Intilish va izlani-shlarning ilk natijalari

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 maydagi qaroriga asosan Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali negizida Qoraqalpog'iston qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar institutining tashkil etilishi nafaqat oliy ta'lim tizimida, balki qoraqalpoq xalqi zamini uchun qishloq xo'jaligini rivojlantirish sohasida muhim qadamlardan biri bo'ldi desak, mubolag'a bo'lmaydi. Hukumatimizning oliy ta'lim tizimida agrar sohasiga bo'lgan bunday e'tiborini oqlash, yaratilayotgan yangi imkoniyatlar va berilayotgan imtiyozlarga javob tariqasida institutimizda ta'lim sifatini oshirish uchun astoydil mehnat qilinmoqda.
Shuni alohida e'tirof etish joizki, qishloq xo'jaligi sohasida, shu jumladan, institutimizda ilm-fan va innovatsion rivojlanish borasida qator ijobiy o'zgarishlar amalga oshyapti. Xususan, institutda 2020-2021 o'quv yilidan boshlab oliy ta'lim jarayonining yangi standartlari va malaka talablari asosida kredit-modul tizimiga o'tildi. 2022-2023 o'quv yilida ta'lim sifati va samaradorligini oshirish maqsadida o'quv jarayoniga xorijiy oliy ta'lim muassasalaridan 12 nafar professor-o'qituvchi taklif qilingan bo'lsa, joriy yil 15 nafar professor-o'qituvchi jalb etish rejalashtirilmoqda.
2022 yili institutimizning 18 nafar talabasi Germaniyaning yetakchi fermer xo'jaliklarida 3 oylik qisqa muddatli amaliyot dasturida ishtirok etib, o'zlarining bilim va malakalarini oshirib kelgan edi. 2023 yil noyabr oyida esa 6 nafar talaba 6 oylik amaliyot dasturida ishtirok etish uchun Germaniyaga yuborildi.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining milliy reytingida Qoraqalpog'iston qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar instituti 2023 yilda 68-o'rinni egalladi, joriy o'quv yilida ushbu ko'rsatkichning yuqori pog'onalarga ko'tarilishiga erishish maqsadida institutimizda bir qancha amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy o'quv yilida jahonning kuchli 1000 taligiga kirgan oliy ta'lim muassasalarida malaka oshirish va ilmiy stajirovkalarga borish uchun 5 nafar professor-o'qituvchi ro'yxati shakllantirilib, tasdiqlangan. Institutimizda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan kelishuv asosida 2024 yilning yanvar oyidan volontyorlar yordamida yapon tilini o'rgatish kurslari tashkil etildi. Institut bitiruvchilarining bandligini ta'minlash maqsadida Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (JETRO) bilan erishilgan kelishuvga muvofiq yapon tilini o'rgatish va kurs yakuni bo'yicha suhbatdan o'tgan bitiruvchilarni Yaponiya davlatiga mutaxassisligi bo'yicha ish bilan ta'minlash shartnomasi tuzish rejalashtirilmoqda.
“Qovun pashshasi (Myiopardalis pardalina Big.)ga qarshi feromonli tutqichlar ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha, “Qoraqalpog'iston mahalliy qovun navlari genofondini tashkil etish va eksportbop navlarning elita urug'larini tezkor-ko'chat usulida yetishtirish”, shuningdek, “G'o'zaning Orolbo'yi tuproq iqlim sharoitiga mos, tola sifati jahon andozalari talablariga javob beruvchi hamda yuqori tola chiqimiga ega mahalliy navlarini yaratish va davlat nav sinoviga berish” mavzusidagi maqsadli loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Qoraqalpog'istonning ekstremal sharoitida zamonaviy sug'orish uskunalari yordamida jo'xori yetishtirishning sug'orish rejimini ilmiy asoslash” va “Orolbo'yi hududida aholi xonadonlaridagi chorva mollarini ozuqa bilan ta'minlashda kooperatsiya tizimini yo'lga qo'yish” mavzusidagi amaliy loyihalar bo'yicha ilmiy tadqiqotlar o'tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Xalqaro loyihalardan Yaponiyaning Tokio qishloq xo'jaligi va texnologiya universiteti bilan hamkorlikda “Amudaryoning quyi havzasida dorivor o'simliklarni o'stirish orqali tuproq sho'rlanishining oldini olish va qishloq xo'jaligida suvni tejaydigan yangi usulni joriy etish”, Yaponiyaning Shova farmatsevtika universiteti bilan hamkorlikda “Saraton kasalligini davolashda foydalanish uchun istiqbolli dorivor o'simliklarni o'rganish”, “Japan Conservation Engineers” kompaniyasi bilan hamkorlikda 2021-2025 yillarga mo'ljallangan “Sho'rlangan tuproqlarda fulva kislotasi yordamida uning gumus holatini yaxshilash”, “MEXT” dasturi doirasida “Suvni tejovchi texnologiyalar, raqamli qishloq xo'jaligi va ko'chatxona tashkil etish” mavzusidagi 4 ta xalqaro loyihalar bajarilmoqda.
Institutning 3 nafar talabasi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo'yi xalqaro innovatsiya markazi va BMTning “UNICEF” tashkiloti hamkorligida yoshlarning ijtimoiy va tadbirkorlik ko'nikmalarini shakllantirishga yordam beruvchi dastur asosida o'tkazilgan tanlovda o'z loyihasi bilan qatnashib, 1000 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanganligi ham alohida e'tirofga loyiq.
Institutimizda professor-o'qituvchilarning ilmiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash, talabalarning bilim olishga bo'lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida har yili ilmiy-amaliy konferensiyalar o'tkazish an'anaga aylangan. “Qoraqalpog'iston Respublikasini turg'un rivojlantirishda yosh olima xotin-qizlarning ilmdagi faoliyati”, “Ilmiy tajribalar natijalarining qo'llanishida yosh tadqiqotchilarning o'rni”, “Qishloq xo'jaligida insonga e'tibor va sifatli ta'limdagi imkoniyatlar va yangiliklar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyalari shular jumlasidandir. Bu konferensiyalar materiallari asosida 170 ta tezisdan iborat jami 340 varaqlik to'plam hamda 118 ta maqola jamlanib, kitob holida nashr qilindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog'iston Respublikasi uchun chiqargan alohida Farmon va qarorlarida iqtisodiyot tarmoqlarida innovatsion jarayonlarning jadallashuviga erishish, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va hududni jadal sur'atlarda rivojlantirish, shuningdek, hududning investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, yoshlar bandligini ta'minlash, ta'lim sohasida qo'shimcha imkoniyatlar va inson kapitali rivojini yangi bosqichga ko'tarishga shart-sharoit yaratish asnosida ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirish ko'zda tutilgan. Shuningdek, o'tgan yil Oliy ta'lim muassasalariga kvota miqdorining oshirilganligi, Qoraqalpog'iston Respublikasida doimiy yashaydigan hamda umumiy o'rta, o'rta maxsus va professional ta'lim tashkilotlarini tamomlagan yoshlar uchun 2023-2024 o'quv yilida davlat granti asosida qo'shimcha 3 000 ta o'rin ajratilganligini oliy ta'lim tizimida yoshlar uchun berilgan eng katta imkoniyatlardan biri bo'ldi deyish mumkin.
Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yosh avlodning ma'naviy dunyosini boyitish, ularni har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, vatanparvar, komil shaxslar sifatida tarbiyalash maqsadida institutimizda turli xil targ'ibot-tashviqot vazifalari ham tizimli ravishda olib borilmoqda. Jumladan, iqtidorli talabalardan iborat “Talabalar teatr studiyasi”, “Quvnoqlar va zukkolar” jamoalari, “Umid uchqunlari” nomli badiiy guruh tuzilgan bo'lib, ushbu jamoalarga iqtidorli talaba-yoshlar jalb qilingan.
Shuningdek, talabalarning bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazishini ta'minlash maqsadida 26 ta fan, 7 ta sport to'garagi va 10 ta ijodiy klub faoliyati yo'lga qo'yildi. Bu to'garaklarda talabalarning faol ishtirokini ta'minlash maqsadida jami 14 nafar ustoz, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha 4 ta dekan o'rinbosari mas'ul etib belgilangan.
Bu yil institutimiz tarixida birinchi marta talaba-yoshlardan tuzilgan “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasi O'zbekiston Respublikasi miqyosida o'tkazilgan musobaqada faxrli 1-o'rinni qo'lga kiritdi.
“Talabalar teatr studiyasi” a'zolari tomonidan shu kungacha eng sara 3 ta spektakl sahnalashtirilgan. O'tgan yili bu jamoa Qoraqalpog'iston Respublikasidagi o'nta oliy ta'lim muassasasi orasida Yoshlar oyligi doirasida o'tkazilgan tadbirlar davomida “Kreslo” spektakli bilan 4-o'rinni egalladi. Ayni paytda talabalarimiz fevral oyida o'tkazilishi rejalashtirilgan respublika miqyosidagi “Talabalar teatr studiyasi” festivalida qatnashish uchun qizg'in tayyorgarlik ko'rmoqda.
“Siz yangi qonunni bilasizmi?” tanlovida talabalarimiz faxrli 2-o'rinni olgani, institutimizning 2-kurs talabasi, “Kiberguruh” a'zosi To'maris Qadirimbetova Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Cyber-Week” targ'ibot-tashviqot tadbirlari doirasida o'tkazilgan “Innovatsion yondashuv” tanlovida 3-o'rinni egallagani ham e'tiborga molikdir.
Talabalarni mustaqil hayotga tayyorlash, ularda hayotiy hamda biznes ko'nikmalarini shakllantirish maqsadida har xil ijodiy to'garaklar ham tashkil etilgan. Masalan, oliy o'quv yurtida faoliyat yuritayotgan “Chevar qo'llar” tikuv sexida 8 ta talaba-qiz ish bilan ta'minlangan. Qizlar uchun “Mohir dizayner” to'garagi ham mavjud bo'lib, ustozlar boshchiligida 30 dan ortiq qizlarga milliy bezaklar, taqinchoqlar bilan ishlash sirlari o'rgatilmoqda.
Institutda alohida e'tiborga muhtoj talabalar bilan psixolog hamkorligida suhbatlar ham olib borilib, ularning ta'lim olish va bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazishiga doir tadbirlar, uchrashuvlar, treninglar o'tkaziladi. Kompyuterga qiziquvchilar bilan Yoshlar ishlari agentligidan taklif qilingan mutaxassislar ishtirokida bir necha bor “Biznesga birinchi qadam”, “Mobilografiya” yo'nalishlari bo'yicha bepul kurslar tashkil etildi.
Shuningdek, alohida e'tiborga muhtoj (etim, boquvchisini yo'qotgan, kam ta'minlangan oila farzandlari) talabalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash maqsadida ularning ro'yxatlari shakllantirilgan, kam ta'minlangan 70 nafar talabadan 30 nafari institut hisobidan Toshkent shahriga sayohatga olib borildi. Kam ta'minlangan 50 nafar talabaning Mo'ynoq shahriga sayohati tashkillashtirildi va har xil ko'ngilochar tadbirlar orqali ularning maroqli dam olishlariga imkoniyat yaratib kelinmoqda.
O'tgan yil davomida nogiron talabalardan 12 nafari Xiva shahriga, 40 nafari Chilpiq, Sulton Uvays, Mazdakxon tarixiy ziyoratgohlariga sayohatga olib borildi. Ma'naviyat va ma'rifat, yoshlar bilan ishlash bo'limi, institut Yoshlar ittifoqi boshlang'ich tashkiloti hamda gumanitar fanlar kafedrasi professor-o'qituvchilari ishtirokida ma'naviy, huquqiy savodxonlik tadbirlari o'tkazib kelinmoqda. Bayramlar munosabati bilan o'tkazilgan turli tanlovlarda nogironligi bor talabalarimizdan bir nechtasi 1- va 2-o'rinlarni egallab, ularning o'qish va ishlashga qiziqishlari ortmoqda. Aytaylik, respublika miqyosida paralimpiya musobaqalarida nogironligi bor 3-bosqich texnologiya guruhi talabasi Diyorbek Jo'rabekov para pauerlifting bo'yicha Osiyo chempionatida 1-o'rinni egalladi.
Institutda besh tashabbus o'yinlarida talabalarimizning umumiy qamrovini yuz foizga yetkazish maqsadida keng ko'lamli targ'ibot ishlari ham olib boriladi. Shu sababli 2023 yil Qoraqalpog'iston Respublikasi miqyosida Yoshlar kuni munosabati bilan o'tkazilgan sport o'yinlarining voleybol turi bo'yicha qiz bolalar jamoasi faxrli 1-o'rinni egallab, Jo'qorg'i Kenges tomonidan qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.
Stol tennisi bo'yicha respublika miqyosida o'tkazilgan musobaqada esa O'rmonchilik guruhi 4-kurs talabasi Nurjamal Kalbayeva 2-o'rinni qo'lga kiritdi. Bir nafar talaba Qozog'istonda o'tkazilgan “Yosh olimlar” xalqaro konferensiyasining ko'krak nishonini olishga muvaffaq bo'ldi. Institutimizning 3 nafar talabasi bo'lsa, “Innovatsion g'oyalar yetakchisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu kabi yutuqlar soni yildan-yilga oshib bormoqda.
Bundan tashqari, ta'lim sifatini yanada oshirish maqsadida institutda laboratoriya bazasi doimiy yangilanib va to'ldirib borilmoqda. Sohaga doir yangi texnika va texnologiyalarning ta'lim muassasalariga muntazam yetkazib berilishini ta'minlash maqsadida Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Oliy ta'lim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” loyihasi doirasida 2023 yilning o'zida institutimizga jami qiymati 129944,33 AQSh dollariga teng bo'lgan laboratoriya jihozlari olib kelindi va 1,65 mln. so'm miqdorida laboratoriya uchun butlovchi qismlar xarid qilindi. Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) homiyligida “O'zbekistonning tanlangan hududlarida barqaror iktisodiy rivojlanish” loyihasi bo'yicha “Baliqchilik va ipakchilik” kafedrasiga 74,1 mln. so'mlik laboratoriya jihozlari hamda inventarlar olib kelinib, 2 ta yangi baliqchilik laboratoriyasi tashkil qilingan. Amerika Qo'shma Shtatlarining “USAID” xalqaro tashkiloti homiyligida “Qishloq xo'jaligida qiymat zanjirini rivojlantirish” “AVC” loyihasi doirasida institutning “Meva-sabzavotchilik va polizchilik” kafedrasiga 214,5 mln. so'mlik laboratoriya jihozlari hamda inventarlar olib kelinib, yangi “Meva-sabzavotchilik” laboratoriyasi tashkil qilindi.
Institutda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) homiyligida “ECO-ARAL” loyihasi doirasida Geoaxborot tizimlari markazi va laboratoriyasi ochilib, qiymati 65 ming yevroga teng laboratoriya va markazga zarur asbob-uskunalar olib kelib o'rnatilib, ayni kunda izchil faoliyat yuritmoqda.
O'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo'ljallangan strategiyasi ijrosidan kelib chiqib, qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi doirasida agrar soha uchun xalqaro talab va standartlarga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlash, bu borada yetakchi xorijiy universitetlar bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish maqsadida Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo'jaligi universiteti (Royal Agriculture University) bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Xalqaro qishloq xo'jaligi universiteti tashkil etildi. Bu bejiz emas. Negaki, agrar sohani rivojlantirish, jahon tendensiyalarini va tajribasini aks ettirishga moslashgan “ilmga asoslangan, amaliyotga yo'naltirilgan ta'lim” tamoyili asosida va milliy an'analar uyg'unligida yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko'nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar, professional kadrlarni tayyorlash asosiy maqsadimizdir.
Qoraqalpog'iston Respublikasi aholisi uchun, ayniqsa, ta'lim sohasida yaratilayotgan yangi imkoniyatlar va berilayotgan imtiyozlardan ruhlangan holda jamoamiz bilan astoydil izlanib, yangi yutuqlar sari intilaveramiz.
Berdiyor JO'LLIBEKOV,
Qoraqalpog'iston qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar instituti rektori, qishloq xo'jaligi fanlari doktori.