MA’NAVIY HAYOT CHASHMASI
Kitob o‘qish, umuman, mutolaa inson hayotiga zeb, go‘zallik, tarovat olib kiradi. Modomiki, o‘qishga tutinganingiz ma’naviy hayotimizga doir lavhalar bo‘lsa, ayricha e’tibor va ixlos bilan ko‘z yugurtirasiz.
Bugungi kunning talabchan o‘quvchisini rom qilish, unga manzur bitiklarni topa olish har bir tahririyatga katta mas’uliyat va talab yuklaydi. Shu ma’noda, bugun mutolaasiga tutinganimiz — «Ma’naviy hayot» jurnalining navbatdagi chiqishi o‘quvchida qanday taassurot qoldiradi? Uning mundarijasi sizu biz istagandek tus olganmi, yana qanday qo‘l urilmagan, ammo e’tiborga muhtoj mavzular nashr e’tiboridan chetda qolgan? Tabiiyki, bugun ushbu nashrni qo‘liga olgan har bir jurnalxonning qalbida shunday savollar tug‘iladi.
Jurnalning 2015 yil, 4-sonini varaqlash asnosida o‘z nomi va qamroviga monand ravishda mo‘ljalni kengroq olishga, ma’naviy hayotimizda sodir bo‘lgan, bo‘layotgan voqeliklarni shunchaki sanoqqa keltirmay, aksincha, har tomonlama chuqur tahlil qilishga intilganini ko‘rishimiz mumkin. Chunonchi, professor Abduxalil Mavrulovning maqolasida Asosiy qomusimizning ma’naviy-madaniy jabhaga nechog‘lik mushtarak va yaqinligi; davlatimiz rahbarining Konstitutsiya qabul qilingan sanada so‘zlagan nutqidan kelib chiqadigan vazifalar, xulosa va taassurotlar qalamga olingan.
Yuridik fanlar doktori, professor Akmal Saidovning «Konstitutsiya va ma’naviyat» sarlavhali maqolasida Asosiy qonunimizning insonparvar, ma’naviy quvvati, salohiyati haqida so‘z boradi. Yurtimizda kechayotgan o‘zgarish va yangilanishlarning asosi, negizi bo‘lgan Konstitutsiyada ma’naviyat olami qay tarzda va darajada aks etgani haqida mulohaza yuritiladi.
«O‘tgan yillar manzarasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ayni shu Konstitutsiya kunida qonun ustuvorligiga tayangan kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi ishlarning maromi sarhisob qilinadi. Shakllanayotgan mexanizmning joriy holati chuqur tahlil etiladi, uning kelgusi ravnaqi, rivojlanish yo‘li mamlakatimizda va jahonda kechayotgan voqeliklar bilan zargarona yo‘sinda bog‘lanadi, takomillashtiriladi».
A.Mavrulovning «Adolat — taraqqiyot mezoni» nomli maqolasidan.
Jurnalist Saidmurod Xolbekovning «Olijanob xulqlar olami» deb nomlangan maqolasida o‘iyosiddin Xondamirning yaqinda nashrdan chiqqan «Makorim ul-axloq» asari haqida o‘qiymiz. Muallif mazkur ko‘hna manbani nashrga tayyorlash tarixi, tarzi va ehtiyoji haqida to‘xtaladi.
Shu ruhdagi navbatdagi maqolada hazrat Navoiy haqida, uning zoti sharifiga ko‘rsatilayotgan izzat va hurmat haqida o‘qiymiz. Bobur xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabovning ushbu suhbat-maqolasi Alisher Navoiy hazratlari qabriga o‘rnatilgan yangi sag‘ana toshi, shu munosabat bilan ko‘rilgan chora-tadbirlar, ishni tashkil etish jarayoni hikoya qilinadi. Maqolada ehtiros va hayajon bilan bayon qilinganidek, buyuk bobomiz turbatini obod qilish borasida davlatimiz rahbarining reja-maqsadi nihoyat amalga oshib, bugun afg‘on zaminida Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning turbati joylashgan manzil obod va so‘lim maskanga, qutlug‘ ziyoratgohga aylanmoqda.
«Yaqin vaqt ichida 2 ming tupga yaqin daraxt ko‘chatlarini Hirot shahriga olib borib, Navoiy hazratlarining maqbarasi atrofiga ekib, yangidan bog‘ bunyod etamiz. Bog‘ ichida yo‘laklar qilinadi, chiroqlar o‘rnatiladi. Mamlakatimizdagi buyuk ajdodlarimiz ziyoratgohlari kabi so‘lim bir go‘sha barpo qilish niyatimiz bor…»
Z.Mashrabovning «Unutma, doimo ruhimni shod et» nomli maqolasidan.
Yangi asr ostonasida jahonga bo‘ylashayotgan davlatimizning ilm-fan sohasi nechog‘lik salohiyatga ega? Beruniylar, Xorazmiylar, Ulug‘beklar avlod-vorisi bugun qanday ishlar bilan band? O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Astronomiya instituti direktori, professor Shuhrat Egamberdiev bilan suhbat-muloqot yo‘sinida yozilgan maqolada ayni shu savollarga javob izlanadi. Yaratilgan shart-sharoit va erishilgan marralar qiyoslanadi, tahlil etiladi. Olimning hayot tarzi, ish uslubi, fanning bugungi saviya-darajasi haqidagi kuzatishlari, mulohazalari o‘rtoqlashiladi.
Guljahon Namozovaning maqolasi esa yosh matematiklarimiz erishgan natijalar, uning poydevori haqida bo‘lib, muallif qahramonlarning bu qadar sharafga erishish yo‘lidagi qadamlarini sinchiklab tahlil qiladi.
«Barchasini to‘g‘ri ishlaganiga talabaning ishonchi komil edi, shuning uchun o‘z fikrida sobit turib apellyatsiya berdi va Hakimboy Egamberganov ustun keldi. Apellyatsiyadan so‘ng masala to‘g‘ri yechilgani, yechimga shu vaqtga qadar fanda qo‘llanilmagan yangicha usulda yondashilganini ekspertlar tan olishga majbur bo‘ldi. Natijada jamoa bitta oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritdi».
G.Namozovaning «Noldan oltingacha chempionlikning uzun yo‘li» nomli maqolasidan.
Bundan tashqari, jurnal sahifalarida Ibrohim Saidovning «Osmon va yer farzandi» nomli maqolasida dunyo bolalar adabiyotining yirik vakili A.S.Ekzyuperi haqida hikoya qilinadi. Maqolada adibning qalb olamiga u yaratgan o‘lmas qahramonlar orqali kirib borishga harakat qilinadi. Jurnalning tadqiqotlar va madaniyat xabarlariga bag‘ishlangan sahifalarida yurtimizda kechayotgan eng muhim va qadrli ma’naviy-madaniy yangiliklar va evrilishlar, kuzatishlar va mulohazalar o‘rin olgan.
Ammo baribir oxirgi, eng to‘g‘ri va eng xolis hukm-xulosa o‘quvchining qalbida, yozajak va yozilayotgan maktublarida, tafakkuridadir.
E.NISHONOV