Sog'lom ona — sog'lom bola

Kelajak avlod haqida qayg'urish, har tomonlama sog'lom va barkamol avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazish azaldan xalqimizga xos xususiyatlar bo'lib kelgan. Shu bois yurtimizda sog'lom ona — sog'lom bola dasturi doirasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda tibbiyot sohasining ilg'or mutaxassislari “Ayol Care” — ayollar salomatlik markazini ochishga qaror qilishdi. Zamonaviy tibbiyot markazining ochilish marosimida O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Prezidentimiz rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyeva ishtirok etdi.

— Oxirgi uch yilda mamlakatimizda xususiy tibbiyot rivoji uchun yo'l ochildi. Bugun yurtimizda yuqori texnologiyaga asoslangan yana bir markaz ish boshlayotgani g'oyat quvonarlidir, — dedi O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov. — Mana shunday markazlarning ko'payishi sohada sog'lom raqobatni vujudga keltiradi hamda xotin-qizlar salomatligi yo'lida qulaylik yaratadi, — dedi tibbiy maskan direktori Dilorom Davletova. — Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 8 noyabrda imzolangan “Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko'rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko'lamini yanada kengaytirish to'g'risida”gi qaror kelajak avlodni dunyo­ga keltiradigan ayollar hamda hayotimiz davomchilari bolalarga ko'rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yanada yuqori pog'onalarga ko'taradi.

Ayollar markazida turli xil tadqiqot usullari yordamida rentgenografiya, mammografiya, tananing barcha a'zolari va tizimlarini ultratovush tekshiruvi, elektrokardiografiya (EKG va qon bosimining kunlik monitoringi) kardiotokografiya yordamida ayolning sog'lig'ini to'laqonli baholash mumkin.

Ushbu markaz Turkiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Hindiston, Rossiya va Xitoyning turli xalqaro tibbiyot markazlari bilan masofadan turib teletibbiyot bo'yicha maslahat olish bazasiga ega. Ushbu tizim yordamida biz shifokorlarga ginekologiyada jarrohlik, davolashning yangi innovatsion usullarini o'rgatish bo'yicha mahorat darslari va seminarlar o'tkazish mumkin.

Sog'liqni saqlash vazirligining O'zbekiston ayollarining reproduktiv salomatligi dasturi doirasidagi bachadon bo'yni saratoni, ko'krak saratoniga qarshi kurashish loyihasida Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreyadagi bir qator xalqaro markazlar bilan birgalikda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.

Bugungi kunda ushbu tibbiy muassasada 80 ga yaqin mutaxassis ish bilan ta'minlangan. Tibbiy muassasa jahon tibbiyo­tining eng so'nggi diagnostika texnologiyalari bilan jihozlangan.

— Markaz ayollar xastaligiga tashxis qo'yish, ularni davolash hamda murakkab operatsiyalar o'tkazishga ixtisoslashtirilgan. Ya'ni, maqsad — reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini saqlash, mustahkamlashdan iborat. Buning uchun markazda turli tadqiqot usullaridan foydalangan holda xotin-qizlar sog'lig'ini to'liq baholash imkoniyati mavjud. Bu yerdagi jarrohlik xonalari va tibbiy asbob-uskunalar xalqaro standartlarga to'liq javob beradi. Xususan, rentgen va mammograf, endoskop, ginekologik va avtomatik o'rindiq va kolposkop, avtomatik rejimdagi laboratoriya jihozlari, plazmali sterilizator uskunalari yordamida barcha turdagi jarrohlik amaliyotlarini muvaffaqiyatli o'tkazish imkoniyati bor, — deydi akusher-ginekolog, professor Saidnozim Sultonov. — Bepushtlik, ikkilamchi bepushtlik va ayollarda kechadigan boshqa kasalliklar bo'yicha ham tashxis qo'yish va samarali davolash ishlari yo'lga qo'yilgan.

Markaz faoliyati bilan tanishish chog'ida, yana bir ahamiyatli jihat e'tiborimizni qaratdi. Maskanda ijtimoiy himoyaga muhtoj va og'ir sharoitdagi ayollarni bepul ko'rikdan o'tkazish, konsultatsiyalar berish yo'lga qo'yilgan.

Feruza Rahimova,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + fourteen =