Eng yaxshi jazo
Kitobxonlikning foydali tomonlari haqida ko'p gapiramiz, ko'p yozamiz. Yoshlar o'rtasida kitobxonlikni targ'ib qilish maqsadida ham turli uchrashuvlar, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkaziladi. Negaki, aynan kitob o'qish, inson dunyoqarashini kengaytirib, fikrlashi va tarbiyasiga juda katta ijobiy ta'sir ko'rsatadi. O'z-o'zini idrok etishi, ruhiyatida sodir bo'layotgan chigalliklar hamda turli illatlarga qarshi kurashishda ham muhim vosita bo'lib xizmat qiladi.
Biz ko'proq o'quv dargohlari, davlat tashkilotlari shu bilan birgalikda qandaydir izlanish olib borayotgan odamlarning qo'lida kitob ko'ramiz. Aslida esa har bir xonadonda kitob bo'lishi kerak. Yoshligimizdan bizni uydagilar kitob bilan “jazolashardi”. (Boshingizga kitob bilan urisharmidi degan gap kelmasin yana xayolingizga.) Qanday qilib deysizmi. Ruhsatsiz ko'chaga chiqib ketib, tuproqqa belangancha kiyimlarimizni kir qilib kelsak, ko'chaga chiqishni taqiqlab, qo'limizga qandaydir kitob berishardi-da, o'qib chiqishimizni talab qilishardi. Ularni qanday aldab bo'lardi deysiz. Buning sira ham iloji yo'q edi. Chunki bizga bergan kitoblarini avval o'zlari o'qib tugatishganliklari uchun mazmunini atroflicha so'rab olishardi.
Endi bilsam o'sha vaqtda juda to'g'ri qilishgan ekan! Avvaliga bu jazodan xafa bo'lib, behafsala kitob ushlagan bo'lsak, keyinchalik bu bizning sevimli mashg'ulotimizga aylangan. Qolaversa boshqalar oldidagi qadrimizni ham oshirgan aynan kitobxonlikdir. Qanday qilib deysizmi? Juda oddiy. Yirtiq koptokni ko'targancha o'zimizdan katta bolalarning uyi oldiga borib, men bilan o'ynaysizmi deb yalinib turishni yig'ishtirib, pokiza kiyimlarda mahallaga qisqa vaqtga chiqib keladigan bo'lganimizdan keyin ana o'sha katta bolalarning o'zlari biz bilan o'ynaysanmi deb eshigimiz tagida yalinadigan bo'lishdi. E mayli, bu mavridi kelganda aytiladigan gaplar-da.
Yaqin kunlarda bir tadbir doirasida ustozlar bilan shu haqda gaplashib turib, bir qiziq faktni qaerdadir o'qib qoldim: rostmi, yolg'onmi Braziliya davlati qamoqxonalaridagi mahbuslar ham xuddi biz yuqorida jazolangandek kitob bilan jazolanar ekanlar. Aniqrog'i, qamoqxonada kutubxonalar tashkil etilgan bo'lib, mahbuslarga kitob o'qib, o'z-o'zini tarbiya qilishlari va xatolarini chuqur anglab yetashlari uqtirilar, bitta kitobni o'qib, o'sha yerdagi psixologlarga mazmunini aytib berishsa, ularga jazoni o'tashlari uchun belgilangan muddatdan to'rt kun ayirib tashlanar ekan. Bundan rosti, juda hayron qoldim. Hammamiz asarlarini sevib o'qiydigan yozuvchimiz Anton Chexovning “Garov” nomli hikoyasi yodimga tushdi. Unda bir bankir uyida ziyofat berib, mamlakatdagi eng ko'zga ko'ringan ziyolilar, jurnalistlarni taklif qiladi. Yig'ilganlar o'lim jazosi g'ayriaxloqiy jazo bo'lganligi sabab uni butun umrlik qamoq jazosiga aylantirish haqida bahslashadilar. Mulohaza bilan aytadigan bo'lsak, o'lim butun umrlik qamoqdan axloqiyroq va insoniyroqdir deb tortishadi. Oxiri, ziyofatga kelgan yoshroq yuristdan fikrini so'rashadi. U ham qamoq o'limdan yaxshiroq degan fikrni aytadi. Bundan jahli chiqqan mezbon o'zingizni misol qiling atigi besh yil ham qamoqda o'tirolmaysiz deydi. Yurist yigit esa jonini saqlash uchun jinoyatchi istagancha qamoqda o'tirishi mumkinligini aytib men besh yil emas o'n yil, balki undan ko'proq ham o'tirishim mumkin deydi. O'rtada garov o'ynash taklifi kiritiladi. Bir muddatni belgilashib, mana shu muddat ichida yurist yigit rostdan ham qamoqda o'tira olsa bankirning butun boyliklari unga topshiriladigan bo'ladi. Yurist yigit qamoqdaligida ko'plab kitoblar o'qiydi. Ayniqsa, muddat tugashiga bir necha yillar qolganda shunaqangi mutolaaga beriladiki, bu dunyo boyliklarining hammasi o'tkinchi va insonni yo'ldan ozdirib, ko'zini ko'r qilguvchi narsalardir degan xulosaga keladi. Buni qarangki, garov bo'yicha belgilangan muddat tugashiga sanoqli kunlar qolganda atayin garov qoidalarini buzadi hamda va'da qilingan boyliklarni olmay ozodlikka chiqadi.
Bular bilan tanishib, chindan ham kitob odamga kuchli ta'sir etib, dunyoqarashini keskin o'zgartirib yuborishi mumkin bo'lgan tarbiya vositasi ekanligini anglash mumkin. Xullas, gapning indallosi kitob bilan jazolash yaxshi jazo choralaridan ekan. Ehtimol, hamma narsa internetda, telefonimda deydigan, “gazeta-jurnal nimaga kerak, kitobni o'qishga vaqt bormi”, deydigan kaslarga bugun biror gap kor qilmas. Ha, nima desangiz ham befoyda, samarasizdek. Ammo mening negadir ishongim keladi: baribir hamma narsa bolalikdan, tarbiyadan. Terakday suyagi qotgan o'qimaslarga esa qat'iy jazo kerak. Yo'qsa, ularni ma'naviy yo'lga qaytarib bo'lmaydi, chog'i.
K. DAVRONBEKOV