SOG‘LOM AVLOD – SOG‘LOM KELAJAK

Xalq, millat salomatligi bugun har qachongidan dolzarb bo‘lib turibdi. Ayniqsa, nihoyasiga yetayotgan yilda yosh avlod kamoloti yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirildi. “Sog‘lom bola – avvalo, sog‘lom va ahil oilaning mevasidir, degan hayotiy hikmatdan kelib chiqqan holda, yil davomida oilada o‘zaro hurmat muhitini, uning iqtisodiy va ma’naviy asoslarini mustahkamlash, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni himoyalash, opa-singillarimizning og‘irini yengil qilish, ularning qobiliyati va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi”, deya ta’kidlagandi Yurtboshimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 22 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida.

Yu rtimizda sog‘liqni saqlash sohasida bunday muvaffaqiyatlarga erishishda uchinchi sektorning ham munosib ulushi bor. “Ibn Sino” jamoat fondi bugun yurtimizda samarali faoliyat olib borayotgan ana shunday nodavlat notijorat tashkilotlar sirasiga kiradi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan asos solingan mazkur fondning asosiy yo‘nalishi buyuk alloma Abu Ali Ibn Sino merosini respublikamiz va xorijiy davlatlarda targ‘ib etish, tibbiyot, farmatsiya sohasidagi muhim ilmiy-amaliy ishlar va iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish hamda aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan. Tashkilot o‘tgan yillarda mazkur yo‘nalishlarda salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Bu yil fond faoliyatining asosiy yo‘nalishini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi fan va yangi texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining ikki grant ilmiy loyihasi belgilab berdi. Binobarin, “Bolalar, o‘smirlar va yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini ommaviylashtirish (amaliy)” hamda “Aholi o‘rtasida aminokislotalar yetishmovchiligini bartaraf etishning samarali tizimini yaratish va ularning yangi manbalarini joriy etish (innovatsion)” loyihalari doirasida talay targ‘ibot-tashviqot, tushuntirish ishlari olib borildi.

Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asarida Oyto‘ldi o‘g‘liga qilajak nasihati avvalida “ichkilik ichma, nobakorlarga aralashma, o‘zing ezgulikka erishishni istasang, hamisha emin yur” deb tayinlaydi. Shuning­dek, bu “ikki odatdan muqaddas qut qochadi, ular kishiga qashshoqlik yo‘lini ochadi”, deya uni ogohlantiradi. Nosog‘lom hayot tarzi, ichkilikbozlik, giyohvandlik kabi yaramas illatlar xalqimizda azaldan qoralangan. “Ibn Sino” jamoat fondining amalga oshirgan loyihasidan biri ham aynan shu yo‘nalishda. Uning doirasida Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlaridagi oliy o‘quv yurtlari va kollejlarda Sog‘lom turmush tarzi mavzusida o‘n oltita seminar tashkil etildi. Bundan tash­qari, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanining oltita, Ohangaron tumanining yettita kollejida Sog‘lom turmush tarzi tamoyillari, Ratsional ovqatlanish, Giyohvandlik va zararli odatlar profilaktikasi, OIV profilaktikasi mavzularida 52 ta o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Inson umrining zavoli bo‘lgan illatlar haqida suhbatlar, tushuntirish ishlari olib borildi. Mashg‘ulotlardan so‘ng yoshlar o‘rtasida ijtimoiy tadqiqotlar natijalari tahlili asosida tavsiya­lar ishlab chiqildi. “O‘smirlar sog‘lom turmush tarzi haqida” nomli risola chop etildi. Yil davomida esa to‘qqizta ilmiy, 21 ta ommabop maqola hamda qo‘llanmalar nashr etildi. Radio, televideniyeda ham chiqishlar qilindi. Ushbu sa’y-harakatlar yosh avlodning yot illatlarga qarshi ma’naviy immunitetini shakllantirishda, mustahkamlashda qo‘l keladi, albatta. “Sog‘lom bola yili” munosabati bilan yanvar, fevral oylarida Toshkent Tibbiyot akademiyasining Ibn Sino salomatlik maskani hamda ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi bilan professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirokida yoshlar uchun seminar va davra suhbatlari o‘tkazildi.

Globallashuv asrida insoniyat oldida bir qator tashvishlar paydo bo‘lishi mumkin. Ya’ni, noto‘g‘ri ovqatlanish, yarim tayyor mahsulotlarning haddan tashqari ko‘p iste’moli bugun talay kasalliklarning “yosharishiga”, insonning jismoniy va ruhiy faoliyatida buzilishlarga olib kelmoqda. Ayrim mutaxassislar vaqtida chora ko‘rilmasa, kelajakda yer kurrasidagi millionlab aholi sog‘lig‘i jiddiy xavf ostida qolishidan xavotirlanishayotir. Germaniya, Fransiya, Amerika singari rivojlangan davlatlarni ham bu muammo tashvishga solyapti. Uni bartaraf etish yo‘lida turli jam­g‘armalar, harakatlar tuzilib aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi borasida tashviqotlar uyushtirilmoqda. Eng achinarlisi, mazkur salbiy holatlar yosh avlod vakillari o‘rtasida avj olgan. “Ibn Sino” jamoat fondi ushbu muammoni, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida avj olishi yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini inobatga olib, bu borada amaliy qadamlar tashladi. Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligining salomatlik va tibbiy statistika instituti bilan hamkorlikda “Sog‘lom turmush tarzi tamo­yillari” mavzusida elektron prezentatsiya disklari yaratilgandi. Oliy o‘quv yurtlari, kollej va litseylarga beg‘araz tarqatilgan (yuz dona) bunday disklarda ovqatlanishda, shaxsiy gigiyenada nimalarga ahamiyat berish, jismoniy harakatning afzalliklari haqida ma’lumotlar o‘rin olgan.

Xullas, bu boradagi ishlarning ko‘lamini oshirish maqsadida fond tinmay izlanishda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda Muqimiy nomidagi davlat musiqa teatrida “Sog‘­lom avlod – sog‘lom kelajak” mavzusida joriy yil may oyi­da o‘tkazilgan talaba-yoshlar ishtirokidagi tadbirni ana shunday izlanishlar natijasi, desak bo‘ladi. “Biz sog‘­lom turmush tarafdorimiz” shiori ostida o‘tgan bu tadbirda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi boshlig‘i Asmus Xamerxning o‘z ma’ruzasi bilan qatnashishi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Sog‘­lom turmush tarzi targ‘ibotiga bag‘ishlangan stendlar ko‘rgazmasi tashrif buyurganlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, mavzuga monand spektaklning namoyish etilishi tashviqotning jonli chiqishini ta’minladi.

Shu o‘rinda fondning xalqaro aloqalari haqida ham to‘xtalib o‘tsak. Fond Fransiya, Ukraina, Rossiya, Isroil, Turkiya, Xitoy, Indoneziya, Litva, Janubiy Koreya, Hindiston va Ozarbayjon singari davlatlar bilan aloqalar o‘rnatgan. Shuningdek, O‘zbekistondagi JSST, YUNESKO milliy komissiyasi, Osiyo taraqqiyot banki kabi  tashkilotlari bilan ham hamkorlikda ish olib boradi. Shu yil noyabr oyida ToshPMI qoshidagi akademik litseyda “Sog‘lom bola kelajak poydevori” granti doirasida O‘zbekiston-Fransiya, O‘zbekiston-Latviya do‘stlik jamiyatlari va Ibn Sino jamoat fondi hamkorlikda “Yoshlar sog‘lom hayot tarafdori – OIV/OITSsiz kelajak sari” mavzusida o‘tkazilgan tadbir fikrimizni tasdiqlaydi.

Fond faoliyati bilan tanishar ekanmiz uning hayotga tatbiq etayotgan loyihalari zamon bilan hamnafasligi, zaruriyligini e’tirof etmay ilojimiz yo‘q. Inson organizmida shoh tomirlardan tash­qari mayda tomirlar ham bo‘ladi. Ular ham tananing bir maromda ishlashida katta aha­miya­tga ega. “Ibn Sino” jamoat fondi singari nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini ham ana shunday kichik, ammo zaruriy qon tomirlarga qiyoslasak bo‘ladi, chamamda. Bu ishlar bir qarashda u qadar bo‘rtib ko‘rinmas, lekin hayotiy barqarorlikni ta’minlashda beqiyos.

 

Mohira OTABOYEVA,

“Hurriyat”  muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − fourteen =