Ilm daryosining miroblari

O'zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva bilan suhbat

“…Asrlar mobaynida insoniyat fikratining “aql mash'ali” bo'lib xizmat qilib kelayotgan, dunyo mamlakatlarining yuragi kabi o'zida noyob kitoblar, axborot va bilimlar zaxirasini asrab va saqlab kelishga xizmat qilayotgan kutubxonalar insonni ohanrabo kabi o'ziga abadiy chorlovchi tabarruk ziyo maskanidir…”

Ko'ngillarning sururi ilmdandir,

Ko'rar ko'zlarning nuri ilmdandir, —

degandi ulug'larimiz. Demak, bugungi suhbatimiz yana ilm xazinasining maxzani bo'lgan ziyo maskanlari, jumladan, o'zining 155 yillik tarixi mobaynida noyob adabiy-ilmiy durdonalar zaxirasini ko'z qorachig'idek asrayotgan, zamonaviy axborot olamida ham yetakchilik qilib, o'z o'rniga ega bo'lgan mamlakatimizdagi eng yirik ma'rifat maskani — Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi haqidadir. Suhbatdoshimiz ushbu dargoh rahbari U.Teshaboyeva.

 

— Umidaxon, avvalgi suhbatimizdan farqli o'laroq, keyingi yillarda ushbu tizimda qanday yangiliklar amalga oshirildi?

 

— Mamlakatimiz rahbarining kitob, kitobxonlik madaniyatini yaxshilash to'g'risidagi mamlakat miqyosida olib borayotgan siyosatining o'q tomiri kutubxonalar bilan tutashadi. Zero, bolaligidan kitob mutolaasiga mehr qo'yib dunyoni tanigan qalb ulg'aygach, ona Vatanining, elining suyanch tog'i bo'ladi. Fikratining shu'lasi yulduzlarni “tilga” kirgizadi. Millat osmonidagi xurshidi anvar bo'lib, nur sochadi. Ixtirolari, iste'dodi bilan bani bashariyatni hayratga soladi. Kelajak ufqlariga tashlangan oltin ko'prikning me'moriga aylanadi. Prezidentimizning “O'zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko'rsatishni yanada takomillashtirish to'g'risida”gi Qarori milliy kutubxonalar faoliyati rivojida katta burilish yasadi: mamlakat miqyosida yuridik maqomga ega, mustaqil davlat muassasasi bo'lgan 186 ta tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlari tashkil etildi.

Kutubxonachilik sohasi jamiyatning ma'naviy va madaniy taraqqiyotida muhim o'rin tutadi. Ayniqsa, hozirgi globallashuv davrida kutubxonalar bilim va axborot tarqatishda markaziy rol o'ynaydi. Ular turli yozuv manbalari, kitoblar, jurnallar, elektron resurslar va ma'lumot bazalari orqali jamiyat a'zolariga bilim yetkazadi, tarixiy hujjatlar, qo'lyozmalar va milliy madaniy merosni saqlash orqali kelajak avlod uchun muhim manbalarni himoya qiladi. Zamonaviy kutubxonalar elektron kataloglar, raqamli arxivlar va internet orqali masofaviy axborot xizmati ko'rsatish imkoniyatiga ega, qolaversa, kutubxonachilik insonlarning tafakkurini boyitib, ijtimoiy rivojlanishga ko'maklashadi. Bepul va keng qamrovli axborotga ega bo'lish imkoniyati hamma uchun teng ta'lim olish sharoitini yaratadi. Oxirgi o'n yillikda esa kutubxonalar faqatgina kitob o'qish joyi emas, balki madaniy tadbirlar, mualliflar bilan uchrashuvlar, kitobxonlik klublari va boshqa ma'rifiy faoliyatlar markazi sifatida ham faoliyatni kengaytirdi. Shuningdek, kutubxonalar internet (rasmiy veb-sayt, ijtimoiy tarmoqlar) orqali ham o'z xizmatlarini faol amalga oshirmoqda.

“Axborot-kutubxona faoliyati to'g'risida”gi Qonunning 10-moddasida Milliy kutubxona kutubxonashunoslik, bibliografiyashunoslik va kitobshunoslik sohasida ilmiy-tadqiqot hamda ilmiy-uslubiy faoliyatni amalga oshirishi va muvofiqlashtirishi belgilab qo'yilgan. Kutubxona mutaxassislari tomonidan respublikamizdagi turli vazirlik va idoralar tasarrufidagi kutubxonalar faoliyati axborot-kutubxona sohasining turli yo'nalishlari bo'yicha o'rganish, malaka oshirish, monitoring qilish kabilarni doimiy olib boradi.

 

— Sohada mehnat qilishning o'ziga yarasha mas'uliyati bor, shunday emasmi?

 

— Albatta. Milliy kutubxona tizimidagi kutubxonachilar bilan ko'p uchrashaman, suhbatlashaman. Biroq maktab kutubxonachilari bilan uchrashuvlar o'tgazmagandik. Ikki oyda yurtimizning 9 ta viloyati hamda Qoraqalpog'istonda maktab kutubxonachilari bilan muloqot qildim. Biz bu amaliyotni uzluksiz davom ettirish niyatidamiz. Chunki respublikamizda eng katta kutubxonachilar armiyasi aynan maktab kutubxonachilari hisoblanadi. Kutubxonalar faoliyati, kutubxonachining nufuzi, o'quvchi-kitobxonni kitob va mutolaaga mehr qo'yish, bilimli, komil inson tarbiyasidagi o'rni, raqamli dunyoda, sun'iy idrokning hayotimizga kirib kelishi… Tasavvur qiling, go'dak tasavvurga bularni joylash, sig'dirish uchun kutubxonachining o'zi qanday bo'lishi kerak, tafakkurining sig'imi-chi? Yashirmayman, maktab kutubxonachilari hali eshiklarimizni qoqib turgan “mehmonlar”ni (mamlakat taraqqiyotidagi yangiliklar, o'zgarishlar) qabul qilib, ularni mehmon emas, balki taraqqiyot jarayonlarining faol a'zolari ekanliklarini tan olishga tayyorgarliklari yetarli emas. O'qish, bilim, ta'lim — kutubxonachining kelajakdagi o'rnini belgilaydi.

Maktab kutubxonalarida darsliklar zaxirasidan tashqari nashrlar (badiiy, ilmiy-ommabop, ijtimoiy-siyosiy, ma'lumotnoma nashrlar va boshqalar) ham bo'lishi kerak, shart. To'g'ri, hozirda kutubxonalar zaxiralarini to'ldirish ancha faollashdi, biroq bu kutubxonachilik standartlari, me'yorlari talabi darajasida emas. Bugun maktablar texnik va texnologik tomondan ta'minlangan, internet tarmog'idan foydalanish imkoniyati yaratilgan va bu masofadan xizmat ko'rsatish, o'quvchi-kitobxon so'rovini bajarishi mumkin.

Kutubxonachilarga Milliy kutubxonaning ma'lumotlar bazalari haqida va undan foydalanish, sohadagi yangiliklar, maktab kutubxonasining o'rni, kutubxonachining bilimi va kitobxonni voyaga yetkazish, uyg'otish, tarbiyalash, kitobxonlikni yanada targ'ib qilishda yangicha yondashuvlar, qarashlar orqali faoliyatni olib borish haqida muloqot qildik. Yashirmayman, kutubxonachilar (hammasi ham emas) ham harakatda.

Shuningdek, Samarqanddagi uchrashuvda maktab kutubxonachisi faoliyatidagi yuklamalari, muammolari, ziddiyatli vaziyatlar, takliflarini tinglab, shunday xulosaga keldim: kutubxonachilarni eshitish kerak, barcha darajadagi rahbarlar kutubxonaning ehtiyoji bilan doimiy tanishib, xabardor bo'lishi zarur. O'z navbatida kutubxonachi ham talabini asosli, o'zi tushunib, tahlillar bilan so'rasa, albatta, natijalar bo'ladi. Biz barchamiz bir maqsad sari yo'ldamiz, harakatlarimiz natijasi esa har birimizning bilim darajamiz bilan o'lchanadi.

Dunyoda kutubxonachi kasbi zamonaviy axborot texnologiyalari va jamiyat ehtiyojlari ta'sirida faol transformatsiya jarayonlarini boshdan kechirmoqda. Raqamlashtirish va axborot texnologiyalarini joriy etish, kutubxona xizmatlarining onlayn platformalarga o'tishi, kutubxonachi faqat kitob taqdim qiluvchi shaxs emas, balki axborotni saralash, tanlash va tahlil qilishda maslahatchiga aylangani, axborot savodxonligi (“media literacy”) va kiberxavfsizlik bo'yicha o'quv kurslarini tashkil etish ham kutubxonachilarning yangi yo'nalishiga aylanayotganida ko'rish mumkin.

Aholining axborotga bo'lgan ehtiyojini qondirish, kitobxonlikni targ'ib qilish, mutolaaning har bir xonadonga kirib borishida ushbu kutubxonalarning o'rni beqiyos. 2025 yildagi ilk xizmat safarlarimdan biri Nukus tumani axborot-kutubxona markaziga bo'ldi. 2020 yili kutubxona kollej binosida faoliyat ko'rsatardi. O'sha paytda binoni abgor ahvolda ko'rib, “kutubxona bekorga tashkil qilingan ekan, nahot XXI asr kutubxonasi shu ko'rinishga ega bo'lsa”, — degan iztirobli fikr bilan chiqib ketgan edim. Kecha kutubxona bilan qayta tanishib, kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko'rib, yangi nashrlar va gazeta-jurnallar kitobxonlar tomonidan mutolaa qilinayotgani, issiq va yorug' o'quv zalidagi gavjum kitobxonlar kech bo'lishiga, ko'chada yomg'ir, sovuq bo'lishiga qaramay, ketishga oshiqmay turganliklarini ko'rib shunga amin bo'ldimki, KUTUBXONALAR endi “ko'kragini to'ldirib nafas olmoqda”.

Ochiq byudjet imkoniyatlaridan foydalanish, ayniqsa, Qoraqalpog'istonda juda yaxshi amalga oshirilmoqda. Nukus tumani kutubxonasi ham 1 milliard 400 million mablag'ni qo'lga kiritib, u kutubxona faoliyatini yaxshilash uchun yo'naltirildi. O'z kasbining fidoyi kutubxonachilari esa ko'zimni quvontirdi.

Milliy kutubxona tizimidagi ikki yuzta axborot-kutubxona markazlarining o'tgan yilgi faoliyati sarhisob qilinganda, kutubxonalarda kitob xaridi uchun mablag'lar ajratilishi oshgan. Ko'kdala, Qorovulbozor, Marhamat tuman axborot-kutubxona markazlari uchun binolar qurilib, foydalanishga topshirildi. Farg'ona viloyat axborot-kutubxona markazi to'liq qayta ta'mirlandi. Navoiy viloyat axborot-kutubxona markazi uchun yangi bino qurilishi boshlandi. Milliy kutubxonaga yil davomida 35 mingdan ziyod kitobxon a'zo bo'ldi. Joriy yilning yanvar oyidan Prezident qarori bilan axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari oylik maoshlari oshirildi. Kutubxona mutaxassislari Dubay, Qozog'iston, Rossiya, Belarus, Armaniston, Turkiya, Ozarbayjon, AQSh, Fransiya davlatlarida xizmat safarlarida bo'lib, konferensiya, seminar, o'quv-kurslari, ko'rgazma, kongress ishtirokchilari sifatida qatnashdilar.

 

— Yanglishmasam, o'tgan yili siz respublikamizning deyarli hamma viloyatlarida xizmat safarida bo'ldingiz. Viloyatlarda aholi o'rtasida kitobxonlik darajasi oshganligi qanday holatlarda ko'proq ko'zga tashlanmoqda?

 

— Surxondaryo viloyatiga bo'lgan xizmat safarimiz Jarqo'rg'on tumani axborot-kutubxona markazi orqali o'tdi. Markaz binosi e'tibortalab bo'lishiga qaramay, kitobxonlari ko'pligini ko'rib, hayratga tushdik, quvondik. Vaholanki, soat kechki besh bo'lishiga qaramay, bolajonlar kitob o'qib o'tirishardi! O'qishyapti, ko'rgazmali chiqish emas! “Xona issiq, biroq yorug'lik talab darajasida emas, shu bois yoshi ulug' kitobxonlarimiz kunlar uzaysa qaytamiz, deb kitoblarni uyga olib ketib o'qishyapti”, — dedi kutubxona rahbari. Kutubxonaga jon beradigan, hayot ato etadigan o'zi — kitobxon va kutubxonachining mehnatidir.

Qashqadaryoning Kasbi tumanida bo'lganimda esa yosh, shijoati, bilimi, dunyoqarashi va vatanparvarligi bilan o'nta yigitga tatigulik Temurbek Poyonov bilan tanishdim. Temurbek butun umrini ilmga, ziyo tarqatishga baxshida qilgan, o'zbek xalqining faxri hisoblangan adabiyotshunos olim Poyon Ravshanovning nabiralari ekan. Uch soat davom etgan suhbatimiz mobaynida men Temurbek timsolida Yangi O'zbekiston nafaslarida, epkinlarida gurkirab turgan kelajak avlod qalbining yolqinlarini ko'rdim. Bobosi Poyon Ravshanov tashkil qilgan uy kutubxonasi haqida yuragi to'lib, jo'shib gapirganida, ko'hna tarixning qutlug' nafaslarini sezdim. Yurtdoshimiz Sherbek Yorboboyevning esa ikki yil avval o'z kutubxonasini shakllantira boshlaganini, bobosi kitob mutolaasiga oshno qilganlarini, har oylik maoshidan 200-300 ming ajratib kitob xarid qilishini, kitoblari uchun maxsus muhr ham tayyorlatganini, ularni asrab-avaylashini, baholi qudrat ziyo ulashishdek umummilliy savob ishga hissasi qo'shilayotganidan xursandligini aytganida, oqqan daryo yana oqaverishini, ulug' ajdodlarimiz ilmi yana o'zimizga qaytayotganidan qalbim faxrga to'ldi. Maktab o'quvchilarining kitobni o'qishga bo'lgan ehtiyoji ularning burro-burro javoblarida, kitobni tanlab o'qishida, xorijiy tillarni o'rganib, dunyo adabiyotini asliyatda o'qishlarida namoyon bo'lmoqda.

 

— “Yurgan — daryo”, deganlaridek, siz yaqinda xorij safaridan qaytdingiz. Taassurotlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz…

 

— Bajonidil. Men Dubayning eng mashhur va “vizit kartasi” hisoblangan Burj Xalifa osmono'par binosi, dunyodagi eng baland va shu bilan birga muhandislik san'ati qarshisida turib, “Kelajak muzeyi”da bo'lib, KUTUBXONAChI degan kasbim borligidan minnatdor bo'ldim. Sun'iy idrok bo'lsa bo'laversin, yashayversin, chunki uni ham Inson yaratgan! Burj Xalifaning balandligi 823 metr bo'lib, 2010 yili ochilgan. Butun dunyodan sayyohlar ushbu arxitektura mo''jizasini ko'rish uchun keladi. Binoda ikkita ko'rish uchun maydon bo'lib, 148-qavatda va 555 metr balandlikda joylashgan. Yurak yutib, ko'rish maydonchasiga chiqaman deb bordim-u, ko'z oldimdan onam, bolalarim, Gulgunam, kutubxonam o'ta boshladi va keyingi safarga qoldirdim, qushlar parvoziga xalaqit bergim kelmadi! “Kelajak muzeyi” haqida aytish mumkinki, dunyodagi eng zamonaviy va mashhur ushbu joy sizni insoniyat taraqqiyotining ulkan istiqbollari bilan tanishtirish uchun yaratilgan. Muzey dunyoni yaxshi tomonga o'zgartira oladigan eng yangi texnologiyalar va ixtirolarni, insoniyatning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan zamonaviy tadqiqotlar va innovatsiyalarni dunyoga taqdim etish maqsadida tashkil etilgan. Bir necha darajalarda joylashgan, bir nechta mavzuli maydonlarga bo'lingan muzey sizga 2072 yilga sayohat qilish imkonini beradi.

Barchani o'ziga jalb qiladigani esa — muzey binosi! Shisha binoning butun yuzasi arab xattotligi yordamida o'ymakorlik bilan bezatilgan. Unda Dubay hukmdori Muhammad bin Rashid Al-Maktum she'rlaridan parchalar keltirilgan bo'lib, shulardan birida: “Biz yuz yillab yashamasligimiz mumkin, biroq ijodimiz mahsullari bizdan keyin ham uzoq vaqt davomida meros bo'lishi aniq”, — deb iqtibos keltirilgan.

Muhammad bin Rashid kutubxonasi esa mamlakatning bebaho madaniy boyligidir.

Lavh ustida ochiq kitob ko'rinishidagi ushbu bino hayratomuz qurilgan. Kutubxona 2022 yil ishga tushgan, 6 yil qurilish ishlari davom etgan, 1 milliard dirham (taxminan 273 mln dollar) mablag' sarflangan, 1,1 milliondan ziyod bosma va raqamli arab hamda xorijiy nashrlar bilan kitobxonga xizmat qiladi. Shuningdek, 35 mingta gazeta, 73 ming musiqa partituralari, 75 ming videokontent, 5 ming tarixiy bosma va raqamli jurnallar, 6 million dissertatsiyalar reprinti fondni tashkil qiladi. Birinchi qavatda joylashgan Bolalar bo'limi meni hayratga solgan birinchi bekat bo'ldi. Bo'limda boshqa kutubxonalar kabi bolajonlar uchun mo'ljallangan maxsus mebellar, bolalar nashrlari, jurnallar, audionashrlar, aqlni rivojlantirish uchun turli o'yinlar, kompyuterlar bilan ta'minlangan.

Yana biri esa kichkina robot bolakay, ya'ni inson ko'rinishidagi robotning kitobxonlarga xizmat ko'rsatishi. Robot sun'iy idrok yordamida bolalar bilan muloqot qila oladi. Autizm kasalligi bilan bemor bo'lgan shaxslar, harakatida nuqsoni bor, ko'zi ojiz insonlar uchun ham maxsus maydonlar (zona) ajratilgan. Kitobxonlar yakka va guruhli tartibda ishlashlari uchun 10 ga yaqin auditoriyalar mavjud. Texnika vositalari bilan to'liq ta'minlangan. Umuman olganda, har bir bo'lim arab millatining mashhur insonlari iqtiboslari bilan boshlanadi. Muzeyda zamonaviy texnologiyalardan ham keng foydalanilgan, sun'iy idrok, interfaol panellar, kiosklar. Biroq eksponatlarning 90 foizi kitob, jurnal, gazeta, foto va arxiv hujjatlarining faksimil va asl nusxalaridan tashkil topgan bo'lib, 1884 yildan hozirgi kunga qadar ilm-ma'rifat bilan yo'g'rilgan boy tarix sahifalariga matbuot nashrlari orqali sayohat qilish imkonini beradi.

 

— 2024 yil 3 aprel kuni Yangi Toshkent shahridagi ilk qurilishi rejalashtirilgan inshootlar taqdimotiga bag'ishlangan tadbirda Prezidentimiz Milliy kutubxona yangi binosining qurilishi, bu kabi loyihalar qurilishi ilm va ta'lim maskanlaridan boshlanayotgani bejizga emasligini, bular ma'rifatli jamiyat barpo etishda g'oyamizning asosi va namunasi bo'ladi, deb ta'kidlagan edi…

 

— Yangi Toshkent shahri qurilishida birinchilar qatorida Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi binosining qurilishi mamlakat miqyosidagi ulkan voqeadir. Kutubxona loyihaga ko'ra to'rt qavatdan iborat bo'lib, milliy dizaynga ega bo'ladi. Jami 30 ming kvadrat metr maydonga ega ushbu muhtasham binoda bir paytning o'zida 1,5 mingdan ziyod kitobxonni qabul qilish sig'imiga ega bo'lib, ularning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, shuningdek, zamonaviy kutubxonachilik sohasida qo'llanilayotgan eng yangi texnologik park, transformatsion o'quv zallari, kovorking markazlari, 300 o'rinli kafeteriylarda xizmat ko'rsatish yo'lga qo'yiladi. Yangi binoda kutubxona fondida adabiyotlarni munosib saqlash, xatlovdan o'tkazish, xavfsizligini ta'minlash, sterilizatsiya qilish, restavratsiya va konservatsiya jarayonlarini amalga oshirishga mo'ljallangan maxsus asbob-uskunalar o'rnatiladi.

Davlatimiz rahbari o'tgan yil oxirida Yangi Toshkent shahri loyihasi qurilishini ko'zdan kechirish davomida Milliy kutubxona uchun qurilayotgan yangi binoni borib ko'rdilar. “Men avval aytganimdek, bizning ikki o'q tomirimiz, ikki tayanch ustunimiz bor: biri iqtisodiyot bo'lsa, biri ma'naviyatdir. Ma'naviy buyuk xalq — iqtisodiy tomondan ham buyuk bo'ladi. Shuning uchun yangi shahrimiz qurilishini ma'rifat maskanlaridan boshlayapmiz. Bular yuz yilga tatigulik ma'naviyat, ma'rifat, ilm o'chog'i bo'lishi kerak”, — dedi Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev. Bunday e'tirof, mehrdan xursand bo'lmay bo'ladimi?

2025 yil 11-12 fevral kunlari bino qurilishi loyihasi bo'yicha turkiyalik hamkorlar bilan uchrashdik. Qurilish maydoniga tashrif buyurgan hamkorlarimiz tomonidan qurilish jarayonlari jadal ketayotgani e'tirof etildi. Shu bilan birga, kutubxona faoliyatini to'liq avtomatlashtirish, “aqlli kutubxona” konsepsiyasi ustida fikrlashib oldik.

Asrlar mobaynida insoniyat fikratining “aql mash'ali” bo'lib xizmat qilib kelayotgan, dunyo mamlakatlarining yuragi kabi o'zida noyob kitoblar, axborot va bilimlar zaxirasini asrab va saqlab kelishga xizmat qilayotgan kutubxonalar insonni ohanrabo kabi o'ziga abadiy chorlovchi tabarruk ziyo maskanidir. Bani bashariyat unga o'zida hamisha muhtojlik sezadi va undan ayro tushmaydi. Yangi O'zbekistonimizda qurilayotgan yangi Milliy kutubxona binosi esa tashkil bo'lganiga 155 yil to'layotgan Milliy kutubxona tarixi sahifalaridagi yangi zarvaraqdir.

— Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur!

Suhbatdosh: Sharifa SALIMOVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 2 =