalon Ismoiliy, Muzayyana Alaviya, To'xtasin Jalolov, Mahmud Murodovlar nomini hurmat bilan eslaydi. Ular bilan yonma-yon ishlagan, hayot va ijod falsafasini o'rgangan. Mustabid tuzumda ustozlari ruhiy azoblar girdobidan o'zlarini mag'rur olib chiqa olganlariga ich-ichidan tahsinlar aytadi.

— Tahririyatimizga el ardog'idagi shoira Zulfiyaxonim, Shuhrat domla, To'xtasin Jalolov, Po'lat Mo'minlar tez-tez kelib turishardi, — deya xotirlaydi opa. — Zulfiya opaning kamtarligi bizga hamisha ibrat bo'lgan. Ijodiy uchrashuvlarga “Ona qaerda bo'lsa, bola ham o'sha yerda” degancha bizlarni yetaklab borardi. Judayam sodda kiyinardilar, muloyim tabassumi sira yodimdan chiqmaydi. Muzayyana Alaviya ham xuddi shunday sodda, kamtarin edi. Zotan, insonning siyratini ham, suvratini ham kamtarlik va tabiiylik bezaydi. Ustozlik maqomiga yetgan inson har jihatdan shogirdlariga ibrat bo'lishi kerak. Shoir Po'lat Mo'min bir kuni to'satdan xonamga kirib kelganlarida, to'rdagi kursimdan irg'ib turganman. Ustozning yonida to'rda o'tirishga iymanardik. U kishini joyimga o'tirishga taklif qilsam, ko'nmagan. Shu-shu bo'ldi-yu, to'rdagi kursimga o'sha vaqtlardagi mashhur Olimpiada ramzi bo'lgan ayiqchani qo'yib qo'yadigan bo'ldim…

Yayra opa ham tabiatan kamtar, mulohazali ekanliklaridan biz talabalikda uylariga tez-tez borib turar, muammolarimizni tortinmay aytardik. To'ng'ich qizi Yashnar bilan bir kursda o'qirdim.

— Oyim va dadamning biror marta o'zaro tortishganini eslolmayman, — dedi Yashnar. — Ammo bir marta arazlashib qolishganini gaplashmay qo'yganlaridan sezib qolganman. Bu araz ham atigi bir kungina davom etgan. Ota-onam biror marta bo'lsin, bizga baqirib gapirishmagan. Xato qilsak, bosiqlik bilan tushuntirishgan. Hammamiz katta hayotga qadam qo'yganimizda duch kelganimiz shafqatsizliklar oldida esankirab qolganimiz rost. Demak, hayotda ana shunday shafqatsizliklar ham bo'larkan-da, deganmiz. Doim osoyishtalik hukmron bo'lgan xonadonimizda hurmatsizlik ko'rmay ulg'aydik axir. Uyimizdan mehmonlar arimasdi. Ko'proq taniqli kishilar, san'atkorlar kelishardi, biz ularning diltortar suhbatlarini tinglab ulg'aydik va o'zimizga yetarlicha hayot saboqlarini oldik. Dadamizning vafoti oyimizni qattiq qayg'uga soldi. Yaqinlarini yo'qotish azobini yengish uchun ijodga yanayam qattiqroq sho'ng'igan oyim og'ir musibatni qalami kuchi bilan yengib o'tdi…

Biz Yashnar bilan talabalik yillarimizni tez-tez yodga olamiz. Yayra opa hammamizning kuyunchak onamiz edilar, har birimizni so'rab, yo'qlab turar, dam-badam mehmonga chaqirardi. 1990 yili. Bitiruv yilimiz kursdoshlar bilan Yayra opaning xonadonida mehmondamiz. O'shanda Yayra opa o'z qo'llari bilan biz uchun somsa, Abduolim domla palov pishirganlar. Hazil-huzul avjida edi. Xonadonning kichik qizi Yulduzoy pianinoda “Otmagay tong”ni chaldi. Hammamiz jo'rovoz bo'ldik. So'ng “Maysaraning ishi”dagi “Vasiqasi bor endi…”ni boshladik. Mehribon, Tuyg'unoy, Gulchehra, Muhammadnozim, Bahodir akalar qiyqirib-qiyqirib xirgoyi qilamiz. Navbat Minhojiddin akaga yetdi. “…Bog'chalarda qizil gullar terganda men, dedim sen-sen…”

Mo''jazgina mehmonxonani Minhojiddin akaning jarangli, ayni paytda mungli ovozi tutdi… Biz, ichimizda ilhom qaynagan bir guruh bo'lajak jurnalistlar ajib xayolga g'arq bo'ldik. Minhojiddin aka ora-chora ovozini sozlab, yo'talib, dard bilan kuylardi. Yayra opa bilan Abduolim domla ham eshik yoniga kelib o'yga tolgan edilar… Ular bizning ma'naviy otamiz va onamiz edilar. Oradan yillar o'tib, turmush tashvishlariga andarmon bo'lib, ularni avvalgidek yo'qlay olmasak-da, yuzidan samimiyat balqib turadigan mehribon Yayra opaning bizga bergan e'tiborlarini sira unutmadik.

Yayra Sa'dullayeva xalqimizga yaxshi tanish san'atkorlar Sa'dullayev va Sa'diyevlar uchun dono maslahatgo'y, mehribon opa bo'ldilar doim. Oilani har narsadan muqaddas bilgan yozuvchining “Katta hovli” kitobida ham oilaning muqaddasligi, qavmu qarindoshlarning mehru oqibati, farzandlar ehtiromi haqida so'z boradi. Ushbu kitobda san'atkorlar oilasidan yetishib chiqqan iste'dodli insonlarning havasdan to kamolotgacha bo'lgan davrlari, muvaffaqiyatlari haqida miriqib o'qiysiz. Yayra opaning ukasi G'ayrat Ubaydullayev vafot etguniga qadar O'zbekiston teleradiosida rejissyorlik qilgan, judayam halol, pokiza qalbli inson bo'lgan. Shu bois respublika miqyosida o'tkaziladigan asosiy tadbirlarda rejissyorlik qilishni, asosan, unga yuklashgan. G'ayrat akaning mehnatkashligi, kamtarligi Yayra opaning o'g'li Hamzada mujassam.

Yayra Sa'dullayeva g'ayrati ichiga sig'magan yoshlik chog'larida, “Yosh leninchi” (hozirgi “Tong yulduzi”) gazetasida ishlab yurgan kezlarida ko'ngilli bo'lib Mirzacho'lni o'zlashtirishga borgan. Ayaning hikoya qilishicha, mahkumlar brigadasida ham brigadir bo'lib ishlaganlar. U sinchalak kabi o'z ishiga puxta, qat'iyatli edi. Ishning og'ir-engilini tanlamasdi. Tez orada atrofidagilarning hurmatini qozondi, mahkumlar bilan birga mehnat qilishdan aslo cho'chimadi, charchamadi, qalbida yoshlik olovi alangalandi. U yerdan qaytgach, “Gulxan” jurnaliga bosh muharrir etib tayinlandi. Kengliklardan, bardoshli qishloq ahli yonidan kelgan Yayra opa uchun bu dargoh torlik qilardi go'yo. Tahririyatga takror ishga qaytganida Mirzacho'lda orttirgan hayotiy tajribalari qo'l keldi. Mehnat insonni har tomonlama toblashiga amin bo'ldi. Mirzacho'ldagi taassurotlari jamlangan “Hayotning bir varag'i” kitobini hamon qo'liga olguncha shirin xotiralar girdobiga g'arq bo'lishini entikib so'zlaydi. Shaharga qaytganida unga o'sha vaqtda ishlangan “Sinchalak” filmida bosh rolni o'ynashni taklif qilishgan. Hatto probadan ham o'tgan, ammo opaning o'zi kinoda o'ynashni istamagan ekan. Taqdir esa uni matbuotga, badiiy ijodga bog'ladi…

Abduolim aka Karimov Moskvada, keyinchalik Ukrainada ham tahsil olib, falsafa fani bo'yicha olim bo'lib qaytganlar va uzoq yillar Toshkent Madaniyat institutida talabalarga falsafa fanidan saboq bergan. Yayra opa bilan uch nafar farzandni tarbiyalab, elga qo'shdi. Bir-birlarini boqishlaridan anglagan bu aziz siymolarning bosib o'tgan hayot yo'llari va mehnatlari barchaga ibrat bo'lgulik.

— Mening chorak asrlik bolalar jurnalidagi faoliyatim va yutuqlarim ortida turmush o'rtog'imning daldasi turardi, — deya e'tirof etadi Yayra opa. — Unga orqa qilib xotirjam ishlabman, qator ijodiy yutuqlarga erishibman. “Rahnamolar” yo'qolayotgan paytda bolalar jurnali ham havoda muallaq qolayotganday edi. “Farzandini sevgan yurt matbuotini qarovsiz qoldirmas”, degandi turmush o'rtog'im o'shanda. Aytganidek bo'ldi ham. “G'uncha” jurnali istiqlol yillarida ham o'z mavqeini yo'qotmadi. Hozir ham juda kam nusxada bo'lsa-da, bolajonlar qalbini zabt etib kelmoqda…

To'qson yosh… Ne-ne tarixni ortda qoldirib borayotgan qariyb bir asrga teng umr. Ha, hech mubolag'asiz Yayra Sa'dullayeva milliy matbuotimizda va adabiyotimizda o'z o'rniga, mavqeiga ega bo'lgan zabardast ustunlardan biri sifatida ham bizga yaxshilik va samimiyatdan saboq berib kelaveradi. Yozuvchi o'zi yozgan “Katta hovlining kayvonisi”gina emas, millionlab qalblarning aziz mehmoni, mehribon onasi hamdir.

Nigora ShOFAYZIYEVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − eleven =