JAHONDA URUSHNING NOMI O‘CHSIN
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘tgan yili 9 may kuni Xotira maydonida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda kishilik tarixidagi eng qonli, eng katta yo‘qotish va mislsiz qurbonlarga, qancha-qancha musibat va ofatlar, g‘am-alamlarga, beva-bechoralar va yetimlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan beshafqat urush hech qachon qaytarilmasligi uchun doimo ogoh va hushyor bo‘lish zarurligini ta’kidlagan edi.
Afsuski, bugungi kunda ham ayrim joylarda qon to‘kilayotgani, nizo va adovatlar avj olayotgani, fashizm degan balo yana bosh ko‘tarayotgani, millatchilik, shovinizm kabi ofatlar maydonga chiqayotgani, bir so‘z bilan aytganda, xavf-xatarlar ortib borayotgani barchamizni tashvishga solmasdan qo‘ymaydi.
Urushlar insoniyatning “tarixiy yo‘ldoshi” bo‘lib kelayotir. Jumladan, besh ming yillik tarix davomida yer yuzida 14 ming 500 ta urush bo‘lib o‘tgan. Bu urushlar oqibatida 3,5 milliard kishi halok bo‘lgan.
Tahlilchilarning fikricha, XIX asrgacha urushlar mamlakatlarning iqtisodiyotiga deyarli ta’sir qilmagan. Ammo XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrdan boshlab urushlar nafaqat mamlakat iqtisodiyotida, balki keng ommaning turmush tarzida bor dahshati bilan aks eta boshladi. Endilikda harbiy harakatlarda bir-ikki davlat emas, balki ko‘plab mamlakatlar ishtirok etmoqda. Birinchi jahon urushida 70 milliondan ortiq kishi ishtirok etgan bo‘lsa, ikkinchi jahon urushida 110 millionga yaqin kishi qatnashdi. Birinchi jahon urushi (1914 yil 28 iyul – 1918 yil 11 noyabr)da — 9 milliondan ortiq kishi, ikkinchi jahon urushi (1939 yil 1 sentyabr – 1945 yil 2 sentyabr)da esa 50 milliondan ortiq kishining halok bo‘lgani qayd etiladi. 1945 yildan 1990 yilgacha bo‘lgan davrning 2340 haftasini atigi uch haftasida yer yuzida urush bo‘lmapti. XX asrning 90-yillarida 100 dan ortiq harbiy harakatlarda 90 dan ortiq davlat ishtirok etgan. Bu urushlarda 9 millionga yaqin kishi halok bo‘lgan. Birgina 1990 yilda yer yuzida 31 ta qurolli to‘qnashuv qayd qilingan. O‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab qurolli to‘qnashuvlarning yangi ko‘rinishi — millatlararo to‘qnashuvlar, rangli inqiloblar paydo bo‘ldi. Rangli inqiloblar yuz bergan mamlakatlarda odamlarning turmush tarzi battar yomonlashdi. Mamlakat turli bo‘laklarga bo‘lingan holda mahalliy klanlar tomonidan boshqarilib, millatchilik, shovinizm avjiga chiqmoqda.
Urushlar tufayli shaharlar, tarixiy obidalar vayron bo‘layotganidan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. “Iroq va Shom islom davlati”, keyinroq esa “Islom davlati” deb atalgan terror tashkiloti Mosulni o‘z poytaxti deb e’lon qilganidan beri u yerdagi bebaho madaniy meros jiddiy xavf ostida qoldi. Jangarilar Mosuldagi markaziy kutubxonaga o‘t qo‘yganlaridan so‘ng jahondagi eng qadimiy kutubxona hovlisida kitob va qo‘lyozmalarni yoqib, gulxan yasashdi. Umumiy hisobda madaniyat, falsafa va tarixga oid 10 ming tom kitob yo‘q qilindi. Ular orasida yuzlab manuskriptlar bor edi. Jangarilar Mosul muzeyidagi durdonalar – minglab yillar davomida ko‘zni quvontirib turgan bebaho san’at asarlarini bir necha daqiqa ichida yer bilan yakson qildi. Terrorchilar buldozerlar yordamida Yunus payg‘ambarning qabri va masjidini ham buzib tashlashdi. Shu o‘rinda bundan 14 yil avval Afg‘onistonning Bomiyon viloyatida Toliblar tomonidan qadimiy ulkan Budda haykallarining vayron etilganini ham eslab o‘tish kerak.
Xalqaro jarayonlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, insoniyat oldida paydo bo‘layotgan muammo va ziddiyatlar dunyoda hamjihatlikning yo‘qligi, bir-birini tinglamaslik, o‘z kuchiga ortiqcha baho berish, o‘zgalarga bepisand qarash natijasida yuzaga kelayotganiga guvoh bo‘lamiz. Ayniqsa, davlatlararo munosabatlarda o‘zaro ishonchning susayishi global muammolarni tinch yo‘l bilan, muzokaralar vositasida hal etishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov o‘tgan yilning 20-21 may kunlari Shanxay shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning IV sammitidagi ma’ruzasida xalqaro munosabatlardagi ishonch masalasiga alohida to‘xtalib, qarama-qarshi tomonlarni murosaga keltirish uchun, avvalambor, ular o‘rtasida yuzaga kelgan muammoni hal etishga qaratilgan o‘zaro xayrixohlikka erishish zarurligini, aks holda ular o‘rtasidagi barcha muzokaralar bir-biriga e’tiroz bildirishdan nariga o‘tmay qolishi va bu holat cheksiz davom etaverishi mumkinligini ta’kidlagan edi.
Urushlar jamiyatda ijtimoiy bosh-boshdoqliklarni keltirib chiqaradi. Urushga qarshi eng samarali kurash bu urushlardan voz kechishdir.
Bir necha kundan keyin Ikkinchi jaxon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 70 yilligi keng nishonlanadi. Agar urushdan oldin mamlakatimizda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1,5 milliondan ko‘prog‘i janglarda qatnashgan. O‘sha yovuz urushda 500 mingga yaqin yurtdoshlarimiz halok bo‘lgan, qancha odam bedarak ketgan, qancha-qancha insonlar mayib-majruh bo‘lib qaytgan. Bu raqamlarni birortamiz ham esimizdan chiqarmasligimiz darkor. Mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda ham o‘zligini yo‘qotmagan, imoni butun yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish tom ma’noda milliy qadriyatga aylandi. 1999 yil 2 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov urush faxriylari, ishtirokchilari va urushda Qurbon bo‘lganlarning oilalaridan tushayotgan ko‘plab iltimosnomalarni, xalqimizning, jamoat tashkilotlarining xohish-irodasini inobatga olib, Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashib halok bo‘lganlar, mamlakatimiz ozodligi va mustaqilligi uchun jon bergan O‘zbekistonning barcha o‘g‘lonlari xotirasini abadiylashtirish, bugun ham saflarimizda turib Vatan obro‘-e’tiborini yuksaltirishga yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylar hurmatini joyiga qo‘yish maqsadida 9 Mayni — Xotira va Qadrlash kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida farmon qabul qildi. Farmonda “Xotira va Qadrlash kunining umumxalq bayrami sifatida, keng nishonlanishini ta’minlash barcha davlat, nodavlat va jamoat tashkilotlarining, idora va korxonalarning, birinchi galdagi vazifasi, barcha O‘zbekiston fuqarolarining or-nomus, vijdon ishi va an’anaviy burchi deb belgilansin. Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga hissa qo‘shgan, Vatanimiz mustaqilligi uchun jonini, bor kuch-quvvatini ayamagan biror bir faxriy, biror bir kishi unutilmasligi kerak. Ularning har biriga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatilishi shart”ligi belgilab qo‘yildi. Inson xotirasi muqaddas, qadr-qimmati aziz va mo‘’tabardir. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Xotira va qadrlash kuni zamirida ana shunday insonparvar tamoyillar o‘z ifodasini topgan. Shunisi e’tiborliki, O‘zbekistonda qabul qilingan tarixiy farmondan besh yil o‘tib, 2004 yil 24 noyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi qabul qilinib, unda ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasi uchun 8 va 9 may kunlarini Xotira va yarashuv kuni sifatida e’lon qilish belgilandi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, butun dunyo xalqlarining ezgu orzusi, xohish-irodasi bitta. U ham bo‘lsa, hech qachon, hech qanday shaklda urush qaytarilmasin, degan talabdir. Bunday istak, bunday maqsad jahondagi barcha xalqlarning manfaatlariga to‘g‘ri keladi. Chunki, hech bir inson, hech bir xalq urushni xohlamaydi. Xalqimizga faqat tinchlik va osoyishtalik kerak. Tinchlik va osoyishtalik bo‘lgan, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat hukm surayotgan jamiyatdagina farovon va baxtli hayot qurish mumkin, ezgu maqsadlarga yetishish mumkin.
Sharofiddin TO‘LAGANOV,
“Siyosat” axborot-tahliliy markazi eksperti