Milliy va xalqaro akkreditatsiya – majburiyat emas, ammo…
Kuni kecha Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti hamda Termiz davlat universiteti hamkorligida videokonferensiya shaklida o'tkazilgan kengaytirilgan yig'ilish oliy ta'lim muassasalarini milliy va xalqaro akkreditatsiya jarayonlariga tayyorlash, ta'lim sifatini oshirish hamda zamonaviy talablar asosida faoliyat yuritish masalalariga bag'ishlandi.
Unda oliy ta'lim muassasalari oldida turgan ustuvor vazifalar, sohadagi yangi qonunchilik hujjatlarining ijrosi, ta'lim natijasiga yo'naltirilgan yondashuvni joriy etish, shuningdek, xalqaro standartlarga moslashish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Milliy va xalqaro akkreditatsiyaga tayyorgarlik masalalariga bag'ishlangan ma'ruzalarda akkreditatsiya jarayonlariga rasmiy tekshiruv sifatida emas, balki universitetlarning ichki rivojlanishini ta'minlovchi samarali mexanizm sifatida yondashish zarurligi ta'kidlandi.
— Akkreditatsiya — bu nazorat emas, balki taraqqiyot vositasi, universitetning o'z-o'zini xolis baholashi va kelajak rivoji uchun yo'l xaritasidir, — deya qayd etdi Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori Rasul To'rayev o'z ma'ruzasida.
Yig'ilishda, shuningdek, akkreditatsiya jarayonlariga tayyorgarlikda kafedralar, professor-o'qituvchilar va ta'lim sifatini nazorat qiluvchi tuzilmalarning o'zaro hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga egaligi alohida ta'kidlandi. Ta'lim dasturlarini qayta ko'rib chiqish, sillabuslarni yangilash, baholash tizimini shaffof qilish hamda akademik halollikni ta'minlash umumiy vazifa ekani qayd etildi.
Yig'ilish doirasida Janubiy Koreyaning Sejong universiteti professori O.Jo'rayev tomonidan oliy ta'limda sun'iy intellekt va zamonaviy yondashuvlar mavzusida ma'ruza taqdim etildi. Unda ta'lim jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish, talabalar bilim va kompetensiyalarini aniq natijalar asosida baholash, shuningdek, xalqaro akkreditatsiya talablariga mos ta'lim modellari haqida so'z yuritildi. Mazkur tajribani mahalliy ta'lim tizimiga moslashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, Termiz davlat universiteti ta'lim sifati nazorati bo'limi tomonidan milliy akkreditatsiya tizimi, uning asosiy talablari hamda amaliyotda uchraydigan muammolar yuzasidan batafsil ma'lumot berildi. Ta'lim sifatini baholashda hujjatlardan ko'ra, real natija, dars jarayoni va talabalar fikri muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.
— Bu yig'ilish akkreditatsiyani faqat rahbariyat yoki tekshiruvchi organlar faoliyati sifatida emas, balki har bir o'qituvchining kundalik ishi bilan bevosita bog'liq jarayon ekanini yana bir bor ko'rsatdi. Ayniqsa, xalqaro tajribada ilgari surilayotgan “Bitiruvchi nima qila oladi?” degan yondashuv biz uchun juda muhim signal bo'ldi. Endi dars mazmuni, baholash tizimi va talabalar bilan ishlash uslubini aynan shu nuqtai nazardan qayta ko'rib chiqishimiz zarur, — dedi Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti katta o'qituvchisi A.Eshqorayev.
Bir so'z bilan aytganda, kengaytirilgan yig'ilish milliy va xalqaro akkreditatsiya jarayonlari oliy ta'lim muassasalari uchun majburiyat emas, balki sifatli ta'limni ta'minlash, raqobatbardosh bitiruvchilarni tayyorlash va jamiyat ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishini yana bir bor namoyon etdi.
Belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish orqali universitetlarning xalqaro maydonda munosib o'rin egallashiga ishonch bildirildi.
Zahiriddin TO'RAYEV,
Termiz davlat muhandislik va
agrotexnologiyalar universiteti
Axborot xizmati rahbari.
